Bismillahir Rohmanir Rohiym
«Biz Seni faqat olamlarga rahmat qilib yubordik ...» deb marhamat qilgan hamda O‘zining hidoyatiga boshlagan, ummati Muhammad qilgan Alloh taologa cheksiz hamdu sanolar bo‘lsin.
“Avvalgi Payg‘ambarlar o‘z qavmlarigagina yuborilar edilar. Men esa hammaga barobar Payg‘ambar qilib yuborilganman” degan habibimiz va shafoatchimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga batamom salavotu salomlar bo‘lsin.
SALAVOT AYTING! ALLOH TAOLO VA FARISHTALAR PAYG‘AMBARIMIZ SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAMGA SALAVOT AYTADILAR.
«Albatta, Alloh va Uning farishtalari Payg‘ambarga salavot ayturlar. Ey, mo‘minlar! (Sizlar ham) unga salavot va salom aytingiz!», (Ahzob surasi, 56-oyat).
ALLOHUMMA SOLLI VA SALLIM ’ALA MUHAMMADIN VA ’ALA OLI MUHAMMAD.
SALAVOT AYTING! BAXIL BO‘LMAYSIZ.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Huzurida zikr qilinsam, menga salavot yo‘llamagan kishi baxildir”, dedilar (Imom Termiziy, Imom Ahmad rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimning oldida zikr qilinsam-u, menga salavot aytmasa, burni yerga ishqalansin”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
ALLOHUMMA SOLLI VA SALLIM ’ALA MUHAMMADIN VA ’ALA OLI MUHAMMAD.
SALAVOT AYTING! DUOINGIZ QABUL BO‘LADI.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Har bir duo Payg‘ambarga salavot aytilmaguncha, osmon o‘rtasidagi parda tufayli yerda to‘xtab turadi, salavot aytilsa, o‘sha parda ko‘tariladi”, dedilar.
ALLOHUMMA SOLLI VA SALLIM ’ALA MUHAMMADIN VA ’ALA OLI MUHAMMAD.
SALAVOT AYTING! RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAMNING SHAFOATLARIGA ERISHASIZ.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Menga juma kunida va juma kechasida ko‘p salavot aytinglar, bas kim shunday qilsa, men unga qiyomat kuni guvoh va shafoatchi bo‘laman”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
ALLOHUMMA SOLLI VA SALLIM ’ALA MUHAMMADIN VA ’ALA OLI MUHAMMAD.
SALAVOT AYTING! RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAMGA YAQIN BO‘LASIZ.
Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kuni menga eng yaqin kishilar, albatta, menga ko‘p salavot aytganlardir”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
ALLOHUMMA SOLLI VA SALLIM ’ALA MUHAMMADIN VA ’ALA OLI MUHAMMAD.
SALAVOT AYTING! ALLOH TAOLO GUNOHINGIZNI MAG‘FIRAT ETADI, DARAJANGIZNI KO‘TARADI.
Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim menga bir marta salavot aytsa, Alloh unga o‘n marta salavot aytadi. Uning o‘nta gunohi o‘chiriladi. O‘n daraja yuksaltiriladi”, dedilar (Imom Nasoiy rivoyati).
ALLOHUMMA SOLLI VA SALLIM ’ALA MUHAMMADIN VA ’ALA OLI MUHAMMAD.
SALAVOT AYTING! RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAM SIZNI ESHITADILAR.
Abdulloh ibn Abu Vafo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Juma kuni menga salavotni ko‘paytiringlar. Albatta, menga yetkaziladi va men eshitaman”, dedilar (Imom Ibn Moja rivoyati).
ALLOHUMMA SOLLI VA SALLIM ’ALA MUHAMMADIN VA ’ALA OLI MUHAMMAD.
SALAVOT AYTING! Har duoning avvali va oxirida.
SALAVOT AYTING! Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ismlarini aytganda va eshitganda.
SALAVOT AYTING! Janoza namozining ikkinchi takbiridan keyin.
SALAVOT AYTING! Masjidga kirayotganda va chiqayotganda.
SALAVOT AYTING! Boshga mushkul tushganda va xursandchilikda
SALAVOT AYTING! Uyquga yotishdan oldin.
SALAVOT AYTING! Qur’oni karimni xatm qilgandan keyin.
ALLOHUMMA SOLLI VA SALLIM ’ALA MUHAMMADIN VA ’ALA OLI MUHAMMAD.
Bir yigit masjidga kelib biroz o‘tirgach, imomga e’tiroz bildirdi:
– Endi masjidga kelib o‘tirmasak ham bo‘larkan...
Imom undan nima uchun bunday deganining sababini so‘radi. Yigit yon-atrofdagi hamma odam telefonga qarab o‘tirgani, ba’zilari o‘zaro gaplashayotgani uchun shu gapni gapirganini aytdi.
Imom biroz o‘ylab turgach, bunday dedi:
– Yaxshi, e’tirozing o‘rinli. Men bu haqda odamlarga eslatib turibman. Lekin sen endi masjidga kelmoqchi bo‘lmasang bir ish qilib ket.
Yigit rozi bo‘ldi. Imom unga bir piyolani to‘ldirib suv berdi va shu suvni bir tmchi ham to‘kmasdan masjidning ichini bir aylanib chiqishini iltimos qildi. Yigit bor diqqat-e’tiborini jamlab, ohista qadamlar bilan, ikki ko‘zini piyoladan uzmagan holda vazifani muvaffaqiyatli ado etdi.
Imom unga dedi:
– Barakalloh! Endi menga ayt-chi, sen shu topshiriqni bajarayotganingda kimlar gapirib o‘tirdi, kimlar telefoniga qaradi?
Yigit javob berdi:
– Men qayerdan bilay, axir butun diqqatim suvni to‘kib qo‘ymaslikda edi.
Imom dedi:
– Ana ko‘rdingmi? Sen topshiriqni bajarayotganingda butun fikru hayolingni bir joyga jamlading. Allohning huzurida turganimizni his qilib, xayolimizni ibodatga, Uning zikriga qaratsak, boshqalarning xatosini ko‘rishga vaqtimiz ham qolmaydi. Albatta, kimdir xato qilsa bu sening hidoyatdan yuz burib ketishingga sabab bo‘lmasligi kerak. Chunki xato dinniki yo masjidniki emas, balki bandaniki...
Yigit o‘ylab ko‘rib, xato qilganini tushundi. Keyingi jamat namozlarida xushu bilan qatnashishda davom etdi.
Akbarshoh RASULOV