Yangi oila barpo qilishga ilk qadam sovchilikdan boshlanadi. Sovchi – oila barpo qilishdek savobli va mas’uliyatli ishni amalga oshiruvchidir. Shu boisdan sovchilik mobaynida ikki taraf nimalarga e’tibor qilishi kerakligi borasida dinimiz ko‘rsatmalariga nazar solamiz.
Sovchilik – yosh yigitni yoki qizni nikohlash uchun bir xonadonga borish demakdir. Sovchilik faqat yigit tarafidan emas, balki qiz tarafdan ham bo‘lishi mumkin.
Sovchilikning bu ikki turi ham o‘z navbatida ikki qismga bo‘linadi:
nikohlanuvchining o‘zi sovchi bo‘lishi;
sovchilik uchun boshqa birovni vakil qilishi.
Bularning hammasini qo‘shib aytadigan bo‘lsak, sovchilik to‘rt turga bo‘linadi.
Birinchisi, yigitning o‘zi sovchi bo‘lishi. Bu holat sahobai kiromlar orasida ham, undan keyin ham ko‘p bo‘lgan. Xalqimizda bu turdagi sovchilik urf bo‘lmasa-da, ba’zi hollarda eshitib qolamiz. Bu turdagi sovchilikka misol qilib Ali karromallohu vajhahuning Fotima onamizga sovchi qo‘yganliklarini keltirishimiz mumkin.
Ikkinchisi, yigit sovchilik uchun biror kishini vakil qilishi. Bu turdagi sovchilik Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrida ham hozir ham sovchilikning eng ommabop turi bo‘lgani bois bunga ortiqcha izoh berishga hojat yo‘q. Biroq, shu o‘rinda bir jihatga e’tibor qaratishimiz lozim. Sovchilikning bu turiga oid ko‘plab rivoyatlar mavjud. Bu rivoyatlarning deyarli barchasida vakil bo‘lgan kishilar erkak kishi bo‘lgan. Shulardan Bilol roziyallohu anhuning o‘z ukasi nomidan, Umar roziyallohu anhuning farzandlari nomidan qilgan sovchiliklari mashhur. Ularning hech qaysisi mol-dunyo, kelin-kuyovning sarpolari haqida og‘iz ham ochmagan. Shu boisdan ham ayollar o‘rniga erkaklar sovchilik qilsa, yangi oila barpo qilishdek savobli ishga o‘zlari bosh bo‘lsa arzimas dunyo matolari deb ko‘plab oilalar buzilib ketmas edi. Mana shunday qat’iyat, yaxshi niyat, ixlos bilan qurilgan oilalardan Umar ibn Abdulazizdek odil insonlar, Imom Buxoriy, Imom Termiziydek zabardast olimlar dunyoga kelgan bo‘lar edi.
Uchinchisi, qiz yoki ayolning o‘zi sovchi bo‘lishi. Dinimizda sovchilikning bu turi ham mavjud. Biroq, ayollarning sha’nini ulug‘lash uchun bu sovchilik deb emas “taklif” deb yuritilgani hamda bizning urfimizda bu holat deyarli sodir bo‘lmagani uchun odamlar mumkin emas deb o‘ylab qolishgan. Bu turdagi sovchilikka misollar juda ko‘p. Xadicha onamiz nikohiga olishlari uchun o‘zlarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga taklif qilganliklari ham ayni haqiqat. Aslida, nikoh o‘z umrini birga o‘tkazish uchun solih, odob-axloqli, xushfe’l va salohiyatli juft topish bilan bo‘ladi. Shu boisdan ham Xadicha onamiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdagi omonatdorlik, go‘zal odob-axloqni ko‘rgani uchun ayolligiga ham, yoshining kattaligiga ham qarab turmasdan o‘zlarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga taklif qildilar. Natijada, butun insoniyatning sayyida ayollaridan biriga aylandilar. Qiyomatgacha odamlar yaxshi nom bilan, muhabbat bilan, duolar bilan tilga oladigan insonga aylandilar.
To‘rtinchisi, qiz yoki ayol nomidan vakil kishining sovchi bo‘lishi. Sovchilikning bu turi ham juda mashhur. Alloh taoloning kalomi sharifida ham sovchilikning bu turi borasida quyidagicha oyat mavjud:
قَالَ إِنِّي أُرِيدُ أَنْ أُنْكِحَكَ إِحْدَى ابْنَتَيَّ هَاتَيْنِ عَلَى أَنْ تَأْجُرَنِي ثَمَانِيَ حِجَجٍ
(Shuayb alayhissalom) aytdi: “Menga sakkiz yil ishlab berishing badaliga men senga mana shu ikki qizimdan birini nikohlab bermoqchiman...” (Qasas surasi, 27-oyat).
Oyatda Shuayb alayhissalom Muso alayhissalomga o‘z qizlaridan birini taklif qilgani keltirilmoqda. Bunday turdagi sovchilik ham juda mashhur. Umar roziyallohu anhu va boshqa sahobalar, qolaversa, ko‘plab ulamolarimiz hayotida ham o‘z qizlari uchun sovchi bo‘lganini uchratishimiz mumkin.
Sovchilik qanday turlarga bo‘linishini bilib oldik. Endi mumkin bo‘lgan va mumkin bo‘lmagan holatlarini mulohaza qilib ko‘rsak.
Dinimizda biror bir kishining nikohi (yoki unashtiruv) ostida bo‘lmagan, musulmon yoki ahli kitob ayollarga sovchi qo‘yishga izn beriladi.
Quyidagi holatlarda esa ayollarga sovchi qo‘yib bo‘lmaydi:
1 Boshqa bir musulmonning ayoli bo‘lsa;
Alloh taolo O‘z kalomi sharifida shunday buyuradi:
“... Yana, erli xotinlar... (nikohi ham harom qilindi)...” (Niso surasi, 24-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmon kishi boshqa bir musulmon qo‘ygan sovchi ustiga sovchi qo‘yishdan qaytarganlar. Ikki sovchining bir vaqtda kelib qolishi sovchilik ustiga sovchi qo‘yish hisoblanmaydi.
Biroq, bunda bir jihatga e’tibor qaratish lozim. Agar ayol taloq iddasida emas, balki eri vafot etgani sababli idda o‘tirgan bo‘lsa, iddasi vaqtida erkak kishi unga uylanish istagi borligi haqida yaqin qarindoshlari orqali ishora qilib qo‘yishi mumkin.
Alloh taolo marhamat qiladi:
“Mushrika ayollarni, to iymon keltirmagunlaricha nikohingizga olmang...” (Baqara surasi, 221-oyat).
Ota-bobolarimiz muqaddas dinimiz buyruqlarini o‘z hayotiga dasturul-amal qilib olganlar. Buning isbotini hayotning turli sohalarida ko‘rishimiz mumkin. Xususan, nikoh borasida ota-bobolarimiz dindor va salohiyatli bo‘lishga e’tibor qaratganlar.
Har bir musulmon kishi o‘z hayot yo‘lida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va u zotning sahobai kiromlarini o‘rnak qilib oladi. Sovchilik borasida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday yo‘l tutgani barchamiz uchun ayni muddao.
Shu sababdan ham Ali roziyallohu anhuning Fotima onamizga sovchi bo‘lgani voqeasini yana bir bor esga olamiz.
Musulmonlar tashvishlari ko‘payib ketganidan Fotima onamiz nikohi to‘g‘risida unutilayozdi. Shu boisdan sahobai kiromlarning ulug‘lari Fotima onamiz yoshlari o‘tib borayotganidan xavotirga tushdilar. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu, Umar roziyallohu anhu sovchi qo‘yib ko‘rdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rozi bo‘lmadilar. Sahobai kiromlar Ali roziyallohu anhuga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borib Fotima onamizni so‘rashini tavsiya qildilar. Ali roziyallohu anhu esa: “Abu Bakr va Umardek kishilarga bermadilar-ku, menga qanday qilib Fotimani berishlari mumkin”, dedilar. Sahobiylar: “Fotima uchun sendan ham munosibroq boshqa birovni ko‘rmayapmiz. Qolaversa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam seni juda yaxshi ko‘radilar, albatta, senga beradi”, dedilar. Qissani davomini Ali roziyallohu anhu quyidagicha davom ettiradilar:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Fotimaga uylanmoqchi ekanim haqida aytishni o‘ylab yurdim. Keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning uylariga borib, u zotning huzurlariga kirdim. Dilimdagi o‘ylab yurgan fikrlar haqida aytmoqchi bo‘lib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yuzlariga qaradim. Shunda u zotning salobatlari bosib, xijolatdan yuzlarim qizardi, tilimga biror kalima ham kelmay qoldi. Menda xijolat va uyatdan shunday o‘zgarish bo‘ldiki, bu faqatgina Allohga ayon. Jim turib qoldim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tabassum qildilar-da, shunday dedilar: “Hoy, Ali, go‘yoki Fotimani (nikohingga olmoqni) xohlayotganga o‘xshaysan-a?!”. Men: “Ha, ey Allohning Rasuli”, dedim. U zot: “(Uylanish uchun) moling bormi?” dedilar”.
Holbuki, U zot sollallohu alayhi vasallam Ali roziyallohu anhuning biror narsasi yo‘qligini bilar edilar. Ali roziyallohu anhuning qo‘y junidan to‘qilgan bir kiyimi bo‘lib, kechasi o‘shaning ustida uxlar, kunduzi esa ustiga tashlab, o‘ranib yurar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yana bir bor: “Biror bir mablag‘ing bormi?!” dedilar. Ali roziyallohu anhu: “Hech qanday mol-davlatim yo‘q, ey, Allohning Rasuli”, dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “O‘ylab ko‘rchi!” dedilar. Ali roziyallohu anhu: “Allohga qasamki, menda na dirham bor va na dinor. Hatto xurmo ham, don ham va yo zabib ham yo‘q”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Yaxshilab o‘ylab ko‘r! Hech qanday qurol-aslahang ham yo‘qmi?!” dedilar. Ali roziyallohu anhu: “Ikki dirhamga ham yetmaydigan sovutim bor, men uni jang maydonida kiyib yuraman”, dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni keltirishni buyurdilar. Ali roziyallohu anhu chiqib, xijolatomuz holda uyga bordilar va sovutlarini olib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga qaytib keldilar. Sovutni U zotning oldilariga qo‘ydilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu – Fotimaning mahridir. U (Fotima) rozi bo‘ldi. Sen ham uni qabul qildingmi, ey Ali!” dedilar. Ali roziyallohu anhu: “Qabul qildim”, dedi. Shundan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Endi Fotima sening jufti halolingdir”, dedilar. So‘ngra Ali roziyallohu anhu Fotima roziyallohu anhoni olib uyga bordilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Aliga: “To‘y dasturxoni yoz”, deb buyurdilar. Ali roziyallohu anhu: “Mening hech vaqoim yo‘q, yo Rasululloh”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘minlar onalarining uylariga boringlar, biror yegulik so‘ranglar!”, dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning barcha ayollari uchun alohida-alohida xonalar qilingan edi. Agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning birida uxlamoqchi bo‘lib yotsalar, xona kichkina va torligidan U zotning boshlari xonaning ikkinchi tarafiga tegib qolar edi. Sahobai kiromlar Ummu Salama roziyallohu anhuning uylariga bordilar. U yerdan bir qancha non bo‘laklari topishdi. Oisha roziyallohu anho huzurlariga bordilar. Oisha onamiz: “Allohga qasamki, mening oldimda hech bir yegulik qolmagan”, dedilar. Zaynab onamizning huzurlariga borib, u yerdan zabib topdilar. Boshqa bir onamizning uylaridan sut topildi. Barcha yeguliklar to‘plangach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ularni mening oldimga olib kelinglar, baraka so‘rab duo qilaman”, dedilar. So‘ngra Ali va Fotimalarning taomlariga baraka so‘rab duo qildilar. Allohning izni bilan barcha odamlar to‘ydilar. Ali va Fotima roziyallohu anhumolar Allohning zikri ila yangi oilani barpo eta boshladilar.
Bu qissa haqida ortiqcha mulohaza bildirib o‘tirmaymiz. Buni o‘qigan barcha o‘ziga nima kerak ekanini xulosa qilib oladi.
Alloh taolo barchamizga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga muvofiq, chiroyli hayot kechirishimizni nasib etsin.
Jaloliddin Hamroqulov,
Toshkent islom instituti “Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri,
Toshkent shahar “Novza” jome masjidi imom-xatibi
Insoniyat sivilizatsiyasi tarixida ayrim davrlar borki, ular faqat muayyan xalq yoki mintaqaning emas, balki butun jahon taraqqiyotining yo‘nalishini belgilab bergan. Islom sivilizatsiyasining IX–XV asrlardagi yuksalish davri ana shunday tarixiy bosqichlardan biri hisoblanadi. Bu davrda ilm-fanning turli sohalari bir-biridan ajralmagan holda. o‘zaro uyg‘unlikda rivojlandi. Matematika astronomiya bilan, tibbiyot falsafa bilan, geografiya matematika bilan, tilshunoslik tarix bilan, diniy ilmlar esa mantiq va tafakkur madaniyati bilan muloqot qilgan. Bugun fanlararo tadqiqot, raqamli gumanitaristika, sun’iy intellekt va kompleks ilmiy yondashuvlar jahon ilm-fanining eng muhim yo‘nalishlariga aylangan bir paytda, o‘sha tarixiy tajriba yanada qiziqarli ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur uyg‘unlik tasodifiy emas edi. U Qur’oni karimda ilmga berilgan yuksak qadr, tafakkurga da’vat, insonni borliqni anglashga chorlovchi g‘oyalar bilan mustahkamlangan ilmiy dunyoqarash mahsuli edi. Shu sababli o‘sha davr olimlarini bugungi zamonaviy tushunchalardagi qat’iy «mutaxassisliklar» doirasiga joylashtirish qiyin.
Forobiy falsafa, mantiq, siyosat, axloq va musiqa nazariyasi bilan shug‘ullangan. Xorazmiy matematika va astronomiya sohalarida ishlagan. Beruniy astronomiya, geografiya, geodeziya, mineralogiya, tarix va etnografiyaga oid asarlar yaratgan. Ibn Sino tibbiyot bilan bir qatorda falsafa, mantiq va tabiiy fanlar haqida ham keng tadqiqotlar olib borgan. Ulug‘bek esa davlat boshqaruvi, ta’lim va astronomik tadqiqotlarni birlashtirgan ilmiy muhitni shakllantirgan. Bu misollarning umumiy jihati shundaki, bilim sohalari o‘rtasidagi chegaralar qat’iy bo‘lmagan.
Bugun «interdissiplinar tadqiqot» deb ataladigan yondashuvning ayrim tamoyillari aynan ana shu intellektual an’analar bilan hamohang.
Shuningdek, islom sivilizatsiyasining intellektual merosini faqat tabiiy va aniq fanlar bilan cheklash ham to‘g‘ri emas. Chunki diniy ilmlar sohasida ham manbalarni yig‘ish, tekshirish, tasniflash va baholashga qaratilgan murakkab ilmiy an’analar shakllangan.
Imom Buxoriyning hadis ilmidagi merosi bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Hadislarni saralashda roviylar haqidagi ma’lumotlar, rivoyat zanjiri va boshqa mezonlar o‘rganilgan. Imom Moturidiy esa aqidaviy masalalarni aql va naql uyg‘unligi asosida tahlil qilgan. Uning merosi islom intellektual an’anasida aqliy dalillash va diniy bilim o‘rtasidagi munosabat masalasida muhim o‘rin tutadi.
Shu jihatdan Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy yoki faqat ilmiy tarix sifatida emas, keng intellektual jarayon sifatida ko‘rish mumkin.
O‘zbekistonda ilgari surilayotgan Uchinchi Renessans g‘oyasi tarixiy ilmiy merosni zamonaviy taraqqiyot ehtiyojlari bilan bog‘lashga qaratilgan.
Bu yondashuvning markazida ilm-fan, ta’lim, innovatsiya, madaniyat va ma’naviyatni o‘zaro bog‘liq tizim sifatida rivojlantirish g‘oyasi turadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham ana shu konsepsiyaning muhim amaliy ifodalaridan biridir.
Markazning vazifasi faqat tarixiy eksponatlarni namoyish qilish bilan cheklanmaydi.
Uning konsepsiyasida islom sivilizatsiyasining ilm-fan, ta’lim, falsafa, san’at, me’morchilik va insonparvarlik sohalaridagi merosini kompleks ravishda o‘rganish va namoyish etish g‘oyasi mujassam.
Nafaqat muzey, balki intellektual platforma
Markazni an’anaviy muzey tushunchasi doirasidagina baholash uning konsepsiyasini to‘liq ifodalamaydi. Zamonaviy muzey faqat eksponat saqlaydigan joy emas. U tadqiqot, ta’lim, raqamlashtirish va xalqaro ilmiy muloqot markaziga aylanishi mumkin. O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi konsepsiyasida ham ana shu yondashuv muhim o‘rin tutadi.
Qadimiy qo‘lyozma — shunchaki tarixiy buyum emas. U til, tarix, matnshunoslik, kodikologiya, san’at, materialshunoslik va raqamli texnologiyalar nuqtayi nazaridan tadqiq qilinishi mumkin bo‘lgan murakkab manba. Arxeologik merosni o‘rganishda esa geoinformatsion tizimlar, raqamli modellashtirish, 3D texnologiyalar va boshqa zamonaviy usullardan foydalanish imkoniyatlari kengaymoqda. Shunday qilib, madaniy merosni o‘rganishning o‘zi fanlararo jarayonga aylanmoqda.
O‘tmishni sun’iy intellekt bilan bog‘lash
Texnologiyalar madaniy merosni o‘rganish usullarini ham o‘zgartirmoqda.
Qo‘lyozmalarni yuqori sifatda raqamlashtirish, matnlarni elektron bazalarga kiritish, sun’iy intellekt yordamida matnlarni tahlil qilish, 3D modellar yaratish va virtual muhitlarda tarixiy obyektlarni qayta tiklash imkoniyatlari ilmiy tadqiqotlar uchun yangi yo‘nalishlarni ochmoqda.
Bu yerda muhim nuqta bor. Texnologiya tarixning o‘rnini bosmaydi — u tarixni yangi avlod uchun tushunarli va tadqiqot uchun yanada ochiq qiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining konsepsiyasi ham o‘tmishdagi ilmiy merosni zamonaviy texnologiyalar bilan bog‘lashga qaratilgan.
Bu yondashuv tarixiy bilimni arxiv va kitoblar doirasidan chiqarib, xalqaro tadqiqotchilar, talabalar va keng jamoatchilik uchun ochiq intellektual resursga aylantirish imkonini beradi.
«Ma’rifat bilan jaholatga qarshi»
Islom sivilizatsiyasining ilmiy merosini o‘rganishning yana bir ahamiyati bor.
Global axborot makonida din, tarix va madaniyat haqida turli xil, ba’zan bir-biriga zid tasavvurlar yuzaga kelganda tarixiy merosni ilmiy asosda tushuntirish nafaqat madaniy, balki ma’rifiy ahamiyatga ham ega.
Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy marosimlar yoki siyosiy voqealar orqali emas, balki matematika, tibbiyot, astronomiya, falsafa, geografiya, me’morchilik va boshqa sohalardagi yutuqlar bilan birga o‘rganish uning murakkab va ko‘p qirrali tabiatini yaxshiroq anglash imkonini beradi.
Shu ma’noda ma’rifat tarixiy bilimni zamonaviy axborot muhitidagi noto‘g‘ri talqinlarga qarshi muhim vositaga aylantirishi mumkin.
O‘zbekistonning yangi xalqaro ilmiy platformasi
Islom sivilizatsiyasi bir mamlakat yoki bir xalqning merosi emas. U Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Janubiy Osiyo va boshqa hududlarni qamrab olgan keng tarixiy va intellektual makonni ifodalaydi. Shu sababli bu merosni o‘rganish ham xalqaro hamkorlikni talab qiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi oldidagi muhim vazifalardan biri ham turli mamlakatlarning olimlari, universitetlari, muzeylari va ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasida muloqotni kuchaytirishdan iborat.
Bu O‘zbekistonning o‘z tarixiy merosini dunyoga tanitish bilan birga, mamlakatni global gumanitar tadqiqotlarning faol ishtirokchisi sifatida namoyon etishiga xizmat qilishi mumkin.
Uchinchi Renessansning asosiy kuchi
Uchinchi Renessans haqida gap ketganda, masala faqat yangi binolar qurish yoki yangi muassasalar tashkil etishdan iborat emas. Asosiy savol boshqa: O‘zbekiston o‘zining boy ilmiy merosini zamonaviy bilim va innovatsiyalarga qanday aylantira oladi? Bu savolning javobi ilm-fan, ta’lim, texnologiya, madaniyat va inson kapitalining bir nuqtada birlashishini talab qiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ahamiyati ham shu nuqtada namoyon bo‘ladi. U tarixiy merosni saqlash bilan birga, uni tadqiq qilish, raqamlashtirish, xalqaro ilmiy muloqotga olib chiqish va yangi avlodga yetkazish uchun platformaga aylanishi ko‘zda tutilmoqda.
Shu ma’noda Markazni o‘tmishga bag‘ishlangan inshoot emas, kelajakka yo‘naltirilgan intellektual investitsiya sifatida baholash mumkin.
Chunki sivilizatsiyaning haqiqiy qiymati faqat uning o‘tmishda yaratgan merosi bilan emas, balki bu meros yangi avlod uchun qanday yangi bilim va g‘oyalarga aylanishi bilan ham o‘lchanadi.
Xorazmiyning hisoblash usullaridan bugungi algoritmlargacha, Beruniyning kompleks tadqiqotlaridan zamonaviy fanlararo loyihalargacha, Ulug‘bek rasadxonasidan raqamli astronomiyagacha bo‘lgan yo‘l bir haqiqatni ko‘rsatadi: ilm taraqqiyoti chegaralar emas, muloqot va hamkorlik orqali tezlashadi.
Ehtimol, Uchinchi Renessansning eng muhim vazifasi ham ana shunda — ajdodlar yaratgan bilimlarni shunchaki eslash emas, balki ulardan yangi bilimlar yaratish uchun foydalanish. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi esa ana shu g‘oya atrofida shakllanayotgan yangi intellektual muhitning muhim platformalaridan biridir.
Muallif: Abulfayz Sayidasqarov, iccu.uz
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati