Hakim at-Termiziyning “Navodirul usul” kitobida shunday keltiriladi: “Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga kirib kelgan kunlari, undagi barcha narsalarni nurlantirib yubordilar. Vafot etgan kunlari undagi barcha narsalar zulmat ichra qoldi”. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam olamlarni yorituvchi nur edilar.
“Ey payg‘ambar, darhaqiqat, Biz Sizni (qiyomatda barcha ummatlarga) guvoh bo‘luvchi, (jannat haqida) xushxabar beruvchi, va (do‘zax azobidan) ogohlantiruvchi etib yubordik. Allohning izni bilan Unga (diniga) da’vat qiluvchi, va (yo‘l ko‘rsatuvchi) nurli chiroq qilib ham” (Ahzob surasi 45-46-oyatlar).
Ul zoti bobarakotning nurlari ila butun olam yorishdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir ko‘chadan o‘tsalar, ul zotdan muattar hid taralar edi. Shu ko‘chadan keyin yurgan odam, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shu makondan o‘tganlarini bilar edi. Ul zot o‘ta pokiza, hushbo‘y edilar. Alloh taolo o‘z habibini nasl-nasab va qarindoshchilik jihatidan pok saqlagan edi. Shuningdek, Nubuvvat musaffoligi ila tabarruk qilishidan oldin, ul zotni bolalik, o‘smirlik va o‘rta yoshlarga yetgan davrlarida ham gunoh ma’siyatlardan munazzah etgan edi. Ul zotning haybatlari, viqorlari, ulug‘vorliklari va pokliklari qalblar va dillarni egallagan edi.
Zaynab binti Jahsh roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga mahobat (ulug‘vorlik) berilgan edi”.
Abu Mas’uddan rivoyat qilinadi: “Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib, gapirdi. (Ul zotning mahobatlari oldida gapira olmay) qo‘rquvdan qaltiray boshladi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “O‘zingni bos! Men podshoh emasman, men Qadidni (go‘shtni quritilgan tilimchasi) yeydigan ayolning bolasiman”, – dedilar.
Hind ibn Abu Hola Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vasflarida shanday dedi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ulug‘vor va mahobatli edilar. Yuzlari to‘lin oy kabi nur sochar edi”.
Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhu: “Men uchun hech kim Rasululloh sollallohu alayhi vasallamchalik mahbub emas edi. Hech kim ko‘z o‘ngimda u zotdek ulug‘vor emas edi. U zotni o‘ta ulug‘laganimdan, u zotga ko‘zim to‘yib qaray olmas edim”, – dedilar.
Bir kishi Makkaga tuyasini sotish uchun olib keldi. Uning tuyasini Abu Jahl sotib oldi, lekin pulini bermay cho‘zib yurdi. Qurayshning ulug‘lari yig‘iladigan majlis oldiga borib: “Ey Quraysh jamoasi, men musofir kishiman, Abul Hakam haqqimni bermay meni ko‘p qiynayapti. Orangizda menga yordam beradigan biror kishi bormi?” – dedi. O‘sha vaqtda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ka’bani bir tarafida ibodat bilan mashg‘ul edilar. Majlis ahli: “Anavi o‘tirgan kishini ko‘rayapsanmi, uni oldiga bor, ichimizda faqat o‘sha kishigina senga yordam bera oladi”, – deb, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘rsatdilar. Bu bilan ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni mas'hara qilishni qasd qilgan edilar.Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan Abu Jahl o‘rtasidagi adovatni bilar edilar. Haligi kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib: “Ey Allohning bandasi, Abul Hakam ibn Hishom menga zo‘rlik qilib, haqqimni bermayapti. Men g‘arib kishiman, anavi o‘tirgan qavmdan menga yordam berishlarini so‘rasam, ular menga faqat sen yordam bera olishingni aytdilar. Undan meni haqqimni olib ber, Alloh senga rahm qilsin”, – dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qani uning oldiga yurchi”, – deb u bilan birga Abu Jahlning uyiga qarab ketdilar. Buni kuzatib turgan Quraysh jamoasi oralaridan bir kishiga: “Ularning ketlaridan borib nima qilishlarini kuzatgin”, – dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tuya egasi bilan Abu Jahlning uyiga borib, uning eshigini qoqdilar. Ichkaridan Abu Jahlning: “Kim bu?” – degan ovozi eshitildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Men Muhammadman, bu yoqqa chiq”, – dedilar. Abu Jahl ichkaridan qo‘rqib ketganidan rangi oqargan holda chiqib keldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu kishining haqqini qaytarib ber”, – dedilar. Abu Jahl: “Ha, albatta, hoziroq uning haqqini qaytaraman”, – dedi-da, ichkariga kirib, uning haqqini olib chiqdi va tuya egasiga to‘la-to‘kis qaytarib berdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kishi o‘z haqqini to‘liq olgach, qaytdilar. Haligi kishi Quraysh yig‘iladigan majlisga borib: “Alloh uni yaxshilik ila mukofotlasin! Allohga qasamki, u haqqimni to‘liq undirib berdi”, – dedi. Qurayshliklar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan Abu Jahl o‘rtasida bo‘lib o‘tgan voqeani bilib kelish uchun yuborgan kishi ham uning ortidan yetib keldi va ko‘rganlarini so‘zlab berdi.
Abu Nu’aym, Bayhaqiy, Is'hoq ibn Yasordan rivoyat qiladilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Rukona ibn Abdu Yazidga: “Islomni qabul qil”, – dedilar. Rukona: “Agar sen aytayotgan narsa haq ekanini bilganimda edi, uni qabul qilgan bo‘lardim”, – dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Nima deysan, agar seni kurashda yengsam, men aytgan narsani haq deb bilasanmi?” – dedilar (Rukona Qurayshliklar orasida eng baquvvati va pahlavoni edi). Rukona: “Ha”, – dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘rinlaridan turib, (uni ko‘z ochib yumguncha) yerga ag‘dardilar. Shunda Rukona: “Yana bir bor, ey Muhammad”, – deb aytdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni qayta ushlab, shu tobda yerga qulatdilar. Bu holatni ko‘rgan Rukona: “Bu sehrdir, men bunday sehrga o‘xshashini hech ham ko‘rmaganman. Allohga qasamki, sen yelkamni yerga qo‘ygan vaqtingda, hech narsa qila olmay qoldim”, – deb ketadi.
Avazxo‘ja BAXROMOV,
“Xolmuhammad ota” jome masjidi
imom-xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Yosh Muhammad ulg‘ayib katta bo‘lganidan keyin yaqindagina onasi bilan shu tuyada kelishganini eslardi. Ummu Ayman uning ko‘zyoshlarini artib borardi. Go‘yo ortlaridan onasi kelib qoladigandek yosh Muhammad orqalariga o‘girilib qo‘yardi. Ummu Ayman uni bag‘riga olib, boshini silab-silab qo‘yganini sira-sira esdan chiqarmadi.
Ularni kutib olishga Abdulmuttalib chiqdi. Bo‘lgan voqeadan bexabar bobo oldiga yugurib kelgan nabirasining qayg‘uli yuzini ko‘rib hayratlandi. “Nima bo‘ldi, bolam, onang qani?” deb so‘radi. Go‘dak javob bermay yig‘layverdi. Abdulmuttalib taajjublanib turganida Ummu Ayman yo‘lda nima bo‘lganini aytib berdi. Qariya qattiq qayg‘uga tushdi.
Nur yuzli nabirasini bag‘riga bosib, ko‘zlariga termuldi. “Jonim bolam, endi ota-onang ham, bobong ham men bo‘laman. G‘am chekma, doimo sening yoningdaman”, deb ko‘nglini ko‘tardi.
Bobo bergan so‘ziga og‘ishmay amal qildi. U chindan ham bu nabirasini boshqalariga qaraganda boshqacha yaxshi ko‘rar, yonidan bir qadam jildirmas, hech kimga ishonmasdi. Har gal yuziga qaraganida goh o‘g‘li Abdullohni, goh kelini Ominani eslab, yig‘lab olardi. Odamlar haybati va salobatidan qo‘rqadigan Abdulmuttalibning uyiga faqatgina yosh Muhammad ijozatsiz kira olardi. Hali yosh bo‘lishiga qaramay, ba’zi narsalarda bobo undan maslahat so‘rar va gapiga quloq tutardi. Oldiga taom keltirishsa, nabirasi kelmaguncha ovqatga qo‘l cho‘zmasdi.
Kunlarning birida ajoyib voqea sodir bo‘ldi. Yog‘in kamligi sababli Makkada qurg‘oqchilik bo‘lib turardi. O‘sha yili ham shunday bo‘ldi. Hamma qattiq tashvishlandi, chorva mollari nobud bo‘lishidan xavotirga tushishdi. Chunki mollarga ozuqa qolmagandi. Odamlar Abdulmuttalibning uyiga kyolib: “Ka’baning Robbi bo‘lgan Allohga duo qilaylik, yomg‘ir yog‘dirsin. Biz bir necha kundan beri duo qilyapmiz, ammo ijobat bo‘lmayapti”, deyishdi.
Ertasi kuni butun qavm to‘planib tog‘ tomondagi tepalikka chiqdi. Kichkina Muhammad ham ular bilan chiqdi. Abdulmuttalib qo‘lini duoga ochdi: “Ey ushbu Ka’baning Egasi, Ibrohim alayhissalomning Rabbi bo‘lgan Alloh, bizga rahm et, ustimizga yomg‘ir yog‘dirgin”, dedi. Shu payt yonida turgan nabirasiga ko‘zi tushib aytdi: “Mana bu yetim nabiramning hurmatidan bizga yomg‘ir ato qilgin”. Bolaning ham qo‘lchalari duoga ochildi. Osmon musaffo, quyosh charaqlab turar, bir dona ham bulut ko‘rinmasdi. Ammo birdan uzoqdan bulut ko‘zga tashlandi. Abdulmuttalib hayratlanib samoga qaradi. Bulut bir zumda Makka ustiga yetib keldi. Chaqmoq chaqib, momaqaldiroqdan keyin yomg‘ir quya boshladi. Odamlar uylariga borguniga qadar butun ust-boshlari ho‘l bo‘lib ketdi.
Albatta bu voqeaning hikmatini hech kim bilmasdi. Faqatgina Abdulmuttalib berilgan bu ne’mat nur yuzli nabirasi sababli ekanini tushunib turardi.
Vaqt o‘tar, hamisha nabirasini yetaklab yuradigan Abdulmuttalib ham asta-sekin qarib, kuchdan qolib borardi. Bir kuni yosh Muhammad yana og‘ir sinovga duch keldi. Onasidan ayrilgach, bobosi Abdulmuttalibga qattiq o‘rganib qolgan edi. Endi shu mehribon bobodan ham ayrilish arafasida edi. Ota-onam ham, bobom ham siz deb suyangan tog‘idan judo bo‘lish oson emas. Albatta, bu sinovlarning barchasi Allohning irodasi ila sodir bo‘lardi.
Ajali yetganda har bir jonning vafot etishi aniq haqiqat. Alloh taolo hech bir bandasiga “Buning falon ishi bor ekan, tugatib olsin”, “Yetim bolasi bor ekan, katta bo‘lsin”, “Uzatiladigan qizi bor ekan, to‘yini ko‘rsin”, deb muhlat bermaydi.
Abdulmuttalibni ham ajal izlab keldi. Bir kuni bu dunyoni tark etishini yaxshi bilgan Abdulmuttalib nur yuzli nabirasidan ayrilishni istamasdi. Jon berish arafasida atrofiga olazarak boqib “Muhammadim qani?” deb so‘radi. Atrofdagilar sevimli nabirani oldiga olib kelishdi. Abdulmuttalib: “Kel, bolam, oldimda o‘tirsang, biroz yengil bo‘laman”, dedi. Bu nurli nabirasining qo‘llaridan o‘pib, hidlab, bag‘riga bosar ekan, chiroyli ko‘zlaridan oqayotgan yoshlarni ko‘rib sabri chidamadi.
Qariya hamma farzandlarini to‘plab: “Men vafot etsam, bu nabiramga kim g‘amxo‘rlik qiladi?” deb so‘radi. Hamma amakilari yosh Muhammadni o‘zi bilan birga olib ketishni istadi. Chunki bu bola qayorga borsa, o‘sha yerga fayzu baraka yog‘ilishini yaxshi bilishardi. Abdulmuttalib bu gal nabirasidan so‘radi: “O‘zing nima deysan? Qaysi amaking bilan qolishni xohlaysan?” Go‘dak indamay o‘rnidan turib, halqa bo‘lib o‘tirgan amakilari orasidan Abu Tolibning quchog‘iga bordi. Shu tariqa qaror qabul qilindi. Demak, yosh Muhammad Abu Tolibni tanladi.
Abu Tolib otasi Abdulmuttalib kabi yosh Muhammadni ham, inisi Abdullohni ham juda yaxshi kurardi. Joni uzilayotgan Abdulmuttalib suyukli nabirasining sevikli o‘g‘li Abu Tolib bilan qolayotganidan ko‘ngli to‘ldi. Oxirgi nafasida ham yosh nurli nabirasi yuziga termilib turarkan, Abu Tolibga uni omonat topshirganini, aslo ozor bermaslik va mehrini ayamasligini vasiyat qilib olamdan o‘tdi.
Abdulmuttalibning vafoti butun Quraysh qabilasi, ayniqsa, hoshimiylar xonadoni uchun og‘ir judolik bo‘ldi. Salobatli, aql-farosatli va o‘z qavmi uchun jonini fido etishdan ham qaytmaydigan insondan ayrildilar. Abdulmuttalibning dafn marosimida butun qabila ishtirok etdi. Ular tobutni ko‘tarib ketishar ekan, yosh Muhammadning ko‘zlaridan tinmay yosh oqardi. Bu sinovlarning barchasi Alloh taolo tomonidan yosh Muhammadni payg‘ambarlikka tayyorlash uchun edi. Hammasi ummat, din, siz va biz uchun edi.
“Tasadduq, yo Rasululloh” kitobidan