Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Avgust, 2026   |   7 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:10
Quyosh
05:37
Peshin
12:26
Asr
17:15
Shom
19:19
Xufton
20:41
Bismillah
20 Avgust, 2026, 7 Rabi`ul avval, 1448

Behayo lavhalarni olib kirish nega zarur bo‘ldi?

27.11.2017   25735   3 min.
Behayo lavhalarni olib kirish nega zarur bo‘ldi?

Xalqaro ekspertlar dunyo miqyosida global tarmoqqa murojaat qiladigan yoshlarning 38 foizi zo‘ravonlik ruhidagi, 26 foizi millatchilik xarakteridagi saytlarga muntazam kirib turishini tasdiqlamoqda. Bugun hayotimizni internetsiz tasavvur etish qiyin. Undan har kim o‘z bilganicha foydalanadi: birov bilim olish uchun, kimdir yangiliklardan boxabar bo‘lib turish maqsadida, yana kimdir bekorchilikdan, bemaqsad nima to‘g‘ri kelsa shuni ko‘rib, tomosha qilib o‘tiradi. Eng yomoni ham shunda, ya’ni internetga bemaqsad kirishda. Mutaxassislarning ma’lumotiga ko‘ra, global tarmoqda o‘z joniga qasd qilishni targ‘ib qiluvchi 9 ming, shahvoniy mazmundagi 4 mingdan ziyod sayt mavjud, aksariyat kompyuter o‘yinlari orqali zo‘ravonlik va yovuzlik targ‘ib qilinmoqda. Ayni vaqtda internetdan foydalanadigan bolalar va o‘smirlarning katta qismi pornografik mazmundagi manbalar ta’siriga tushib qolmoqda.

Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan mamlakatimiz hududiga ushbu mazmundagi videolavhalarni olib kirilishi holatlariga chek qo‘yilmoqda.

Davlat bojxona qo‘mitasi hamda uning xududiy organlari tomonidan bojxonaga oid qonunbuzarliklarni oldini olish va unga chek qo‘yish maqsadida qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Biroq, amaldagi tartib qoidalarga zid o‘laroq, faqat o‘z manfaati, buzuq nafsini o‘ylaydigan ayrim fuqarolar tomonidan yurtimiz hududiga pornografik mazmundagi mahsulotlarni olib kirishga urinish holatlari uchramoqda. Ushbu turdagi qonun buzilishlarining ayollar tomonidan sodir etilishi ilmning yetishmasligidan ekanini ko‘rsatadi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, joriy yilning o‘tgan davrida Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan pornografik mazmundagi materiallar bilan bog‘liq aniqlangan 76 ta (8 ming 623 dona pornografik mazmundagi videolavhalar, o‘yin kartalari va suratlar) qonunbuzarlik holatlaridan 8 tasi (592 dona pornografik mazmundagi videolavhalar, o‘yin kartalari va suratlar) aynan ayollar tomonidan sodir etilgan.

Surxondaryo viloyati Termiz tumanida istiqomat qiluvchi Asila Sanayevaning qo‘l yuklari xolislar ishtirokida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi asosida bojxona nazoratidan o‘tkazilganda, deklaratsiyada ko‘rsatilgan “Alcatel 5070D” markali qo‘l telefoni va unga o‘rnatilgan xotira kartasida O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi taqiqlangan 72 dona pornografik mazmundagi videolavha saqlab kelingani ma’lum bo‘ldi.

Ushbu fuqaro qonunda belgilangan jazoni olgan.

Jazolashlar bilan ko‘p holatda natijaga erishib bo‘lmaydi. Biror yomonlikni oldini olish uchun unga qarshi yoshlikdan kurashish lozim. Kurash farzand tarbiyasidan boshlanadi. Bola tarbiyasiga mas’ul insonlar o‘sib kelayotgan yosh avlodga hayo xulqini singdirishlari lozim. Ota-onalar farzandlari nimalar bilan mashg‘ul ekanligini kuzatib borishlari, bolalari axloqsiz doira ta’siriga tushib qolishdan asramog‘i lozim. Ularda foydali kitoblarga nisbatan mehr uyg‘otish lozim. Buzuq kino-filmlar, bema’ni tomoshalar va behayo so‘zlardan ularni imkon qadar yiroq tutish maqsadga muvofiqdir.

Hayo ziynati ila ziynatlangan muslima Yer yuzini obod etish va yosh avlodga ta’lim-tarbiya berishda sog‘lom ayollik fitrati bilan ishtirok etadi.

Qur’oni Karimdagi ushbu ajoyib misolga bir e’tibor bering. Shuayb (a.s.) qizlaridan birini Muso (a.s.) ni chaqirib kelishga jo‘natdilar: “Bas ulardan biri hayo bilan yurib kelib: Otam seni bizlarga qo‘ylarimizni sug‘orib berganing haqqini berish uchun chaqirmoqdalar”, dedi (Qasos 25 oyat).

Ular Allohning toati va ayollik ibosini ma’siyat va fisqu-fujurga ayirboshlaganlardir. Shayton nog‘orasiga o‘ynagan bunday ayollar dunyoyu oxirat baxtsizligidan o‘zga narsaga erishmaydilar.

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan ko‘cha rekonstruksiya qilinmoqda

14.08.2026   29986   1 min.
Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan ko‘cha rekonstruksiya qilinmoqda

Samarqandning tarixiy qismida turizm infratuzilmasini keng ko‘lamli yangilash ishlari davom etmoqda. Amalga oshirilayotgan loyihalarning asosiy maqsadi xorijiy sayyohlarning qolish muddatini uzaytirish, qulay shahar muhitini yaratish va bir vaqtning o‘zida mahalliy aholining hayot sifatini oshirishdan iborat.

“Samarkandskiy vestnik” nashriga ko‘ra, turizmni rivojlantirish dasturi doirasida eski shaharning 13 ta ko‘chasi bosqichma-bosqich zamonaviy piyodalar yo‘lagiga aylantirilmoqda. Bu yerda yangi xizmat ko‘rsatish obyektlari barpo etilmoqda, jamoat joylari obodonlashtirilmoqda, milliy me’morchilik an’analarini saqlab qolgan holda muhandislik kommunikatsiyalari va bino fasadlari yangilanmoqda.

Eng yirik loyihalardan biri Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan Buxoro ko‘chasini rekonstruksiya qilish bo‘ldi. Ko‘chaning 850 metr qismi to‘liq piyodalar hududiga aylantiriladi. Loyihani ishlab chiquvchilardan biri, Samarqand davlat texnika universiteti o‘qituvchisi Jasur Berdiqulovning ta’kidlashicha, ilgari bu yerda qatnov qismining torligi tufayli muntazam ravishda tirbandliklar yuzaga kelgan, qulay piyodalar yo‘laklarining yo‘qligi esa piyodalar uchun jiddiy noqulayliklar tug‘dirgan. Ishlar yakunlangach, ko‘cha xavfsiz jamoat maydoniga aylanadi. Aholi uchun alohida to‘xtash joyi ajratilgan bo‘lib, transport vositalarining kirishiga faqat zarurat tug‘ilganda maxsus xizmatlarga ruxsat beriladi. Shu bilan birga, suv, gaz, elektr va boshqa muhandislik tarmoqlari to‘liq modernizatsiya qilinmoqda.

Oltin asr mahallasida joylashgan Bag‘dod ko‘chasida ham ishlar davom etmoqda. Bu yerda 600 metrlik hudud obodonlashtirilmoqda. Loyiha doirasida zamonaviy turizm va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini yaratish, kichik biznes va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari