1-savol: Namozdan so‘ng nima deb duo qilish kerak?
Javob: Baro ibn Ozib (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Payg‘ambarimiz (alayhissalom): “Ey Parvardigorim, meni, bandalaringni jamlaydigan, tiriltiradigan kunda azobingdan saqla!”, deb duo qilar ekanlar (Imom Muslim rivoyati).
Mug‘ira ibn Shu’ba (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) har namozdan so‘ng: “Ey Alloh! Sen ato qilgan narsani man qiluvchi yo‘q. Sen man qilgan narsani beruvchi yo‘q. Harakat, g‘ayrat ham, buyuklik ham Sendandir!”, deb duo qilganlar (Imom Buxoriy, Ahmad va Muslim).
Janob Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Mu’oz ibn Jabal (roziyallohu anhu)ga har bir namozdan so‘ng: “Allohumma Rabbi, a’inniy ’ala zikrika va shukrika va husni ’ibadatik”, deb duo qilishni o‘rgatganlar (Imom Ahmad, Abu Dovud va Nasoiy rivoyatlari).
2-savol: Namozga niyat qilishda rakaatlar adadini ham aytish kerakmi?
Javob: Namoz niyatida rakatlari sonini aytish shart emas. Namozning o‘zini, qaysi namozni o‘qishini dildan o‘tkazish kifoyadir. Zero, niyat dilda bo‘ladi.
3-savol: Boshi bilan imo-ishora qilib ham namoz o‘qiy olmagan kishi sog‘aygach, o‘qimagan namozlarining qazosini o‘taydimi?
Javob: Boshi bilan imo-ishora qilib ham namoz o‘qishga qodir bo‘lmagan kishi ko‘zlari yoki qoshlari bilan imo-ishora qilib namoz o‘qimaydi. Sog‘aygach yoki kasali yengillagach, qaraladi, agar bir kechayu kunduzdan ortiq namoz o‘qiy olmagan bo‘lsa, qazosini o‘qimaydi. Agar undan kam bo‘lsa, qazosini o‘taydi.
4-savol: Sajdai sahv haqida ma’lumot bersangiz.
Javob: Sajdai sahv namozning biror vojib amali adashib tark etilganida qilinadigan ikki sajdadir. Sajdai sahv qilish uchun oxirgi qa’dada tashahhuddan so‘ng (jamoat namozida) o‘ng tarafga (yolg‘iz o‘quvchi ikki tarafiga) salom beriladi va ikki sajda qilinadi. So‘ng yana tashahhud, salavot va duolar o‘qilib salom beriladi.
5-savol: Imomga iqtido qilganda “Fotiha” hamda zam surani o‘qish mumkin emasligini yaxshi bilamiz. Lekin shu haqda kelgan dalillarni bilmaymiz. Iltimos, shu haqda vorid bo‘lgan oyat va hadislarni zikr etsangiz.
Javob: Qur’oni karim A’rof surasining 204-oyatida bunday buyurilgan:
“Qur’on o‘qilganda uni tinglangiz va sukut saqlangiz! Shoyad (shunda) rahm qilingaysiz!”
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kimning (namozda) imomi bo‘lsa, imomning qiroati uning uchun qiroatdir”, deb marhamat qilganlar.
Jobir (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Albatta, imom unga iqtido qilinishi uchun qo‘yilgandir. Agar (imom) takbir aytsa, takbir aytinglar va agar qiroat qilsa, jim turinglar”, deganlar.
6-savol: Hozirgi paytda ko‘pchilik masjidlarda namoz o‘qiyotganlarning oldidan bemalol o‘tib ketish yoki orqasidagi kishining namozni tugatishini kutmasdan turib ketish hollari uchraydi. Shariatimizda bu haqda nima deyilgan?
Javob: Payg‘ambarimiz (alayhissalom): “Agar odamlar namoz o‘qiyotganning oldidan o‘tish qanday katta gunoh ekanligini bilganlarida edi, 40 (kun yoki 40 oy yoki 40 yil) bo‘lsa ham kutar edilar”, deb marhamat qilgan ekanlar (Muttafaqun alayh). Payg‘ambarimiz mazkur hadislarida 40 sonini tilga olganlar, xolos. Ulamolar esa 40 sonini 40 kun, 40 oy yoki 40 yil deb ta’vil qilishgan.
Payg‘ambarimizning 40 lafzini ishlatishlari ushbu gunohning og‘ir ekanligiga dalolatdir hamda uni qiladigan odamlar uchun yetarli qaytariqdir.
7-savol: Oyoq ostiga to‘shaladigan gilam va namat ustida namoz o‘qish, sajdai tilovat qilish mumkinmi?
Javob: Agar toza, najosat tegmagan bo‘lsa, mumkin. Chunki joynamoz najosatdan pok bo‘lishi shart.
Ushbu maqola O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining
“So‘ragan edingiz” kitoblari asosida tayyorlandi.
O‘MI Matbuot xizmati
Mamlakatimizda mustaqillik bayramining 35 yilligi munosabati bilan “Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi” hamda “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari doirasida hududlarda keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot, obodonlashtirish, xayriya va mehr-oqibat ishlari amalga oshirilmoqda.
Mazkur jarayon bilan yaqindan tanishish maqsadida 4 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligidagi mutasaddilar Toshkent shahri Sergeli tumanidagi “No‘g‘ayqo‘rg‘on”, “Qumariq” va “Ittifoq” mahallalarida bo‘lishdi.
Tashrif davomida soha rahbarlari mahallalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish, xayriya va saxovat ishlarini kengaytirish, obodonlashtirish hamda bunyodkorlik ishlarining borishi bilan tanishdi. Shuningdek, mahalliy hokimiyat vakillari, “mahalla yettiligi”, nuroniylar hamda diniy soha xodimlari ishtirokida ushbu yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Mahallalarda o‘tkazilgan sayyor yig‘inlarda “Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish”, oilalarda totuvlikni mustahkamlash, yoshlarni ilm-ma’rifatga yo‘naltirish, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, farzand tarbiyasi hamda aholi muammolarini hal etishda hamjihatlikni kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shu bilan birga, xonadonlar atrofi, ko‘chalar, ariqlar va qabristonlarni obod qilish, ularning ozodaligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan ham tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Darhaqiqat, Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi, eng avvalo, mahallalar hayotida yaqqol namoyon bo‘lishi va aholi kayfiyatida o‘z aksini topishi lozim. Shu ma’noda, joriy yil yakunida mamlakatimiz bo‘ylab “Eng orasta xonadon”, “Eng fayzli hovli”, “Eng obod ko‘cha” va “Eng namunali mahalla” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblarning aniqlanishi mazkur ezgu tashabbuslarning mantiqiy davomi bo‘ladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati