Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Salim ibn Jobir Hujaymiy roziyalloxu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib:
- Ey Allohning Rasuli! Menga nasihat qiling! - dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
Allohga taqvo qil! Idishingdagi suvni boshqaning idishiga quyib berish, birodaringga ochiq yuz bilan gapirish kabi arzimas bo‘lsa-da, yaxshiliklardan biror-bir ishni kichik sanama. Izoringni osiltirib yurishdan saqlan. U kibrdandir, Alloh uni yaxshi ko‘rmaydi. Agar bir kishi seni sendagi biladigan narsasi ila ayblasa, sen uni undagi biladigan narsang bilan ayblama. Uni o‘z holiga qo‘y. Gunohi o‘ziga, ajri senga bo‘ladi. Hech kimni so‘kib haqoratlama!
Hech bir yaxshilikni kichik hisoblamang. Sizni qaysi amalingiz jannatga olib kirishini bilmaysiz!
Oddiygina mushuk o‘tib ketishi uchun yo‘l berib turishingiz ham yaxshilikdir. Bir qariyani qo‘lidan tutib, yo‘ldan o‘tkazib qo‘yishingiz ham yaxshilikdir. Nogiron insonning aravachasini yetaklashingiz ham yaxshilikdir. Ko‘chada ishlab yurgan ishchiga bir idishchada suv berishingiz ham yaxshilikdir. Bir qariyaning qo‘lidan yukini olishingiz ham yaxshilikdir. Er-xotinlarning o‘rtasini yarashtirib qo‘yishingiz, xotiningizning ayblarini ko‘rmaslikka olishingiz yaxshilikdir, farzandlaringizni kechirishingiz ham yaxshilik. Qo‘shningizga biror narsa hadya qilishingiz, bemorga davolanishi uchun yordam berishingiz ham yaxshilikdir!
Yaxshilikning cheki yo‘q. Xoliqqa olib boradigan yo‘lning soni xaloyiqning nafasi miqdorichadir. Oldida shuncha yo‘l bo‘laturib, undan yurmaganlar naqadar baxtsiz!
Axloqingiz uchun insonlarni mezon qilib olmang. Menga yaxshilik qilsa, men ham unga yaxshilik qilaman, demang. Agar yomonlikka yomonlik bilan javob beraversak, yomonlik qachon tugaydi?!
Dunyoda bir yaxshi xulq bor. Uning nomi «o‘zni baland tutish» - yomonliklardan baland tutish. Hech kimga sizni o‘zining axloqi darajasiga tushirishiga yo‘l qo‘ymang. Har qanday janjalga aralashavermang. Oldingizda paydo bo‘lib qolgan har bir urushga qatnashavermang. Kundalik hayotimizdagi ko‘p janjallar arzimas maqsadlar uchun bo‘ladi. Unda g‘alaba qozonsangiz-da, g‘olib bo‘la olmaysiz. Ammo yutqazsangiz, mag‘lubiyat alamini tortasiz. O‘zligidan voz kechgan kishi bilan tenglashib, biz ham axloqimizdan voz kechsak, undan nima farqimiz qoladi?!
Aqlli inson o‘zi uchun baho deb faqatgina jannatni biladi. Jannatga olib bormaydigan har qanday muammoni chetga qo‘ying. Ana shunda natija qanday bo‘lmasin, siz yutasiz. Banda birodarini avf qilsa, Alloh uning izzati va qudratini ziyoda qiladi!
Kunlar aylanaveradi. Oxirida baribir haq sohiblari g‘olib, botil egalari mag‘lub bo‘lishadi. Bu narsa zamindagi Allohning qonunidir. Yusuf alayhissalomni quduqqa tashlagan qo‘llar kuni kelib u kishidan yegulik so‘rab cho‘zilgan edi!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni jinni, yolg‘onchi deganlar Fath kunida u zotning rahm qilishlarini so‘rab, «Sen oliyjanob kishining oliyjanob o‘g‘lisan!» deyishgan edi!
«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi