Ibodatlar orasida eng afzali Qur’oni karim tilovatidir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z ummatlarini bunga qiziqtirganlar. Qur’oni karim sohibini shafoat qiladi. Shayton vasvasalariga qarshi qo‘rg‘on bo‘ladi. Uning tilovati gunohlarni o‘chiradigan, savoblarni ko‘paytiradigan eng go‘zal amaldir. Ammo keyingi vaqtlarda namozdan keyin Qur’on tilovat qilinishini bid’at deydigan, uni eshitishdan yuz o‘giradigan kishilar paydo bo‘lmoqda. Tilovat o‘qilib turgan holatda odobsizlik bilan chiqib ketayotganlar bo‘lib, ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrlarida qilinmagan ekan, degan asosi yo‘q gaplarni aytib, o‘zlarini oqlashga urinadilar.
Hanafiy mazhabi ulamolari namozdan keyin tilovat qilish qanday amal ekanini aytishgan va unga hujjatlar keltirgan hamda tilovatning odoblari qanday bo‘lishi kerak, degan savolga javob berib o‘tganlar.
Eng avvalo, fiqh va hadis kitoblarida “Namozdan keyingi zikrlar” bobi mavjud bo‘lib, ularda namozdan keyin zikr qilish, Qur’oni karim suralari yoki oyatlarining tilovati buyurilgani ma’lum qilinadi. Bu dalillar asosida namozdan keyin o‘tirib zikrga yoki Qur’on tilovatiga mashg‘ul bo‘lish bid’at amal emasligini tushunamiz. Bundan esa bid’at degan fikrga borish gunoh ekani ma’lum bo‘ladi. Hadislarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Oisha roziyallohu anhoni har kuni Qur’oni karim haqqini ado etishga buyurganlar. Buni 200-250 oyat o‘qishni, hatto 100 oyat va “Ixlos” surasini uch bora o‘qish bilan ado etish, deb tushuntirganlar. Qur’oni karimdagi ko‘pgina suralar va ba’zi oyatlarning fazilati zikr qilingan. Ushbu tilovatning Qiyomat kuni shafoat qilishi, savoblar ko‘paytirib yozilishi, hojatlarning ravo bo‘lishi, bemorlarga shifo bo‘lishi, duolarning ijobat bo‘lishi, tetiklik va aqlga musaffolik berishi va boshqa ko‘pgina fazilatlari bayon qilingan. Shunday suralardan Yosin, Fath, Ar-Rohman, Voqea, Duxon, Mulk, Naba’, Kahf va boshqalarni sanash mumkin. Oyatlardan “Al-Kursiy”, Baqara surasining oxirgi ikki oyati, Tavba surasining oxirgi ikki oyati, Hashr surasining oxirgi uch oyati va boshqalar bor.
Mo‘min kishi har kuni Qur’oni karim haqqini ado etish uchun alohida vaqt ajratishi kerak. Ammo ko‘pincha imkon topilmaydi yoki shunchaki bu vazifa borligi yoddan ko‘tariladi. Har qanday xastalikni davolovchi mohir tabib kabi ulamolarimiz besh vaqt namozda quyidagi suralarning tilovatini tavsiya qiladilar: Bomdoddan keyin Yosin surasi – 83 oyat, Peshindan keyin Ar-Rohman surasi – 78 oyat yoki Fath surasi – 29 oyat, Asrda Naba’ (Amma) surasi – 40 oyat, Shomdan so‘ng Voqea surasi – 96 oyat, Xuftondan so‘ng Mulk surasi – 30 oyat. Jami 350 oyat atrofida har kuni o‘qiladi. Demak, mo‘minlar namozdan so‘ng ushbu suralarning tilovati sababli Qur’oni karimning har kunlik haqqini ado etish bilan birga mazkur suralarning fazilatlaridan ham bahramand bo‘ladilar.
Imom Ismoil Haqqiy rahmatullohi alayh mashhur “Ruh ul-bayon” asarida Toho surasining 124-oyatini quyidagicha tafsir qilgan:
“Kim Mening eslatmamdan yuz o‘girsa, bas, uning uchun tang (baxtsiz) turmush (qabr azobi) bo‘lishi muqarrar va Biz uni Qiyomat kunida ko‘r holda tiriltirurmiz”.
“Qur’oni karimda keladigan “zikr” lafzi Qur’on, namoz, tasbeh-tahlillar va boshqa shu kabi ma’nolarda keladi. Ya’ni Meni doimo yodiga solib turuvchi shu Kitobdan va Menga chaqiruvchi bo‘lgan mana shu elchimdan yuz o‘girishidir. Zero, unga bu dunyoda nihoyatda tor va qiyinchilik mashaqqatlari ko‘p bo‘lgan hayot bordir. Oyatda ikki masdar, ya’ni o‘zak so‘zlar bir-biriga sifat bo‘lib keltirilgan. Bu esa mubolag‘ani, ya’ni hayot torligining qo‘sha-qo‘sha mashaqqatlari borligini ifodalaydi. Buning sababi, banda dunyo orzu-havaslari bilan aldanib qoladi. Vaholanki, dunyoga intilish insonni asta halokatga yetaklaydi. O‘zini nazorat qila olmagani bois orzu-havaslari, boylik va boshqa ziynatlar bilan ovora bo‘lib qolishi kuchaytiriladi. Uning kamayib qolishidan yoki yo‘qotishdan xavfda bo‘ladi, ko‘ngil xotirjamligi olinadi. Zikrdan yuz o‘girmagan kishida esa buning aksi bo‘ladi. U oxirat talabida ekan, iymonining barakasi bilan bu dunyoda unga kenglik va xotirjamlik beriladi. Bilginki, hayotning torligi, mashaqqatlarga boyligi bu – ma’siyatu gunohlarning jazosi va uqubatidan bo‘lishi mumkin”.
"Kim Mening zikrimdan yuz o‘girsa, ya’ni Meni yod etishni lozim tutmay, Mening hidoyatimga yurmasa, to‘g‘ri yo‘ldan yurishni xohlamasa, bas, unga juda mashaqqatli hayotni berurmiz".
Bu mashaqqatlar uning qalbini azoblash bilan bo‘ladi, har bir ishiga, yo‘llariga parda tashlab qo‘yish, eshiklarni unga yopib qo‘yish bilan amalga oshiriladi. Zero, Allohning zikri qalb kalitidir, undan yuz o‘girish esa qalb eshigini yopishdir.
Zokirjon ShARIFOV,
“Tillar” kafedrasi o‘qituvchisi
#Mustaqillikning 35 yilligi
Mustaqilligimizning 35 yillik to‘yi yaqinlashib, joylarda bayram shukuhi keza boshladi. Bundan dilda shukronalik hissi ortmoqda.
Tarixga nazar tashlansa, hamma davrda ham davlatning rivojlanishi, taraqqiy topishi jamiyatning farovon va osoyishta hayot kechirishiga bog‘liqligi ayon bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam tinchlik-xotirjamlik eng katta ne’mat ekanligini ta’kidlab, bunday deganlar: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydi. Ular xotirjamlik va sihat-salomatlik” (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, tinchlik va xotirjamlik Alloh ta’oloning behisob bo‘lgan buyuk ilohiy ne’matlaridan. Shunday ekan, tinchlikning qadriga yetib, uning shukrini ado etish insonning burchlaridandir. Zero, hayotning bir maromda davom etishi, Haq taolo buyurgan ishlar xotirjam ado etilishi uchun ham osoyishtalik lozim bo‘ladi. Alloh taolo ham: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!” deya buyuradi (Baqara surasi, 208-oyat). Tinchlik, salimlik mavzusi o‘ta muhim bo‘lgani bois Qur’oni karim oyatlaridan o‘rin olgan. Zotan, arab tilidagi “salm”, “silm”, “salom”, va “islom” so‘zlari bir o‘zakdan chiqqan, turli ma’nodagi so‘zlar bo‘lsada, aynan bir maqsadga yo‘naltirilgandir.
Bandaga berilgan ne’matlarning qadriga yetishda va uni asrashda, bizga payg‘amlarlarning otasi bo‘lgan, Ibrohim alayhissalom o‘rnak bo‘lib kelgan. U zot o‘z davrida Makkaga tinchlik, uning ahliga rizq so‘ragani so‘zimizning yorqin misolidir: “Ibrohim: “Ey, Rabbim, bu (Makka)ni tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarga (turli) mevalardan rizq qilib bergin” dedi” (Baqara surasi,126-oyat).
Alloh taolo bu orqali Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni o‘tgan payg‘ambarlar hayotidan xabardor qilish barobarida, ular so‘ragan narsalarni ham bildirib, shunga chaqirgan.
Bu ne’atlar bardavom bo‘lishi uchun ham insondan shukr va qadrlash talab etiladi. Tinchlik hukm surib turgan joyga yana tinchlik so‘rab duo qilish esa, muqaddas dinimiz buyuradigan ishlardan. Shunday ekan, inson kim bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘zi yashab turgan, Alloh ne’mat qilib bergan Vatani, uning zilol suvlari, havosi, nozi ne’matlari va boshqa barcha sharoitlariga shukr qilib, uni ziyoda bo‘lishini so‘rab duo qilishi lozim.
Bugun dunyoda tinchligi, xotirjamligini yo‘qotganlar qancha. Bularni ko‘rib, eshitib turganlar ibrat olib, xulosalar chiqarib, o‘zlari uchun in’om qilingan tinchlik va xotirjamlikni qadrlab, asrab avaylashi lozim.
Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, xotirjamlikni saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj, hamlalardan, fitna va bo‘htonlardan himoya qilish, g‘arzli va manfur kimsalarning makrlariga uchmasdan, yosh avlodni ham ulardan xabardor qilib, islom ta’limotining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etish har birimizning burchimizdir. Bu xususida Alloh taolo bunday degan: “Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi, 2-oyat).
Xulosa qiladigan bo‘lsak, dinimizning tinchlik va xotirjamlikka bo‘lgan e’tibori nechog‘lik katta, hamda bag‘rikenglik uning negizi ekani yaqqol namoyon bo‘ladi. Inson o‘zidagi ne’matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne’matdan o‘zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanini o‘ylab ko‘rish bilan biladi. Bu esa Allohga yanada ko‘proq shukr qilishga undaydi.
Ne’matning bardavom bo‘lishi, uning shukri ado etilishiga ham bog‘liq. Yoshi ulug‘ nuroniy otaxon va onaxonlarimiz ushbu ikki ulug‘ ne’matning mustahkamligini so‘rab duo qilishlari shundan. Alloh taolo yurtimiz tinchligi va xotirjamligini barqaror, bardavom, xalqimiz hayotini bundan-da farovon qilsin.
Isomiddin AHROROV