2017 yilning noyabr oyidan islom taqvimining eng ahamiyatli oylaridan biri – Rabiul avval oyi boshlandi. Islom tarixida bu oyda eng ahamiyatli voqea – mavlid, ya’ni bizning suyukli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning tavallud kunlari borligi sababidan ham aziz sanaladi. Rabiul avval – Alloh taolo insoniyatga islom dinini mukammal ko‘rinishda nozil qilgan so‘nggi Payg‘ambari sollallohu alayhi va sallamni yuborgan muqaddas oydir. Muhtaram Nabiyimiz sollallohu alayhi va sallam 571 yilning Rabiul avval oyi, o‘n birinchidan o‘n ikkinchiga o‘tar kechada, aksariyat manbalarda o‘n ikkinchi kuni dushanba subhida tavallud topganlar. Bundan tashqari, bu muqaddas oyda bir qator e’tiborga molik voqealar sodir bo‘lgan, xususan Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam hijrat qilganlar, U zot sollallohu alayhi va sallamning qizlari Ruqayya tug‘ilganlar, birinchi masjidning qurilishi va undagi ilk juma namozi o‘qilishi kabi hodisalar ham shu oyda ro‘y bergan. Bular orasida albatta, Nabiy sollallohu alayhi va sallamning tug‘ilgan kuni dunyoning turli burchaklaridagi barcha musulmonlar tomonidan nishonlanadi.
Ushbu bayramni nishonlash haqida turli fikrlar mavjud, biz musulmonlar uchun bu borada ixtilofga borishning zarurati yo‘q. Biz uchun muhimi – bu kun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamni, ularning hayoti va ta’limotlarini esga olish va nomlarini poklab yod etish ayyomidir. Qolaversa bu kun o‘z hayotimiz haqida, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga ummatlikni ado eta olyapmanmi, deya mulohaza qilish, o‘zini nazorat qilmoq pallasidir.
Rabiul avval – dunyo tashvishlaridan chetga chiqib, abadiy hayot haqida fikr yuritish, qorong‘ulik hukm surgan vaziyatda olamni yoritgan Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamni yuborgani uchun Yaratganga cheksiz hamdlar aytish fursatidir.
Bu oy – yana bir marta sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning muborak davrlarini – asri saodatni yodga olish vaqtidir.
Alloh taolo “... sizlar uchun – Allohdan va oxirat kunidan umidvor bo‘lgan va Allohni ko‘p zikr qilganlar uchun Rasulullohda go‘zal o‘rnak bor”, deya marhamat qilgan.
Demak, bu oy – yanada ko‘proq zikr qilish va Allohga ibodat qilmoq mavrididir.
Ko‘pgina imonli kishilarda “Ushbu oyni qanday o‘tkazishimiz kerak?” degan savol yuzaga kelishi mumkin. Javob berish mumkinki, bu oyni qanday o‘tkazish borasida muhim tavsiyalar berilmagan. Qanday va qaysi yil, oy, hafta, kunda bo‘lmasin, mo‘min kishi o‘z ibodatini, farzlar qatori nafl ibodatlarini ham ado etishda, ta’qiqlangan narsalarni tark etishda, xayrli va foydali ishlarda bardavom bo‘lishda jiddu jahd qilmog‘i lozim. E’tibor berilsa, Muhammad sollallohu alayhi va sallam tug‘ilgan bu oyning mohiyati – Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam uchun salovat aytish, Allohni zikr qilish mazmun ilgari suriladi.
Manbalar asosida rabiul avval oyini o‘tkazish borasida bir qator tavsiyalar berish mumkin. Bu oyda o‘zingiz uchun muhim bir necha maqsadlarni ilgari suring: avvalo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning siyratlarini batafsil o‘rganing, bu ajru savobga-da noyil etadi. U zot sollallohu alayhi va sallamning hadislarini ko‘proq o‘qing. Salovat aytishni ko‘paytiring. Bu jarayonda albatta, ibodatlaringizni o‘z vaqtida ado eting. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning sunnatlari hayotingizning har bir jabhasini qamrab olsin.
Muhimi, Alloh taoloning cheksiz muhabbati va mehribonligi uchun, bizlarga insonlarning eng yaxshisini, Payg‘ambarlarning eng buyugini, eng ulug‘ hikmat sohibini, eng marhamatli va O‘zi ham yaxshi ko‘rgan zotni Payg‘ambar qilib yuborgani uchun Alloh taologa shukronalar ayting! Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vavasallamga salovatu durudlar bo‘lsin!
Sharifa G‘ANIYEVA
YUNЕSKO Butunjahon merosi qo‘mitasining Koreya Respublikasining Pusan shahrida bo‘lib o‘tgan 48-sessiyasida yurtimiz uchun xayrli va quvonchli yangilik e’lon qilindi. Unda "Toshkent modernizm me’morchiligi. Markaziy Osiyoda zamonaviylik va an’analar" milliy nominatsiyasi YUNЕSKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga rasman kiritildi.
Shu tariqa, poytaxtimiz Toshkentning XX asr ikkinchi yarmiga oid 10 ta noyob va muhtasham me’moriy inshooti xalkaro miqyosda e’tirof etildi.
Sessiyada O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda YUNЕSKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi delegatsiyasi ishtirok etdi. Bu yuksak natija davlatimiz tomonidan milliy, tarixiy va madaniy merosimizni asrab-avaylash, chuqur o‘rganish hamda dunyoga keng targ‘ib etishga qaratilayotgan xayrli siyosatning namunasidir.
Jahon merosi ro‘yxatidan o‘rin olgan noyob binolar:
- “Marvarid” turar joy binosi;
- O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi;
- “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyi;
- O‘zbekiston davlat san’at muzeyi;
- Toshkent davlat sirki;
- O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Markaziy ko‘rgazmalar zali;
- O‘zbekiston kino sa’at saroyi;
- “Eski Jo‘va” (Chorsu) bozori;
- “Kosmonavtlar” metro bekati;
- “Quyosh” geliokompleksi.
Ushbu me’moriy yodgorliklar zamonaviy muhandislik g‘oyalari hamda Markaziy Osiyo va sharqona milliy me’morchilik an’analarining yuksak badiiy uyg‘unligini o‘zida mujassam etgani bilan g‘oyat ahamiyatlidir.
Ularning YUNЕSKO ro‘yxatiga kiritilishi yurtimiz me’moriy merosining xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirib, ularni asl holicha muhofaza qilish, tariximiz va qadriyatlarimizni kelajak avlodlarga bekamu ko‘st yetkazish borasida ulkan mas’uliyat yuklaydi.
Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda YUNЕSKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiya raisi Gayane Umerovaning ta’kidlashicha, bu tarixiy qaror mamlakatimizning zamonaviy me’morchilik xazinasini jahon sahnasida munosib o‘ringa qaytarish bilan birga, ularni eng yuqori professional darajada asrash va parvarishlash vazifasini ham taqozo etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati