Axborot oqimi mayin shabadadek, esib turgan pallalarda mana bunday muloyim xabarlar eshitardik va ko‘nglimiz chog‘ bo‘lib, ularning ta’sirida bir necha kun to‘lqinlanib, ezgu ishlarga chog‘lanib yurar edik: bu ayol necha yil xasta yotgan qaynonasining xizmatini qilib, uning duosini olgan. Shuning uchun ham tuproq ushlasa oltin bo‘lyapti; falonchi bobo o‘g‘lining buyragi kasalligini eshitib, unga o‘zining bitta buyragini bergan. Allohning marhamatini qarangki, ota-bola soppa-sog‘, bir-biriga qo‘ldosh bo‘lib yashab yuribdi; anavi kelinchakka tug‘ruqxonada do‘xtirlar yo sizni, yo bolani saqlab qola olamiz deyishganda, bolani saqlab qoling, deya o‘zining jonidan kechib do‘xtirlarga yolvorgan ekan. Hali o‘zi ko‘rmagan chaqalog‘i uchun hech ikkilanmay yosh jonidan kechgan kelinchakka do‘xtirlar ham qoyil qolibdi. Ana bolasi ham soppa-sog‘, o‘zi ham salomat – Allohning oldida ham, bandaning oldida ham yuzi yorug‘.
Axborot oqimi dovulga aylangach, bir-biridan qo‘rqinchli xabarlar eshitib, nima balo yer o‘z o‘qidan chiqib ketdimi yoki bular oxirgi zamon alomatlarimikan, deya xavotirga tusha boshladik: Farg‘onada kelin qaynonasi urib o‘ldirib qo‘ydi, Surxondaryoda ota o‘g‘lini pichoqlab o‘ldirdi, Toshkentda Singapur instituti talabasi bolasini hojatxonaga tashlab ketdi.
Bunday noxushliklar qayerda, qaysi millat orasida bo‘lyapti deng; qotillik nima, vahshiylik nima bilmagan, faqat va faqat yaxshilikni, ezgulikni sog‘inib kelgan, ko‘tarilgan qo‘llari birovning qulog‘idan cho‘zib qo‘yishga emas, xayrli duolar uchun ochilgan, bandaga ozor yetkazmoq nimaligini tushida ham ko‘rmagan O‘zbekistonda, o‘zbek xalqi orasida yuz beryapti.
Xalqimizda shu vaqtga qadar biror kelin bexosdan qaynonasiga balandroq ovozda gapirib qo‘ysa, u odobsiz kelin sifatida muhokama qilinar va o‘zi qilgan ishidan uyalib qolganidan xiyla vaqt vaqt ko‘cha-ko‘yga ham chiqolmay, elga aralasha olmay qolar edi.
Bolasi dunyoga kelganda sevinib, do‘stlariga suyunchi oshlari qilib bermagan, farzandiga tumov tegsa, tunlari bilan mijja qoqmay boshida o‘tirib chiqmagan, o‘g‘li harbiy xizmatga borganda, oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirganda bundan sevinmagan, faxrlanmagan ota bormi! Axir farzand otaning jismining bir parchasi emasmi?.. farosati bor odam o‘zining tanasiga tig‘ tekkizishga rozi bo‘ladimi?
Qiz bolaning nomusidan boshqa nimasi bor? Shuning uchun ham ayol zoti umr bo‘yi nomusini himoya qilib yashaydi. Nomusini boy bergan kuni hamma narsasidan mosuvo bo‘ladi. O‘lganning ustiga tepgandek, o‘rtada farzand paydo bo‘ladi. Benomus ayolning insoniylik xislatlaridan ham mahrum bo‘lishi shunda namoyon bo‘ladiki, iffatli ayol farzandi uchun jon fido qilsa, benomus iffatsizligini yashirish uchun o‘z farzandini qurbon qiladi.
Bunday noxushliklarning oldini olishga butun jamiyat birlashib harakat qilmasak, bu kabi xabarlar ko‘payib boraversa, odamlarning diydasi qotib o‘rganib qoladi. Bora-bora qotilliklaru yovuzliklar ko‘z oldida sodir bo‘lsa ham befarqlarcha tomosha qilib turaveradi. Vaholanki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Bir kimsa bir qavm orasiga kirib, osiyliklar sodir etsa-yu, ular uni qaytarishga qodir bo‘la turib qaytarmasalar, Alloh ularga o‘limlaridan oldin o‘sha kimsa tufayli azob yuboradi”, deganlar (Abu Dovud rivoyati).
Muhtaram Prezidentimiz 15 noyabrda o‘zi bosh bo‘lib o‘tkazgan videselektor yig‘ilishida ham aynan shu – befarqlikdan, loyqaydlikdan qochib faol va hushyor insonlar bo‘lishimiz zarurligini ta’kidladi. Zotan, musulmonning kishi befarq bo‘lishi mumkin emasligi shariatimizda ham ko‘p va xo‘b aytilgan.
Yuqorida misol tariqasida aytib o‘tilgan uchta qotillik diniy va milliy qadriyatlarimizdan uzoqlashib ketgan oilalarda yuz bergan. Bunga hammaning aqli yetib turibdi. Yana aqlimizni shunga ham ishlataylikki, biz agar ana shu ikkisini mahkam ushlasak va biz tutib turgan arqondan yoshlarimizning ham mahkam tutishiga erishsak, ko‘ngilsizliklar o‘z-o‘zidan barham topib, kunlarimiz nurafshon bo‘laveradi, bunga shubha yo‘q. Chunki bu sinovdan o‘tgan usul. Avvalgilarni yuksakliklarga ko‘targan narsa keyingilarni ham ko‘taradi. Ajdodlarimiz diniy-milliy qadriyatlarimizga qat’iyan amal qilib yashagan kezlarda millat yuksalgan, xorazmiylar, beruniylar, ibn sinolar... chiqib Milliy uyg‘onish yuz bergan va yana shunday bo‘lajak, inshaalloh!
Binobarin, yurtboshimiz, hukumatimiz va idoramiz rahbariyatining orzu-istagi va sa’y-harakati ham shu o‘zi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV