Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Sentabr, 2026   |   20 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:27
Quyosh
05:50
Peshin
12:23
Asr
17:00
Shom
18:59
Xufton
20:17
Bismillah
02 Sentabr, 2026, 20 Rabi`ul avval, 1448

Qur’on yodlashning oltin qoidalaridan xabardormisiz?

23.12.2017   14522   2 min.
Qur’on yodlashning oltin qoidalaridan xabardormisiz?

Har bir musulmon kishi Kalomullohni yodlash va unga amal qilishga intiladi. Hadislarda Qur’onni yod olgan kishiga ko‘p mukofotlar va’da qilingan. Jumladan: hazrat Usmondan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: “Sizlarning yaxshilaringiz Qur’onni o‘rganib, uni boshqalarga ham o‘rgatganlaringizdir” (Imom Buxoriy rivoyati). Boshqa hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Qur’onni o‘qinglar, chunki u qiyomat kuni o‘quvchilariga shafoatchi bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Quyida Qur’onni oson va puxta yodlashning ayrim qoidalarini bayon qilamiz:

  1. Qur’onni yodlashda Allohga tavakkal qilish, ya’ni u Zotning roziligini istab, bu yo‘lda g‘ayratli bo‘lish.
  2. Har kuni Qur’onning bir qismini tilovat qilishga odatlanish. Chunki Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Amalning yaxshisi oz bo‘lsa ham, davomlisidir”, deganlar (muttafaqun alayh).
  3. Bitta mus'hafdan yodlash va takror qilish. Shunda har bir sahifadagi oyatlarning joylashishi qori zehniga o‘rnashib, xotirasiga kelaveradi.
  4. Yodlangan oyatlarni ustozning tekshiruvidan o‘tkazish. Chunki Qur’onni o‘zicha o‘qib, yodlab, takrorlagan kishi xatosini bilmaydi. Ustozdan o‘tkazgan kishining esa xatolari tuzatiladi va yodlaganlari mustahkamlanadi.
  5. Kechalari Qur’onga qarab tilovat qilish. Kechasi fikr ko‘p chalg‘imaydi, ixlos bilan tilovat qilish ham oyatlarning qalbdan mustahkam joy olishiga sabab bo‘ladi.
  6. Yod olishga qiynalgan yoki xato o‘qilgan oyatlarning tagiga qalam bilan chizib qo‘yish. Xatolar to‘g‘rilanganidan keyin chiziq o‘chirib tashlanadi. Shuning uchun ham qorining alohida Qur’oni bo‘lishi kerak.
  7. Oyatlarning ma’nolarini bilish ham tez va puxta yodlash sabablaridandir.
  8. Arab tili nahv qoidalarini bilish qorilarni ko‘p xatolardan saqlaydi. Natijada, talaba oyatlarga harakatlarni to‘g‘ri qo‘yib, erkin va ravon o‘qiydigan bo‘ladi.
  9. Qur’on oyatlarini tafakkur qilish o‘xshash oyatlarni bir-biriga chalkashtirib yuborishdan saqlaydi.

Sahar payti, shom bilan xufton namozlari oralig‘i hamda zehn dunyoviy narsalar bilan mashg‘ul bo‘lmaydigan boshqa vaqtlar Qur’onni yod olish va takrorlash uchun qulay, fazilatli hisoblanadi.

O‘MI Matbuot xizmati

 

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Qashqadaryoda 100 nafar o‘quvchiga maktab qurollari sovg‘a qilindi

18.08.2026   38220   1 min.
Qashqadaryoda 100 nafar o‘quvchiga maktab qurollari sovg‘a qilindi

Yangi o‘quv yili va mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Qashqadaryo viloyatida yana bir xayrli tashabbus amalga oshirildi.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligi va saxovatpesha yurtdoshlarimiz hamkorligida Qarshi shahridagi 100 nafar ehtiyojmand oila farzandiga yangi o‘quv qurollari to‘plamlari beg‘araz topshirildi.

 

Qo‘lida yangi portfel va kitob-daftar tutgan jajji o‘quvchilarning yuzidagi samimiy tabassum va quvonch bu ezgu ishning naqadar qadrli ekanini ko‘rsatdi. Zero, ilm istagan qalbga qanot bo‘lish — eng ulug‘ savoblardandir.

 

Tadbir yakunida xayriyada hissa qo‘shgan barcha saxovatpesha insonlar haqiga duolar qilindi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Qashqadaryoda 100 nafar o‘quvchiga maktab qurollari sovg‘a qilindi Qashqadaryoda 100 nafar o‘quvchiga maktab qurollari sovg‘a qilindi
O'zbekiston yangiliklari