Har bir musulmon besh vaqt namozda, namoz so‘ngidagi tasbehlarda, qolaversa, kun bo‘yi ko‘p marotaba “Allohu akbar!” (Alloh buyuk!) deb aytadi. Imonli kishilar qayg‘uga botganlarida ham, shodlikka to‘lganlarida ham “Allohu akbar” deydilar.
Kunlarning birida Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam sahobalari bilan birga o‘tirganida. Bir sahobaning zikr qilayotgani qulog‘iga chalindi: “Allohu akbar kabiyron, valhamdulillahi kasiyron, subhanallohi bukratan va asiylan”. Zikr tingach, Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Ushbu zikrni kim aytdi?” deb ajablanib so‘radilar. Sahoba: “Yo Allohning Rasuli, bu so‘zlarni men aytdim”, dedi. Suyukli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Bu so‘zlaringga osmon eshiklari ochildi, men hayron qoldim!” dedilar.
Sahobalar Payg‘ambarimiz alayhissalomdan: “Bu so‘zlarning osmon eshiklari ochiladigan darajada ta’sirli bo‘lishining sababi nima?” deb so‘rashdi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Bu zikr ichida Alloh taoloning Al-Kabiyr ismi qo‘llangani sabab bo‘ldi”, deb javob berdilar.
Xumorbegim
Shu yil 5-7 avgust kuni Namangan viloyatidagi "Hidoya" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga 2025-2026 o‘quv yili uchun kirish imtihonlari o‘tkazilmoqda.
Mazkur jarayonda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbar hamda mas’ul xodimlari, "Hidoya" va "Sayyid Muhyiddin maxdum" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari rahbarlari hamda qabul bo‘yicha mas’ul xodimlari, abituriyentlar ishtirok etmoqda.
Dastlab abituriyentlar imtihon ruxsatnomasida ko‘rsatilgan vaqt bo‘yicha tartib bilan kiritilib, mutasaddilar tomonidan test imtihoni tartibi tushuntirildi. Shundan so‘ng test sinovlariga start berildi.
Ushbu jarayon adolatli o‘tishi uchun soha mutaxassislari bilan bir qatorda turli tashkilot vakillari jalb etilgan.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yil 2-hudud Namangan viloyatidan ishtirok etadigan abituriyentlar soni 2190 nafarni tashkil etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi