Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Avgust, 2026   |   30 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:01
Quyosh
05:30
Peshin
12:28
Asr
17:22
Shom
19:29
Xufton
20:56
Bismillah
13 Avgust, 2026, 30 Safar, 1448

Ummatning eng zo‘r qorisi – Ubay ibn Ka’b (r.a.)

30.11.2017   13894   5 min.
Ummatning eng zo‘r qorisi – Ubay ibn Ka’b (r.a.)

Ubay ibn Ka’b  roziyallohu anhu ulug‘ sahobiy bo‘lish bilan birga ummatning eng eng sara qorilaridan ham edilar. Qur’oni karimni  Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan o‘rganib, uni o‘qishga qattiq bel bog‘lagandi.

Ibn Abbos, Abu Hurayra, Abdulloh ibn Soib, Abdulloh ibn Ayyosh ibn Robia’, Abu Abdurahmon Sulamiy kabi ulug‘ sahobiylar va ulug‘ tobeinlardan ko‘plari u zotdan Qur’oni karimni o‘rgangan.

Suvayd ibn G‘ofala, Abdurahmon ibn Abzo, Abu Muhallab, Abu A’liya Riyohiy, Zirr ibn Hubaysh, Utayya Sa’diylar esa Ubay ibn Ka’bdan hadis rivoyat qilgan.

Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qatnashgan barcha g‘azotlarda hozir bo‘lgan.

Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu haqida bir nechta hadislar rivoyat qilingan. Ulardan ba’zilarini quyida zikr qilamiz.

Abu Said roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu ummatning eng rahm-shafqatlisi Abu Bakr (bo‘lsa), eng qorisi Ubay ibn Ka’bdir”, dedilar”.

Uning darajasi Alloh subhanahu va taolo nazdida ham ulug‘ bo‘lgan. Bunga quyidagi hadis dalolat qiladi.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhuga:

– Alloh taolo menga sen uchun Qur’on o‘qib berishimni buyurdi, – dedilar.

Shunda Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu:

Alloh taolo sizga meni nomimni zikr qildimi? – deb so‘radi.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

– Ha, – deb javob berdilar.

Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu:

– Olamlarning Rabbisining huzurida zikr qilindimmi? – dedi.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

– Ha, – deb javob berdilar. Shu choq Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhuning ko‘zlari yoshga to‘ldi (Muttafaqun alayh).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga qur’oniy ta’limni imtihon shaklida berib qo‘yardilar. Buni o‘zlaridan rivoyat qilingan quyidagi hadisda ko‘rishimiz mumkin.

Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey Abu Munzir, sening nazdingda Alloh taoloning kitobidagi eng ulug‘ oyat qaysi?” dedilar. “Alloh va Rasuli biluvchiroq”, deb aytdim. Yana so‘radilar: “Ey Abu Munzir, sening nazdingda Alloh taoloning kitobidagi eng ulug‘ oyat qaysi?” deb so‘radilar.

(Bu safar) «Oyat al kursi”, deb javob berdim. Shunda mamnunlik ila yelkamga qoqib: “Ey Abu Munzir, Alloh senga ilmni oson qilsin”, dedilar» (Muslim rivoyati).

Abu Munzir – Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhuning kunyalari bo‘lgan.

Ubay ibn Ka’bning sahobiylar ichida ham hurmatlari baland bo‘lgan.

Ibn Abu Malik bunday deydi:

“Ibn Abbos roziyallohu anhuning: “Qozilikka eng haqli kishimiz – Ali, Qur’onni eng ko‘p biluvchimiz – Ubaydir” ,  deganini eshitganman”.

Nabiy sollollohu alayhi vasallam:  

“Qur’onni to‘rt kishidan o‘rganinglar: Abdulloh ibn Mas’uddan, Abu Huzayfaning mavlusi Solimdan, Muoz ibn Jabaldan va Ubay ibn Ka’bdan», dedilar.

Yuqoridagi hadislar shu kunimizgacha yetib kelgan qorilar silsilasining eng ulug‘ qorilaridan biri bo‘lmish Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhuning darajalari naqadar yuksak ekanini  ko‘rsatib turibdi. Hattoki Ibn Abbos roziyallohu anhudek mufassir sahobiy ham Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhudan ta’lim olgan ekan. Bu esa Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhuning qorilar sultoni ekaniga dalolat qiladi.

Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhuning vafoti to‘g‘risida ulamolar o‘rtasida ixtiloflar bor. Ularning eng sahihi Abu Nuaymning gapidir. U zot: “Ubay ibn Ka’b Usmon roziyallohu anhuning xalifalik yillarida hijriy 30-yilda o‘lgan”, deydi va bu gapiga Zirr ibn Habiysh Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu bilan Usmon roziyallohu anhuning halifalik davrida uchrashganini dalil qilib keltiradi. 

Ubay ibn Ka’bdan boshqa qori sahobiylar ham ko‘p bo‘lgan.Ularning barchasi Qur’oni karimni yodlash bilan bir qatorda Qur’onga qanday amal qilish kerakligini ham ko‘rsatib bergan. Bugungi kunda biz musulmonlarning vazifamiz bu muborak zotlarning umr yo‘llarini o‘rganish va baholi qudrat o‘z hayotimizga tatbiq qilishdir. Zeroki, ular o‘z hayoti bilan haqiqiy islom qanday bo‘lishini kelajak ummatlarga ko‘rsatib, o‘rgatib ketgan muallim zotlardir.

Alloh taolo hammamizni sahoba roziyallohu anhumlardek Qur’onga muhabbatli, Qur’onga amal qiladigan solih bandalardan qilsin!

Xushvaqtov Abdulhay,

Ko‘kaldosh o‘rta maxsus islom bilim yurti

3-kurs talabasi  

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Banklar va mikromoliya tashkilotlari o‘z faoliyatini islomiy bank faoliyatiga o‘zgartirishi mumkin

11.08.2026   22775   2 min.
Banklar va mikromoliya tashkilotlari o‘z faoliyatini islomiy bank faoliyatiga o‘zgartirishi mumkin

Adliya vazirligi Mikromoliya tashkiloti va bank faoliyatini o‘zgartirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi (ro‘yxat raqami 3656-1, 01.08.2026 y.), xabar bermoqda huquqiyaxborot Telegram kanali.

Mazkur idoraviy hujjat "O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida" 2026 yil 27 martdagi O‘RQ–1126-son Qonunga muvofiq ayrim kredit tashkilotlari faoliyatini o‘zgartirishning quyidagi tartib-taomillarini belgilaydi:

  • mikromoliya tashkilotini faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya bankiga o‘zgartirish;
  • faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya bankini faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi bankka o‘zgartirish;
  • faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi bankni faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya bankiga o‘zgartirish;
  • faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya bankini mikromoliya tashkilotiga o‘zgartirish;
  • bankni faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi bankka o‘zgartirish.

Shuningdek, o‘z faoliyatini faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi bankka o‘zgartirishga faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya banki haqli.

Mikromoliya bankini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va bank faoliyatiga doir tegishli litsenziya (litsenziyalar) olish uchun nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mikromoliya banki binolarida shaharsozlik normalari va qoidalarida belgilangan talablarga muvofiq qulay shart-sharoitlar yaratilganligi bo‘yicha Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining xulosasi mavjud bo‘lishi kerak.

Tashabbus Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan bo‘lib, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish iqtisodiyotga depozitlar va to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar ko‘rinishida taxminan 1 milliard dollar jalb qilishi mumkin. Mutaxassislarning prognozlariga ko‘ra, 2035 yilga borib O‘zbekiston ushbu tizim ishga tushirilgandan beri dunyoda islom moliyasining eng tez o‘sishini namoyish etadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari