Sayt test holatida ishlamoqda!
31 Iyul, 2026   |   17 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:42
Quyosh
05:12
Peshin
12:34
Asr
17:33
Shom
19:45
Xufton
21:12
Bismillah
31 Iyul, 2026, 17 Safar, 1448

Baxilning bog‘i ko‘karmas

13.12.2017   9333   4 min.
Baxilning bog‘i ko‘karmas

Insonlar hayotda doimo to‘kin va hech bir jihatdan muhtojlik sezmay yashashga intiladi. Buning uchun boylik yig‘ishga, yaxshi maosh olib ishlashga, savdo bilan shug‘ullanib tezda ko‘p mol-dunyo ortirishga harakat qiladi. Shu sabab ko‘pchilik boy-badavlat bo‘lgisi keladi va Alloh nasib qilgan bo‘lsa harakatlari bir sabab bo‘lib boylikka ham, muhtojliksiz hayotga ham erishadi. Ammo boylik va molning ko‘pligini, faqat o‘zida bo‘lishni istab dunyo yig‘ish insonni yolg‘izlik va ma’naviy qashshoqlikka olib boradi. Ma’naviy qashshoqlik ortidan esa Islom dinida qoralangan qator illatlar  kelib chiqadi. Ana shunday yomon illatlardan biri – baxillik bo‘lib, uning yomon odat ekani haqida Qur’oni karimda quyidagicha keltiriladi:

Alloh O‘z fazlidan bergan narsaga baxillik qiladiganlar buni o‘zlariga  yaxshilik deb hisoblamasinlar. Aksincha, bu ularga yomonlikdir. Qiyomat kuni baxillik qilgan narsalari ila bo‘yinlari o‘ralur. Osmonlaru yerning merosi Allohnikidir. Va Alloh qilayotgan amallaringizdan o‘ta xabardordir” (Oli Imron surasi, 180-oyat).

Baxil o‘zini baxillik qilmayapman, o‘z molimni himoya qilib tejamkorlik qilyapman deb o‘ylaydi va zakotini bermay faqat yig‘ib asraydi, ammo oyatda aytilayotgandek u o‘zi uchun yomonlikning ayni o‘zidir. Bu dunyoda baraka topmagani bir jazo bo‘lib umrini zoye qiladigan bo‘lsa, qiyomatda o‘sha zakoti berilmagan, baxillik qilgan mollari bo‘yniga o‘ralib do‘zaxga boshlab ketadi.

Ushbu oyatni tafsir qilib kelgan hadisda baxilning holati yana ham ochiq aytib o‘tilgan.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh kimga mol bersa-yu, zakotini bermasa, qiyomat kuni mol unga ikki xolli ulkan ilon bo‘lib ko‘rinadi va bo‘yniga o‘raladi. So‘ngra ikki chakkasidan tishlab turib: “Men molingman, men sen to‘plagan xazinangman”, deydi”, dedilar. Keyin “Alloh O‘z fazlidan bergan narsaga baxillik qiladiganlar buni o‘zlariga yaxshilik deb hisoblamasinlar”, oyatini oxirigacha o‘qidilar” (Buxoriy rivoyat qilgan).

Hadisda baxilning holati aniq bayon etib berilmoqdaki, bundan ortiq sharhga zarurat yo‘q, uning zarari egasini xorlikka sudrab ketadi. Baxillikning zarari shundaki u jamiyatda kambag‘allarning ko‘payib muhtojlik va tabaqalanish keng yoyilishiga sabab bo‘ladi. Islom dini esa insonlar orasida muhtojlik va moliga qarab tabaqalanishdan saqlashga chaqiradi. Mol to‘plash bandasiga qanchalik yoqmasin, agar Alloh uning taqdiriga mol berib boy bo‘lishni yozmagan bo‘lsa boylik unga yetmaydi. Endi Alloh unga O‘z fazlidan mol va boylik bersa-yu, u banda Allohning fazlini inkor etib o‘zim topganimni nega beraman desa, bu dunyodan-ku shu holatda yashab o‘tar, ammo Alloh uni qiyomatda moli bilan azoblanuvchilardan qilib qo‘yadi.  Ammo zakoti berilmagan mollar shu dunyodayoq o‘z egasiga kulfatlar olib kelaveradi. Mol egasi yo salomatligi yoki farzandlari, yoki uy-joyi, yoxud kasbi-koridan balolanaveradi. Shunday ekan, baxillik faqat va faqat insonning o‘ziga zarardir.

Baxillik nafaqat molda, balki inson, oddiy holatdagi buyumlari va boshqa jihatlarini qizg‘anishida ham ko‘rinadi. Insonlar jamiyatda qo‘shni bo‘lib yashaydi shu sabab ham qo‘shnining haqqi Islom dinida juda katta o‘rinda turadi. Qo‘shni u hamma tushunadigan uy-devor qo‘shni bo‘lsa, bundan tashqari, maktab, kollej, institut va hamkasblar ham bir-birlari hayot yo‘li davomida qo‘shni bo‘lib yashashda davom etadi. Shu jihatdagi qo‘shnilarga ham baxillik qilish musulmon kishiga xorlik va jamiyatdan uzilish, Allohning g‘azabiga yo‘liqib dunyo-oxiratda barakasiz va savobsiz Allohning dargohidan va fazli ila jannatga kirishdan mahrum bo‘ladi.

Abu Said roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ikki xislat mo‘minda jam bo‘lmaydi: baxillik va badxulqlik”, dedilar (Termiziy rivoyati). Mo‘min kishining xulqi va odobi haqidagi bu hadisda butun hayot yo‘lini izga solib turuvchi hikmat bor. Musulmon kishi Alloh uchun yashashda davom etar ekan unda baxillik kabi illatlar qalbiga o‘rnashmaydi. Baxillikning davosi esa Alloh molini ham, jonini ham omonat va fazl qilib berganini, uni hisobini albatta berishini unutmaslik va sohibi ehson bo‘lishdadir.

Zafar  MAHMUDOV,

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Saudiyalik vazir: «Prezident Shavkat Mirziyoyevga muhim tashabbus uchun minnatdorchilik bildiraman»

30.07.2026   9529   2 min.
Saudiyalik vazir: «Prezident Shavkat Mirziyoyevga muhim tashabbus uchun minnatdorchilik bildiraman»

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurgan Saudiya Arabistoni Podshohligi Sog‘liqni saqlash vaziri Fahd Al-Jalajel Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur majmua tarix, ilm-fan va ma’rifatni zamonaviy formatda uyg‘unlashtirgan holda kelajak avlod uchun yangi bilim muhitini yaratayotganini ta’kidladi, xabar bermoqda iccu.uz.

Saudiya Arabistoni Podshohligi Sog‘liqni saqlash vaziri Fahd Al-Jalajel O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, muzey ekspozitsiyalari, noyob qo‘lyozmalar, islom sivilizatsiyasi tarixi, buyuk allomalarning boy ilmiy merosi hamda raqamli va interaktiv texnologiyalar asosida tashkil etilgan ko‘rgazmalar bilan tanishdi.

Tashrif davomida mehmon Markazning ekspozitsiyalari orqali islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik taraqqiyoti, ilm-fan va ma’rifat an’analari, Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekiston hududida yetishib chiqqan allomalarning jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan hissasi, shuningdek, Yangi O‘zbekistonda madaniy merosni asrash va targ‘ib etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bilan yaqindan tanishdi.

Suadiyalik martabali mehmon Markaz faoliyati haqida fikr bildirib, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu majmua islom sivilizatsiyasining boy ilmiy va ma’naviy merosini zamonaviy muzeyshunoslik yechimlari orqali xalqaro auditoriyaga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.

«Islom sivilizatsiyasi markazida asrlar davomida shakllangan ilm-fan va ma’rifat tarixini ko‘rib, katta g‘urur va iftixor tuyg‘ularini his qildim. Bu yerda sivilizatsiyaning zamon bilan hamnafas rivojlanganini ko‘rish mumkin. Prezident Shavkat Mirziyoyevga ushbu muzey va boy tarixni butun dunyoga tushunarli tilda taqdim etish imkoniyatini yaratgani uchun minnatdorchilik bildiraman.
Bu markaz yosh avlodga o‘tmish sivilizatsiyalari haqida chuqur tasavvur beradi, ularni o‘z tarixi bilan bog‘laydi va har bir davrning bugungi taraqqiyot bilan uzviy bog‘liqligini ko‘rsatadi. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan bunday islohotlar va taraqqiyot yutuqlarini ko‘rishdan biz, Saudiya Arabistonidagi birodarlaringiz, chin dildan mamnunmiz», – dedi u.

Fahd Al-Jalajelning fikricha, bunday tashabbuslar turli mamlakatlar o‘rtasida madaniy muloqotni mustahkamlash, umumiy sivilizatsion merosni anglash va ilm-fan hamda ma’rifat sohasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish uchun muhim poydevor vazifasini bajaradi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari