Insonlar hayotda doimo to‘kin va hech bir jihatdan muhtojlik sezmay yashashga intiladi. Buning uchun boylik yig‘ishga, yaxshi maosh olib ishlashga, savdo bilan shug‘ullanib tezda ko‘p mol-dunyo ortirishga harakat qiladi. Shu sabab ko‘pchilik boy-badavlat bo‘lgisi keladi va Alloh nasib qilgan bo‘lsa harakatlari bir sabab bo‘lib boylikka ham, muhtojliksiz hayotga ham erishadi. Ammo boylik va molning ko‘pligini, faqat o‘zida bo‘lishni istab dunyo yig‘ish insonni yolg‘izlik va ma’naviy qashshoqlikka olib boradi. Ma’naviy qashshoqlik ortidan esa Islom dinida qoralangan qator illatlar kelib chiqadi. Ana shunday yomon illatlardan biri – baxillik bo‘lib, uning yomon odat ekani haqida Qur’oni karimda quyidagicha keltiriladi:
“Alloh O‘z fazlidan bergan narsaga baxillik qiladiganlar buni o‘zlariga yaxshilik deb hisoblamasinlar. Aksincha, bu ularga yomonlikdir. Qiyomat kuni baxillik qilgan narsalari ila bo‘yinlari o‘ralur. Osmonlaru yerning merosi Allohnikidir. Va Alloh qilayotgan amallaringizdan o‘ta xabardordir” (Oli Imron surasi, 180-oyat).
Baxil o‘zini baxillik qilmayapman, o‘z molimni himoya qilib tejamkorlik qilyapman deb o‘ylaydi va zakotini bermay faqat yig‘ib asraydi, ammo oyatda aytilayotgandek u o‘zi uchun yomonlikning ayni o‘zidir. Bu dunyoda baraka topmagani bir jazo bo‘lib umrini zoye qiladigan bo‘lsa, qiyomatda o‘sha zakoti berilmagan, baxillik qilgan mollari bo‘yniga o‘ralib do‘zaxga boshlab ketadi.
Ushbu oyatni tafsir qilib kelgan hadisda baxilning holati yana ham ochiq aytib o‘tilgan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh kimga mol bersa-yu, zakotini bermasa, qiyomat kuni mol unga ikki xolli ulkan ilon bo‘lib ko‘rinadi va bo‘yniga o‘raladi. So‘ngra ikki chakkasidan tishlab turib: “Men molingman, men sen to‘plagan xazinangman”, deydi”, dedilar. Keyin “Alloh O‘z fazlidan bergan narsaga baxillik qiladiganlar buni o‘zlariga yaxshilik deb hisoblamasinlar”, oyatini oxirigacha o‘qidilar” (Buxoriy rivoyat qilgan).
Hadisda baxilning holati aniq bayon etib berilmoqdaki, bundan ortiq sharhga zarurat yo‘q, uning zarari egasini xorlikka sudrab ketadi. Baxillikning zarari shundaki u jamiyatda kambag‘allarning ko‘payib muhtojlik va tabaqalanish keng yoyilishiga sabab bo‘ladi. Islom dini esa insonlar orasida muhtojlik va moliga qarab tabaqalanishdan saqlashga chaqiradi. Mol to‘plash bandasiga qanchalik yoqmasin, agar Alloh uning taqdiriga mol berib boy bo‘lishni yozmagan bo‘lsa boylik unga yetmaydi. Endi Alloh unga O‘z fazlidan mol va boylik bersa-yu, u banda Allohning fazlini inkor etib o‘zim topganimni nega beraman desa, bu dunyodan-ku shu holatda yashab o‘tar, ammo Alloh uni qiyomatda moli bilan azoblanuvchilardan qilib qo‘yadi. Ammo zakoti berilmagan mollar shu dunyodayoq o‘z egasiga kulfatlar olib kelaveradi. Mol egasi yo salomatligi yoki farzandlari, yoki uy-joyi, yoxud kasbi-koridan balolanaveradi. Shunday ekan, baxillik faqat va faqat insonning o‘ziga zarardir.
Baxillik nafaqat molda, balki inson, oddiy holatdagi buyumlari va boshqa jihatlarini qizg‘anishida ham ko‘rinadi. Insonlar jamiyatda qo‘shni bo‘lib yashaydi shu sabab ham qo‘shnining haqqi Islom dinida juda katta o‘rinda turadi. Qo‘shni u hamma tushunadigan uy-devor qo‘shni bo‘lsa, bundan tashqari, maktab, kollej, institut va hamkasblar ham bir-birlari hayot yo‘li davomida qo‘shni bo‘lib yashashda davom etadi. Shu jihatdagi qo‘shnilarga ham baxillik qilish musulmon kishiga xorlik va jamiyatdan uzilish, Allohning g‘azabiga yo‘liqib dunyo-oxiratda barakasiz va savobsiz Allohning dargohidan va fazli ila jannatga kirishdan mahrum bo‘ladi.
Abu Said roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ikki xislat mo‘minda jam bo‘lmaydi: baxillik va badxulqlik”, dedilar (Termiziy rivoyati). Mo‘min kishining xulqi va odobi haqidagi bu hadisda butun hayot yo‘lini izga solib turuvchi hikmat bor. Musulmon kishi Alloh uchun yashashda davom etar ekan unda baxillik kabi illatlar qalbiga o‘rnashmaydi. Baxillikning davosi esa Alloh molini ham, jonini ham omonat va fazl qilib berganini, uni hisobini albatta berishini unutmaslik va sohibi ehson bo‘lishdadir.
Zafar MAHMUDOV,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi.
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV