Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Avgust, 2026   |   15 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:21
Quyosh
05:45
Peshin
12:24
Asr
17:06
Shom
19:07
Xufton
20:26
Bismillah
28 Avgust, 2026, 15 Rabi`ul avval, 1448

Baxtli oila qurish sabablaridan biri... (sovchilik masalasi)

09.12.2017   12271   11 min.
Baxtli oila qurish sabablaridan biri...  (sovchilik masalasi)

 

Yangi oila barpo qilishga ilk qadam sovchilikdan boshlanadi.  Sovchi – oila barpo qilishdek savobli va mas’uliyatli ishni amalga oshiruvchidir. Shu boisdan sovchilik mobaynida ikki taraf nimalarga e’tibor qilishi kerakligi borasida dinimiz ko‘rsatmalariga nazar solamiz.

Sovchilik – yosh yigitni yoki qizni nikohlash uchun bir xonadonga borish demakdir. Sovchilik faqat yigit tarafidan emas, balki qiz tarafdan ham bo‘lishi mumkin.

Sovchilikning bu ikki turi ham o‘z navbatida ikki qismga bo‘linadi:

nikohlanuvchining o‘zi sovchi bo‘lishi;

sovchilik uchun boshqa birovni vakil qilishi.

Bularning hammasini qo‘shib aytadigan bo‘lsak, sovchilik to‘rt turga bo‘linadi.

Birinchisi, yigitning o‘zi sovchi bo‘lishi. Bu holat sahobai kiromlar orasida ham, undan keyin ham ko‘p bo‘lgan. Xalqimizda bu turdagi sovchilik urf bo‘lmasa-da, ba’zi hollarda eshitib qolamiz. Bu turdagi sovchilikka misol qilib Ali karromallohu vajhahuning Fotima onamizga sovchi qo‘yganliklarini keltirishimiz mumkin.

Ikkinchisi, yigit sovchilik uchun biror kishini vakil qilishi. Bu turdagi sovchilik Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrida ham hozir ham sovchilikning eng ommabop turi bo‘lgani bois bunga ortiqcha izoh berishga hojat yo‘q. Biroq, shu o‘rinda bir jihatga e’tibor qaratishimiz lozim. Sovchilikning bu turiga oid ko‘plab rivoyatlar mavjud. Bu rivoyatlarning deyarli barchasida vakil bo‘lgan kishilar erkak kishi bo‘lgan. Shulardan Bilol roziyallohu anhuning o‘z ukasi nomidan, Umar roziyallohu anhuning farzandlari nomidan qilgan sovchiliklari mashhur. Ularning hech qaysisi mol-dunyo, kelin-kuyovning sarpolari haqida og‘iz ham ochmagan. Shu boisdan ham ayollar o‘rniga erkaklar sovchilik qilsa, yangi oila barpo qilishdek savobli ishga o‘zlari bosh bo‘lsa arzimas dunyo matolari deb ko‘plab oilalar buzilib ketmas edi. Mana shunday qat’iyat, yaxshi niyat, ixlos bilan qurilgan oilalardan Umar ibn Abdulazizdek odil insonlar, Imom Buxoriy, Imom Termiziydek zabardast olimlar dunyoga kelgan bo‘lar edi.

Uchinchisi, qiz yoki ayolning o‘zi sovchi bo‘lishi. Dinimizda sovchilikning bu turi ham mavjud. Biroq, ayollarning sha’nini ulug‘lash uchun bu sovchilik deb emas “taklif” deb yuritilgani hamda bizning urfimizda bu holat deyarli sodir bo‘lmagani uchun odamlar mumkin emas deb o‘ylab qolishgan. Bu turdagi sovchilikka misollar juda ko‘p. Xadicha onamiz nikohiga olishlari uchun o‘zlarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga taklif qilganliklari ham ayni haqiqat. Aslida, nikoh o‘z umrini birga o‘tkazish  uchun solih, odob-axloqli, xushfe’l va salohiyatli juft topish bilan bo‘ladi. Shu boisdan ham Xadicha onamiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdagi omonatdorlik, go‘zal odob-axloqni ko‘rgani uchun ayolligiga ham, yoshining kattaligiga ham qarab turmasdan o‘zlarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga taklif qildilar. Natijada, butun insoniyatning sayyida ayollaridan biriga aylandilar. Qiyomatgacha odamlar yaxshi nom bilan, muhabbat bilan, duolar bilan tilga oladigan insonga aylandilar.

To‘rtinchisi, qiz yoki ayol nomidan vakil kishining sovchi bo‘lishi. Sovchilikning bu turi ham juda mashhur. Alloh taoloning kalomi sharifida ham sovchilikning bu turi borasida quyidagicha oyat mavjud:

قَالَ إِنِّي أُرِيدُ أَنْ أُنْكِحَكَ إِحْدَى ابْنَتَيَّ هَاتَيْنِ عَلَى أَنْ تَأْجُرَنِي ثَمَانِيَ حِجَجٍ

(Shuayb alayhissalom) aytdi: “Menga sakkiz yil ishlab berishing badaliga men senga mana shu ikki qizimdan birini nikohlab bermoqchiman...” (Qasas surasi, 27-oyat).

Oyatda Shuayb alayhissalom Muso alayhissalomga o‘z qizlaridan birini taklif qilgani keltirilmoqda. Bunday turdagi sovchilik ham juda mashhur. Umar roziyallohu anhu va boshqa sahobalar, qolaversa, ko‘plab ulamolarimiz hayotida ham o‘z qizlari uchun sovchi bo‘lganini uchratishimiz mumkin.

Sovchilik qanday turlarga bo‘linishini bilib oldik. Endi mumkin bo‘lgan va mumkin bo‘lmagan holatlarini mulohaza qilib ko‘rsak.

Dinimizda biror bir kishining nikohi (yoki unashtiruv) ostida bo‘lmagan, musulmon yoki ahli kitob ayollarga sovchi qo‘yishga izn beriladi.

Quyidagi holatlarda esa ayollarga sovchi qo‘yib bo‘lmaydi:

1 Boshqa bir musulmonning ayoli bo‘lsa;

Alloh taolo O‘z kalomi sharifida shunday buyuradi:

“... Yana, erli xotinlar... (nikohi ham harom qilindi)...” (Niso surasi, 24-oyat).

  1. Boshqa birovga unashtirilgan bo‘lsa;

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmon kishi boshqa bir musulmon qo‘ygan sovchi ustiga sovchi qo‘yishdan qaytarganlar. Ikki sovchining bir vaqtda kelib qolishi sovchilik ustiga sovchi qo‘yish hisoblanmaydi.

  1. Taloq iddasida o‘tirgan ayolga;

Biroq, bunda bir jihatga e’tibor qaratish lozim. Agar ayol taloq iddasida emas, balki eri vafot etgani sababli idda o‘tirgan bo‘lsa, iddasi vaqtida erkak kishi unga uylanish istagi borligi haqida yaqin qarindoshlari orqali ishora qilib qo‘yishi mumkin.

  1. Mushrika ayolga;

Alloh taolo marhamat qiladi:

“Mushrika ayollarni, to iymon keltirmagunlaricha nikohingizga olmang...” (Baqara surasi, 221-oyat).

Ota-bobolarimiz muqaddas dinimiz buyruqlarini o‘z hayotiga dasturul-amal qilib olganlar. Buning isbotini hayotning turli sohalarida ko‘rishimiz mumkin. Xususan, nikoh borasida ota-bobolarimiz dindor va salohiyatli bo‘lishga e’tibor qaratganlar.

Har bir musulmon kishi o‘z hayot yo‘lida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va u zotning sahobai kiromlarini o‘rnak qilib oladi. Sovchilik borasida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday yo‘l tutgani barchamiz uchun ayni muddao.

Shu sababdan ham  Ali roziyallohu anhuning Fotima onamizga sovchi bo‘lgani voqeasini yana bir bor esga olamiz.

Musulmonlar tashvishlari ko‘payib ketganidan Fotima onamiz nikohi to‘g‘risida unutilayozdi. Shu boisdan sahobai kiromlarning ulug‘lari Fotima onamiz yoshlari o‘tib borayotganidan xavotirga tushdilar. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu, Umar roziyallohu anhu sovchi qo‘yib ko‘rdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rozi bo‘lmadilar. Sahobai kiromlar Ali roziyallohu anhuga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borib Fotima onamizni so‘rashini tavsiya qildilar. Ali roziyallohu anhu esa: “Abu Bakr va Umardek kishilarga bermadilar-ku, menga qanday qilib Fotimani berishlari mumkin”, dedilar. Sahobiylar: “Fotima uchun sendan ham munosibroq boshqa birovni ko‘rmayapmiz. Qolaversa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam seni juda yaxshi ko‘radilar, albatta, senga beradi”, dedilar. Qissani davomini Ali roziyallohu anhu quyidagicha davom ettiradilar:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Fotimaga uylanmoqchi ekanim haqida aytishni o‘ylab yurdim. Keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning uylariga borib, u zotning huzurlariga kirdim. Dilimdagi o‘ylab yurgan fikrlar haqida aytmoqchi bo‘lib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yuzlariga qaradim. Shunda u zotning salobatlari bosib, xijolatdan yuzlarim qizardi, tilimga biror kalima ham kelmay qoldi. Menda xijolat va uyatdan shunday o‘zgarish bo‘ldiki, bu faqatgina Allohga ayon. Jim turib qoldim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tabassum qildilar-da, shunday dedilar: “Hoy, Ali, go‘yoki Fotimani (nikohingga olmoqni) xohlayotganga o‘xshaysan-a?!”. Men: “Ha, ey Allohning  Rasuli”, dedim. U zot: “(Uylanish uchun) moling bormi?” dedilar”.

Holbuki, U zot sollallohu alayhi vasallam Ali roziyallohu anhuning biror narsasi yo‘qligini bilar edilar. Ali roziyallohu anhuning qo‘y junidan to‘qilgan bir kiyimi bo‘lib, kechasi o‘shaning ustida uxlar, kunduzi esa ustiga tashlab, o‘ranib yurar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yana bir bor: “Biror bir mablag‘ing bormi?!” dedilar. Ali roziyallohu anhu: “Hech qanday mol-davlatim yo‘q, ey, Allohning Rasuli”, dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “O‘ylab ko‘rchi!”  dedilar. Ali roziyallohu anhu: “Allohga qasamki, menda na dirham bor va na dinor. Hatto xurmo ham, don ham va yo zabib ham yo‘q”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Yaxshilab o‘ylab ko‘r! Hech qanday qurol-aslahang ham yo‘qmi?!” dedilar. Ali roziyallohu anhu: “Ikki dirhamga ham yetmaydigan sovutim bor, men uni jang maydonida kiyib yuraman”, dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni keltirishni buyurdilar. Ali roziyallohu anhu chiqib, xijolatomuz holda uyga bordilar va sovutlarini olib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga qaytib keldilar. Sovutni U zotning oldilariga qo‘ydilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu – Fotimaning mahridir. U (Fotima) rozi bo‘ldi. Sen ham uni qabul qildingmi, ey Ali!” dedilar. Ali roziyallohu anhu: “Qabul qildim”, dedi. Shundan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Endi Fotima sening jufti halolingdir”, dedilar. So‘ngra Ali roziyallohu anhu Fotima roziyallohu anhoni olib uyga bordilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Aliga: “To‘y dasturxoni yoz”, deb buyurdilar. Ali roziyallohu anhu: “Mening hech vaqoim yo‘q, yo Rasululloh”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘minlar onalarining uylariga boringlar, biror yegulik so‘ranglar!”, dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning barcha ayollari uchun alohida-alohida xonalar qilingan edi. Agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning birida uxlamoqchi bo‘lib yotsalar, xona kichkina va torligidan U zotning boshlari xonaning ikkinchi tarafiga tegib qolar edi. Sahobai kiromlar Ummu Salama roziyallohu anhuning uylariga bordilar. U yerdan bir qancha non bo‘laklari topishdi. Oisha roziyallohu anho huzurlariga bordilar. Oisha onamiz: “Allohga qasamki, mening oldimda hech bir yegulik qolmagan”, dedilar. Zaynab onamizning huzurlariga borib, u yerdan zabib topdilar. Boshqa bir onamizning uylaridan sut topildi. Barcha yeguliklar to‘plangach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ularni mening oldimga olib kelinglar, baraka so‘rab duo qilaman”,  dedilar. So‘ngra Ali va Fotimalarning taomlariga baraka so‘rab duo qildilar. Allohning izni bilan barcha odamlar to‘ydilar. Ali va Fotima roziyallohu anhumolar Allohning zikri ila yangi oilani barpo eta boshladilar.

Bu qissa haqida ortiqcha mulohaza bildirib o‘tirmaymiz. Buni o‘qigan barcha o‘ziga nima kerak ekanini xulosa qilib oladi.

Alloh taolo barchamizga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga muvofiq, chiroyli hayot kechirishimizni nasib etsin.

 

Jaloliddin Hamroqulov,

Toshkent islom instituti “Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri,

Toshkent shahar “Novza” jome masjidi imom-xatibi

Boshqa maqolalar
Maqolalar

NIMA BID’AT-U, NIMA SUNNAT? “BID’AT” TUSHUNCHASINING BUGUNGI KUNDAGI TALQINI

20.08.2026   29959   7 min.
NIMA BID’AT-U, NIMA SUNNAT? “BID’AT” TUSHUNCHASINING BUGUNGI KUNDAGI TALQINI

Hozirgi kunda “bid’at” so‘zini ko‘pchiligimiz tez-tez eshitamiz. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu so‘zni bilgan ham, bilmagan ham, tushungan ham, tushunmagan ham ishlatmoqda.

Alloma ibn Hajar Makkiy rahimahulloh o‘zining “Fathul Mubiyn” asarida bid’atning lug‘aviy ma’nosini quyidagicha keltirgan:

“Bid’at so‘zi lug‘atda – o‘xshashi bo‘lmagan, yangi narsani paydo qilish”, degan ma’noni beradi.

“Bahrul Layoliy sharhi Bad’ul Amoliy”da esa, bid’atning lug‘aviy ma’nosini: “Avval bo‘lmagan, o‘xshashi yo‘q narsani paydo qilish” deb keltirgan.

Shundan kelib chiqib, mazkur ulamolar bid’at xoh ibodatlarda, xoh odatlarda bo‘lsin, yaxshi yoki yomon bo‘lsin, Qur’on va sunnatda mavjud bo‘lmagan yangi paydo bo‘lgan narsa deb qaraganlar.

Ulamolar lug‘aviy bid’atni besh qismga bo‘lganlar.

Birinchisi: Vojib bid’at. Nahv ilmini o‘rganish bid’atning shu turiga kiradi. Chunki bu ilmni bilmasdan Qur’on va sunnatni bilib bo‘lmaydi. Bu ikki manbani o‘rganish vojib. Vojibni bajarishga xizmat qiladigan narsa ham vojib bo‘ladi.

Demak, Qur’on va sunnatni o‘rganish uchun nahvni o‘rganish vojib.

Ikkinchisi: Harom bo‘lgan bid’at. Mo‘tazila, jabariya va hozirgi salafiy hamda ahli sunnaga zid bo‘lgan turli firqa va oqimlarni ta’sis etish. Chunki bular ham Islomning ilk davrlarida bo‘lmay, keyinchalik turli maqsadlarda tashkil qilingan bo‘lib, asosan sof Islom aqidasini noto‘g‘ri talqin qilish, Islomga va musulmonlarga zarar berish bilan tanilgan. Shuning uchun bunday firqa va oqimlarga kirish harom hisoblanadi.

Uchinchisi: Mustahab bid’at. Masjidlarga minoralar qurish, ma’had va madrasalar barpo etish, Qur’on qiroatini eshitish va Nabiy sollallohu alayhi vasallamning siyratlarini o‘rganish uchun turli majlislar tashkil qilish mustahab bid’atlar sirasiga kiradi.

To‘rtinchisi: Makruh bid’at. Masjidlarga ziynat berish.

Beshinchisi: Muboh bid’at. Yeb-ichish, kiyim-kechak, maskan-manzillarda kengchilikka yo‘l qo‘yish. Ya’ni agar haloldan bo‘lsa, kishi o‘zi yashaydigan manzilini chiroyli ta’mirlasa, faxr va kibrdan xoli bo‘lib, qimmatbaho kiyim kiygan bo‘lsa va yemoq-ichmog‘ida kengchilikka yo‘l qo‘ysa, gunohkor bo‘lmaydi. Chunki shar’an bu paytda mazkur ishlar muboh sanaladi.

 

Bid’atning shar’iy-istilohiy ma’nolari

Bid’atning shar’iy – istilohiy ma’nolarini “Bahrul Laoliy sharhi Bad’ul Amoliy” asarining sohibi quyida uch qism qilib keltirganlar:

الزِّيَادَةُ وَالنُّقْصَانُ فِي الدِّينِ مِنْ غَيْرِ إِذْنِ الشَّارِعِ

1. “Shore’ning iznisiz dinda ziyoda va nuqsonga yo‘l ochish”.

جَعْلُ غَيْرِ الدِّينِ دِينًا أَوْ مَا يَكُونُ مُشَابِهًا بِالدِّينِ وَلَيْسَ مِنَ الدِّينِ

2. “Dindan bo‘lmagan narsani din deb bilish yoki dinga o‘xshash martabaga ko‘tarish”.

عَمَلٌ مُحْدَثٌ عَلَي نِيَّةِ الْعِبَادَةِ

3. “Dinda asli yo‘q bo‘lib, yangi paydo bo‘lgan narsani ibodat niyatida bajarish”.

Mazkur ta’riflarga asoslanib fuqaholar ikita fiqhiy qoidani joriy qilganlar.

الْأَصْلُ فِي الْأَشْيَاءِ هُوَ الْإِبَاحَةُ

1. “Narsalardagi asl qoida mubohlik va tozalikdir”. Ya’ni, aslida hamma narsa muboh va tozadir.

الْأَصْلُ فِي الْأَشْيَاءِ هُوَ الْحُرْمَةُ

2. “Narsalardagi asl qoida haromlik va nopoklikdir”.

Zohiran qaraganda bir-biriga zid bo‘lgan bu ikki qoidani tatbiqi shundayki, agar bir kishi dunyo ishlarini osonlashtirish, odamlarning og‘irini yengil va uzog‘ini yaqin qilish maqsadida biror narsa masalan mashina, telefon yoki turli foydali moslamalar o‘ylab topib ixtiro qilsa, “Narsalardagi asl qoida mubohlik va tozalikdir”, qoidasiga binoan bu yaxshi va maqtalgan ish hisoblanadi.

Ammo, ibodat niyatida dinda biror narsani joriy qilish, sunnat bo‘lmagan amalni sunnat deb e’tiqod qilish, “Narsalardagi asl qoida haromlik va nopoklikdir”, qoidasiga binoan bid’at va harom ish hisoblanadi.

Bid’atning turlari.

“Sahihi Buxoriy” kitobini sharhlagan Imom Qastaloniy rahimahulloh aytadilar: “Imom Bayhaqiy Imom Shofe’iydan naql qilib: “Kitobu sunnatga va ijmoga xilof bo‘lgan ishlar zalolatga chorlovchi bid’atdir. Ammo, kitobu sunnatga xilof bo‘lmagan yaxshi ishlar bid’at emas, balki “Muhdasotu mahmuda” ya’ni keyin paydo bo‘lgan maqtalgan ishlardir”, deganlar (Qastaloniy. J. 1. B. 302).

Jarir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda:

قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّي اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: مَنْ سَنَّ فِي الإسلام سُنَّةً حَسَنَةً فَعُمِلَ بِهَا بَعْدَهُ کُتِبَ لَهُ مِثْلُ أَجْرِ مَنْ عَمِلَ بِهَا وَلَا یُنْقَصُ مِنْ أُجُورِهِمْ شَيْءٌ وَمَنْ سَنَّ فِي الْإِسْلَامِ سُنَّةً سَیِّئَةً فَعُمِلَ بِهَا بَعْدَهُ کُتِبَ عَلَيْهِ مِثْلُ وِزْرِ مَنْ عَمِلَ بِهَا وَلَایُنْقَصُ مِنْ أَوْزَارِهِمْ شَيْءٌ.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim Islomda chiroyli yo‘lni joriy qilsa, bas u uchun uning ajri va undan keyin unga amal qilganlarning ham ajri bo‘ladi. Ularning ajrlaridan biror narsa kamaytirilmaydi” (Imom Muslim rivoyati).

Mana shu va boshqa dalillarga tayanib, ulamolarimiz bid’atni ikki qismga bo‘lganlar: bid’ati hasana (yaxshi bid’at) va bid’ati sayyia (yomon bid’at).

Hofiz ibn Hajar rahimahulloh: “Shariatning asliga xilof bo‘lmay, shu bilan birga foydali va xayrli amallar bid’ati hasanadir. Shar’iy asosga ega bo‘lmagan amal yoki e’tiqodni joriy qilish bid’ati sayyia deyiladi”, deganlar. (“Fathul Boriy” kitobi, J. 4. B. 253).

Bid’ati hasana – bunga hazrati Umar roziyallohu anhuning ishlarini misol qilish mumkin. Sunnat amal bo‘lgan tarovih namozini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jamoat bilan o‘qimas edilar. Hazrati Umar esa xalifalik davrida mazkur namozni imomga iqtido qilib, jamoat bilan o‘qishni joriy qildi va: “Qanday yaxshi bid’at bo‘ldi”, dedi.

Shunga binoan diniy ilmlar o‘rgatish uchun alohida madrasalar qurish, kitoblar chop etish, masjidlarga gilam solish, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni go‘zal siyratlarini targ‘ib qilish uchun mavlid o‘qish singari din asoslariga zid bo‘lmagan amallar bid’ati hasana bo‘ladi. Unga amal qilish joiz va u zalolatga boshlamaydi.

Bid’ati sayyia esa, shar’iy asosga ega bo‘lmagan biror amal yoki e’tiqodni joriy etishdir. Bunday bid’at ayni zalolat bo‘lib, u shariatimizda rad etilgan. Quyidagi hadisi sharif ham shunga dalolat qiladi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar:

مَنْ أَحْدَثَ فِي أَمْرِنَا هَذَا مَا لَيْسَ مِنْهُ فَهُوَ رَدٌّ

“Kim bizning bu dinimizda unda bo‘lmagan yangi narsani kiritsa, rad qilinadi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Demak, hadisda ko‘zlangan maqsad dinning asosiy manbalari bo‘lmish Kitob, sunnat va ijmoga xilof bo‘lgan ishlarni paydo qilish bo‘lsa, bas, u rad qilingandir. Ammo dunyoviy hayotning ravnaqiga xizmat qiladigan, insonlarga manfaat beradigan ishlarni paydo qilish, garchi Kitobu sunnatda asosi mavjud bo‘lmasa-da, zinhor bid’at deyilmaydi.

 

O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

MAQOLA