Sayt test holatida ishlamoqda!
04 Yanvar, 2025   |   5 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:33
Asr
15:26
Shom
17:10
Xufton
18:30
Bismillah
04 Yanvar, 2025, 5 Rajab, 1446

Rasulullohga taqlid qilgan sahobiy

16.12.2017   6103   3 min.
Rasulullohga taqlid qilgan sahobiy

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo Alloh taoloning fazli bilan Islom ne’matiga erishdi. U zot butun vujudi bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yaxshi ko‘rar, qalbi Payg‘ambarimiz alayhissalomning muhabbatiga limmo-lim to‘la edi. Bu muhabbat Ibn Umar roziyallohu anhuni barcha ishlarda Nabiy sollallohu alayhi vasallamga o‘xshashga chorlardi. Shuning uchun, u doimo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni kuzatib, so‘zlarini ixlosu muhabbat bilan tinglardi. Hatto masjidda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday ruku va sajda qilib namoz o‘qisalar, u ham xuddi shunday ibodat qilardi.

Ibn Umar roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan ko‘p hadislar rivoyat qilgan. Uning hadis rivoyat qilishda asosiy mezoni, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan qanday eshitgan bo‘lsa shunday yetkazish edi. U zot alayhissalomning so‘zlariga biror so‘zni qo‘shmasdi. Shuningdek, biror kalimani kamaytirmas edi. Ibn Umar roziyallohu anhu vaqt o‘tishi bilan hadis rivoyat qilishda sahobiylarning omonatdorlaridan biriga aylandilar.  

Zubayr rahimahulloh aytadi: “Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan nima eshitsa, uni yodlab olardi. Agar Nabiy sollallohu alayhi vasallamning biror suhbatlarida qatnasha olmasa, guvoh bo‘lganlardan so‘rar edi. Ibn Umar roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallam borgan masjidlarni ziyorat qilib, u yerda ikki rakat namoz o‘qirdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haj mavsumida Arofat tog‘ida turgan joyga Abdulloh roziyallohu anhu ham, albatta, to‘xtardi”.

Nabiy alayhissalom safarga chiqqan paytda, hordiq chiqargan joylarda Ibn Umar roziyallohu anhu ham to‘xtab o‘tardi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam soyalangan daraxtning ostida Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu to‘xtar va o‘sha daraxtga suv quyib parvarish qilib ketardi. Natijada daraxt Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldidan o‘tgan paytdagidek uzoq vaqt yashnab turardi.

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu duo qilishda ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga taqlid qilardi. Agar u zot (alayhissalom) turib duo qilsalar, tik turar, o‘tirib iltijo qilsalar o‘tirib duo qilardi.

Abdulloh roziyallohu anhu doimo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ortlaridan ergashar edi. Bundan Oysha roziyallohu anho qattiq ta’sirlanib bunday degan ekan: “Biror kishi Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhu)dek Nabiy (alayhissalom)ning ortlaridan ergashgan emas”.

Ibn Umar roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yod etib, so‘z boshlasa ko‘zlari yoshga to‘lardi. Ahli baytning uylarini oldidan o‘tsa, ko‘zlarini yumib olardi. Darhaqiqat u zot roziyallohu anhu butun umri davomida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni sevib yashadi. U zot alayhissalom hayotlik paytlarida sadoqat bilan xizmat qildi. Bir mo‘min bunday duo qilardi: “Yo Allohim! Men Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhuga ergashishim uchun, uning umrini uzun qilgin. Zero, men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zamonida Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudek amallarni mukammal bajaradigan boshqa odamni bilmayman”.

Manbalar asosida

Zomin tumani “Xo‘ja Ro‘shnoiy”

jome masjidi imom-xatibi

Abdulg‘ofur MAMATQULOV

tayyorladi.

 

       

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Senga nima bo‘ldi?

3.01.2025   863   1 min.
Senga nima bo‘ldi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Abu Jahl: «Muhammad sizning oldingizda yuzini tuproqqa tekkizadimi (sajda qiladimi)?» dedi. «Ha», deyishdi. «Lot va Uzzo bilan qasamki, agar shunday qilganini ko‘rsam, albatta, bo‘ynini oyog‘im bilan bosaman yoki yuzini tuproqqa ishqayman», dedi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kelib, namoz o‘qiy boshladilar. Bo‘yinlariga oyog‘i bilan bosadi, deb o‘ylashdi. Ammo birdan u ortiga qaragancha qo‘li bilan yuzini to‘sib qocha boshladi. Shunda unga: «Senga nima bo‘ldi?» deyishdi. «Men bilan uning orasida olovli xandaq bor. Anavilar... qanotlar bor», dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Agar u menga yaqinlashganida uni farishtalar parcha-parcha qilib olib ketishar edi», dedilar.

Shunda Alloh azza va jalla – bilmadim, Abu Hurayraning hadisidami yoki unga yetgan narsadami – «Yo‘q! Albatta, inson tug‘yonga ketadi»dan «Yo‘q! Unga itoat etma»gacha nozil qildi va u zotga amr qilgan narsasini amr qildi» (Muslim rivoyat qilgan).

Maqolalar