Dunyoda yaratilgan har bir narsa vaqt o‘tib o‘z qadrini yo‘qotadi. Yil o‘tgan sari yangi ixtirolar chiqib eskisini yangisiga almashtiradi.
Ammo asrlar o‘tgan sayin Qur’oni karim qarshisida olimlarning hayrati tobora oshib, ularning aksari Islom dinini qabul qilmoqda. Tib ilmidagilar Qur’oni karimning tibbiy mo‘jizalarini, kimyo olimlari – kimyoviy, tarixchilar – tarixiy, fiziklar – fizikaviy, munajjimlar – fazoviy va hokazo. Har bir ilm sohibi o‘z sohasida Qur’on mo‘jizasini topgan va tan bergan. Ayniqsa, G‘arbning mashhur olimlari ushbu mo‘jizalar tufayli Islomni qabul qilgan va hozirgacha shunday voqealar bo‘lib kelmoqda. Ibn Sino, Forobiy, Amir Temur, Ulug‘bek, Beruniy, al-Xorazmiy, Navoiy va boshqalar Qur’oni karimga, uning ta’limotlariga amal qilganlaridan dunyo tan olgan allomalar bo‘lib yetishgan. Bunda e’tiqodning sofligi muhim o‘rin tutadi.
Eng hayratda qoladigan tomoni shundaki, bundan 1400 yil oldin bepoyon sahroning sodda hayotidan boshqa narsani bilmagan arablarni hayratga solib, qalbiga yo‘l topgan bu ilohiy Kitob, hozirgi kunda texnik taraqqiyot, ilmiy yuksalish madaniy o‘sish cho‘qqisiga chiqqan, hamma narsani kompyuterlar boshqarayotgan ilg‘or texnologiyalar asrida yashayotgan odamlar qalbiga ham bir xil ta’sir ko‘rsatmoqda.
Ayniqsa, Qur’oni karimni tinglashda dunyo olimlari o‘tkazgan tajribada musulmon va musulmon bo‘lmagan kishilarni Qur’on tilovati eshittirib ruhiy ta’sirlanishlarini sinashganda, bir xil natijaga ega bo‘linganining o‘zi buyuk mo‘jiza.
Qur’oni karimni tushungan-ku, mayli, e’tiqod nuqtayi nazaridan buni anglash aqlni shoshirmaydi. Ammo musulmon bo‘lmagan, e’tiqodsiz kishilarga nisbatan ta’siri bilan bir xilligi insonni lol qoldiradi. Hali shunday zamonlar keladiki, har bir narsada Qur’oni karimning mo‘jizalari yaqqol ko‘zga tashlanadi. Chunki kitob o‘qishga bo‘lgan targ‘ib sabab insonlar bilimini oshirar ekan, kitob sabab haq bilan botilni ajrata oladi. Qur’oni karim mo‘jizasining hozirgacha kashf bo‘lganlari dengizdan bir tomchi, xolos.
Xumorbegim tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV