Shakarning hech qanday ozuqaviy qiymati yo‘q va u tishlarimiz uchun zararli hisoblanadi. Buni ko‘pchiligimiz bilsak – da, yana ta’kidlab o‘tishni maqul ko‘rdik. Shakar kaloriyaga boy bo‘lgani bilan uning organizm uchun hech qanday ozuqaviy qiymati yo‘q. Bunday kaloriyalarga “bo‘sh kaloriya” deyiladi. Shakarda na oqsil, na minerallar va na vitaminlar mavjud. Agar biz energiyamizni 10 – 20 % ini shakardan oladigan bo‘lsak, bu ozuqaviy tanqislikka olib kelishi mumkin.
Bundan tashqari shakar tishimizdagi zararli bakteriyalar uchun oson hazm bo‘ladigan energiya manbai hisoblanadi. Shundan bo‘lsa kerak, bolaligimizdan shakar va shirinliklarni kamroq iste’mol qilishni ta’kidlab kelishadi.
Shakarda fruktoza miqdori ko‘p va u jigarga zararlidir. Shakarning zararlarini yaxshiroq bilish uchun uning tarkibini bilish zarur. U ovqat hazm qilish tizimidan o‘tib qonimizga so‘rilishidan oldin fruktoza va glyukozaga parchalanadi.
Glyukoza – barcha tirik mavjudotlarda bor bo‘lib agar organizmimiz uni kerakli miqdorda ozuqalardan olmasa, o‘zi ishlab chiqarish qobiliyatiga ega.
Fruktoza – glyukozadan farqli o‘laroq organizmimiz fruktozani ishlab chiqarmaydi. Bunga sabab bizda unga fiziologik ehtiyoj yo‘qligidadir.
Glyukozaning o‘ziga xos jihati, u jigar orqali parchalanib, ishlov beriladi. Agar oz miqdorda fruktoza qabul qilsak, buni hech qanday zarari yo‘q, u glyukogenlarga aylantirilib jigarimizda saqlanib turiladi. Ammo glyukogenlar miqdori ko‘payib ketgan vaqtda jigarimiz uni yog‘ga aylantiradi va bu yog‘ jigarimiz atrofida yig‘iladi. Bu esa o‘z navbatida jigar kasalliklariga olib keladi.
Shu narsani ta’kidlab o‘tish kerakki, bu jihatlar meva orqali olinadigan fruktozaga tegishli emas. Meva orqali me’yoridan ortiq fruktoza iste’mol qilish jismonan imkonsiz.
Yana shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, har bar odamning organizmi shakarga chidamlilik darajasi bo‘yicha turlicha bo‘ladi. Sog‘lom va faol insonlar uncha faol bo‘lmagan insonlarga nisbatan shakarga chidamliroqdirlar.
Shakar hujayralarning insulinga nisbatan bo‘lgan chidamliligini oshiradi va qandli diabedga yo‘l ochadi
Insulin sog‘lig‘imiz uchun juda muhim gormon hisoblanadi. U glyukozaning qonimizdan hujayralarga kirishini ta’minlaydi va hujayralarga yog‘ning o‘rniga glyukozani yoqish kerakligini bildirib turadi. Qonda yuqori miqdorda glyukoza bo‘lishi juda zararli bo‘lib, qandli diabed bilan kasallanganlarda ko‘rish qobiliyatining pasayishi va boshqa qiyinchiliklarga sabab bo‘ladi.
Shakarning zararli tarafi shundaki, hujayralar insulin gormoni buyruqlarini bajarmay qo‘yaadi va insulinga bepisand bo‘la boshlaydi. Bu o‘z navbatida ko‘plab qon va yurak kasalliklariga yo‘l ochib beradi.
Hujayralarimiz insulinga chidamli bo‘lgandan keyin beta hujayralar ko‘proq insulin ishlab chiqara boshlaydilar, chunki qonda shakar miqdorining ko‘payib ketishi juda zararlidir.
Lekin hujayralar insulinga qarshilik qilishi kuchayib borgan sari beta hujayralar shakar miqdorini kamaytirish uchun kerakli miqdorda insulin ishlab chiqara olmay qoladilar. Natijada qonda shakar miqdori ko‘tarilib ketib qandli diabetga olib keladi.
Shakar alkogol va narkotik moddalari singari o‘ziga bog‘liqlik uyg‘otadi.
Spirtli ichimliklar va narkotik moddalar iste’moli miyada dopamin moddasini ishlab chiqarishi sababli ularni iste’mol qilganlar bog‘lanib qolishadi.
Shu yilning boshida olimlar shakar iste’moli ham yuqori miqdorda dopamin moddasi ishlab chiqarilishiga olib keladi va odamlarda shakarga nisbatan bog‘liqlik paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi degan ilmiy fikrni bildirishdi.
Internet manbalari asosida,
Sharof Rashidov tumani «Yakkatut»
masjidi imom-xatibi
Adham ZULFIYEV
tayyorladi.
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi