Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Dekabr, 2024   |   23 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:47
Peshin
12:28
Asr
15:18
Shom
17:02
Xufton
18:22
Bismillah
24 Dekabr, 2024, 23 Jumadul soni, 1446

Xulqi qur’on bo‘lgan zot

20.12.2017   6068   6 min.
Xulqi qur’on bo‘lgan zot

Sa’d ibn Hishom ibn Omir (roziyallohu anhu) aytadi: “Oisha (roziyallohu anho)ning oldiga borib, “Ey mo‘minlar onasi, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning xulqlari haqida gapirib bering”, dedim”. U: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning xulqi Qur’on edi”, dedi… (Imom Ahmad rivoyati).

Hadisda “xulqi Qur’on edi”, deb tarjima qilingan qismida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Qur’onda madh etilgan sifatlar bilan xulqlangani va qaytarilgan amallardan saqlangani ifodalanmoqda. Shuningdek, Qur’oni karimning hukmlariga rioya etish, uning had-chegaralarida to‘xtash, ma’nolari haqida o‘ylash va chiroyli tilovat qilish ham tushuniladi. Manbalarda keltirilishicha, “Qur’on”, so‘zidan Qur’oni karimdagi Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ga maqtov aytilgan oyatlar iroda qilingan. Bunga: “Albatta, Siz buyuk xulq uzradirsiz!” (Qalam surasi, 4-oyat), “Ular savodsiz elchiga – ismi o‘zlaridagi Tavrot va Injilda yozilgan payg‘ambarga (Muhammadga) ergashadilar” (A’rof surasi, 157-oyat) kabi oyatlarni misol qilish mumkin. Baro ibn Ozib (roziyallohu anhu) aytadi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) insonlar orasida yuzlari eng chiroyli, xulqlari eng go‘zal zotdir” (Imom Musli rivoyati). Abu Hurayra (roziyallohu anhu) esa: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan chiroyliroq biror narsani ko‘rmadim. Go‘yoki quyosh u zotning yuzlaridan chiqadi”, degan. Ka’b ibn Molik (roziyallohu anhu) aytadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning yuzlari nur sochadi. Go‘yoki yuzlari oyning bir bo‘lagi”.

Sayyidimiz Muhammad (alayhissalom) go‘zal xulq sohibi, komil inson, barchaga namuna edilar. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: (Ey imon keltirganlar!) Sizlar uchun – Alloh va oxirat kunidan umidvor bo‘lgan hamda Allohni ko‘p yod qilgan kishilar uchun Allohning payg‘ambarida go‘zal namuna bordir” (Ahzob surasi, 21-oyat).

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) to‘g‘ri so‘z va omonotdor edilar. Payg‘ambarlik kelishidan oldin ham Quroyshliklar orasida “Sodiqul amin (to‘g‘ri so‘z, ishonchli inson)” nomi bilan mashhur edilar. Ular o‘zaro nizolashib qolishsa, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni hakam etib tayinlashib: “U omonotdor, xiyonat qilmaydi”, deyishardi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga payg‘ambarlik kelganidan keyin qilingan da’vatning birinchisi omonotdorlik bo‘ldi. Nabiy (alayhissalom) so‘z, amal, ibodat, a’zolarni gunohdan saqlash va va’dalarga xilof qilmaslik kabilarda omonotdorlikni talab qildilar. Shuningdek, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) to‘g‘ri so‘zlikda ham namuna edilar. U zotdagi bu sifatni Alloh taolo bunday madh etadi: “Rostlikni keltirgan zot (Muhammad) va uni tasdiq etganlar (mo‘minlar) – aynan o‘shalar taqvoli zotlardir” (Zumar, 33).

 Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ahli-oilasiga yaxshilik qiluvchilarning ulug‘i edilar. U zot hadisda bunday deganlar: “Sizlarning yaxshilaringiz ahliga yaxshilik qiluvchilaringizdir. Men ahliga yaxshilik qiluvchiroqman” (Imom Termiziy rivoyati). Nabiy (alayhissalom) ahliga xushmuomalali, mehribon, edilar. Har ishda ularga yordam berib, lutf ko‘rsatardilar. Ayollari bilan hazil-mutoyiba ham qilardilar. Oisha (roziyallohu anho) onamizni “Ey Humayro”, deb chaqirardilar. Ba’zida esa “Ey ansorlarning qizi” yoki “Ey Oish” derdilar. 

Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) bolalarni juda yaxshi ko‘rardilar. Ko‘chadan o‘tayotib bolalarga salom berar, ba’zida esa ular bilan o‘ynardilar. Namoz o‘qiyotganda bolalarning yig‘i ovozi eshitilsa, onasiga qiyin bo‘lmasligi uchun ibodatni tezroq yakunlashga harakat qilardilar. Nabiralari – Imom Hasan va Husayn (roziyallohu anhumo)larni muborak yelkalariga ko‘tarib olardilar. Bir kuni Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ikki nabiralarini o‘pdilar. U zotning yonlarida Aqro ibn Hobis bor edi. U: “Mening o‘nta bolam bor. Lekin, ularni birortasini o‘pmaganman”, dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) unga qarab: “Kim Rahim qilmasa, unga ham rahim qilinmaydi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Sarvari koinot bo‘lmish zot xodimlariga ham juda mehribon va tavozelik edilar. Hayotlari mobaynida birorta xodimlarini urmaganlar, hatto ularga ovozlarini ko‘tarmaganlar. Anas ibn Molik (roziyallohu anhu) aytadi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam)ga o‘n yil xizmat qildim. Allohga qasamki, u zot biror marta uf demaganlar. “Nima uchun bunday qilding”, “Bunday qilsang bo‘lmasmidi”, deb aytmaganlar” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati). Alloh taolo tavozeli bo‘lishga va kibr qilmaslikka buyuradi: “Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va yerda kerilib yurmagin! Chunki Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas (Luqmon surasi, 18-oyat). Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Tavoze bandani darajasini ziyoda qiladi. Shuning uchun, tavozeli bo‘linglar! Alloh taolo darjangizni ko‘taradi”, dedilar (Kanzul ummol).

Olamlarga rahmat bo‘lgan payg‘ambarimiz (alayhissalom) dunyoda eng zohid va qanoatli inson edilar. Vaholanki, Alloh taolo Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ga dunyodagi barcha narsalarni ixtiyorini bergan edi. Lekin, u zot oxirat hayotini tanladilar. Butun hayotlari mobaynida, ochlikni ketkazish uchungina xurmo va arpa tanovul qilib, suv ichardilar. Har tun och holda uxlardilar. Ochlik hissining kuchli ekanidan qorinlariga tosh bog‘lab yurardilar. Ortiqcha bir dirham pul bilan tun o‘tkazmasdilar. Yonlarida ehtiyojdan ortiqcha narsa bo‘lsa, uni muhtoj odamga bermaguncha uyga kirmasdilar. Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “Biror narsani (muhtojlarga xolis) ehson qilsangiz, bas, (Alloh) uning o‘rnini to‘ldirur. U rizqlantiruvchilarning yaxshisidir” (Saba’ surasi, 39-oyat).

Oisha (roziyallohu anhi)dan rivoyat qilinadi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) tunda turib, ibodat qilardilar hatto oyoqlari yorilib ketardi. “Yo Rasululloh, nima uchun bunday qilasiz? Alloh taolo sizning avvalgiyu, keyingi gunohlaringizni kechirgan-ku”, desam. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Shukr qiluvchi banda bo‘lmaymi?” deydilar” (Imom Buxoriy rivoyati). 

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning sabrli va halim bo‘lishlari,  afv etishda o‘rnakliklariga Alloh taoloning ilohiy buyrug‘i bor edi: “Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o‘giring!” (A’rof surasi, 199-oyat). Boshqa oyatda bunday marhamat qilinadi: “Bas, (ey Muhammad!) Siz ham matonatli payg‘ambarlar sabr qilganlaridek sabr qiling…” (Ahqof surasi, 35-oyat). 

                                               

Manbalar asosida

Bahriddin JO‘RABЕK O‘G‘LI

tayyorladi.

 

 

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Umar uning foydasiga hukm chiqardi

23.12.2024   1211   2 min.
Umar uning foydasiga hukm chiqardi

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Imom Molik Sa’id ibn Musayyibdan rivoyat qiladi:

«Bir musulmon va bir yahudiy xusumatlashib, Umar roziyallohu anhuning huzuriga kelishdi. Yahudiy haq bo‘lib chiqdi. Umar uning foydasiga hukm chiqardi. Shunda yahudiy unga:

«Allohga qasamki, haq ila hukm chiqarding», dedi.

«Sen qayerdan bilding?» dedi Umar, uni darra ila urib.

«Biz Tavrotda: «Qaysi qozi haq ila hukm chiqarsa, albatta, o‘ng tomonida bitta, chap tomonida bitta farishta uni quvvatlab turadi. Modomiki, u haqda ekan, ishini to‘g‘rilab ham turadilar. Qachon haqni tark qilsa, ular ham uni tark qilib, ko‘tariladilar», deyilganligini topamiz», dedi».

Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning ilohiy adolat ummonidan suv ichgan adolatlarini ko‘rgandan keyin, undan bahramand bo‘lgandan keyin yahudiy ham erib ketib, musulmonlar xalifasini alqashga o‘tgan. U yahudiylarning boshqalardan berkitib yuradigan kitoblari, ya’ni Tavrotdagi haqiqatni Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning hukmida ko‘rganligini e’tirof etgan.

Ha, hazrati Umar roziyallohu anhuning Islom jamiyati rahbari sifatida olib borgan ishlariga butun dunyo qoyil qolgan va haligacha qoyil qolib kelmoqda.

Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bunga o‘xshash adolatli ishlarni tashviqot uchun qilmas edilar. Balki buni vazifa, Alloh taolo oldidagi burch, deb his etganlaridan qilar edilar. Kim bo‘lishidan qat’i nazar, har bir odam u kishi uchun Alloh taolo nozil qilgan shariat hukmi oldida barobar edi. Musulmonmi, zimmiymi yoki bosh­qami, hazrati Umar uchun baribir edi. Haq kim tarafda bo‘lsa, hukm o‘shaning foydasiga chiqarilar edi.

«Hadis va hayot» kitobining 23-juzidan olindi

Maqolalar