Xabar berganimizdek, bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari raisliklarida Ulamolar Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda bir necha masalalar qatori Namangan viloyati bosh imom-xatibi Musoxon qori Abbosiddinov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan vazifasidan ozod etilgani, Namangan shahar bosh imom-xatibi vazifasida mehnat qilayotgan Abdulloh domla Samadov Namangan viloyati bosh imom-xatibi etib tayinlangani e’lon qilindi.
Abdulloh domla Samadov 1972 yili Namangan shahrida tavallud topgan. 1998 yilda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutini tamomlagan. Namangan shahridagi “Boqi Polvon” jome masjidi imom-xatibi va shahar bosh imom-xatibi vazifalarida ishlab kelgan.
Alloh taolodan yangi vazifaga tayinlangan Abdulloh domla Samadovga mas’uliyatli va sharafli faoliyatida muvaffaqiyatlar tilaymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati