Savol: Salavot qachon va qanday aytiladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alhamdulillahi Robbil ’alamiyn! Vassolatu vassalamu ’ala ashrofil mursaliyn!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot aytishga Alloh subhanahu va taolo amr qilgan. Bu haqda Ahzob surasining 56-oyatida quyidagicha marhamat qilingan:
إِنَّ اللَّهَ وَمَلائِكَتَهُ يُصَلُّونَ عَلَى النَّبِيِّ يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا صَلُّوا عَلَيْهِ وَسَلِّمُوا تَسْلِيمًا
«Albatta, Alloh va Uning farishtalari Payg‘ambarga salavot ayturlar. Ey iymon keltirganlar! Siz ham unga salavot ayting va salom yuboring».
Allohning amri bandalar uchun farz-vojib hisoblanadi. Shuning uchun ham ulamolarimiz har bir kishi umri davomida bir marta Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot aytishi farzdir, deydilar.
Shofe’iy mazhabida namozning so‘ngida (tashahhudda) salavot aytmoqlik vojib amal hisoblanadi. Imom Shofe’iy rahmatullohi alayhi: «Tashahhudda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot aytilmasa, namoz namoz bo‘lmaydi» deganlar. Hanafiy mazhabida esa, bu amal sunnat hisoblanadi.
Namozdan tashqarida barcha vaqtlarda salavot aytish mustahabdir. Lekin Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ismlari, kunyalari [1] (Abul Qosim) yoki Rasululloh, Payg‘ambarimiz, Nabiy kabi lafzlar bilan u zot alayhissalom zikr qilinsalar, salavot aytish lozim bo‘ladi. Bir majlisda ismlari bir necha marta tilga olinsa, boshida bir marta salovot aytmoqlik vojibdir, qolganlari esa sunnat. Ba’zi ulamolar har safar salavot aytmoq vojib deganlar. Salavot aytish «Solallohu alayhi vasallam», «alayhissalom» yoki boshqa lafzlar bilan bo‘ladi.
«Sollallohu alayhi vasallam» degani «Unga Allohning salavoti va salomi bo‘lsin!» deganidir.
Arab tilida «Salavot» so‘zi «salot»ning ja’mi bo‘lib, «duo» ma’nosini anglatadi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahmatullohi alayhi «Salot» Alloh taolo tomonidan bo‘lganda «duo» ma’nosini yo‘qotadi. Alloh taoloning Payg‘ambarimiz solallohu alayhi va sallamga salavot aytishi u zot solallohu alayhi va sallamga O‘z rahmatini yuborishi, ulug‘lashi, maqomlarini ko‘tarishi va farishtalar huzurida sha’nlariga maqtovlar aytishini anglatadi, deganlar.
Siyrat ilmi bo‘yicha mutaxassis bo‘lgan Abdul Azim Ziyouddin domla «Siz Payg‘ambarni ko‘rganmisiz?» degan kitobida quyidagilarni keltiradi: Alloh taolo Payg‘ambarimiz alayhissalomga salavot aytishi haqida ulamolarimiz bir qancha ta’rif berganlar. O‘sha ta’riflarning eng yaxshisi va keng qamrovlisi ulug‘ tobe’in Abul Oliya aytgan mazkur ta’rifdir: «Sollallohu alayhi vasallam» degani «Alloh O‘z Payg‘ambarini farishtalari huzurida maqtasin va salom yuborsin», deganidir. Alloh taoloning Payg‘ambarimizga aytadigan salavotini «Uning rahmatidir» deb, tafsir qilish zaifdir. Zero, Allohning rahmati har bir mo‘minga bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ham ulamolarimiz: «Falonchiga Allohning rahmati bo‘lsin», deyishning joiz ekaniga ittifoq qilgan. Ammo «falonchiga Allohning salavoti bo‘lsin», deyish haqida ixtilof qilgan. Bu esa salavot boshqa, rahmat boshqa narsa ekanini bildiradi.
Rasululloh solallohu alayhi vasallamning ismlari zikr qilinganda salavotni ichda aytish joiz. Lekin ovoz chiqarib aytgan afzaldir. Albatta, so‘zlovchi Rasululloh solallohu alayhi vasallamning muborak ismlarini odamlarga eshtiladigan qilib zikr qilsa, ularga eshitiladigan tarzda salavot aytadi. O‘zi eshitadigan darajada zikr qilsa, salavot ham shunday aytiladi.
Ulamolar barcha anbiyolarga salavot aytish joizligini ta’kidlaganlar. Bir Payg‘ambarning ismi zikr qilinganda «alayhissalom» (Unga salom bo‘lsin) deyilsa, bir necha payg‘ambarlarning ismlarini ketma-ket zikr qilib, alayhumussalom (Ularga salom bo‘lsin) deyish ham mumkin.
Shu o‘rinda bir eslatma: Muhammad, Ibrohim, Iso va boshqa payg‘ambarlarning ismlari ila ismlangan oddiy insonlarning ismi tilga olinganda salom va salavotlar aytilmaydi. Chunki bu ismni aytish bilan payg‘ambar alayhumussalomlar emas oddiy insonlar qasd qilingan bo‘ladi. Shuningdek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ismlari zikr qilingan oyatlarni namozda o‘qilganda ham salavot aytilmaydi, soqit bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz alayhissalomning muborak ismlari Madaniy suralardan bo‘lmish 5 ta surada zikr qilingan:
Yuqoridagilarning dastlabki to‘rttasida Muhammad ismlari zikr qilingan bo‘lsa, beshinchisida Ahmad ismlari zikr qilingan.
Rasululloh solallohu alayhi vasallamga salavot aytishning foydasi va samaralari:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot aytiladigan hol va joylar:
G‘iyosiddin Muhammad Yusuf tayyorladi
[1] Kunya deb otaga farzandining ismiga «Abu» qo‘shib aytilishi, «Abu Falonchi» degani «Falonchining otasi» degani. Onaga farzandining ismiga «Ummu» qo‘shib aytilishi. «Ummu Falonchi» degani «Falonchining onasi» degani. Kunya faqat bosh farzandning ismi bilan bo‘lishi shart emas, shuningdek, o‘zini farzandi yo‘q kishi yaqin kishisiining bolasi bilan ham kunyalanishi mumkin. Oisha onamiz jiyanlarining ismi bilan «Ummu Abdulloh» deb kunyalanganlar.
[2] Hasana – yaxshilik.
[3] Mag‘firat avfdan ko‘ra ancha yuqori narsadir. Mag‘firat qilish gunohdan kechib savob berish bo‘lgani uchun ham faqat Allohga xos hisoblanadi.
[4] «At-tahiyyatu»dagi «Assalamu alayka ayyuhan nabiyyu...» jumlasi.
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati