Alloh taoloning ulug‘ kalomi Qur’oni karimda tafakkur qilish uchun ulkan mahluqotlar qatori o‘rgimchak, pashsha, asalari va chumoli kabi mitti jonzotlar yaratilgani bayon etilgan. Buni shunchaki bayon qilib qo‘yish uchun emas, balki nima maqsadda yaratilganini anglashga da’vat etadi. Inson hayot tashvishiga o‘ralib yashaganidan tevarak-atrofida jonzotlar qanday yaratilgani va qay tarzda hayot kechirishi haqida o‘ylab ko‘rmaydi. Mulohaza qilib ko‘rilsa, ba’zi jonzotlarni ibrat olish va yana ba’zilarini insonga beminnat xizmat qilishlari uchun yaratilgan. Shunday mitti jonzotlardan biri – asalarini Alloh taolo O‘z kitobida zikr etib, bir surani asalari nomi bilan “Naxl” deb atadi. Alloh taolo marhamat qiladi:
“(Ey, Muhammad) Rabbingiz asalarilarga vahiy (buyruq) qildi: “Tog‘larga, daraxtlarga va (odamlar) barpo qiladigan narsalarga in quringiz. So‘ngra turli mevalardan yeb, Parvardigoringiz (siz uchun) qulay qilib qo‘ygan yo‘llardan yuringiz!”. Ularning qorinlaridan odamlar uchun shifo bo‘lgan turli rangdagi sharbat (asal) chiqur. Albatta, bunda fikr yuritadigan qavm uchun alomat bordir”. (Nahl surasi, 68-69-oyatlar).
Bu oyatda asalariga vahiy qildi, deyishdan maqsad xuddi odamzotga ato etgandek ilhom, hidoyat va rushd-to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatdi, deb tafsir qilingan. Haqiqatan, unga ilhom berilmasa, erta-yu kech o‘z iniga o‘zicha qatnamas, nihoyatda foydali va shifobaxsh asal bolini tashib keltirmasdi. Alloh taolo to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatmaganida to‘p-to‘p arilar inlardan bol yig‘ish maqsadida uzoqlarga uchib, o‘z joyiga qaytib kelolmasdi. Chunki inidan chiqqan asalari vodiy, dara, tog‘ va qir-adirlar osha parvoz qilib, yana mo‘ljaldan adashmay, oldingi joyiga qaytib kelishini tasavvur qilish qiyin.
Har bir asalarining tanasi bosh, ko‘krak va qorindan iborat. Orqa tarafidagi qorin halqa shaklidagi qismlardan tashkil topadi. Asalari qornida asal to‘rva va yana qursoq deyilgan ikkita oshqozon mavjud. Asalari gullardan yiqqan gulshiraga dastlab qursog‘ida ishlov berib, uni asal holiga keltiradi. Shunisi ajoyibki, asalarining qorin qismini kuzatish imkoni bo‘lsa, o‘ziga xos kimyo laboratoriyasi singari ishlayotganiga guvoh bo‘lish mumkin. Asalari to‘plagan asalning rangi hech qachon bir xil bo‘lmaydi. Bu rang u yashagan iqlim, mavsum va gulshiraga bog‘liq. Asal oq, qizil va jigarrangda bo‘lib, ular ichida eng yaxshisi och sariq ranglisidir. Asalarichilikda asal rangini aniqlash uchun rang jadvallari kashf qilingan. Inidan uchib chiqqan asalari gulzorni ko‘rib qolsa, bu haqda xabar berish uchun boshqalari yoniga qaytgan zahoti “raqs” ga tushib, ularga joy koordinatalarini xabar beradi. Raqs vositasida yetkazilgan ma’lumotlarda gulshira joyini va qayerdaligini aniq bildiriladi. Inson zoti qancha vaqt mashq qilganda ham bu kabi raqsni eplab o‘rganmasligi mumkin. Holbuki, bor-yo‘g‘i olti hafta yashaydigan asalari o‘z “raqslari” bilan ma’lumot yetkazish mahoratini to‘liq egallaydi. Asalari hayotini kuzatilsa, u asal xom ashyosini faqat quyoshga qarab aniqlay oladi. U qutini aylanguncha quyosh har to‘rt daqiqada bir daraja joy o‘zgartiradi. Shunga asosan ari ham o‘ziga kerakli manbani va qutiga borishning eng yaqin yo‘lini topadi. Asalari bu yo‘lda qancha aylanmasin, qutiga nisbatan quyoshning qay darajada o‘zgarganini hisobga olishga majbur. Asalari bu ishni shu darajada bekamu ko‘st bajaradiki, aniq va izchil xatti-harakatlari hamda quti ichidagi tartib va uyg‘unlikni tasodif va na unga berilgan ta’lim natijasi, deb izohlash mumkin.
Bularning hammasi asalarilarga Parvardigor tomonidan berilgan o‘ziga xos tug‘ma instinktdir. Yaratuvchi Zot asalarini ana shunday mukammal va g‘aroyib qilib yaratgan. Alloma Qazviniy “Ajoyib maxluqotlar” asarida: “Ramazon hayiti kuniga marhamat kuni deyiladi. Chunki unda Alloh asalarilarga asal yig‘ishni vahiy (ilhom) qildi. Alloh subhonahu va taolo asalarilar ahamiyati kattaligini e’tirof etib, fahmli, ziyrak, shijoatli, yil fasllari, yomg‘ir vaqtlari, yaylov va ozuqa to‘plash tadbirini biluvchi, boshlig‘iga bo‘ysunuvchi itoatkor, ajoyib hunarli va ajib tabiatli jonivor ekanini bildirdi”, deb keltiradi. Arastu fikricha, asalarilar to‘qqiz turdan iborat bo‘lib, ulardan oltitasi bir-biriga suyanadi. Ozuqalari shirin chiqindilar, gul va barglarga sizib kiruvchi namlik bo‘lib, ularni yig‘ib to‘playdi. Bu – asaldir. Shu bilan birga yog‘li namliklarni ham yig‘adi, ulardan uyalarini quradi. Ushbu yog‘li namliklar mumdan iborat. Asalari ularni xartumchasi bilan yig‘ib, ikki sonida ko‘taradi va undan beliga o‘tkazadi.
Qur’on asalari gullardan oziqlanishi va bu ozuqa qornida asalga aylanishi, uni og‘zidan to‘kishi va undan katta miqdorda to‘planishi haqida: “So‘ngra turli mevalardan yeb, Parvardigoringiz (siz uchun) qulay qilib qo‘ygan yo‘llardan yuringiz!” Ularning qorinlaridan odamlar uchun shifo bo‘lgan turli rangdagi sharbat (asal) chiqur” (Nahl surasi, 69-oyat), deb xabar beradi. Allohning “turli mevalardan” degan so‘zidan murod ularning ba’zisidir. Bunga o‘xshash Alloh taoloning “turli narsadan berildi” so‘zidan ba’zisi iroda qilingan. Asal rangining turlicha bo‘lishi asalarilarga va yaylovlarga bog‘liq bo‘ladi. Yaylovlar turiga qarab asal ta’mi ham farq qiladi.
Asalari toza joy bo‘lsa, dastlab u yerda o‘ziga mumdan katakchalar yasab oladi. Yana podsho yashaydigan va asal yig‘maydigan erkak asalarilarga in quradi. Erkak asalarilar asal to‘playdigan ishchi asalari urg‘ochilariga nisbatan jussasi kattaroqdir. Agar inlaridan uchib chiqmoqchi bo‘lishsa, birga uchib chiqadi va havoga ko‘tarilib yana inga qaytishadi. Asalarilar mumni ishlab chiqargandan keyin urug‘ qo‘yadi. Chunki urug‘ qo‘yganda xuddi qushlar tuxum bosgandek ustiga o‘tirib oladi. Bu urug‘lardan oq lichinkalar paydo bo‘lib, biroz vaqt o‘tmay voyaga yetib, o‘zlari ozuqlanadi va ucha oladi. Asalarilar bir gulga emas, turli-tuman gullarga qo‘nadi. Ular inlaridan birini asal va gulchangga, yana birini bolalari bilan to‘ldiradi.
Asalarilar odatidan biri shuki, agar biron narsa zarar yetkazmoqchi bo‘lib, podsho asalariga yaqinlashayotganini sezib qolsa, darhol uni indan chiqarib tashlaydi. Ko‘pincha uni uyadan chiqarib, tashqarida qatl etishadi. Mabodo podsho asalari hamma asalarilar qatorida tashqariga chiqqanda uchishga qodir bo‘lmasa, uni ko‘tarib oladilar. Podsho asalarida nish bo‘lsa ham, ammo chaqmaydi. Asalarilar to‘planib, ishlarni o‘zaro taqsimlab oladilar. Biri asal yig‘sa, yana biri mum qiladi, yana biri suv tashiydi, yana biri in quradi. Yasagan inlari ham juda ajoyib. Bu inlar aniq bir o‘lchov asosida qurilgandek taassurot qoldiradi va egriligi yo‘q olti burchakli aylana shaklli inlar oxirida birlashib, xuddi bir butun narsaga o‘xshab qoladi. Bunga sabab shuki, uchdan o‘ngacha shaklda yasalsa, inlar bir-biriga qoldiqsiz birlashmay, oralarida tirqishlar hosil bo‘ladi. Olti burchakli qilib yasalgan inlar bunday emas. Agar olti burchakli narsa yana o‘ziga o‘xshashiga birlashtirilsa, ikkisi bir butun narsadek bir-biriga yopishadi. Bularni yasashda asalarilarda na o‘lchagich, na asbob va na sirkul bor. Balki bu marhamatli, hamma narsadan xabardor Zot Alloh taoloning: “(Ey, Muhammad!) Rabbingiz asalarilarga vahiy (buyruq) qildi: “Tog‘larga, daraxtlarga va (odamlar) barpo qiladigan narsalarga in quringiz” (Nahl surasi, 68-oyat) deb buyurganidek, Allohning ishi va asalarilarga ato etgan ilhomi tufayli amalga oshadi.
Asalarilar Rabbi amriga to‘liq va chiroyli itoat etib, tog‘larga, daraxtlarga va odamlar qurgan ayvonlarda qanday qilib in qurishi haqida o‘ylab ko‘rgan kishi ajablanmay iloji yo‘q. Bu uchtasidan boshqa joyda umuman in qurishmaydi. Ko‘proq tog‘larda in qurib, daraxtlarga, ayvon va shiyponlarda in qurishi juda kam. O‘t-o‘lan va o‘tloqzorga qarab inlarini qanday chiroyli tarzda qurib olishlarini bir o‘ylab ko‘ring. Dastlab inni qurib, undan har tomonga tarqaladi, turli gullar va mevalardan totib, inlariga yo‘l oladi. Chunki Rabbi subhonahu va taolo ularga oldin inlarni qurishni, keyin oziqa topib, inlaridan panoh topishni buyurib qo‘yibdi. “Ihyo ulumi din” asarida: “Alloh taolo asalariga tog‘larda in qurib olishga va qanday qilib so‘lagidan mum va asal ishlab chiqarishi, bir qismini shu’la-ziyo va bir qismini esa shifo qilib qo‘yganiga qara”, deb keltiriladi.
Yana ular gullar va nurlarni ichib, nopoklikdan saqlanishi, o‘z boshlig‘iga itoat etishi va asalarilar o‘rtasida adolat va insof bilan hukm yuritilishi haqida o‘ylab ko‘rsang, bundan ajablanmay ilojing qolmaydi. Boshliq asalari nopok narsaga qo‘nib, undan o‘ziga ilashtirib qaytgan asalarini eshik oldida qatl etadi. Bularni bir chetga qo‘ying-da, mumdan oltiburchak shaklda qurib olingan inlariga ahamiyat bering. Bu inlar to‘rtburchak va na beshburchak shaklda emas, nega aynan oltiburchak shaklda qurilganiga har qanday zukko va aqlli muhandis tan beradi. Asalari tanlagan shakl har jihatdan olib qaraganda shakllar ichida kengligi va ortiqcha burchak-joy qolmasligi bilan ajralib turadi. Chunki to‘rtburchak shaklda chiqindi burchaklar bo‘lishi tabiiy. Asalarilar o‘z shakliga nomutanosibligi bois inlarini to‘rtburchak shaklda qurmaydi. Agar dumaloq shaklda qurilsa ham, inlari tashqarisida tirqishlar hosil bo‘lardi. Agar dumaloq shakllar birlashtirilsa, bir-biriga zich holda yopishmasligi aniq. Oltiburchak shaklda qurilgan inlar birlashganida hech qanday qoldiq joy bo‘lmasligi aniq. Qanday qilib Alloh taolo ana shu mitti jonzotga ta’lim berib, undan marhamatini ayamagani, unga g‘amxo‘rligi va ilhom berganini ko‘ring. Asalarilar uyasi yaqiniga borgan kishini chaqadi. Ba’zan chaqilgan kishi halok bo‘ladi. Agar inlari ichida birontasi o‘lib qolsa, havoni buzmasligi uchun darhol uni tashqariga chiqarib tashlaydi. Tozalik ham asalari tabiatida mavjud. Shuning uchun u o‘z najasini uyasida olib turmay tashqariga chiqarishga odatlangan. Chunki uning hidi yoqimsizdir.
Asalari ko‘proq bahor va kuz oylarida asal to‘playdi. Bahorda asal to‘plashi yaxshiroqdir. Yosh asalari kattasiga qaraganda mehnatkash bo‘ladi. Asalari toza, chuchuk suvni ichadi, qayerda bo‘lsa ham uni qidirib topadi. Asaldan faqat o‘ziga kerakli miqdorni tanovul qiladi. Agar inda asal kamayib qolsa, tugab qolishidan qo‘rqib, ko‘paytirish maqsadida asalni suvi bilan og‘zidan chiqaradi. Chunki asal tugab qolsa, asalarilar podsho asalari va erkak asalarilar iniga zarar yetkazadi. Balki u yerda bo‘lganlarini qatl etiladi. Yunonistonlik bir donishmand: “Inlardagi asalarilar kabi bo‘ling”, deb nasihat qilganida shogirdlari hayron bo‘lib: “Inlardagi asalarilar qanday bo‘ladi?”, deb so‘rashdi. Donishmand dedi: “Ular inida bekorchini qo‘ymaydi, undan yuz o‘girib, undan haydab chiqaradi. Chunki u joyni toraytirib, asalni yeb tugatadi. Ishchani yalqovini darhol biladi”.
Asalarining yana bir xislati shuki, qachonki inidan uchib chiqsa, ozuqa yig‘ib, so‘ngra qaytadi. Har bir asalari o‘z joyiga qaytishda aslo xatoga yo‘l qo‘ymaydi. Misrlik asalarichilar asalari qutilarini kemalarga joylab, gullar va daraxtlar quyuq o‘sadigan joylarga safar qiladilar. Asalarilar inlardan chiqib, kun bo‘yi yaylovda ozuqa yig‘ish bilan mashg‘ul bo‘ladi. Qorong‘i tushgach, kemaga qaytib, har bir asalari o‘z joyini egallaydi. Imom Ahmad, Hokim, Termiziy va Nasoiy keltirgan rivoyatda amir al-mo‘minin Umar ibn Xattob raziyallohu anhu shunday dedi: “Rasululloh alayhissalomga vahiy kelganida asalarilar g‘uvillashi kabi g‘uvillash eshitilardi. Bir kuni u zotga vahiy tushdi. Biz bir soat kutib o‘tirdik. Bir vaqt u zot qiblaga qarab ikki qo‘llarini ko‘tarib duo qildilar: “Ey Parvardigor, bizni ziyoda qil, bizni kam qilma, bizni ikrom et. Bizni xor etma, bizga ato et, bizni mahrum qilma, bizni afzal et va bizni tashvishlantirma, bizni rozi qil va bizdan rozi bo‘l”.
Asalarilarga gulshira yig‘ishda qorong‘ulik, bulut, shamol, tutun, suv va olov kabilar xalaqit qiladi. Shunga o‘xshash mo‘min kishining ishlashiga ham g‘aflat zulmati, shak buluti, fitna shamoli, harom tutuni, mo‘l-ko‘llik, farovonlik suvi va havo olovi xalaqit qiladi. Bir tafsirda asalning osmondan tushishi aytilib, asalarilar uni terib, inlariga keltirib, asal uchun tayyorlagan mumga tashlaydi, deyilgan ekan. Bu ayrim kishilarning asalarining ozuqa chiqindisi bo‘lib, oshqozonida asalga aylanadi, deb o‘ylaganidek emas. Bilginki, Alloh taolo o‘z qudratini namoyish etish uchun asalarida zahar bilan asalni jamladi va buni o‘zidan mum bilan aralash holda chiqardi. Mo‘min kishining amali ham shunday xavf va rajo bilan aralashgan. Asalda uch narsa mavjud: shifo, halovat va yumshoqlik. Mo‘min kishi ham shunday. Asalariga haloldan yeyish buyurilgan. Hatto uning so‘lagi shifo va davo bo‘ladi. Tabiblarning davosi achchiq, Allohning davosi shirin bo‘lib, bu shirin davoni asal deyishgan.
Asalari o‘t-o‘lanlarga qo‘nib, undan o‘ziga shirin va yoqimli narsani yig‘adi, yegan narsasining turli-tuman bo‘lishi uni o‘zgartira olmaydi. Ibn Moja va Hokim Ibn Mas’uddan keltirgan rivoyatda Nabiy alayhissalom: “Asal har bir dardga shifodir, Qur’on qalblardagi har bir dardga shifodir. Sizlar o‘zlaringizga ikki shifo – Qur’on va asalni lozim tutinglar”, dedilar. Yana Abu Hurayradan keltirgan rivoyatda Nabiy alayhissalom: “Kim asaldan har oyda uch marta ertalab yalasa, katta balo unga yo‘liqmaydi”, dedilar. Naqqosh degan zotning aytishicha, Abu Vajra asalni ko‘ziga malham qilib, surma qo‘yardi, kasal bo‘lib qolsa, asal bilan davolanardi. Yana rivoyatga ko‘ra, Avf ibn Malik roziyallohu anhu kasal bo‘lib qolsa, suv so‘rardi va Alloh taolo: “Biz osmondan barakotli suv-yomg‘ir yog‘dirdik...” (Qof surasi, 9-oyat) deb aytgan derdi va asal olib kelishni buyurib, mana shu oyatni o‘qirdi. So‘ng zaytun – muborak daraxt deb, zaytun yog‘i keltirishni buyurib, olib kelishgach, hammasini aralashtirib ichardi va shifo topardi. Mujohid dedi: “Makkadan Madinaga borguncha Umar roziyallohu anhuga hamroh bo‘ldim. Rasululloh alayhissalomdan rivoyat qilgan mana bu hadisni boshqa kishidan eshitmadim: “Mo‘min kishi asalariga o‘xshaydi, agar unga hamroh bo‘lsang, senga foydasi tegadi, agar undan maslahat so‘rasang, senga foydasi tegadi, agar birga o‘tirsang, senga foydasi tegadi va uning har bir ishi foydalidir. Xuddi shunday asalarining ham har bir ishi foydalidir”.
Ibn Asir: “Mo‘min bilan asalarining bir-biriga o‘xshashiga asalarining mahorati, ziyrakligi, ozori kamligi, soqchilik qilishi, foydasi tegishi, qanoati va ertalabda harakati, iflos narsalarga yo‘lamasligi va o‘zi topgan pok narsani yeyishi sabab bo‘lgan. Chunki u boshqaning topganidan yemaydi, shuning uchun ozg‘in. Ibn Umar roziyallohu anhu biron narsadan shikoyat qilmasdi, ammo biron joyi og‘rib qolsa, uni asal bilan davolardi. Hatto chipqonga, yara-chaqa, yiring va momataloq – chaqilgan joyga asalni surtib, asalning shifoligi haqidagi oyatlarni o‘qirdi. Yana ko‘plarimizga ma’lum va mashhur hadis: Abu Sa’id roziyallohu anhu rivoyatiga ko‘ra, bir kishi Nabiy alayhissalom huzurlariga kelib: “Ukam qornidan shikoyat qilayapti”, dedi. U zot: “Asal ichir”, dedilar. Ikkinchi marta kelganda yana: “Asal ichir”, dedilar. Uchinchi marta kelganida qornini yurgizishdan boshqa foyda bo‘lmaganini ma’lum qildi. Payg‘ambarimiz: “Alloh rost aytadi, ukangning qorni yolg‘on aytadi. Unga asal ichir”, dedilar. Bas, yana ichirganida tuzalib ketdi”.
Mo‘minlar onasi Oisha roziyallohu anho: “Nabiy alayhissalom halvo va asalni yaxshi ko‘rar edilar”, dedi. Mujohid asalarini bekordan-bekor o‘ldirishni makruh deb fatvo beradi. Xuddi odamzotning suti halol, go‘shti harom bo‘lganidek, agar asalarining asali halol bo‘lsa ham, o‘zini yeyish halol emas. Agar asalarini tushda ko‘rilsa, mo‘l-ko‘llik va boylik alomatidir. Agar asalari inini va undan asal olinganini tush ko‘rilsa, halol molga erishiladi. Agar asalari boshga qo‘nganini tush ko‘rilsa, hokimlik va martabaga erishadi. Agar podshoh asalarini tushida ko‘rsa, katta mulkka noil bo‘ladi. Agar dehqonlar tushida ko‘rsa, asalari yaxshilikka dalildir. Kim asalarini o‘ldirganini tush ko‘rsa, u dushmandir. Dehqonlar asalarini o‘ldirganini tush ko‘rishi xayrli emas, chunki asalari unga rizq va maoshdir. Kim tushida asalni ko‘rsa, mashaqqatsiz halol mol va kasaldan shifo topishdir. Kim odamlarga asal yedirayotganini tush ko‘rsa, ularga chiroyli kalom va yoqimli ovoz bilan Qur’onni o‘qib berishiga dalolat qiladi. Kim tushida asal yalayotganini ko‘rsa, u uylanadi. Asal bolini tushida ko‘rish halol meros va sherikli molga dalolat qiladi. Ibn Sirin: “Asal bolini halol rizq deb ta’vil qilib, kim ikki qo‘li orasida qo‘yilgan asal bolini tush ko‘rsa, u ilmli ekaniga va odamlar undan ilm olish uchun oldiga kelishiga dalolat qiladi”, dedi. Agar asal bolining bir o‘zi bo‘lsa, u g‘animat moldir. Agar u bir idishda bo‘lsa, u ilm va halol mol egasi bo‘lgan kishidir. Asal va asalarining bundan ham boshqa hikmatlari ko‘p. Biroq ularni to‘lig‘icha keltirish imkoni yo‘q.
“Asaldan shifo topishni istaysizmi?”
kitobi asosida Bobomurod ERALI tayyorladi
O‘MI Matbuot xizmati
#Mustaqillikning 35 yilligi
Mustaqilligimizning 35 yillik to‘yi yaqinlashib, joylarda bayram shukuhi keza boshladi. Bundan dilda shukronalik hissi ortmoqda.
Tarixga nazar tashlansa, hamma davrda ham davlatning rivojlanishi, taraqqiy topishi jamiyatning farovon va osoyishta hayot kechirishiga bog‘liqligi ayon bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam tinchlik-xotirjamlik eng katta ne’mat ekanligini ta’kidlab, bunday deganlar: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydi. Ular xotirjamlik va sihat-salomatlik” (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, tinchlik va xotirjamlik Alloh ta’oloning behisob bo‘lgan buyuk ilohiy ne’matlaridan. Shunday ekan, tinchlikning qadriga yetib, uning shukrini ado etish insonning burchlaridandir. Zero, hayotning bir maromda davom etishi, Haq taolo buyurgan ishlar xotirjam ado etilishi uchun ham osoyishtalik lozim bo‘ladi. Alloh taolo ham: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!” deya buyuradi (Baqara surasi, 208-oyat). Tinchlik, salimlik mavzusi o‘ta muhim bo‘lgani bois Qur’oni karim oyatlaridan o‘rin olgan. Zotan, arab tilidagi “salm”, “silm”, “salom”, va “islom” so‘zlari bir o‘zakdan chiqqan, turli ma’nodagi so‘zlar bo‘lsada, aynan bir maqsadga yo‘naltirilgandir.
Bandaga berilgan ne’matlarning qadriga yetishda va uni asrashda, bizga payg‘amlarlarning otasi bo‘lgan, Ibrohim alayhissalom o‘rnak bo‘lib kelgan. U zot o‘z davrida Makkaga tinchlik, uning ahliga rizq so‘ragani so‘zimizning yorqin misolidir: “Ibrohim: “Ey, Rabbim, bu (Makka)ni tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarga (turli) mevalardan rizq qilib bergin” dedi” (Baqara surasi,126-oyat).
Alloh taolo bu orqali Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni o‘tgan payg‘ambarlar hayotidan xabardor qilish barobarida, ular so‘ragan narsalarni ham bildirib, shunga chaqirgan.
Bu ne’atlar bardavom bo‘lishi uchun ham insondan shukr va qadrlash talab etiladi. Tinchlik hukm surib turgan joyga yana tinchlik so‘rab duo qilish esa, muqaddas dinimiz buyuradigan ishlardan. Shunday ekan, inson kim bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘zi yashab turgan, Alloh ne’mat qilib bergan Vatani, uning zilol suvlari, havosi, nozi ne’matlari va boshqa barcha sharoitlariga shukr qilib, uni ziyoda bo‘lishini so‘rab duo qilishi lozim.
Bugun dunyoda tinchligi, xotirjamligini yo‘qotganlar qancha. Bularni ko‘rib, eshitib turganlar ibrat olib, xulosalar chiqarib, o‘zlari uchun in’om qilingan tinchlik va xotirjamlikni qadrlab, asrab avaylashi lozim.
Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, xotirjamlikni saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj, hamlalardan, fitna va bo‘htonlardan himoya qilish, g‘arzli va manfur kimsalarning makrlariga uchmasdan, yosh avlodni ham ulardan xabardor qilib, islom ta’limotining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etish har birimizning burchimizdir. Bu xususida Alloh taolo bunday degan: “Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi, 2-oyat).
Xulosa qiladigan bo‘lsak, dinimizning tinchlik va xotirjamlikka bo‘lgan e’tibori nechog‘lik katta, hamda bag‘rikenglik uning negizi ekani yaqqol namoyon bo‘ladi. Inson o‘zidagi ne’matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne’matdan o‘zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanini o‘ylab ko‘rish bilan biladi. Bu esa Allohga yanada ko‘proq shukr qilishga undaydi.
Ne’matning bardavom bo‘lishi, uning shukri ado etilishiga ham bog‘liq. Yoshi ulug‘ nuroniy otaxon va onaxonlarimiz ushbu ikki ulug‘ ne’matning mustahkamligini so‘rab duo qilishlari shundan. Alloh taolo yurtimiz tinchligi va xotirjamligini barqaror, bardavom, xalqimiz hayotini bundan-da farovon qilsin.
Isomiddin AHROROV