Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Fevral, 2025   |   7 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:09
Quyosh
07:29
Peshin
12:42
Asr
16:04
Shom
17:49
Xufton
19:03
Bismillah
06 Fevral, 2025, 7 Sha`bon, 1446

15.12.2017   1427   1 min.
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Umar ibn Xattob roziyallohu anhuni taftish qilgan sahoba

6.02.2025   1503   6 min.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhuni taftish qilgan sahoba

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Ibn Asokir Muhammad ibn Maslama roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:

«Masjid tomon yurdim. Sarpo kiyib olgan bir qurayshlik odamni ko‘rdim va:

«Buni senga kim kiygizdi?» dedim.

«Mo‘minlarning amiri», dedi.

Undan o‘tib, bir oz yurganimdan keyin yana bir sarpo kiyib olgan qurayshlik odamni ko‘rdim va:

«Buni senga kim kiygizdi?» dedim.

«Mo‘minlarning amiri», dedi.

Undan o‘tib, bir oz yurganimdan keyin pastroq sifatli sarpo kiyib olgan ansoriy odamni ko‘rdim va:

«Buni senga kim kiygizdi?» dedim.

«Mo‘minlarning amiri», dedi.

U (Muhammad ibn Maslama) masjidga kirib, baland ovoz bilan takbir aytdi va:

«Allohu akbar! Alloh va Uning Rasuli rost aytdi! Allohu akbar! Alloh va Uning Rasuli rost aytdi!» dedi.

Umar roziyallohu anhu uning ovozini eshitdi va unga «Oldimga kel», deb odam yubordi. U ikki rak’at namoz o‘qib olib, keyin borishini aytdi. Umar vositachini yana qaytarib yuborib, «Kelishingni azm qildim», dedi.

U kelganda Muhammad ibn Maslama roziyallohu anhu: «Men ham o‘zimcha ikki rakat namoz o‘qimasdan turib, uning oldiga bormaslikka azm qildim», dedi. Bas, Umar roziyallohu anhu kelib, uning yoniga o‘tirdi. Namozini o‘qib bo‘lganidan keyin unga:

«Menga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning namozgohlarida ovozingni ko‘tarib, takbir aytganingning va «Alloh va Uning Rasuli rost aytdi!» deganingning xabarini ayt. Bu nima?» dedi.

«Ey mo‘minlarning amiri, masjid tomon yurdim. Yo‘limda sarpo kiyib olgan qurayshlik Falon ibn Falonni uchratdim va:

«Buni senga kim kiygizdi?» dedim.

«Mo‘minlarning amiri», dedi.

Undan o‘tib, bir oz yurganimdan keyin sarpo kiyib olgan qurayshlik Falon ibn Falonni uchratdim va:

«Buni senga kim kiygizdi?» dedim.

«Mo‘minlarning amiri», dedi.

Undan o‘tib, ikki sarpodan pastroq sifatli sarpo kiyib olgan Falon ibn Falon ansoriyni ko‘rdim va:

«Buni senga kim kiygizdi?» dedim.

«Mo‘minlarning amiri», dedi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Ogoh bo‘linglar! Albatta, sizlar mendan keyin birovni birovdan ustun ko‘rishni ko‘rasizlar», deganlar. O‘sha narsa sening qo‘ling-la bo‘lishini xohlamadim, ey mo‘minlarning amiri!» dedi.

Umar roziyallohu anhu yig‘lab yubordi va «Astag‘firulloh! Endi qaytarmayman», dedi. O‘sha kundan keyin birorta qurayshlikni birorta ansoriydan afzal ko‘rmadi».

Muhammad ibn Maslama hazrati Umar roziyallohu anhuning eng ishonchli taftishchilari edi. U kishi Muhammad ibn Maslamani eng nozik ishlarni, xususan, amirlar ustidan tushgan arizalarni taftish qilish uchun yuborar edilar. Muhammad ibn Maslama roziyallohu anhu esa bunday ishlarni hazrati Umar roziyallohu anhu kutganlaridan ham a’lo darajada ado etib kelar edi.

Bu safar ushbu daqiq taftishchining panjasiga Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning o‘zlari tushib qoldilar. Muhammad ibn Maslama roziyallohu anhu o‘z vijdoni amriga binoan taftish yuritdi. U kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning masjidlari tomon yurib borayotib, yo‘lda odatdagidan boshqacha kiyimlar kiyib olgan kishilarni ko‘rdilar. Ulardan kiyimlari haqida so‘rab bildilar.

Shu bilan birga, uning taftishchilik qobiliyati o‘z-o‘zidan ishga tushib, birovning, hatto adolati ila tillarda doston bo‘lgan xalifa Umar ibn Xattob roziyallohu anhu­ning ham xayollariga kelmagan nozik narsalarni ilg‘ab oldilar. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu o‘zlariga yaqin bo‘lgan muhojirlarga ansoriylarga qaraganda yaxshiroq, sifatliroq kiyimlar sov­g‘a qilgan edilar. Albatta, sovg‘a bermoqchi bo‘lgan odam kimga nimani xohlasa, o‘shani beradi. Ammo rahbarning, xalifa Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning jamiyat mulkidan bo‘lgan narsalarni bu xilda hadya qilishga haqlari yo‘q edi. Shuning uchun Muhammad ibn Maslama masjidga kirishi bilan Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan adolatsizlik sodir bo‘lganini, unga bildiradigan darajada baland ovoz bilan aytib, dod soldi.

Muhammad ibn Maslama roziyallohu anhuning kimligini hech kim bilmasa ham, hazrati Umar roziyallohu anhu yaxshi bilar edilar. Shuning uchun u kishi o‘zlarini qo‘yishga joy topa olmay qoldilar. Muhammad ibn Maslamaning nimadan norozi ekanligini tezroq bilishga shoshilib qoldilar va uni huzurlariga chorlab, odam yubordilar.

Lekin Muhammad ibn Maslama roziyallohu anhu ham anoyilardan emas edi. Xalifaga xushomad emas, taftishchilik qilmoqchi edi. Shuning uchun xalifa ikki marta odam yuborsa ham bormay, namozini o‘qiyverdi. Bu esa Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning tashvishlarini yana ham oshirdi. Endi u kishi Muhammad ibn Maslamani chaqirish u yoqda tursin, uning namoz o‘qiyotgan joyiga o‘zlari kelib oldilar va namoz o‘qib bo‘lishini kuta boshladilar.

Muhammad ibn Maslama roziyallohu anhuning achchiq tanqidlaridan keyin dunyodagi eng kuchli jamiyatning rahbari, zabardast xalifa Umar ibn Xattob roziyallohu anhu o‘z xatolarini tan olib, darhol tavba qildilar. Shu bilan birga, o‘sha xatoni qayta takrorlamaslikka va’da berdilar va va’dalarining ustidan chiqdilar.

Bunday ishni qilish uchun mas’ul kishi iymonli, ixlosli bo‘lishi kerak edi.

Bunday ishni qilishi uchun mas’ul kishi Alloh taolodan qo‘rqadigan bo‘lishi kerak edi.

Bunday ishni qilishi uchun mas’ul kishi Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bo‘lishi kerak edi!

«Hadis va hayot» kitobining 23-juzidan olindi

Maqolalar