Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Yanvar, 2025   |   11 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:33
Shom
17:17
Xufton
18:36
Bismillah
11 Yanvar, 2025, 11 Rajab, 1446

Sabrni erimdan o‘rgandim

19.12.2017   6271   2 min.
Sabrni erimdan o‘rgandim

Olti aka-uka orasida o‘sganim uchunmi, fe’lim sal qattiqroq. Shu bois umr yo‘ldoshim bir so‘zli, boshqalar undan hayiqadigan odam bo‘lishini istardim. Taqdirni qarangki, erim juda yuvosh chiqdi. Ba’zan onamga: “Shunaqa ham bo‘shang bo‘ladimi, baqirib-chaqirsa ham, aytganini qildirsa mayli edi...” derdim. Onam esa: “O‘tni o‘t o‘chirmaydi, bolam. Bir yaxshiligi bor, Xudoyim shu taqdirni ravo ko‘rgan...” derdi.

Aslida erimning ro‘zg‘or tebratishi, ehtiyojlarimni ta’minlashidan shikoyatim yo‘q. Faqat unda shiddat, jur’at yetishmayotgandek tuyulardi. Asabiylashsam, bosiqlik bilan: “Arzimas narsa uchun bunchalik g‘azablanishing yaxshimas”, deb qo‘yardi. Og‘ir-vazminligidan battar achchig‘im kelardi. Bir qizli bo‘ldik. Kunlarning birida yana yo‘q narsadan janjal chiqardim va bu safar erimning jahlini chiqarishga erishdim. Shunda ham baqirmadi, bir oz ovozini ko‘tarib: “Aytganim-aytgan, deganim-degan bo‘lishi mumkin. Ammo bu ishim bilan birovga zulm qilib qo‘yishdan qo‘rqaman”, dedi. Keyin menga gapirmay qo‘ydi. Bir kun o‘tdi, ikki kun... erimdan sas-sado yo‘q. O‘zim gapirib ketaveray desam, g‘urur yo‘l qo‘ymasdi, buning ustiga hayiqib qolgan edim. Yuragim siqildi. Taskin axtarib, erim o‘qib yuradigan kitoblarni bir-bir varaqlashga tushdim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va oilalari haqidagi ibratli kitobni o‘qiy boshladim. Kitobda bayon etilgan voqeada er-xotin bir-birining fe’lida zaiflik ko‘rsa, qanday yo‘l tutishi zarurligi ko‘rsatilgan, kishining imon-e’tiqodi, taqvosi muhim, ba’zi kamchiliklariga esa Alloh uchun sabr qilinishi aytilgan edi.

Betdan-betga o‘tarkanman, yomon fe’lim bor bo‘yi bilan namoyon bo‘lardi. Demak, men endi o‘qiyotganlarni erim oldindan bilgan ekan... Men-chi?.. U mening xarxashalarimga sabr qilishi uchun taqvo, imon-e’tiqodga egamidim? Erim ko‘nglimni mehr-muhabbat bilan yumshatishga harakat qilardi. Men erimning bosiqligini, halimligini bo‘sh-bayovlikka yo‘yibman. Ko‘z yoshlarim yuzimni yuvdi. “Alloh qalbingni ochsin, ko‘nglingga solsin...”  Erim menga ko‘p bor shunday derdi. Bu duoning hikmatini o‘sha lahzalarda tushundim. Necha kundan beri ichimni kemirayotgan “Endi kechirmaydi”, degan qo‘rquv tarqadi. Chunki bir necha betnigina o‘qiganimda, ko‘nglimni yumshatgan bunday kitoblar erimning necha yillik yo‘ldoshlaridir...

O‘sha kungi iqrorim erimni juda xursand qildi. Shu zaylda u kishidan kengfe’llikni, sabr qilishni o‘rgandim. Biz uchun kimda yoki nimada yaxshilik borligini Alloh taolo biladi.

ANBARXON

 

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar

Ota-onangizning bu so‘zlariga ishonmang!

8.01.2025   3854   1 min.
Ota-onangizning bu so‘zlariga ishonmang!

Misrlik yozuvchi Anis Mansurning ota-ona haqida yozgan eng go‘zal so‘zlari:

"Ota-onang seni tashlab ketganlaridan so‘ng afsuslanasan. Chunki sen ularga biror yordam yoki biror narsa taklif qilganingda, ular "hojati yo‘q", "kerak emas qo‘yaver" deyishardi, sen esa ularga ishonarding, vijdoningni tinchlantirar eding – haqiqatan otamga kerak emas, onam hech narsa istamayapti, deb o‘ylarding.

Otalaringiz va onalaringiz "hech narsa kerak emas" deganlarida ularga ishonmang. Ular buni  sizni o‘ylab, sizni holatingizni inobatga olib yoki sizdan hijolat bo‘lib aytishadi... Siz ulardan so‘ramasdan, ularga takalluflik qilmasdan, ulardan ruxsat olmasdan bering, hadya qiling.

Ko‘pchilik odamlar aldangani kabi siz ham otangizning qariligiga aldanmang. Onangizning yoshi ulug‘ligi, ojizligi yoki soddaligi sizni aldab qo‘ymasin. Chunki ularning har birining ichida erkalatishga va e’tiborga muhtoj bo‘lgan bir bola yashaydi".

Homidjon domla ISHMATBЕKOV