Islom dini arab yarim oroli orqali tashqi olamga yoyilishiga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalarining hissalari juda ham katta bo‘lgan. Islom tarixida bunga misollar bisyor. Shu bilan birga, ko‘plab asarlarda sahobiya ayollarning ham dinimiz rivojiga qo‘shgan beqiyos yordamlari haqida ma’lumotlar keltirilgan. Shunday buyuk sahobiya onalarimizdan biri Jamila binti Sobit roziyallohu anho bo‘ladi. Bu sahobiyaning to‘liq ismi Jamila binti Sobit Abulaqla’ Ansoriy bo‘lib, Abulaqla’ning ismi Qays ibn Asiyma ibn Molik ibn Umma ibn Zabi’adir. Sahobiyaning johiliyat davridagi ismi Osiya (Osiy ya’ni, gunoh qiluvchi ayol ma’nosida) bo‘lgan. Umar roziyallohu anhuga turmushga chiqib, farzand ko‘rganidan keyin “Ummu Osim” deb kunya olgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga Jamila (chiroyli, go‘zal) degan ism qo‘yib berganlar. Uning hayotdagi birinchi turmush o‘rtog‘i ikkinchi xalifa Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bo‘ladi. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu Jamila binti Sobitga hijratning yettinchisi sanasida uylanib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayotlik chog‘larida Osim ismli farzand ko‘rishadi. Osim ismini Jamila o‘z inisining ismi bilan nomdosh qilib qo‘ygan. Osim ibn Umar esa Umar ibn Abdulazizga ona tomonlama bobo hisoblanadi. Keyinchalik Umar ibn Xattob u ayol bilan ajrashgan degan rivoyatlar keltiriladi. Jamila Umar roziyallohu anhudan ajrashib, Zayd ibn Horisaga turmushga chiqib, undan Abdurahmon ismli farzand ham ko‘radi. Jamilaning inisi Osim ibn Sobitni ko‘p musulmonlar mushriklardan himoya qilgan va u janglarning birida shahid bo‘lgan.
Muvatto va boshqa hadis asarlarida keltirilishicha, Umar roziyallohu anhu Qubo tomonga ulovda boradi. O‘g‘li Osimning bolalar bilan o‘ynab yurganini ko‘rib qoladi. Osimni o‘ziga chorlaydi. Biroq momosi Shamul bint Abu Omir nabirasi Osimni bag‘ridan qo‘yib yubormaydi. Bo‘lgan voqeani Abu Bakr roziyallohu anhu huzurida muhokama qilishadi. Hukm onaning foydasiga chiqadi. Bundan Umar roziyallohu anhu norozi bo‘lmayda va hukmga ko‘nadi.
Vosil ibn Abu Shaybadan rivoyat qilib aytadi: “Umarning ayolini ismi Osiya bo‘lgan. U musulmon bo‘lgach, Umarning oldiga kelib shunday deydi: “Ismim menga hecham yoqmaydi. Menga boshqa ism qo‘yib bersangiz”. Umar ibn Xattob aytdi: “Sen Jamilasan (Go‘zal va chiroylisan. Umar u ayolni ism bilan o‘z cho‘risiga o‘xshatgandek tuyuladi)”. Bu holatdan Osiyaning g‘azabi kelib shunday deydi: “Menga kelib-kelib ism topolmay, bir cho‘rini nomimi?”. U ayol Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib shunday deydi: “Yo Rasululloh! Men bu ismimni yomon ko‘raman”. Shunda U zot avvalgi ismini o‘rniga: “Sen Jamilasan”, deb nom qo‘ydilar. Ayol esa (Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning “Jamila”san degan so‘zlaridan) g‘azab qiladi va Umar ham shunday ism qo‘yganini eslatadi. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam unga shunday deydilar: “Bilmaysanmi, Albatta Alloh azza va jalla Umarning tili va qalbiga (ilm bergan)”.
Sahobiya ayollar borasida keltirilgan ma’lumotlarga qaraganda, Jamila binti Sobit roziyallohu anho onamiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga birinchi bo‘lib bay’at bergan ayollar sirasiga kiradi. Onalari Shamus binti Abu Omir ham u kishi bilan birga bay’at bergan. Hozirda arab davlatlarining oliy bilim yurtlaridan biri, “Jamila binti Sobit” nomi bilan ataladi.
Jobir roziyallohu anhu Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilib aytdi: “Umar roziyallohu dedi: “Yo Rasululloh! Sobit qizi Jamila teshikka tiqqani kabi yuzini yerga urdi. Buning sababi u mendan mendan men qodir bo‘lmagan narsani so‘radi”.
Osim ibn Umar ibn Xattob roziyallohu anhu payg‘ambar alayhissalom davrlarida tavallud topgan. Otasi Umar ibn Xattob va onasi Jamila binti Sobitdan hadis rivoyat qilgan.
Osim otasi kabi uzun bo‘yli bo‘lgan. Davrining din jihatidan donosi bo‘lgan. So‘zlari fasohatli, balog‘atli va shoirsifat edi. Xalifa Umar ibn Abdulazizga ona tomonlama bobo hisoblanadi. U kishidan birgina hadis rivoyati kelgan. Yetmishinchi hijriyda vafot etgan. Ota bir inisi vafot etganda unga atab marsiya aytgan. Unda shunday deyiladi: Ma’nosi, Qani edi, qismat Osimni izidan yurganida, birga yashardik yoki birga o‘lardik. U kishini Laylo ismli qizlari bo‘lib, uni Abdulaziz ibn Marvonga nikohlab bergan edi. Ibn Hibbon rahmatulloh alayh u kishi haqida: “Osim xulqi go‘zal ibodatli va dinda faqih bo‘lgan”, degan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu ayollari bilan ajrashgandan keyin Osimni momosi ulg‘aytiradi. Bunga Abu Bakr roziyallohu anhu hukm qiladilar. Osimni otasi Umar ibn Xattob o‘zi xalifalik davrida uylantirib qo‘yib, baytulmoldan bir oylik nafaqa bilan ta’minlaydi. Keyinchalik o‘z mollaridan berib, uni tijorat kasbini qilib, oila tebratishiga buyuradi. Osim o‘ta taqvodor bo‘lgani uchun bo‘ladigan nizolarda yutib chiqardi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etganlarida Osim ikki yosh edi.
Ubaydulloh ibn Umar Nofe’dan rivoyat qiladi. Nofe’ aytdi: “Albatta Abdulloh ibn Umar Makkaga keldilar. Osim ibn Umar vafot etganini bilib, qabriga bordi. U kishining haqqiga istig‘for aytib duo qildilar”.
Abdulloh ibn Nofe’ otasidan rivoyat qilib aytadi: “Osim ibn Umar halok bo‘ldi. O‘shanda Abdulloh ibn Umar yo‘q edi. U Makkaga kelgach, Osimning farzandlaridan biriga dedi: “Yur, otangni qabriga olib bor. Birga bordi va qabrini ko‘rsatdi. Abdulloh ibn Umar qabr ustida turdi va haqqiga duo qildi. Keyin qaytdi”.
Osim ibn Umarning xulqi juda go‘zal bo‘lganini tarixchilar o‘z asarlarida keltirgan. Jumladan; Zubayr roziyallohu anhu aytadi: “Osim insonlarning xulq jihatidan eng go‘zali edi. Abdulloh ibn Umar aytardi: “Men va inim (Osim) insonlarni g‘iybat qilmaymiz”. O‘sha davrdagi insonlar ko‘rinishini xushsurat ekani haqida deyishadi: “Osim novcha va tanali bo‘lib, qo‘li oddiy odamnikidan anchagina uzun edi”. Shuningdek uning she’r yozishga iqtidori ham bor edi.
Ibn Siriyn aytadi: “Menga falonchi odam aytdi: “Insonlardan hayotimda kimni ko‘rgan bo‘lsam, o‘zi xohlamagan narsasini ham aytib yuborardi. Faqat Osim ibn Umar boshqacha edi (U xohlamagan narsasini hech qachon aytmasdi)”.
Oisha binti Mutiy’ roziyallohu anho aytadi: “Osim ibn Umar vafot etar chog‘ida uni o‘limga tayyorlashdi. O‘limga bu kabi (xayrli) on kelmagan. Atrofdagilar jon berishiga tayyorgarlik qilib turdilar. Osim aytdi: “Menga qiladigan ishni hozirni o‘zida bajarib olinglar”. Ular u kishini o‘limga hozirlab, qiblaga qaratishdi. Shu onda ruhlari olindi. Akalaridan chamasi to‘rt yil oldin yetmish yoshda “Rabza” degan joyda vafot etdi.
Lutfulloh JAMOLOV,
“Hidoya” o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligidagi delegatsiya Rossiya Federatsiyasida ikki yuzdan ziyod vatandoshimiz bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Muftiy hazratlari yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan tarixiy yangilanishlar, xususan, so‘nggi yillarda 150 dan ortiq yangi masjidlar ochilgani, Qur’on kurslari soni oshib, faoliyati kengaygani, Haj kvotalari soni ortayotgani, Umra ziyoratiga cheklovlar olib tashlangani kabi raqamli misollarni keltirib o‘tdilar.
Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy majmuasi kabi ulug‘vor loyihalar inson qadrini yuksaltirish yo‘lidagi islohotlarning amaliy ifodasi ekanini qayd etdilar.
Vatandoshlarga bugungi murakkab davrda ogoh bo‘lish, fitna va shubhali axborotlarga aldanmaslik, halol mehnat qilib, yashab turgan joyining qonun-qoidalariga rioya etish kabilar ham eslatib o‘tildi.
Diniy masalalardagi savol va tushunchalar borasida esa O‘zbekiston musulmonlari idorasining Koll-markazi (+998781503344), Telegram (@fatvo_call_1, @fatvo_call_2), WhatsApp (+998917806633) yoki fatvo.uz sayti orqali ishonchli javob olish mumkinligi aytildi.
Shuningdek, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ota-ona va oila oldidagi mas’uliyat borasida alohida to‘xtalib, ota-onaning duolarini olib turish, ahli oilasi va yaqinlaridan tez-tez xabardor bo‘lishga chaqirdilar.
Qizg‘in muloqotda hamyurtlarimiz bilan turli masalalarda savol-javoblar bo‘lib o‘tdi. Ular tomonidan Davlatimiz tomonidan o‘zga yurtlarda yurgan vatandoshlarimizga katta e’tibor qaratilayotgani yuksak baholandi.
Vatanga qaytib kelgan migrantlarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha ham tizimli choralar ko‘rilayotgani, yurtimiz diniy soha vakillarining xorijiy safarlarga yuborilishi ana shunday g‘amxo‘rlikning amaliy ifodasi ekani e’tirof etildi.
Yakunda ilm va rizq talabida yurgan barcha hamyurtlarimizga Haq taolodan sihat-salomatlik, omonlik va muvaffaqiyatlar tilab duo qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati