Oilada yolg‘iz qiz bo‘lganim uchunmi, doim aytganim aytgan, deganim degan edi. Qaysarligim, sho‘xliklarimdan esa dugonalarimning ota-onalari ham uyimizga shikoyat qilib kelishardi. Buvim esa goh koyib, goh kuyinib: “Bolaginam, bu ishing yaxshi bo‘lmabdi, qiz bolaga sho‘xlik qilaverish yarashmaydi. Sen odob-axloqda, yurish-turishda hayo-iboli bo‘lmasang, akalaringning yuzini shuvit qilasan... Bunday ishlaring bilan ularni do‘stlari, mahalla-ko‘y oldida uyatga qoldirasan...” der edi. Yosh bo‘lganim uchunmi, bu gaplar bir qulog‘imdan kirib, ikkinchidan chiqardi. Lekin hamma narsa ham vaqtincha ekan. Ulg‘ayganim sari sho‘xliklarim bosildi, ko‘chadagi o‘yinlar qiziqtirmay qo‘ydi. Buvim erinmay uy-ro‘zg‘or ishlarini o‘rgatar, hayotda qiz bolaning vazifalarini, avvalo u yaxshi rafiqa, mehribon ona bo‘lishi zarurligini uqtirar edi. Ilgarilari qulog‘imga kirmagan so‘zlar endi qalbimga muhrlanib borardi...
Bir kuni so‘rida ko‘rpa qavib o‘tirarkan, imlab yoniga chaqirdi. Bordim, ko‘zlari jiqqa yosh. So‘z aytishga botinolmay, yonida jim o‘tirdim. Bir muddat sukutdan so‘ng gap boshladi:
- Bolajonim, manavi ko‘rpalarni senga atab tikyapman. Qiz bola palaxmon toshi, qayerga otsa, shu yerga tushadi, deyishadi. Ayang ikkimiz senga atab sep yig‘yapmiz. Lekin qizlar sepining ko‘pligi, qimmatbaholigi, taqinchoqlarining aslligi bilan emas, odob-axloqi, chiroyli tarbiyasi, shirinsuxanligi, sabr-toqati, itoati bilan e’zoz topadi. Nima demoqchiligimni anglagandirsan?..
Boshimni ham qilib tushundim, dedim. Buvim bag‘riga bosib, yuzlarimdan o‘pdi, ko‘zlarimga tikilib gapida davom etdi:
– Birovning uyiga kelin bo‘lib borasan. O‘z uyingdagi odatlar, shart-sharoitlar u yerda bo‘lmasligi mumkin. Jonim bolam, qanoatli va xushfe’lli bo‘l. Nima olib kelishsa, xursand qabul qilgin. Buyruqlariga itoatli, aytayotgan so‘zlariga diqqatli bo‘lgin! Erkaklar ozoda, sarishtali ayollarni juda suyishadi. Yomon hidlar dilni xira qiladi, shu bois, uyingdan noxush hidlar kelmasin. Ochlik va toliqish er kishining g‘azabini keltiradi, janjalga yo‘l ochadi. Uddaburon beka bo‘lsang, ovqatlaring doim bir vaqtda pishadi, dasturxoning to‘kis bo‘ladi. Ro‘zg‘or ashyolari, mahsulotlarni ishlatishda tejamkor bo‘l, isrofga yo‘l qo‘yma, qadr topasan.
Qaynota, qaynonang, ularning yaqinlarini, qarindosh-urug‘larini hurmat qil. Ko‘cha-ko‘yda eshitgan har qanday so‘zni aytib, kuyov dilini g‘ash qilma, imkoni yetmaydigan narsani olib bering, deb qistama. Sirini ochma. Uyning gapini ko‘chaga, ko‘chaning gapini uyga tashima. Yana, er xafa bo‘lsa xursand bo‘lib, xursandligida xafa bo‘lib yurish farosatli va tarbiyali ayolning tutumi emas...
Buvim takror-takror: «Uqib oldingmi?!» deb so‘rardi. «Ha» deyman-u, uyatdan qizaraman. Ko‘p o‘tmay, o‘zga bir xonadonga kelin bo‘lib uzatildim...
Mana, oradan bir necha yil o‘tdi. Bugun buvim hayot emas, ammo nasihatlari hamon yodimda. Bugungi baxt-saodatim hikmati ham buvimning o‘sha nasihatlarida yashirindir.
Mahbuba SOBIROVA,
tayyorladi
Toshkentda O‘zbekiston va Pokistonning Karachi shahri turistik biznesi vakillari ishtirokida B2B formatidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ikki mamlakat turoperatorlari o‘rtasidagi bevosita aloqalarni kengaytirish, yangi turizm mahsulotlarini yaratishga bag‘ishlangan tadbir “Centrum Air” aviakompaniyasi tomonidan tashkil etildi. Uchrashuv Toshkent–Karachi yo‘nalishida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnov yo‘lga qo‘yilishi munosabati bilan “FAM Trip” tanishtiruv turi doirasida o‘tkazildi.
Joriy yilning 10–12 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tgan tashrif davomida Karachi turizm biznesining 10 nafar vakili O‘zbekistonga keldi. Delegatsiya Toshkent va Samarqandning tarixiy, madaniy va diqqatga sazovor sayyohlik maskanlari hamda mamlakatning zamonaviy turizm infratuzilmasi bilan tanishdi.
B2B formatidagi uchrashuvda O‘zbekistonning turizm salohiyati va hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari taqdimoti o‘tkazildi. Unda Pokiston bozorida Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xivani qamrab oluvchi tarixiy-madaniy yo‘nalishlar, Buyuk Ipak yo‘li yo‘nalishlari, gastronomik, ekologik va ziyorat turizmini targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratildi.
Ikki mamlakat turizm sohasi vakillari qo‘shma turpaketlarni ishlab chiqish, yangi yo‘nalishlarni shakllantirish hamda O‘zbekiston va Pokiston bozorlarida turistik mahsulotlarni ilgari surish masalalarini muhokama qildi.
Ta’kidlanganidek, Karachi va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovning yo‘lga qo‘yilishi turizm yo‘nalishlari, jumladan, “Karachi–Toshkent–Samarqand” yo‘nalishini rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi va kelgusida O‘zbekistonning boshqa sayyohlik markazlarini ham qamrab olish imkonini beradi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati