Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Avgust, 2026   |   12 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:17
Quyosh
05:42
Peshin
12:25
Asr
17:10
Shom
19:12
Xufton
20:32
Bismillah
25 Avgust, 2026, 12 Rabi`ul avval, 1448

Rabiul avval oyini qanday o‘tkazishimiz kerak?

27.11.2017   15846   4 min.
Rabiul avval oyini qanday o‘tkazishimiz kerak?

2017 yilning noyabr oyidan islom taqvimining eng ahamiyatli oylaridan biri – Rabiul avval oyi boshlandi. Islom tarixida bu oyda eng ahamiyatli voqea – mavlid, ya’ni bizning suyukli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning tavallud kunlari borligi sababidan ham aziz sanaladi. Rabiul avval – Alloh taolo insoniyatga islom dinini mukammal ko‘rinishda nozil qilgan so‘nggi Payg‘ambari sollallohu alayhi va sallamni yuborgan muqaddas oydir.  Muhtaram Nabiyimiz sollallohu alayhi va sallam 571 yilning Rabiul avval oyi, o‘n birinchidan o‘n ikkinchiga o‘tar kechada, aksariyat manbalarda o‘n ikkinchi kuni dushanba subhida tavallud topganlar. Bundan tashqari, bu muqaddas oyda bir qator e’tiborga molik voqealar sodir bo‘lgan, xususan Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam hijrat qilganlar, U zot sollallohu alayhi va sallamning qizlari Ruqayya tug‘ilganlar, birinchi masjidning qurilishi va undagi ilk juma namozi o‘qilishi kabi hodisalar ham shu oyda ro‘y bergan. Bular orasida albatta, Nabiy sollallohu alayhi va sallamning tug‘ilgan kuni dunyoning turli burchaklaridagi barcha musulmonlar tomonidan nishonlanadi.

Ushbu bayramni nishonlash haqida turli fikrlar mavjud, biz musulmonlar uchun bu borada ixtilofga borishning zarurati yo‘q. Biz uchun muhimi – bu kun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamni, ularning hayoti va ta’limotlarini esga olish va nomlarini poklab yod etish ayyomidir. Qolaversa bu kun o‘z hayotimiz haqida, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga ummatlikni ado eta olyapmanmi, deya mulohaza qilish, o‘zini nazorat qilmoq pallasidir.

Rabiul avval – dunyo tashvishlaridan chetga chiqib, abadiy hayot haqida fikr yuritish, qorong‘ulik hukm surgan vaziyatda olamni yoritgan Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamni yuborgani uchun Yaratganga cheksiz hamdlar aytish fursatidir.

Bu oy – yana bir marta sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning muborak davrlarini – asri saodatni yodga olish vaqtidir.

Alloh taolo “... sizlar uchun – Allohdan va oxirat kunidan umidvor bo‘lgan va Allohni ko‘p zikr qilganlar uchun Rasulullohda go‘zal o‘rnak bor”, deya marhamat qilgan.

Demak, bu oy – yanada ko‘proq zikr qilish va Allohga ibodat qilmoq mavrididir.

Ko‘pgina imonli kishilarda “Ushbu oyni qanday o‘tkazishimiz kerak?” degan savol yuzaga kelishi mumkin. Javob berish mumkinki, bu oyni qanday o‘tkazish borasida muhim tavsiyalar berilmagan. Qanday va qaysi yil, oy, hafta, kunda bo‘lmasin, mo‘min kishi o‘z ibodatini, farzlar qatori nafl ibodatlarini ham ado etishda, ta’qiqlangan narsalarni tark etishda, xayrli va foydali ishlarda bardavom bo‘lishda jiddu jahd qilmog‘i lozim.   E’tibor berilsa, Muhammad sollallohu alayhi va sallam tug‘ilgan bu oyning mohiyati – Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam uchun salovat aytish, Allohni zikr qilish mazmun ilgari suriladi.

Manbalar asosida rabiul avval oyini o‘tkazish borasida bir qator tavsiyalar berish mumkin. Bu oyda o‘zingiz uchun muhim bir necha maqsadlarni ilgari suring: avvalo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning siyratlarini batafsil o‘rganing, bu ajru savobga-da noyil etadi. U zot sollallohu alayhi va sallamning hadislarini ko‘proq o‘qing. Salovat aytishni ko‘paytiring. Bu jarayonda albatta, ibodatlaringizni o‘z vaqtida ado eting. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning sunnatlari hayotingizning har bir jabhasini qamrab olsin.

Muhimi, Alloh taoloning cheksiz muhabbati va mehribonligi uchun, bizlarga insonlarning eng yaxshisini, Payg‘ambarlarning eng buyugini, eng ulug‘ hikmat sohibini, eng marhamatli va O‘zi ham yaxshi ko‘rgan zotni Payg‘ambar qilib yuborgani uchun Alloh taologa shukronalar ayting! Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vavasallamga salovatu durudlar bo‘lsin!

Sharifa G‘ANIYEVA

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Ot izini toy bosar

14.08.2026   38055   1 min.
Ot izini toy bosar

Bismillahir Rohmanir Rohiym

O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».


Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.


Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:


– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.

– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...

– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.

Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.

– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.

– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.


Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.


Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.


Akbarshoh RASULOV