Usmonxon ALIMOV – 1950 yili Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida tug‘ilgan. Buxorodagi “Mir Arab” madrasasida, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom oliy ma’hadida tahsil oldi. Ko‘p yillar Samarqand viloyatidagi “Imom Buxoriy” jome masjidida imom-xatib bo‘lib ishladi. 1989–1990 yillari Marokashdagi Qaraviyyin dorilfununida o‘qidi. 2000–2006 yillari O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyatidagi vakili bo‘lib xizmat qildi. 2006 yil 8 avgustda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy etib saylandi. Usmonxon Alimovning “Orlotda aks etgan tarix”, “Dolzarb savollarga haqzarb javoblar”, “Hayotbaxsh ma’naviy meros”, “Imom Buxoriy – muhaddislar sultoni”, “Imom Buxoriy barakoti”, “IX–XI asrlarda Samarqandda kalom ilmining rivojlanishi”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Hazrati Imom (Hastimom)”, “Rasululloh (alayhissalom)ning muborak vasiyatlari” (9 ta kitob), “So‘ragan edingiz” turkumidagi risolalari, “Oilada farzand tarbiyasi” (3 ta kitob), “Ilmning fazilati”, “Istiqlol sharofati”, “Xayr-ehson fazilatlari”, “Go‘zal odob – farzand kamoli” kabi asarlari nashrdan chiqqan. Najmuddin Nasafiyning “Al-Qand fi zikri ulamoi Samarqand” nomli mashhur asarini arab tilidan o‘zbekchaga tarjima qilgan. Muftiy hazrat Qur’oni karim ma’nolarini tarjima va tafsir qilib, “Tafsiri irfon” nomida chop ettirmoqda.
Toshkent Islom universitetining faxriy fan doktori Usmonxon Alimov 2012 yili nufuzli xalqaro tashkilot – Islom olami uyushmasi (Robita) Ta’sis majlisining a’zosi bo‘ldi.











Ulamolarimiz: "Biror hududda masjid barpo etilsa, shu masjidning barakasi butun aholiga tatiydi. Shu yerga fayz, unum va baraka inadi", deyishgan.
Qo‘shko‘pir tumanida joylashgan “Xazrati Eshon bobo” jome masjidini qaytadan qurish uchun tamal toshi qo‘yilgan edi. Bugun, mazkur masjidning yangi binosi qurilishiga ilk g‘isht qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Xorazm viloyat bosh imom-xatibi Xayrulla domla Abdullayev va tumandagi imom-xatiblar, mutasaddilar, mahalla faollari va nuroniy otaxonlar ishtirok etdi.
Yangi jome tez orada mo‘min-musulmonlar ixtiyoriga topshirilishini Alloh taolo nasib etsin. Bu xayrli ishga hissa qo‘shayotganlardan Robbimiz rozi bo‘lsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati