Alloh taolo Nabiy sollallohu alayhi vasallamga umrlari davomida ko‘plab sinovlarni yubordi. Xulqlari Qur’on bilan sifatlangan Nabiyimiz Alloh taloning ushbu oyatiga amal qilib yashadilar: «Bas, (ey muhammad) siz ham matonatli payg‘ambarlar sabr qilganlaridek sabr qiling va (tushadigan azobni) qistamang (Ahqof surasi, 35-oyat).
Nabiyimiz alayhissalomning umrlari davomida ko‘rgan sinovlarining eng og‘iri bu “Toif” voqeasi edi. Urva ibn Zubayr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Abu Tolib vafot etganidn so‘ng, Payg‘ambarimiz alayhissalomga o‘z qavmlari tomonidan bo‘lgan aziyatlar yanada ko‘paydi. Makka mushriklariga qarshi turishda yordam berishar degan umidda, Zayd ibn Horisa roziyallohu anhu bilan birgalikda Toifdagi “Saqif” qabilasi tomon otlandilar. U yerda Nabiyimiz alayhissalomni “Saqif” qabilasidagilar tan olmadilar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni masxara qildilar va u zotning yo‘llariga ikki qator bo‘lib turib, toshlar ota boshladilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Zayd ibn Horisa roziyallohu anhuni himoya qilishlariga qaramay u zotning oyoqlaridan qon oqardi, shu holda toifliklarning uzumzorlari tomon bordilar. Nabiyimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam u yerda mahzun bo‘lgancha Alloh taologa duo qildilar. Shunda ham toifliklarning ziddiga emas balki, Alloh taolodan bu sinovga yanada sabrlarini ziyoda qilishini so‘rab duo qildilar.
Allohim bizlarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga haqiyqiy, muhabbatli ummat bo‘lishimizni nasib ayla.
Oybek MA’RUPOV
Ko‘kaldosh islom o‘rta maxsus bilim yurti talabasi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Alloh taolo aytadi: «Kufr keltirganlarga, to Allohning va’dasi kelgunicha, qilmishlari sababli mudom larzaga soluvchi musibatlar yetar yoki ularning diyorlari yaqiniga tushib turar. Albatta, Alloh va’daga xilof qilmas» (Ra’d surasi, 31 - oyat).
Sharh: «Kufr keltirganlarga, to Allohning va’dasi kelgunicha, qilmishlari sababli mudom larzaga soluvchi musibatlar yetar...».
Ya’ni, Allohning va’dasi - qiyomat kelguncha ularning es-hushini joyiga keltiruvchi musibatlar boshlariga tushib turadi. Bu musibatlar ularning qilgan ishlari tufayli tushadi.
«...yoki ularning diyorlari yaqiniga tushib turar».
Yoki o‘sha mazkur es-hushni joyiga keltiruvchi musibatlar dunyoning boshqa joylariga tushadi. O‘sha kofir va osiy bandalar yashayotgan diyorlarga yaqin joylarga tushadi. Toki ular o‘sha musibatlarni ko‘rib, va’z-nasihat olib, o‘zlariga kelsinlar va iymon keltirsinlar.
«Tafsiri Hilol» kitobidan