Buxoro shahridagi muhtasham Mir Arab oliy madrasasi binosida viloyatdagi diniy soha xodimlari va otinoyilar uchun «Ilmiy maqola yozish, tadqiqot metodologiyasi va manbashunoslik» mavzusida amaliy seminar tashkil etildi.
Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan "TAMADDUN" loyihasi doirasida o‘tkazilgan ushbu tadbir diniy soha vakillarining ilmiy salohiyatini oshirish, tadqiqotchilik ko‘nikmalarini shakllantirish hamda ularga ilmiy maqola yozish uslublarini o‘rgatishga qaratildi.
Seminar davomida ishtirokchilarga ilmiy tadqiqotlarni to‘g‘ri tashkil etish, qadimiy manbalar bilan ishlash, respublika va xalqaro jurnallarda maqolalar chop etish talablari hamda nufuzli ilmiy anjumanlarda ishtirok etish imkoniyatlari haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.
Tadbirda markaz ilmiy xodimlari Go‘zal Najmidinova, Gavhar Istamova va Dilafruz G‘ulomova o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etib, tinglovchilarga zarur metodik tavsiyalarni baham ko‘rdilar. Qizg‘in bahs-munozaralarga boy bo‘lgan seminar yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar va mavzu yuzasidan o‘zaro fikr-mulohaza almashdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati