Bismillahir rohmanir rohim
Alhamdulillahi robbil a'lamin. Allohumma solli ala sayyidina Muhammad va a'la a'lihi va ashabihi ajma'iyn.
Islom tarixidan ma'lumki, musulmonni gunohi sababli «kofir» deyishga birinchi bo'lib jur'at etganlar «Havorij» firqasi bo'ldi. Ular: «Mo'min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo'ladi, islomdan chiqadi», – dedi. Bora-bora «Havorij»larning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishi bo'lmay qoldi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg'inbarot urushlarga, musulmonlarning behisob qonlari to'kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik islomga katta zarar etkazgan kuch bo'lmaganini ta'kidlaydilar.
Afsuski, hozirgi kunda ham «Havorij» firqasining g'oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan «o'rnak» olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o'tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa «g'amlari» yo'q. Bular iloji boricha ko'proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o'zlarining bosh vazifalari deb biladilar. Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o'zlariga hamfikr bo'lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolariga ko'ra, «Hozirda musulmonman deb yurganlarning uchdan ikkisi mushrik va kofir bo'lib ketgan» (Alloh asrasin!). Bularning bu «fatvosi»ning puch ekani Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ ya'ni: «Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz» degan qoidaning o'zi kifoya qiladi.
Mashhur sahobiy Jobir ibn Abdulloh raziyallohu anhudan bu masala borasida so'raldi: «Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U zot: «Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo'min deb bilamiz» dedilar» («Majma'uz zavoid va manba'ul favoid» kitobi).
Ahli sunna val jamoa e'tiqodiga ko'ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo'ladi, deydilar. Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A'zam rahmatullohi alayh o'zlarining «Fiqhul akbar» kitoblarida shunday deganlar: «Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o'shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz».
Buyuk muhaddis olim Abu Ja'far Tahoviy al-Hanafiy ham o'zining «Al-Aqida at-tahoviya» asarida shunday deganlar: «Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz».
Hulosa qilib aytadigan bo'lsak, dinimizda musulmon kishilarni kofirlikda ayblab, ularni takfirga chiqarish o'ta qattiq qaytarilgan qabih ishlardan hisoblanadi.
SALIMHON JAMOLIDDINOV
Mir Arab oliy madrasasi talabasi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV