بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram azizlar! Bugun O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25 yillik tantanasi kunidir. Yurtimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng xalqimiz qo‘lga kiritgan eng katta yutuqlaridan biri inson huquq va erkinliklarini ta’minlovchi hujjat bo‘lmish Bosh qomusimizning qabul qilinishi bo‘ldi.
Har bir davlatning shakllanishida Konstitutsiyaning o‘rni beqiyosdir. Bosh Qomusimiz millatimiz ruhiga, hayot tarzi va urf-odatlariga mos bo‘lgan imon-e’tiqod, insof, diyonat, mehr-oqibat, or-nomus, hayo kabi eng ezgu fazilatlarni o‘z ichiga olgan. Konstitutsiya milliy davlatchiligimizning ramzi sifatida insonning qadr-qimmatini ulug‘lash, uning huquqiy qonuniy manfaatlari daxlsizligini ta’minlashga xizmat qiladi. Bosh qomusimizda bayon etilgan tamoyillar har bir inson o‘zini chinakam baxtiyor xis etishi, osuda va farovon hayot kechirishiga qaratilgan. Binobarin, Alloh taolo inson naslini ulug‘ladi, unga behisob ne’matlar, yaxshiliklar ato etdi. Boshqa maxluqotlarga bermagan fazilatlarni aynan odamga xosladi.
Mamlakatimizda istiqomat qiluvchi turli din vakillari, jumladan yurtimiz musulmonlari asosiy Qomusimizda belgilab qo‘yilgan huquq va erkinliklardan keng foydalanmoqdalar. Xususan, ushbu hujjatda vijdon, e’tiqod erkinligi kafolatlab berildi.
Islom ta’limotiga ko‘ra, din insonni o‘z xohishi bilan e’tiqod qiladigan ilohiy ko‘rsatmalar majmuidir. Islom biror insonni dinga zo‘rlab kiritishga, o‘z e’tiqodini boshqalarning xohish-irodasiga qarshi o‘laroq tiqishtirishga yo‘l qo‘ymaydi.
Alloh taolo insoniyatni yaratgan ekan, ularni emin-erkin, o‘zaro ahil va inoqlikda yer yuzini obod qilib yashashga buyurgan. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
إِنَّ اللَّهَ يَأْمُرُ بِالْعَدْلِ وَالْإِحْسَانِ وَإِيتَاءِ ذِي الْقُرْبَى وَيَنْهَى عَنِ الْفَحْشَاءِ وَالْمُنْكَرِ وَالْبَغْيِ يَعِظُكُمْ لَعَلَّكُمْ تَذَكَّرُونَ
(سورة النحل/90)
ya’ni: “Albatta, Alloh adolatga, ezgu ishlarga va qarindoshga yaxshilik qilishga buyuradi hamda buzuqchilik, yovuz ishlar va zulmdan qaytaradi. Eslatma olursiz, deb (U) sizlarga (doimo) nasihat qilur” (Nahl surasi, 90-oyat).
Jamiyatdagi insonlarning o‘zaro bir-birlaridagi haq-huquq va majburiyatlarini astoydil ado etib, joriy bo‘lgan ma’lum qonun-qoidalarga rioya qilib yashashlari ijtimoiy adolatning qaror topishida muhim o‘rin tutadi. Islom dinida jamiyatdagi har bir kishining haq-huquq va majburiyatlari uning millati va e’tiqodidan qat’iy nazar aniq va ravshan belgilab berilgan.
Mamlakatimizda 16 ta diniy konfessiya rasmiy ro‘yxatdan o‘tib faoliyat ko‘rsatmoqda. 130 dan ziyod millat va elat vakillari o‘zaro ahil va tinch yashab kelmoqdalar. Turli din va millat vakillari o‘rtasidagi hamkorlik va do‘stona munosabatlarni ta’minlash, ularning yurt taraqqiyoti yo‘lida bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishlariga erishish eng avvalo O‘zbekistonda olib borilayotgan oqilona siyosatning natijasidir.
Eng avvalo, har bir shaxs yashash huquqiga ega ekanligi Qur’oni karimning ko‘plab oyatlarida bayon etilgan, Jumladan:
وَلَا تَقْتُلُوا النَّفْسَ الَّتِي حَرَّمَ اللَّهُ إِلَّا بِالْحَقِّ
(سورة الأنعام/151)
ya’ni: “Alloh taqiqlagan jonni nohaq qatl qilmangiz!” (An’om surasi, 151-oyat). Demak, hech kimsa boshqa kimsaning hayotiga tajovuz qilishi va uning yashash huquqidan nohaq mahrum qilishi mumkin emas.
Dunyoda sodir bo‘layotgan voqealar zamirida turli dinlar o‘rtasida murosasizlik, adovat va nafratni yoyish, shu orqali tinch yurtlarni beqaror makonlarga aylantirishga harakat qilish maqsadi yotibdi. Biz esa mamlakatimizda yashaydigan barcha millat va din vakillari bilan bag‘rikenglikda hayot kechirmoqligimiz lozim bo‘ladi.
Darhaqiqat, Alloh taolo insoniyatni avvalda hur qilib yaratgan. Keyinchalik, insoniyat turli hil omillar sababli quldorlik davrini ham boshidan o‘tkazdi. Islom dini kelib, qullarni ozod qilishga keng targ‘ib etdi. Aksincha, hur odamni qullikka solishni eng og‘ir gunohlardan sanadi. Quyidagi hadisda shu ma’no ifodalangan:
عَن أَبِي هُرَيرَةَ رَضِيَ الله عَنهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ الله صَلَّى الله عَلَيهِ وَسَلَّمَ: "ثَلَاثَةٌ أَنَا خَصمُهُمْ يَومَ القِيَامَةِ رَجُلٌ أَعْطَى بِي ثُمَّ غَدَرَ، وَرَجُلٌ بَاعَ حُرًّا فَأَكَلَ ثَمَنَهُ، وَرَجُلٌ اسْتَأْجَرَ أَجِيرًا فَاسْتَوْفَى مِنْهُ وَلَمْ يُعْطِه أَجْرَهُ"
(رواه الإمام البخاري)
ya’ni: Abu Hurayra r.a.dan rivoyat qilinadi, Rasululloh s.a.v. dedilar: “Qiyomat kuni men uch toifa kishi bilan xusumatlashaman: men bilan va’da berib, so‘ngra xiyonat qilgan, hur kishini sotib pulini yegan, ijarachi yollab undan to‘la-to‘kis foydalanib bo‘lgach, haqqini bermagan kishi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Shuningdek, ta’lim olish, mehnat qilish, davolanish, e’tiqod qilish, mulkka egalik huquqlari ham dinimizda hamma uchun birdek kafolatlangandir. Bosh qomusimizda ham aynan mana shu huquqlar alohida moddalar bilan kafolatlab qo‘yilgan.
Muhtaram azizlar! Dinimizda shuningdek, jamiyatdagi har bir kishining zimmasida o‘zi yashab turgan jamiyatga nisbatan, undagi har bir shaxsga nisbatan va vataniga nisbatan burch va majburiyatlari bor ekanligi ham bayon etilgan. Qur’oni karimda shunday deyilgan:
وَاعْبُدُوا اللَّهَ وَلَا تُشْرِكُوا بِهِ شَيْئًا وَبِالْوَالِدَيْنِ إِحْسَانًا وَبِذِي الْقُرْبَى وَالْيَتَامَى وَالْمَسَاكِينِ وَالْجَارِ ذِي الْقُرْبَى وَالْجَارِ الْجُنُبِ وَالصَّاحِبِ بِالْجَنْبِ وَابْنِ السَّبِيلِ وَمَا مَلَكَتْ أَيْمَانُكُمْ إِنَّ اللَّهَ لَا يُحِبُّ مَنْ كَانَ مُخْتَالًا فَخُورًا
(سورة النساء/39)
ya’ni: “Allohga ibodat qilingiz va Unga hech narsani sherik qilmangiz! Ota-onalarga esa yaxshilik qilingiz! Shuningdek, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar, qarindosh qo‘shni-yu begona qo‘shni, yoningizdagi hamrohingiz, yo‘lovchi (musofir)ga va qo‘l ostingizdagi (qaram)larga ham (yaxshilik qiling)! Albatta, Alloh kibrli va maqtanchoq kishilarni sevmaydi” (Niso surasi, 39-oyat).
Shuningdek, kishining oilasi oldidagi majburiyati, o‘zi yashab turgan davlatining rahbariga itoat etish majburiyati, vatanini himoya qilish majburiyati, boshqa din va millat vakillari oldidagi majburiyatlari ham borki, Alloh taolo dinimizda bularni bayon qilib bergan. Payg‘ambarimiz s.a.v. hadislarining birida shunday dedilar:
عن أبي هريرة رضي الله عنه أنّ رسول الله عليه الصلاة والسلام قال: "لا تَحَاسَدُوا، وَ لَا تَنَاجَشُوا، وَ لَا تَبَاغَضُوا، وَلَا تَدَابَرُوا، وَ لَا يَبِعْ بَعْضُكُمْ عَلَى بَيْعِ بَعْضٍ وَ كُونُوا عِبَادَ اللَّهِ أخْوَانًا، الْمُسْلِمُ أَخُو الْمُسْلِمِ، لَا يَظْلِمُهُ، وَ لَا يَخْذُلُهُ، وَ لَا يَحْقِرُهُ، التَّقْوَى هَاهُنَا، - وَ يُشِيرُ إِلَى صَدْرِهِ ثَلَاثَ مَرَّاتٍ - بِحَسْبِ امْرِئٍ مِنْ الشَّرِّ، أَنْ يَحْقِرَ أَخَاهُ الْمُسْلِمَ، كُلُّ الْمُسْلِمِ عَلَى الْمُسْلِمِ حَرَامٌ؛ دَمُهُ، وَ مَالُهُ، وَ عِرْضُهُ"
(رواه الامام مسلم)
ya’ni: Abu Hurayra r.a.dan rivoyat qilinadi, Rasululloh s.a.v. dedilar: “Bir-biringizga hasad qilmanglar, molning narxini yolg‘ondan ko‘tarmanglar, bir-biringizga bug‘zu-adovat qilmanglar, bir-biringizdan yuzingizni burmanglar, hech biringiz boshqaning savdosi ustiga savdo qilmasin, Allohning birodar bandalari bo‘linglar. Musulmon musulmonning birodaridir, unga zulm qilmaydi, uni yordamsiz tashlab qo‘ymaydi, uni tahqirlamaydi. Taqvo manabu joydadir, deb uch marta ko‘kraklariga ishora qilib aytdilar. Kishining musulmon birodarini tahqirlashi uning yomonligiga kifoya qiladi. Har bir musulmonga musulmonning qoni, moli va obro‘yi haromdir” (Imom Muslim rivoyati).
Shuningdek, boshqa bir hadisda:
عن أبي هريرة رضي الله عنه، قال: قال رسول الله صلي الله عليه وسلم: "مَنْ أَطَاعَنيِ فَقَدْ أَطَاعَ اللهَ وَ مَنْ عَصَانيِ فَقَدْ عَصَى اللهَ، وَ مَنْ يُطِعِ الأَمِيرَ فَقَدْ أَطَاعَنيِ وَ مَنْ يَعْصِ الأَمِيرَ فَقَدْ عَصَانيِ"
(رواه الامام البخاري).
ya’ni: Abu Hurayra r.a.dan rivoyat qilinadi, Rasululloh s.a.v. dedilar: “Kim menga itoat etsa demak, Allohga itoat etibdi va kim menga osiy bo‘lsa demak, Allohga osiy bo‘libdi. Kim rahbariga itoat etsa demak, menga itoat etibdi va kim rahbariga osiy bo‘lsa demak, menga osiy bo‘libdi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Yuqoridagi oyat va hadislarning mazmunidan ma’lum bo‘ladiki, kishilik jamiyatida qonunlarning ahamiyati juda ham katta. Darhaqiqat, adolatli qonunlar xalq farovonligi hamda dunyo va oxirat obodligining asosidir.
Muhtaram azizlar! Yurtimiz mo‘min-musulmonlari uchun 2017 yil mobaynida Hukumatimiz tomonidan islom dini ta’limotlarini chuqur va ilmiy o‘rganish va xalqimizga ayniqsa yoshlarga yetkazish maqsadida qator Qaror va Farmonlar chiqarildi. Masalan:
- 2017 yilning fevral oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori.
- 27 martdagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori.
- aprel oyida “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi Farmoni doirasida 73 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari Prezident tomonidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan Haj ziyoratiga yuborildi.
- 2017 yil 23 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida O‘zbekistondagi Islom madaniyati markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori;
- iyul oyida “Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ‘ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori;
- Samarqandda – Imom Buxoriy hadisshunoslik maktabi, Imom Moturidiy kalom ilmi maktabi;
- Farg‘onada viloyati Marg‘ilonda Fiqh maktabi;
- Buxoroda – Bahouddin Naqshband tasavvuf maktabi;
- Qashqadaryoda – Abul Mu’in an-Nasafiy Aqida ilmi maktablari tashkil etilgani va boshqa bir qancha o‘zgarishlarni misol qilish mumkin.
Yuqoridagi Qaror va Farmonlar yurtimizda kafolatlangan vijdon va e’tiqod erkinligining amaliy ifodasi deyish mumkin.
Alloh taolo xalqimiz hayotini bundan ham farovon aylasin! Yurtimizni turli xildagi samoviy va aroziy ofatu balolardan hifzu himoyasida saqlab, barchamizni O‘zi rozi bo‘ladigan amallar bilan yashab o‘tmog‘imizga muyassar qilsin! Omin!
Muhtaram imom-domla! O‘MI tomonidan chiqarilgan “Haj haqida Fatvo”ni jamoatga yana bir bor o‘qib eshittirishingiz so‘raladi.
“Yangi O‘zbekiston” gazetasining shu yil 27 avgust kungi 175-sonida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR hazratlarining “Qadr-qimmatimiz ulug‘lanayotgan yurt” nomli maqolasi chop etildi.
Ezgulik, bag‘rikenglik markaziga aylanayotgan mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada erishilayotgan tarixiy yutuqlar e’tirofiga bag‘ishlangan qiyosiy-tahliliy maqolaning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin:
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Butun xalqimiz tomonidan katta shodiyona qilinayotgan, o‘z taqdirini shu aziz Vatan taqdiri bilan bog‘lagan qirq millionga yaqin yurtdoshimiz qalbini cheksiz faxr-iftixor tuyg‘ulariga to‘ldirayotgan mustaqillik bayrami – istiqlolimizning 35 yillik ayyomi bilan barchani chin qalbimdan muborakbod etaman.
Alloh taologa behisob shukrki, mamlakatimizda so‘nggi yillardagi jadal va keng ko‘lamli islohotlar qatorida e’tiqod erkinligini ta’minlash hamda mo‘min-musulmonlar emin-erkin toat-ibodat qilishi uchun yaratilayotgan sharoitlar yangi bosqichga ko‘tarildi.
Bunyodkorlik va ma’naviy tiklanish solnomasi
So‘nggi o‘n yillik solnomasiga qaraydigan bo‘lsak, yurtimizning har bir hududida ulkan bunyodkorlik ishlariga guvoh bo‘lamiz. Ularning eng mahobatlilari, shubhasiz, poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasidir.
Bundan 9 yil oldin Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish haqida maxsus qaror qabul qilinib, amaliy ishlar boshlangan edi. Nihoyat joriy yilda qadimdan Toshkentning ma’naviy markazi bo‘lib kelgan Hazrati Imom majmuasi yonida milliy ruh va zamonaviy sharoitlarga ega muhtasham inshoot barpo etildi. Markazning asosiy zali, ta’bir joiz bo‘lsa, qalbi, hech shubhasiz, muqaddas Qur’on zalidir. Bu yerda dunyodagi eng qadimiy Hazrati Usmon Mus'hafi yuksak maqomiga yarasha munosib o‘rin topdi.
Bu maskanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ham yangi qarorgohiga ega bo‘ldi. Prezidentimizning oq fotihasi bilan biz ham shu yerda faoliyatimizni davom ettiryapmiz.
Imom Buxoriy majmuasi qurilishi 2019 yilda boshlangan edi. Qariyb 45 gektar maydonni qamrab olgan hududda ulkan maqbara, 10 ming kishilik masjid, innovatsion muzey, kutubxona, mehmonxonalar va boshqa zarur infratuzilma inshootlari barpo etildi.
Shu muazzam majmua foydalanishga topshirilayotganida xayolimga bir fikr keldi. Bilasiz, Imom Buxoriy bobomiz ilm talab qilish yo‘lida qancha mashaqqatlar chekib dunyo kezdilar. Buyuk muhaddis bo‘lib Vatanimizga qaytib keldilar. Lekin unga hozirgidek e’tibor, ehtirom, e’zoz ko‘rsatilmagandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini yuksak darajada qadrlash va targ‘ib etishga yangi bosqichda keng imkoniyatlar yaratildi. Hozir butun islom olami, barcha musulmonlar shu majmuaga talpinmoqda.
Shuningdek, Farg‘onadagi Burhoniddin Marg‘inoniy yangi majmuasi, Namangandagi Sulton Uvays Qaraniy ziyoratgohi, Andijon bosh masjidi, Surxondaryodagi termiziylar maqbaralari, Qashqadaryodagi Abu Muin Nasafiy ziyoratgohi, Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi, Nukusdagi Imom Eshon Muhammad, Urganchdagi Oxun bobo masjidlari, Toshkentdagi Suzuk ota, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf masjid-majmualari, Toshkent viloyatidagi Zangiota ziyoratgohini ham sanab o‘tish mumkin.
Yurtimizning shaharu qishloqlarida, eng chekka hududlarida 130 taga yaqin yangi masjid ochildi. 500 dan ziyod jome butunlay qaytadan bunyod etildi. 3 ta oliy va 1 ta o‘rta maxsus madrasa tashkil etildi. Jumladan, 500 yillik tarixga ega Mir Arab oliy madrasasining tarixiy maqomi tiklandi va uni dunyoga mashhur al-Azhar majmuasi darajasiga yetkazish ishlari davom etmoqda.
Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Surxondaryoda Imom Termiziy nomidagi islom instituti, shuningdek, Imom Termiziy nomidagi o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi faoliyat boshladi. Toshkent islom institutida magistratura tashkil qilinib, bu yil ilk bitiruvchilar sohaning nufuzli idoralarida mehnat faoliyatiga kirishdi.
Qur’oni karim va tajvid o‘quv kurslari soni 30 dan oshdi. Mashg‘ulotlarni 100 mingdan ziyod tinglovchi yakunlab, Allohning kalomini o‘qish baxtiga erishdi. Bundan tashqari, internet orqali onlayn qiroat saboqlari yo‘lga qo‘yildi.
Diniy idoramiz huzurida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Fatvo markazi tashkil etildi. Bu yerda diniy ulamolarimiz har yili yurtdoshlarimizning 300 mingdan ortiq savoliga javob berib kelmoqda. E’tiborlisi, ishlash yo o‘qish maqsadida chet davlatda bo‘lib turgan vatandoshlarimizning savollariga mobil ilova va ijtimoiy tarmoqlar orqali ham javob berish imkoniyati yaratilgan.
Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband nomidagi 4 ta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ta’sis etilib, nodir ilmiy-ma’rifiy asarlar tadqiq qilinmoqda.
Ziyorat va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash
Haj va umra safarlariga keng yo‘l berildi. Haj kvotasi 3 baravar, ya’ni 5 mingdan 15 mingga ko‘paygan bo‘lsa, umraga qo‘yilgan kvota cheklovlari olib tashlandi. Natijada har yili 1 millionga yaqin hamyurtimiz Allohning baytini ziyorat qilishga muvaffaq bo‘lmoqda.
Bu yildan boshlab Prezident hojilari dasturi joriy etilib, el-yurtimizga sidqidildan xizmat qilgan 100 nafar yurtdoshimiz haj safariga imtiyozli borib keldi.
Ramazon oyi, ikki hayit bayrami haqiqiy ma’noda katta ayyomga aylandi. Bu muborak sanalarni Prezident qarori bilan keng nishonlash dunyo mamlakatlari tajribasida yo‘q. Ayniqsa, joriy yilgi ayyomlarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilgan ulkan voqeliklarni alohida ta’kidlash kerak: Ramazon oyida 1 trillion 100 million so‘m, Qurbon hayitida 700 milliard so‘m mablag‘ xayriya ishlariga yo‘naltirildi.
Diniy soha xodimlariga bugungidek e’tibor, ijtimoiy, moddiy qo‘llab-quvvatlash ilgari kuzatilmagan edi. Ayniqsa, 15 ulamoning Imom Buxoriy ordeni bilan mukofotlanishi tarixiy voqea bo‘ldi.
Imom-xatiblarimiz xorijiy tajriba almashish va malaka oshirish uchun chet davlatlarga bormoqda. Xususan, AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Yevropa mamlakatlari, Saudiya Arabistoni, Misr, BAA, Turkiya, Janubiy Koreya singari davlatlarda malaka oshirish kurslari, Qur’oni karim xatmlari, diniy-ma’rifiy suhbatlarda ishtirok etmoqda. Albatta, bunday yuksak ehtirom va keng imkoniyatlar qalblarimizda cheksiz shukronalik tuyg‘usini uyg‘otadi. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda shukr qiluvchilarga ne’matlarini yanada ziyoda etishni va’da qilib, bunday marhamat qiladi:
“Va Robbingiz sizga: “Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman. Agar kufr keltirsangiz, albatta, azobim shiddatlidir”, deb bildirganini eslang” (Ibrohim surasi, 7-oyat).
Ushbu ilohiy va’daga muvofiq, tinch va farovon kunlarimizning qadriga yetish, yurtimizda amalga oshirilayotgan xayrli va ezgu ishlarga shukronalik keltirish ne’matlarning bardavom va yanada ziyoda bo‘lishiga sababdir. Zotan, shukr faqat tilda emas, balki mehr-oqibat, saxovat va ezgu amallarda namoyon bo‘lishi bilan o‘z ma’nosini topadi.
Buyuk saodatning ifodasi
Mamlakatimizdagi ochiqlik siyosati natijasida O‘zbekiston musulmonlari idorasining islom olami bilan aloqalari rivojlanmoqda. Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik mustahkamlandi. Turkiy davlatlar muftiylari kengashi, Abu Dabi tinchlik forumi, Xalqaro musulmon ulamolari kengashi, Musulmon donishmandlar kengashi, Islomiy fiqh akademiyasi, Islom olami uyushmasi, Podshoh Salmon nomidagi Hadisi sharif akademiyasi va Xalqaro islom fiqhi akademiyasi kabi nufuzli tashkilotlar shular jumlasidan.
Yaqinda mamlakatimizda I xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi o‘tkazildi. U butun dunyo e’tiborini yana bir bor O‘zbekistonga qaratdi. Forum doirasida ko‘plab nufuzli olimlar, ulamolar yurtimizga tashrif buyurib, amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarning shohidi bo‘ldi.
Yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk mutafakkir allomalarning hayoti va ilmiy merosini o‘rganish yuzasidan 600 dan ortiq kitob, monografiya, risola, roman nashr qilindi.
Umuman olganda, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan xalqparvar siyosat aholining turmush sifatini yanada oshirish, ilgari adashgan yo‘lidan qaytib, sog‘lom hayot kechirish yo‘lini tanlagan shaxslarni afv etish kabi savobli ishlarda namoyon bo‘layotir.
Bularning bari Alloh taoloning inoyati bilan erishilgan istiqlol sharofatidandir. Tiklangan ma’naviy qadriyatlar, keng ochilgan e’tiqod imkoniyatlari yangi O‘zbekistonda inson qadri naqadar yuksak darajaga ko‘tarilganining yorqin misolidir. Bu ishlar ma’rifat, bag‘rikenglik va ezgulik tamoyillari atrofida birlashgan xalqimizning kelajakka ishonchini yanada mustahkamlaydi.
Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z ta’limotlarida inson uchun eng ulug‘ saodat tinchlik-osoyishtalik, tansihatlik va xotirjamlik ekanini alohida ta’kidlaganlar:
“Sizlardan kim ahli-oilasi tinch, tani sog‘ va bir kunlik yeguligi bor holda tong ottirsa, go‘yoki unga butun dunyo to‘laligicha berilibdi” (Imom Termiziy rivoyati).
Bugun yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va emin-erkinlik mana shunday ulug‘ saodatning amaliy ifodasidir.
Alloh taolo jonajon Vatanimiz istiqlolini abadiy, tinchligimizni barqaror aylasin! Yurtimiz rivoji va xalqimiz farovonligi yo‘lida sidqidildan xizmat qilayotgan Prezidentimiz va barcha mutasaddilarga kuch-g‘ayrat, mustahkam sog‘liq va ulkan zafarlar yor bo‘lsin. El-yurtimiz ahil-inoqligi, xonadonlarimizning qut-barakasi hech qachon arimasin!
Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi