Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Iyul, 2026   |   15 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:40
Quyosh
05:10
Peshin
12:35
Asr
17:34
Shom
19:48
Xufton
21:15
Bismillah
29 Iyul, 2026, 15 Safar, 1448

Ramazon hayitidan so'ng Shavvolning olti kun ro'zasini tutish shartmi?

26.04.2023   5029   2 min.
Ramazon hayitidan so'ng Shavvolning olti kun ro'zasini tutish shartmi?

Shavvol oyida olti kun ro'za tutish sunnat (mustahab) bo'lib, farz emas. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:

من صام رمضان ثمّ أتبعه ستا من شوّال كان كصيام الدهر

«Kimki Ramazon ro'zasini tutsa, so'ng unga Shavvoldan olti kun (nafl) qo'shsa, xuddi bir yillik ro'za kabi bo'ladi», dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Ushbu hadisning mazmuni mutlaq kelgani uchun bu olti kunlik ro'zani Ramazon hayiti ertasiga boshlasa ham bo'ladi yoki bir necha kun o'tkazib keyin ro'za tutsa ham bo'ladi. Shavvol oyida olti kun ro'za tutsa, bo'ldi.

Ba'zi ulamolar xayrli ishlarni qilishga shoshilish lozimligi, musobaqa qilish afzalligini inobatga olib, hayit ertasiga Shavvolning ro'zasini tutishni boshlash kerak, deb hisoblaydilar. Odamlar ham shunga o'rganib qolishgan.

Ba'zi ulamolar esa, (Bu ulamolar orasida Imom Abu Yusuf va Imom Molik ham bor) odamlar bu ham Ramazon ro'zasi tarkibiga kiradi yoki tutmasa bo'lmas ekan, degan fosid xayollarga bormasliklari va asosiysi, nasroniylar kabi farz ro'zalarga o'z ixtiyorlari bilan ro'zalar qo'shib olganlariga o'xshamaslik uchun hayitdan bir necha kun o'tkazib tutishni ma'qul ko'radilar va hayit ertasiga boshlab, ulab tutishni karih ko'radilar. Bu «Sharhi Viqoya»da ham o'z ifodasini topgan. Shams ul-aimma al-Halvoiy shunga fatvo bergan. Demak, ehtiyotan hayitdan so'ng bir-ikki kun o'tkazib Shavvol ro'zasini tutishga kirishmoq ma'qul.

Shavvol oyida ro'za tutishga odatlanish vojib emas, balki afzal va ma'qul ishdir.

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:

أحبّ العمل الى الله ما دام عليه صاحبه وان قلّ

«Allohga amallarning eng sevimlisi amal egasi, garchi u oz bo'lsa-da, doim bajarib yurganidur», dedilar.

Shavvol oyida ro'za tutish, shuningdek, Ramazondan boshqa oylarda ro'za tutish nafl ibodat bo'lgani uchun uni bajarmasa, qazo tutib o'tirmaydi. Chunki u ixtiyoriy ibodatdir.

Shavvolda ro'za tutmasa bo'lmaydi, albatta tutish kerak, deyish, shuningdek, tutmaganlarni malomat qilish, Shavvol ro'zasini tutganlik bilan faxrlanish yomon illat bo'lgani uchun hatto Imomi A'zam Shavvolda ro'za tutishni karih ko'rgan ekanlar. («Mavsu'at ul-fiqhiyya»).

 

islom.uz

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Masjidlarda "yashil energiya": 1 900 dan ortiq jomeda quyosh panellari o‘rnatildi

29.07.2026   1601   1 min.
Masjidlarda

So‘nggi yillarda mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanish va ekologik barqarorlikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu ezgu tashabbus doirasida yurtimizdagi masjidlarda ham quyosh panellari va geleokollektorlarni o‘rnatish ishlari izchil davom ettirilmoqda.

2026 yil 29 iyul holatiga ko‘ra asosiy ko‘rsatkichlar:

Respublika bo‘yicha faoliyat yuritayotgan 2 161 ta masjiddan:

1 910 tasi (88,4%) quyosh panellari bilan ta’minlandi (umumiy quvvati — 14,3 MVt / 14 315,5 kVt);

1 020 tasi (47,2%) issiq suv ta’minoti uchun geleokollektorlar bilan jihozlandi (umumiy sig‘imi — 206 470 litr).

Hududlar kesimida yetakchilar:

To‘liq qamrov: Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Sirdaryo, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlaridagi deyarli barcha masjidlarga quyosh panellari o‘rnatib bo‘lindi.

Eng yuqori quvvat: Toshkent shahri (2 559 kVt), Toshkent viloyati (1 706 kVt) va Samarqand viloyati (1 436,5 kVt) yetakchilik qilmoqda.

Geleokollektorlar bo‘yicha: Andijon (182 ta), Namangan (181 ta) va Toshkent viloyati (172 ta) masjidlarida eng yuqori ko‘rsatkichlar qayd etildi.

Qayta tiklanuvchi energiya tizimlarining joriy etilishi elektr energiyasi va tabiiy gaz sarfini sezilarli darajada kamaytirib, masjidlarning kommunal xarajatlarini qisqartirish hamda atrof-muhit muhofazasiga munosib hissa qo‘shish imkonini bermoqda.

Kelgusida qolgan 251 ta masjidga quyosh panellari va 1 141 ta masjidga geleokollektorlarni bosqichma-bosqich o‘rnatish va respublikadagi sig‘imlarni to‘liq «yashil energiya»ga o‘tkazish rejalashtirilgan.

Nodirbek Qodirov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Masjidlar bilan ishlash bo‘limi mutaxassisi

O'zbekiston yangiliklari