Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Iyul, 2026   |   8 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:30
Quyosh
05:04
Peshin
12:35
Asr
17:38
Shom
19:54
Xufton
21:24
Bismillah
22 Iyul, 2026, 8 Safar, 1448

Tahoratxona tejamli bo‘lsin!

24.11.2017   9561   5 min.
Tahoratxona tejamli bo‘lsin!

Aksar masjidlarimizning tahoratxonalarining  badiiy ko‘rinishi  bezaklari  rang-barangligi, jihozlarining  qimmatbaholigi, ozodaligi, shinamligi, tozalanish  va  artinish  uchun  qo‘yilgan   narsalar hammasi to‘liqligicha talabga javob beradi.  Hattoki ba’zi tahoratxonalarga shu darajada  ko‘p mablag‘ sarf qilinganki,  beixtiyor shunchalik qilish shartmikan,  deb  yuborasiz. Chunki tahoratxona uchun unchalik ham zarur bo‘lmagan bezaklarga  sarflangan mablag‘larga boshqa  joylarda muhtoj bo‘lgan masjidlar  qancha. Bunisi ham mayli, har kimning   shaxsiy  mablag‘i  xoxlagan joyiga  ishlatadi-da deyishingiz  mumkin.

Lekin shuncha ko‘p mablag‘  sarf  qilingan  tahoratxonadagi sharoit shariat ko‘rsatmalariga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligiga nima  deysiz? Avvalo hojatxonadagi sharoit yaxshi emas, suv idishlardan chakkilab suv tomchilab turadi, natijada kishi libosi bulg‘anadi. Tahorat ushatiladigan jihoz yer ustiga yuzaki o‘rnatilgani sababli bir necha muammolar paydo bo‘ladi. Agar kishi bir ozgina ehtiyotsizlik qilsa tamom nafaqat libosi balki ba’zi azolari ham najosat bilan bulg‘alanishi mumkin. Shuning uchun ham shariatimizda tahorat ushatiladigan joy imkon qadar chuqurroq bo‘lishi talab qilinadi. Agar to‘g‘ridan to‘g‘ri yerga tahorat ushatishga majbur bo‘linganda ham avvalo, yerni bir oz kavlash yoki hech bo‘lmaganda bir oz yumshatish kerak, toki yerga tushgan bavl qaytib sachramasin. Sharoitdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, hojat uchun o‘rnatiladigan jihozni kamida 25-30 sm chuqurlikda o‘rnatish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Chunki o‘sha joydagi najosatni ketkazish uchun odatda suvdan foydalaniladi, ya’ni maxsus idishdagi suv to‘kiladi. Suv esa tepadan zarb bilan tushgani bois har tarafga sachraydi . Mazkur holatlardan saqlanish uchun esa albatta tahorotxona kerakli talablarga javob berishi kerak. U yerga kirayotganda albatta shimni pochasini va yengni  shimarib olish lozim. Hojatdan bo‘shangandan keyin esa kesak, tosh yoki hojatxonada ishlatish uchun chiqarilgan maxsus qog‘ozdan foydalangan holda uch, besh yoki yetti marta artib tozalanadi (bunda iloji boricha toq sanoqdan foydalanadi). Undan keyin esa  toki najosatning biror koldig‘i kolmaganiga ishonch hosil qilgunicha o‘tirib turish yoki iloji bulsa sakrash, yo‘talish qolaversa erkaklar jinsiy a’zosini xuddi sigirni sog‘gandek qilib bo‘lsa ham siydik yo‘lida qolgan bavlni siqib chiqarishga harakat qilinadi. So‘ngra ikki qo‘lni bo‘g‘inigacha yuvib keyin ikki najas yo‘lini qay biridan najas chiqqan bo‘lsa o‘sha joyni suv bilan ham yuviladi. Agar har ikkala yo‘ldan ham najas chiqqan bo‘lsa  birinchi zakarini yuvadi keyin esa orqa maxrajni yuvadi. Suv bilan yuvishni “mustahab” deyiladi, lekin najosat chiqqan joyidan atrofiga dirham miqdoricha yoyilgan bo‘lsa, suv bilan yuvish vojib, agar undan ham kattaroq joyga yoyilgan bo‘lsa suv bilan yuvish farz bo‘ladi. Bunda suvni sepib yuborilmaydi balki suvni kaftga olib yoki  sekinlik bilan yuviladigan joyga suvni oqizib o‘rta va nomsiz barmoqlarni qorni ila ishqalanadi. Aks holda tozalab yuvish o‘rniga qolgan joylarni ham bulg‘alab qo‘yish mumkin. Ro‘zador bo‘lmagan kishi ortini yuvayotganida o‘sha joyni bo‘sh qo‘yib yuvadi, ro‘zador esa aksincha qiladi. Bu holatda suvni haroratiga ham etibor berish kerak. Chunki o‘ta issiq yoki o‘ta sovuq suv ham inson sog‘ligiga jiddiy zarar qiladi. Mazkur joyni yuvishni chegarasi o‘sha joyda najosatni hidi qolmaguncha davom etadi. So‘ngra iloji boricha o‘sha joyni quriguncha artiladi. Aks holda o‘sha joy chala yuvilgan bo‘lsa va namlik libos yoki badanning biror joyiga tegsa o‘sha joyni ham najas qiladi. Mazkur amallarni hammasi chap qo‘l bilan bajariladi (zarur va uzrli hollardagina o‘ng qo‘l bilan ham yordam beriladi yoki bajariladi). Demak, shu bilan hojatxonadagi amallar tugaydi.

Endi tahoratxonada bajariladigan amallar to‘g‘risida.

Tahoratning  farz va  sunnatlarini  ko‘pchilik  nazariy jihatdan  biladi  lekin,  nimagadir amalda  xatoga  yo‘l  qo‘yadi. Albatta,  buning  asosiy  sabablaridan biri ko‘pchilik  tahorat  ilmini  bevosita ustozdan  emas,  balki kitobni  o‘qish vositasi ila  o‘rgangan. Aslida esa  tahorat amaliyot bo‘lgani  uchun har bir  namozxon  xuddi  namozni ustozdan  o‘rganganidek tahoratning ham  har bir harakatini birma-bir o‘rganishi  keyin esa, ustozini oldida  tahorat olishini  ko‘rsatib  imtihon  topshirishi  kerak. Bu borada beparvolik yaramaydi. Zotan,  namozning  durust  bo‘lishi uchun tahorat mukammal  bo‘lmog‘i kerak.

Is'hoqjon BЕGMATOV,

O‘MI masjidlar bo‘limi xodimi

 

 

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Toshkent islom instituti tarixida ilk magistrlarga diplomlar topshirildi

22.07.2026   1903   5 min.
Toshkent islom instituti tarixida ilk magistrlarga diplomlar topshirildi

O‘zbekiston musulmonlari idorasida mamlakatimiz diniy-ma’rifiy hayotidagi muhim tarixiy voqea — Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutining ilk magistrantlariga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda diniy-ma’rifiy soha olimlari va ulamolar, ustozlar, bitiruvchilar, ularning ota-onalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Kamilov, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Sodiq Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori, taniqli olim Uyg‘un domla G‘afurov hamda boshqalar yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy islohotlar xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak baholanayotganini ta’kidladi.

махад2

Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda diniy ta’lim tizimi yangi bosqichga ko‘tarilgani, keyingi yillarda mazkur sohada misli ko‘rilmagan natijalarga erishilgani alohida e’tirof etildi.

Xususan, so‘nggi yillarda uchta oliy va bitta o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi tashkil etildi. 500 yillik tarixga ega Mir Arab oliy madrasasining tarixiy maqomi tiklandi. Samarqand shahrida Hadis ilmi maktabi, Surxondaryo viloyatida Imom Termiziy nomidagi islom instituti hamda shu nomdagi o‘rta maxsus ta’lim muassasasi o‘z faoliyatini boshladi. Shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband nomidagi to‘rtta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi.

махад3

Ta’kidlanganidek, Toshkent islom institutining 55 yillik tarixida ilk bor 2024 yildan magistratura bosqichi yo‘lga qo‘yildi. Ayni paytda institutda «Teologiya (Islom ilohiyoti, falsafasi va moturidiylik ta’limoti)» hamda «Teologiya (Hadis ilmlari)» mutaxassisliklari bo‘yicha magistrantlar tahsil olmoqda. Kelgusida esa doktorantura bosqichini ham tashkil etish rejalashtirilgan.

Institutning ilk 10 nafar magistranti o‘qish davomida ilmiy faoliyatda faol qatnashib, dissertatsiya mavzulari doirasida jami 52 ta ilmiy maqola va tezis nashr ettirdi. Ular aqida, tafsir, fiqh va hadis ilmlariga oid nufuzli manbalardan 53 ta ijozaga sazovor bo‘lishdi.

махад 4

Shuningdek, magistrantlar mahalliy va xalqaro ilmiy anjumanlarda faol ishtirok etib, mamlakatimizda diniy ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilishdi.

Ular O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida ilmiy amaliyot o‘tab, tadqiqot metodologiyasi, manbashunoslik va noyob qo‘lyozmalar bilan ishlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini yanada mustahkamladi.

махад5

Marosimda bitiruvchilarning zamonaviy fanlar sohasida ham salmoqli yutuqlarga erishgani qayd etildi. Jumladan, bir nafar magistr Bahrayndagi Islom moliya muassasalari uchun buxgalteriya hisobi va audit tashkilotining (AAOIFI) xalqaro malaka sertifikati (CPSS) sohibi bo‘lgan bo‘lsa, yana bir bitiruvchi 3D modellashtirish va animatsiya sohasida malakali mutaxassis sifatida e’tirof etildi.

Shuningdek, bitiruvchi magistrlarning turli ma’rifiy muassasalar, ta’lim dargohlari va ilmiy-tadqiqot markazlariga ishga qabul qilingani ham ma’lum qilindi.

м6

Qayd etilganidek, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida ilk magistrlarning yetishib chiqishi mamlakatimiz diniy ta’lim tizimi taraqqiyotidagi muhim tarixiy voqea bo‘lib, kelgusida soha uchun yuqori malakali, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.

Tadbir davomida institut tarixida ilk magistr sifatida nom qoldirgan bitiruvchilarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

м7

Bitiruvchilar mamlakat rahbariyati tomonidan bildirilgan yuksak ishonch va g‘amxo‘rlikka munosib javob qaytarishga, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy kabi buyuk ajdodlarimizga munosib voris bo‘lishga hamda islom ma’rifatini keng targ‘ib etishga bor kuch-g‘ayratlarini safarbar etishlarini ta’kidladilar.

— Mamlakatimizda diniy-ma’rifiy ta’lim tobora takomillashib bormoqda, — dedi Toshkent islom instituti magistranti Gulchehra Siddiqova. — Magistraturada olgan bilimlarimiz va ilmiy izlanishlarimiz samarasini Vatanimiz, xalqimiz va jamiyatimiz ravnaqi yo‘lida safarbar etishga astoydil harakat qilamiz.

м10


Diniy ta’lim tizimida magistratura ochilishi va ilk magistrlarning bitirishi mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini mustahkamlash, sohada zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan salohiyatli ilmiy-pedagog kadrlar safini kengaytirishga xizmat qiladi.

Soha mutaxassislarining fikriga ko‘ra, mazkur tarixiy voqelik yurtimizda ma’rifiy Islom g‘oyalarini keng targ‘ib etish va boy ilmiy merosimizni jahon miqyosida o‘rganish yo‘lidagi yana bir muhim qadam bo‘ldi.

Nazokat Usmonova,

O‘zA muxbiri

O'zbekiston yangiliklari