Al-Yasa’ alayhissalom – Alloh taolo Qur’oni karimda bir necha marta zikr qilib maqtagan payg‘ambarlardan biridir. Jumladan, Qur’oni karimda bunday deyilgan:
“Yana Ismoil, al-Yasa’ va Zul-Kiflni eslang! Barchalari yaxshi kishilardandir” (Sod surasi, 48-oyat).
“Ismoil, al-Yasa’, Yunus va Lutni ham (hidoyatga yo‘lladik). Hammalarini olamlar uzra afzal qildik” (An’om surasi, 86-oyat).
Tarixchilar Tabariy va Ibn Asokirning ma’lumotlariga ko‘ra, Al-Yasa’ alayhissalom – Bani Isroil payg‘ambarlaridan bo‘lib, to‘liq ismi Aspot ibn Adi ibn Shutlam ibn Afraim ibn Yusuf alayhissalomdir.
Al-Yasa’ alayhissalom Ilyos alayhissalom vafotidan so‘ng uning da’vatini davom ettirdi. Uning zamonida zolim kimsalar payg‘ambarlarni o‘ldirishgan, mo‘minlarga aziyat yetkazishgan.
Al-Yasa’ alayhissalom ularni Allohning azobi bilan ogohlantirgan, ammo itoat qilishmagan. Keyin Alloh ularga qattiq azob yuborgan.
Ba’zi tarixchilarning ta’kidlashicha, Al-Yasa’ alayhissalom Shom (Suriya)dagi Baniyas shahrida yashagan.
Rivoyat qilinishicha, Al-Yasa’ alayhissalom qarilik chog‘ida: “O‘zimga bir kishini o‘rinbosar qilib tayinlab, uni shu orqali sinayman”, deya qaror qildi. O‘rinbosarlikka da’vogardan quyidagilar talab etildi:
1. kunduzi ro‘za tutish.
2. tunda ibodat qilish.
3. g‘azablanmaslik.
Oddiy, kamtar bir odam: “Men shu shartlarga rioya qila olaman”, dedi. Birinchi kuni qabul qilinmadi. Ikkinchi kuni ham o‘sha kishi bu vazifaga shayligini aytgach, Al-Yasa’ alayhissalom uni o‘ziga o‘rinbosar etib tayinladi. Bu zotning keyinchalik Zul-Kifl alayhissalom bo‘lgani aytiladi.
Iblis shaytonlarga dedi: “Falonchi bilan shug‘ullaning!” Ular bu ishda ojiz qolishdi. Shunda Iblis: “Meni va uni qo‘ying!” dedi va Zul-Kiflga keksa, kambag‘al qariya suratida keldi. U Zul-Kifl peshin vaqti (qaylula) uyqusi uchun yotgan paytda keldi. Zul-Kifl kunduz va kechasi uxlamas edi, faqat shu qaylula uyqusida bo‘lardi. Iblis eshikni taqillatdi. Zul-Kifl: “Bu kim?” dedi. U: “Zulmga uchragan keksa qariyaman”, dedi. Zul-Kifl o‘rnidan turib, eshikni ochdi. Shundan so‘ng qariya o‘z qavmi bilan janjali, unga qilingan zulm va adolatsizliklar haqida uzoq gapira boshladi. U gapini shunchalik cho‘zdiki, Zul-Kiflning qaylula vaqti o‘tib, odamlar bilan majlis vaqti ham yetib keldi. Zul-Kifl qariyaga: “Majlisga borsam, sening haqqingni olaman”, dedi. Qariya chiqib ketdi, Zul-Kifl esa uyqusiz majlisga bordi. Ammo qariya majlisga kelmadi.
Majlis tarqadi, qariya hali ham kelmadi. Ertasi kun yana majlis bo‘ldi, lekin unda ham qariya kelmadi. Zul-Kifl qaylula uchun uyga qaytgach, qariya yana eshikni taqillatdi. Zul-Kifl: “Bu kim?” dedi. “Zulmga uchragan keksa qariya”, dedi u. Zul-Kifl eshikni ochib: “Men senga majlisga kel, demadimmi?” dedi. Qariya: “Ular juda makkor qavm, sen majlisda bo‘lsang, haqqimni beramiz, deydilar, sen ketsang, inkor qilishadi”, dedi. Zul-Kifl: “Hozir bor, majlisga kel”, dedi. Yana qaylula vaqti o‘tdi, Zul-Kifl majlisga bordi, qariyani kutdi, lekin u kelmadi.
Uyqusizlik unga og‘ir kela boshladi. U uyga qaytib, uyqu uchun yotgach, ahliga: “Bu eshikka hech kimni yaqinlashtirmang, uyqum og‘irlashdi”, dedi. Qariya yana keldi, lekin uni ichkariga kiritmadilar. Qariya: “Kecha kelgandim, Zul-Kiflga muammomni aytgandim”, dedi. Ular: “Yo‘q, bizga hech kimni yaqinlashtirmaslik buyurildi”, deyishdi. Shunda qariya devordan oshib, uyga kirib, ichkaridan eshikni taqillatdi. Zul-Kifl uyg‘onib, ahliga: “Sizlarga hech kimni kiritmaslikni aytmadimmi?” dedi.
Ular: “Hech kimni kiritmadik, qayerdan kirdi, ko‘ring”, deyishdi. Zul-Kifl eshikka bordi, lekin eshik qulflangan edi. Uyda qariyani ko‘rib, uni tanidi va: “Allohning dushmanimisan?” dedi. Qariya: “Ha, sen meni har ishda charchatding, seni g‘azablantirish uchun bularning hammasini qildim”, dedi. Alloh Zul-Kiflni “Zul-Kifl” deb atadi, chunki u o‘z zimmasiga olgan vazifani to‘liq bajardi.
Manbalar asosida
Ilyosxon AHMЕDOV
tayyorladi.