Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Iyul, 2026   |   2 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:23
Quyosh
04:58
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:58
Xufton
21:31
Bismillah
16 Iyul, 2026, 2 Safar, 1448

Salavotning vaqti, joyi va tartibi

30.11.2017   58319   9 min.
Salavotning vaqti, joyi va tartibi

Savol: Salavot  qachon va qanday aytiladi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Alhamdulillahi Robbil ’alamiyn! Vassolatu vassalamu ’ala ashrofil mursaliyn!

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot aytishga Alloh subhanahu va taolo amr qilgan. Bu haqda Ahzob surasining 56-oyatida quyidagicha marhamat qilingan:  

 إِنَّ اللَّهَ وَمَلائِكَتَهُ يُصَلُّونَ عَلَى النَّبِيِّ يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا صَلُّوا عَلَيْهِ وَسَلِّمُوا تَسْلِيمًا

 «Albatta, Alloh va Uning farishtalari Payg‘ambarga salavot ayturlar. Ey iymon keltirganlar! Siz ham unga salavot ayting va salom yuboring».

Allohning amri bandalar uchun farz-vojib hisoblanadi. Shuning uchun ham ulamolarimiz har bir kishi umri davomida bir marta Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot aytishi farzdir, deydilar.

Shofe’iy mazhabida namozning so‘ngida (tashahhudda) salavot aytmoqlik vojib amal hisoblanadi. Imom Shofe’iy rahmatullohi alayhi: «Tashahhudda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot aytilmasa, namoz namoz bo‘lmaydi» deganlar. Hanafiy mazhabida esa, bu amal sunnat hisoblanadi.

Namozdan tashqarida barcha vaqtlarda salavot aytish mustahabdir. Lekin Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ismlari, kunyalari [1] (Abul Qosim) yoki Rasululloh, Payg‘ambarimiz, Nabiy kabi lafzlar bilan u zot alayhissalom zikr qilinsalar, salavot aytish lozim bo‘ladi. Bir majlisda ismlari bir necha marta tilga olinsa, boshida bir marta salovot aytmoqlik vojibdir, qolganlari esa sunnat. Ba’zi ulamolar har safar salavot aytmoq vojib deganlar. Salavot aytish «Solallohu alayhi vasallam», «alayhissalom» yoki boshqa lafzlar bilan bo‘ladi.

«Sollallohu  alayhi  vasallam»   degani «Unga Allohning salavoti va salomi bo‘lsin!» deganidir.

Arab tilida «Salavot» so‘zi «salot»ning ja’mi bo‘lib, «duo» ma’nosini anglatadi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahmatullohi alayhi «Salot» Alloh taolo tomonidan bo‘lganda «duo» ma’nosini yo‘qotadi. Alloh taoloning Payg‘ambarimiz solallohu alayhi va sallamga salavot aytishi u zot solallohu alayhi va sallamga O‘z rahmatini yuborishi, ulug‘lashi, maqomlarini ko‘tarishi va farishtalar huzurida sha’nlariga maqtovlar aytishini anglatadi, deganlar.

Siyrat ilmi bo‘yicha mutaxassis bo‘lgan Abdul Azim Ziyouddin domla «Siz Payg‘ambarni ko‘rganmisiz?» degan kitobida quyidagilarni keltiradi: Alloh taolo Payg‘ambarimiz alayhissalomga salavot aytishi haqida ulamolarimiz bir qancha ta’rif berganlar. O‘sha ta’riflarning  eng  yaxshisi  va keng qamrovlisi  ulug‘  tobe’in  Abul  Oliya  aytgan mazkur ta’rifdir: «Sollallohu  alayhi  vasallam» degani «Alloh O‘z  Payg‘ambarini farishtalari huzurida maqtasin va salom yuborsin», deganidir. Alloh taoloning Payg‘ambarimizga aytadigan salavotini «Uning  rahmatidir» deb, tafsir qilish zaifdir. Zero, Allohning rahmati har bir mo‘minga bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ham ulamolarimiz: «Falonchiga  Allohning  rahmati  bo‘lsin»,  deyishning  joiz  ekaniga  ittifoq qilgan. Ammo «falonchiga Allohning salavoti bo‘lsin», deyish haqida ixtilof qilgan. Bu esa salavot boshqa, rahmat boshqa narsa ekanini bildiradi.

Rasululloh solallohu alayhi vasallamning ismlari zikr qilinganda salavotni ichda aytish joiz. Lekin ovoz chiqarib aytgan afzaldir. Albatta, so‘zlovchi Rasululloh solallohu alayhi vasallamning muborak ismlarini odamlarga eshtiladigan qilib zikr qilsa, ularga eshitiladigan tarzda salavot aytadi. O‘zi eshitadigan darajada zikr qilsa, salavot ham shunday aytiladi.

Ulamolar barcha anbiyolarga salavot aytish joizligini ta’kidlaganlar. Bir Payg‘ambarning ismi zikr qilinganda «alayhissalom» (Unga salom bo‘lsin) deyilsa, bir necha payg‘ambarlarning ismlarini ketma-ket zikr qilib, alayhumussalom (Ularga salom bo‘lsin) deyish ham mumkin.

Shu o‘rinda bir eslatma: Muhammad, Ibrohim, Iso va boshqa payg‘ambarlarning ismlari ila ismlangan oddiy insonlarning ismi tilga olinganda salom va salavotlar aytilmaydi. Chunki bu ismni aytish bilan payg‘ambar alayhumussalomlar emas oddiy insonlar qasd qilingan bo‘ladi. Shuningdek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ismlari zikr qilingan oyatlarni namozda o‘qilganda ham salavot aytilmaydi, soqit bo‘ladi.

Payg‘ambarimiz alayhissalomning muborak ismlari Madaniy suralardan bo‘lmish 5 ta surada zikr qilingan:

  • Oli Imron surasi, 114-oyat.
  • Ahzob surasi, 40-oyat.
  • Muhammad surasi, 2-oyat.
  • Fath surasi, 29-oyat.
  • Sof surasi, 6-oyat.

Yuqoridagilarning dastlabki to‘rttasida Muhammad ismlari zikr qilingan bo‘lsa, beshinchisida Ahmad ismlari zikr qilingan.

Rasululloh solallohu alayhi vasallamga salavot aytishning foydasi va samaralari:

  • Allohning amriga bo‘ysunish.
  • Alloh taoloning salavotiga muvofiq ish qilish.
  • Farishtalarning salavotiga muvofiq ish qilish.
  • Bir salavot uchun Allohdan o‘n salavot olish.
  • Bir salavot uchun o‘n daraja ko‘tarilish.
  • Bir salavot uchun o‘n hasana[2]yozilishi.
  • Bir salavot uchun o‘n gunohning o‘chirilishi.
  • Duoning qabul bo‘lishi.
  • Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning shafoatlariga musharraf bo‘lish.
  • Gunohlarning mag‘firat[3]qilishinishi.
  • G‘am-g‘ussadan forig‘ bo‘lish.
  • Qiyomat kuni Nabiy sollallohu alayhi vasallamga yaqin bo‘lish.
  • Salavot kambag‘al uchun sadaqa o‘rniga o‘tishi.
  • Hojatlarning ravo bo‘lishi.
  • Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga salavot aytgan odamga Alloh taolo va Uning maloikalari salavot aytadilar.
  • Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga salavot aytuvchi poklanadi.
  • Salavot aytish bandaga jannatning bashoratini beradi.
  • Qiyomat kunining dahshatlaridan najot beradi.
  • Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam salavot aytuvchiga javob beradilar.
  • Bandaga unutgan narsasini eslatadi.
  • Majlisni poklashga sabab bo‘ladi.
  • Salavot faqirlikni ketkazadi.
  • Salavot bandadan baxillik sifatini ketkazadi.
  • Salavot duoi baddan qutilishga sabab bo‘ladi.
  • Salavot o‘z egasini jannat yo‘liga eltadi.
  • U o‘z egasini majlis noxushligidan saqlaydi.
  • Hamdu sano bilan boshlangan duoni tamomlaydi.
  • Bandaning sirotdagi nurini to‘liq qiladi.
  • Banda u bilan jafodan chiqadi.
  • Salavot barakaga sabab bo‘ladi.
  • U bandani Alloh taoloning rahmatiga erishtiradi.
  • Salavot Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbatning bardavomligi sababchisidir.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot aytiladigan hol va joylar:

  • Namozning birinchi tashahhudida[4].
  • Namozning oxirgi tashahhudida.
  • Janoza namozining ikkinchi takbiridan keyin.
  • Iyd, juma namozlari xutbasida va boshqa xutbalarda.
  • Muazzinning azoniga javob berayotganda.
  • Iqomaga javob berayotganda.
  • Duo paytida.
  • Masjidga kirayotganda va chiqayotganda.
  • Safo va Marvada.
  • Odamlar to‘plangan va tarqalganda.
  • Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning muborak ismlari zikr qilinganda.
  • Labbayka tamomlanganda.
  • Hajarul Asvadni istilom – qo‘l bilan ushlab yoki uzoqdan ishora qilib o‘pganda.
  • Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qabrlari yonida.
  • Bozorga yoki biror joyga chiqqanda.
  • Kechasidagi uyqudan turganda.
  • Qur’oni Karimni xatm qilgandan keyin.
  • Juma kuni.
  • Majlisdan turganda.
  • Masjidlarni ko‘rganda va ularning oldidan o‘tganda.
  • G‘am-g‘ussa bosganda.
  • Boshiga mushkul ish tushganda.
  • Mag‘firat so‘ralganda.
  • Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning nomlari yozilganda.
  • Odamlarga ilm yetkazilganda.
  • Nahorning avvali va oxirida.
  • Gunohdan keyin kafforot istalganda.
  • Faqirlik va hojatmandlikka tushganda yoki ularning xavfi bo‘lganda.
  • Sovchilik qilinganda.
  • Aksa urganda.
  • Tahorat qilib bo‘lganda.
  • Manzilga kirayotganda.
  • Allohning zikriga jamlangan joylarda.
  • Unutgan narsasini eslamoqchi bo‘lganda.
  • Hojatmandlik oriz bo‘lganda.
  • Quloq shang‘illaganda.
  • Namozlardan keyin.
  • So‘yish boshlanganda.
  • Sadaqaga moli yo‘q odam salavot aytsa, sadaqa bo‘ladi.
  • Uyqudan oldin.
  • Ahamiyatli gapni boshlashdan oldin.
  • Iyd namozi jarayonida.
  • Tayammum va g‘usldan keyin.
  • Tong otgandan va kun botgandan keyin.
  • Tonggi namozga turganda.
  • Tahajjud namozini o‘qib bo‘lganda.
  • Maktub yozganda va boshqalarda.

G‘iyosiddin Muhammad Yusuf tayyorladi

 

[1] Kunya deb otaga farzandining ismiga «Abu» qo‘shib aytilishi, «Abu Falonchi» degani «Falonchining otasi» degani. Onaga farzandining ismiga «Ummu» qo‘shib aytilishi. «Ummu Falonchi» degani «Falonchining onasi» degani. Kunya faqat bosh farzandning ismi bilan bo‘lishi shart emas, shuningdek, o‘zini farzandi yo‘q kishi yaqin kishisiining bolasi bilan ham kunyalanishi mumkin. Oisha onamiz jiyanlarining ismi bilan «Ummu Abdulloh» deb kunyalanganlar.

[2] Hasana – yaxshilik.

[3] Mag‘firat avfdan ko‘ra ancha yuqori narsadir. Mag‘firat qilish gunohdan kechib savob berish bo‘lgani uchun ham faqat Allohga xos hisoblanadi.

[4] «At-tahiyyatu»dagi «Assalamu alayka ayyuhan nabiyyu...»  jumlasi.

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

TIVda Indoneziya, Malayziya va Singapurdan O‘zbekistonga ko‘proq sayyohlarni jalb qilish masalalari muhokama qilindi

15.07.2026   11917   1 min.
TIVda Indoneziya, Malayziya va Singapurdan O‘zbekistonga ko‘proq sayyohlarni jalb qilish masalalari muhokama qilindi

13 iyul kuni Tashqi ishlar vazirligida davlatimiz rahbarining 2021 yil 9 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 9 yanvardagi “Umra plyus” ziyorat turizmi dasturini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida Indoneziya, Malayziya va Singapurdan mamlakatimizga tashrif buyurayotgan sayyohlar oqimini kengaytirishga qaratilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

TIV ma’lumotiga ko‘ra, gibrid formatda tashkil etilgan ushbu yig‘ilishda O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Buxoro, Samarqand viloyatlari va Toshkent shahri hokimliklari, “Uzbekistan Airways” AJ, “Uzbekistan Airports” AJ, mahalliy aviatashuvchi kompaniyalar, “Uzbekistan–Malaysia–Indonesia Travel Association”, “Umra ziyoratlari sayyohlik agentliklari assotsiatsiyasi”, shuningdek, turistik kompaniyalarning 40 nafarga yaqin vakillari ishtirok etishdi.

Yig‘ilishda Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlaridan O‘zbekistonga sayyohlar oqimini oshirish yo‘lidagi transport-logistika, xizmat ko‘rsatish va targ‘ibot masalalari atroflicha muhokama qilindi. Xususan, Malayziyadan qatnovlarni ko‘paytirish hamda Indoneziya va Singapurdan to‘g‘ridan to‘g‘ri aviareyslarni yo‘lga qo‘yish, “Umra+” dasturi doirasida ziyorat turizmi bo‘yicha targ‘ibot ishlarini jadallashtirish, xorijiy ziyoratchilar uchun infratuzilmani xalqaro halol standartlariga moslashtirish va sayyohlik kompaniyalar bilan ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarni muvofiqlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Tadbir “muammo-taklif-yechim” formatidagi ochiq muloqot ko‘rinishida bo‘lib o‘tdi va unda tomonlar sohadagi muammo hamda mavjud imkoniyatlar yuzasidan konstruktiv fikr almashishdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari