Bismillahir Rohmanir Rohiym
Yaxshi bilan yomonning farqiga hamma boradi. Yaxshi ishlarni hamma his qiladi, undan rohat tuyadi. Yomon ishlar esa insonni larzaga soladi, tinchini buzadi, xavotirga qo‘yadi, vijdonini qiynaydi. Bu narsalarni bizga kim o‘rgatdi? Bu qonuniyatlarni Alloh yaratgan, Alloh o‘rgatgan. Shu narsalar haqida o‘ylar ekanmiz aytib o‘tganimiz oyati karimani yanada chuqurroq anglaymiz:
﴿وَإِذْ أَخَذَ رَبُّكَ مِنْ بَنِي آَدَمَ مِنْ ظُهُورِهِمْ ذُرِّيَّتَهُمْ وَأَشْهَدَهُمْ عَلَى أَنْفُسِهِمْ أَلَسْتُ بِرَبِّكُمْ قَالُوا بَلَى شَهِدْنَا أَنْ تَقُولُوا يَوْمَ الْقِيَامَةِ إِنَّا كُنَّا عَنْ هَذَا غَافِلِينَ﴾
“Robbing Bani Odamning umurtqa pog‘onasidan, qiyomat kuni “Bundan g‘ofil edik” demasliklaringiz uchun zurriyotlarini olib o‘zlariga o‘zlarini guvoh qilib: “Robbingiz emasmanmi?” deganida “Albatta Robbimizsan” deganlarini esla” (A’rof surasi, 172-oyat).
Bu me’yorlar biz tug‘ilmasimizdan oldin bizga o‘rgatiladi. Bu esa Allohning bergan ulkan ne’matlaridan biridir. Alloh barchaga birdek Robb sanaladi. Shuning uchun ham biz sanab o‘tgan me’yorlar hamma insonda bo‘ladi.
Endi mavzuni davom ettiramiz. Dinga ishonmaydigan inson: “Men faqat ko‘zim bilan ko‘rgan narsaga ishonaman. Ko‘zim ko‘rmagan narsalarga esa ishonmayman”, deb aytadi. Aslida ishonch so‘zi ko‘z ko‘rmaydigan narsalarga nisbatan ishlatiladi. Hech kim sizni ko‘rib turib “Sening borliginga ishonaman” demaydi. Yoki hech kim quyoshni ko‘rganidan keyin “Men quyoshning borligiga endi ishondim” demaydi.
Ishonch turlicha bo‘ladi. Masalan, siz o‘zingiz guvohi bo‘lmasangiz ham, ammo kimdir aytgan gapga ishonasiz. Chunki o‘sha odamni siz ishonchli deb bilasiz. Agar o‘sha narsani o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rsangiz, ishonchingiz yanada ortadi. Mo‘min kishining oxiratga bo‘lgan ishonchi birinchi tur ishonchga kiradi. Zotan mo‘minlar oxiratni ko‘rmasdan turib uning borligiga ishonadilar. Ko‘z bilan ko‘rgandan keyin esa u ishonch yana ham kuchli bo‘ladi. Alloh taolo oxirat kuni jahannamni ko‘rganlar haqida bunday degan:
﴿كَلَّا لَوْ تَعْلَمُونَ عِلْمَ الْيَقِينِ لَتَرَوُنَّ الْجَحِيمَ ثُمَّ لَتَرَوُنَّهَا عَيْنَ الْيَقِينِ﴾
“Yo‘q. Agar siz aniq ilm ila bilganingizda edi. Albatta, jahannamni ko‘rarsiz. Va albatta, uni ishonch ko‘zi bilan ko‘rasiz” (Takosur surasi, 5-7-oyatlar).
Oxirat kuni har birimiz jahannamni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘ramiz. So‘ngra Alloh taolo bunday xitob qiladi:
﴿وَأَمَّا إِنْ كَانَ مِنَ الْمُكَذِّبِينَ الضَّالِّينَ فَنُزُلٌ مِنْ حَمِيمٍ وَتَصْلِيَةُ جَحِيمٍ إِنَّ هَذَا لَهُوَ حَقُّ الْيَقِينِ﴾
“Va agar yolg‘onga chiqaruvchi gumrohlardan bo‘lgan bo‘lsa. Bas o‘ta qaynoq suvdan “ziyofat” va do‘zaxga kirish bor. Ta’kidki, albatta bu ochiq-oydin haqiqatdir” (Voqea surasi, 92-95-oyatlar).
Ha, ochiq-oydin haqiqat oxiratda bo‘ladi.
Demak, ochiq-oydin haqiqat ko‘z bilan ko‘rgandagina bo‘ladi. Lekin iymon ma’nosidagi ishonch esa ko‘rmasdan turib bo‘ladi. Misol uchun, siz o‘zingiz ko‘rmagan narsa haqida “Bunday bo‘lishiga iymonim komil” deb aytasiz. Ya’ni siz ko‘zingiz bilan ko‘rmagan narsa haqida shunday ishonch bilan gapiryapsiz. Bu – iymon deyiladi.
Shayx Muhammad Mutavalli Sha’roviy rahimahullohning
"Allohning borligiga aqliy dalillar" kitobidan