Alloh taologa beadad hamdu sanolarimiz va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga behisob salavotu durudlarimiz bo‘lsin.
«Tahorat» arabcha so‘z, uni tilimizga o‘giradigan bo‘lsak «poklik» degan ma’noni anglatadi – ham jismoniy, ham botiniy poklik – ibodat. Bu so‘z barcha ibodatlarning shariat ko‘rsatmalariga muvofiq bo‘lishi uchun shart bo‘lgan buyuk ibodat ma’nosidagi poklikdir.
Ha azizlar, dinimiz poklikka oddiy insoniy tabiatdan kelib chiqib bajariladigan zohiriy tozalik sifatida emas, balki zohiriy, botiniy, ma’naviy, ruhiy, ko‘rinar-ko‘rinmas barcha nopokliklardan mutloq poklanishi lozim bo‘lgan ibodat sifatida qaraydi . Mo‘min kishi poklanar ekan, nafaqat o‘zini toza va ko‘rkam holda sezadi, balki Robbil Olamiynning buyrug‘ini bajargan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatiga ergashgan sadoqatli ummat sifatida buyuk ajr va savoblarga ham haqli bo‘ladi. Qolaversa, tahoratli inson betahorat kishi qila olmaydigan bir qancha ibodat va fazilatlarga ham ega bo‘ladi: namoz o‘qish, Qur’onni ushlash, Ka’batullohni tavof qilish... Shuning uchun ham dinimiz poklikni iymonga tegishli darajaga ko‘targan.
عَنْ أَبِي مَالِكٍ الْأَشْعَرِيِّ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، قَالَ: " الطُّهُورُ شَطْرُ الْإِيمَانِ، رواه مُسْلِمٌ والنسائي والترمذي
Abu Molik Ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollalloxu alayhi vasallam: «Poklik iymonning yarmidir», dedilar» (Imom Muslim, Imom Nasaiy va Imom Termiziy rivoyat qilgan).
Jumladagi poklikdan maqsad – riyo, kibr, hasad kabi ma’naviy hamda moddiy va jismoniy nopokliklardan pok bo‘lishdir. Tahorat, ya’ni poklik iymonning yarmi deyilishi – usiz ibodat qabul qilinmasligi va savobi behuda ketishidan, iymon bo‘lmasa ibodat umuman qabul qilinmasligi e’tiboridan kelib chiqib aytilmoqda va poklik iymonning yarmiga tenglashtirilmoqda. Tahoratning fazilati bular bilangina chegaralanib qolmasdan, balki Alloh taoloning yaxshi ko‘rishiga ham sabab bo‘ladi.
فِيهِ رِجَالٞ يُحِبُّونَ أَن يَتَطَهَّرُواْۚ وَٱللَّهُ يُحِبُّ ٱلۡمُطَّهِّرِينَ ١٠٨
«Unda poklanishni yaxshi ko‘radigan kishilar bor. Alloh poklanuvchilarni yaxshi ko‘radi» (Tavba surasi 108-oyat).
Robbil Olamiynni O‘zi bandalarining ichidan aynan kimlarni qanday sifatga ega bo‘lgan kishilarni yaxshi ko‘rishini e’lon qilib, ularni madh etayapti. Demak, e’tiborga loyiq va munosib bo‘lishni hohlagan kishi, albatta, poklangan holda ibodatlarda bardavom bo‘lishi kerak ekan.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، قَالَ: إنَّ أُمَّتيِ يُدْعَونَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ غُرّاً مُحَجَّلِينَ مِنْ آثَارِ الْوُضُوءِ، فَمَنِ اسْتطَاعَ مِنْكمْ أَنْ يُطِيلَ غُرَّتَهُ فَلْيَفْعَلْ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلاَّ أَبَا دَاوُدَ.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam:
«Albatta, ummatim qiyomat kuni tahoratning asaridan peshonalari oppoq va oyoq-qo‘llaridan nur taralib turgan hollarida chaqirilurlar. Bas, sizdan kim o‘z peshonasidagi qashqasini uzaytirishga qodir bo‘lsa, shuni qilsin», dedilar» (Beshovlaridan faqat Abu Dovud rivoyat qilmagan).
Demak, tahoratga alohida e’tibor bergan kishi nafaqat bu dunyoda barcha a’zolari pok bo‘ladi, balki oxiratda, xossatan, eng dahshatli kun bo‘lmish qiyomat kuni ham o‘zlarining alohida belgilari ya’ni tahorat tufayli peshonasi oppoq, qo‘l-oyoqlaridan va yuzlaridan esa odamlarning havasini keltiradigan darajada nur taralib turar ekan. Albatta, bu holat o‘z-o‘zidan emas, balki tahorat kishining yuvadigan a’zolari orqali sodir etgan gunohlariga ham kafforot bo‘lib, yanada nurli bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صلی الله علیـه وسلم قَالَ: إِذَا تَوَضَّأَ الْعَبْدُ الْمُسْلِمُ أَوِ الْمُؤْمِنُ فَغَسَلَ وَجْهَهُ خَرَجَ مِنْ وَجْهِهِ كُلُّ خَطِيئَةٍ نَظَرَ إِلَيْهَا بِعَيْنَيْهِ مَعَ الْمَاءِ أَوْ مَعَ آخِرِ قَطْرِ الْمَاءِ، فَإِذَا غَسَلَ يَدَيْهِ خَرَجَ مِنْ يَدَيْهِ كُلُّ خَطِيئَةٍ كَانَ بَطَشَتْهَا يَدَاهُ مَعَ الْمَاءِ أَوْ مَعَ آخِرِ قَطْرِ الْمَاءِ، فَإِذَا غَسَلَ رِجْلَيْهِ خَرَجَتْ كُلُّ خَطِيئَةٍ مَشَتْهَا رِجْلاَهُ مَعَ الْمَاءِ أَوْ مَعَ آخِرِ قَطْرِ الْمَاءِ حَتَّى يَخْرُجَ نَقِيّاً مِنَ الذُّنُوبِ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَالتِّرْمِذِيُّ.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam:
«Vaqtiki, musulmon yoki mo‘min banda tahorat qilsa, bas, u yuzini yuvganida o‘sha suv yoki o‘sha suvning oxirgi qatrasi ila uning ikki ko‘zining nazari orqali qilgan xatolari yuzidan to‘kiladi. Vaqtiki, ikki qo‘lini yuvsa, o‘sha suv yoki o‘sha suvning oxirgi qatrasi ila uning ikki qo‘li bilan qilgan xatolari to‘kiladi. Vaqtiki, ikki oyog‘ini yuvsa, o‘sha suv yoki o‘sha suvning oxirgi qatrasi ila ikki oyog‘i bilan yurib qilgan xatolari to‘kiladi. Shundoq qilib, u gunohlardan pok bo‘lib chiqadi», dedilar» (Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyat qilgan).
Ha azizlar, inson har taraflama nurli, fayzli, ko‘rkam bo‘lishi uchun uning a’zolaridagi zohiriy chang g‘uborlarni ketkazish kifoya qilmas ekan, balki yaxshi niyat va ibodat maqsadi ila tahorat olsa uning mazkur a’zolari orqali sodir etgan gunohlari ham kechirilib, kishi har taraflama pokiza bo‘lar ekan. Bu esa tahoratning fazli qanchalik baland ekanini ko‘rsatadi. Inson borki uning tabiatida qandaydir bezaklarga bo‘lgan qiziqish va intilish bor. Asl bezak esa haqiqiy mo‘min uchun tahoratdadir.
وَعَنْهُ قَالَ: سَمِعْتُ خَلِيلِي صلی الله علیـه وسلم يَقُولُ: تَبْلُغُ الْحِلْيَةُ مِنَ الْمُؤْمِنِ حَيْثُ يَبْلُغُ الْوَضُوءُ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَالنَّسَائِيُّ.
Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi.
«U kishi roziyallohu anhu men o‘z xalilim sollallohu alayhi vasallamning:
«Mo‘minning bezagi tahorat suvi yetgan joygacha yetadi», deganlarini eshitdim», dedi (Imom Muslim va Imom Nasaiy rivoyat qilgan).
Bu hadisi sharifda zikr qilingan bezak oddiy bezak emas, balki qiyomat kuni Alloh tomonidan mo‘min bandaning bezalishidir. Lekin hammaning ham bezagi bir xil bo‘lmas ekan. Balki tahoratning qanchalik mukammal va benuqson bo‘lishiga qarab belgilanar ekan. Shuning uchun ham tahorat paytida beparvo bo‘lmasdan alohida e’tibor bilan har bir a’zoning to‘liq yuvilishi va boshqa shartlari ham ro‘yobga chiqishiga ahamiyat qilish kerak bo‘lar ekan. Quyidagi hadisi sharifda esa tahoratni yaxshilab bajarish to‘g‘risida ma’lumot kelgan.
وَعَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صلی الله علیـه وسلم قَالَ: أَلاَ أَدُلُّكُمْ عَلَى مَا يَمْحُو اللهُ بِهِ الْخَطَايَا وَيَرْفَعُ بِهِ الدَّرَجَاتِ؟ قَالُوا: بَلَى يَا رَسُولَ اللهِ! قَالَ: إِسْبَاغُ الْوُضُوءِ عَلَى الْمَكَارِهِ وَكَثْرَةُ الْخُطَا إِلَى الْمَسْاجِدِ وَانْتِظَارُ الصَّلاَةِ بَعْدَ الصَّلاَةِ فَذلِكُمُ الرِّبَاطُ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَالتِّرْمِذِيُّ وَالنَّسَائِيُّ.
Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi:
«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam:
«Sizlarni Alloh xatolarni o‘chiradigan, darajalarni ko‘taradigan narsaga dalolat qilaymi?» dedilar. Ular:
«Albatta, ey Allohning Rasuli», deyishdi.
U zot:
«Qiyinchiliklarga qaramay, tahoratni yaxshilab qilish, masjidlarga qadamni ko‘paytirish va namozdan so‘ng namozni intizor bo‘lib kutish. Ana o‘sha siz uchun «murobitlik»dir», dedilar» (Imom Muslim, Imom Termiziy va Imom Nasaiylar rivoyat qilgan).
Isbag‘: Lug‘atda – batamom qilish, mukammal qilish va mubolag‘a qilish
Istilohda Tahoratda yuviladigan a’zolarni mubolag‘a kilib benuqson yuvish va azolarning har bir joyiga suv yetkazish, tahoratning barcha ahkomlariga, vorid bo‘lgan sunnat, mustahab va odoblariga rioya qilgan holda, asarlarda kelgan duolarni o‘qigan holda bo‘lishidir.
Demak, Alloh taolo xatolarimizni o‘chirib, darajalarimizni ko‘taradigan narsa yuqorida zikri kelgan amallar ekan. Ularning birinchisi esa biz so‘z yuritayotgan tahorat ekan. «qiyinchiliklarga qaramay, tahoratni yaxshilab qilish» deganda esa ko‘p ma’no bor. Avvalo, qiyinchilik har xil bo‘lishi mumkin, ob-havo sovuqligi, musofirchilik, notanish joylarda tahorat qilish, har xil sharoitda tahorat qilish va boshqalar. Demak, mazkur qiyinchiliklarga qaramay bahona axtarmasdan, tahorat qilishdan qochmasdan, balki uni yaxshilab ya’ni mukammal qilish talab qilinar ekan. E’tibor beradigan joyimiz ham shunda. Tahorat qilsak bo‘ldi emas yoki arzimas qiyinchilikni sabab qilib tahoratni tark etib qo‘yish, goho ba’zi a’zolarni yuvmasdan chala tahorat qilish bilan emas, aynan qiyinchiliklarga qaramay mukammal tahorat olish bilangina hadisi sharifdagi mukofotlarga loyiq bo‘lar ekanmiz. Lekin “Qiyinchilik ko‘p bo‘lsa, savobi ham ko‘p bo‘ladi” deb qasdan bazi bir qiyinchiliklarni yuzaga keltirib chiqarmasligi kerak. Masalan, issiq suv bo‘la turib, qasdan sovuq suvda tahorot olish, tayammum qilishga ruxsat bo‘la turib, qasdan tahorat olib biror mashaqqatga giriftor bo‘lish. Yoki aksincha “shariatda yengillik bor” deb tahoratga beparvolarcha qarab shoshma-shosharlik bilan azolarni chala yuvish, paypoqqa masx tortish, pala-partish tahorat olib suv sachrashi va libosining bulg‘anishiga etibor bermaslik , suvni isitishga sharoit va imkoniyat yo‘q deya o‘zicha tayammum qilib namoz o‘qish va boshqalar.
Mana azizlar tahorat va uning fazli to‘g‘risidagi ba’zi malumotlar bilan qisqacha tanishib oldik. Xulosa qilib aytganda, mazkur fazilatlarga erishish uchun avvalo, tahorat oluvchi tahorat ilmini yaxshi o‘rgangan bo‘lishi, qolaversa, tahoratxonadagi sharoit har tomonlama shariat talablariga javob berishi kerak. Keyingi maqolalarimizda mazkur holatga tegishli bo‘lgan masalalar va malumotlarni yoritishga harakat qilamiz.
Is'hoqjon domla BЕGMATOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi xodimi
Rabbining elchisi ekanini tasdiqlash uchun har payg‘ambarga ham xos kitob nozil bo‘lishi shart emas
Olimlar payg‘ambarni bunday ta’riflagan: «Payg‘ambar – shariat vahiy qilingan inson». Demak, payg‘ambarlik Alloh taoloning O‘zi bandalari orasidan tanlab olgan zotga vahiy nozil qilishi orqali yuzaga chiqadi. Alohida kitob tushishi payg‘ambarlik shartlariga kirmaydi. Bunga quyidagi dalillar dalolat bo‘ladi.
1. Payg‘ambarlik xabari vahiy orqali yetkaziladi. Alloh taolo biror bandasini payg‘ambarlik yo elchilikka tanlar ekan, unga saylanganini bildirib qo‘yadi. Bu bildirish nubuvvat va risolatning asosi bo‘lgan vahiyning bir turidir. Undan keyin Alloh taolo o‘sha payg‘ambarga kitob nozil qilishi ham, qilmasligi ham mumkin.
Nubuvvat xabari ba’zan kitob tushishi bilan boshlanadi. Masalan, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ilk vahiy bo‘lib Alaq surasining «Yaratgan Zot bo‘lmish Parvardigoringiz nomi bilan o‘qing!» oyati nozil qilingan. Biroq payg‘ambarlik ko‘pincha kitob tushishidan boshqa yo‘llar bilan boshlangan va aksar payg‘ambarlarda shunday bo‘lgan.
2. Nubuvvatning tasdig‘i payg‘ambarning so‘zlari va u keltiradigan mo‘jizalarga bog‘liq. Alloh taolo tanlagan bandasiga payg‘ambarlik berganidan keyin odamlar orasida bu nubuvvat va risolatning haqiqiyligi faqat ikki hodisa bilan sobit bo‘ladi:
Birinchisi: Payg‘ambar o‘z ummatiga: «Alloh taolo meni sizlarga payg‘ambar va elchi qilib yubordi», deb e’lon qiladi.
Ikkinchisi: Alloh taolo ushbu da’voni tasdiqlash uchun o‘sha zot orqali mo‘jiza ko‘rsatadi.
Payg‘ambarning «Men Allohning elchisiman, Alloh meni sizlarga nabiy qilib yubordi» degan so‘zlari tilovat qilinmaydigan vahiy (ya’ni, muqaddas kitobning bir qismi) bo‘lib, payg‘ambarlikning, elchilikning, shariat va dinga oid barcha hukmlarning haqligini e’tirof etish mana shu so‘zning tasdig‘iga tayanadi.
3. Kitobning ilohiyligi g‘ayri matluv (tilovat qilinmaydigan) vahiy bilan tasdiqlanadi: Alloh taolo biror elchisiga kitob nozil qilganida, u payg‘ambarga tushishi hamono «Allohning huzuridan tushgan kitob» bo‘lib qolmaydi, ya’ni odamlar buni birdan bila qolmaydi. Bu kalom Alloh taoloning huzuridan tushganini sobit qilish elchining «Bu kitob Alloh taoloning huzuridan nozil qilingandir» degan so‘zlari orqali amalga oshadi.
Demak, rasullarning bu guvohligi Alloh taolo ularga bildirgan tilovat qilinmaydigan vahiydir. Kitob ko‘rinishidagi tilovat qilinadigan vahiyning haqligi mana shu tilovat qilinmaydigan vahiy ustiga bino bo‘ladi.
4. Agar payg‘ambarlik faqat kitob tushishi bilan amalga oshadi, deb hisoblansa, unda o‘ziga kitob nozil qilinmagan barcha haq payg‘ambarlarning nubuvvati botil bo‘lib qolgan bo‘lardi. Shuningdek, bunday payg‘ambar minglab mo‘jizalar ko‘rsatib, rostgo‘yligiga minglab dalillar keltirsa ham, hech kim unga imon keltirishga majbur bo‘lmas va bu gunoh sanalmas edi.
Vaholanki, Alloh taolo alohida kitob tushirmasdan minglab payg‘ambarlar yuborgani barchaga ma’lum va ijmo’ qilingan (barcha ulamolar bir ovozdan tasdiqlagan, haq deb ittifoq qilgan) haqiqatdir. Alloh u zotlarga yo tilovat qilinmaydigan vahiy orqali bildirilgan hukmlarga amal qilishni, yo o‘zidan oldingi payg‘ambarlarning kitobiga muvofiq ish tutishni buyurgan. Masalan, Muso alayhissalomdan keyin Bani Isroilga yuborilgan payg‘ambarlar Tavrotga amal qilinishiga mas’ul edi. Alloh taolo Iso alayhissalom haqida bunday deydi: «Iso ibn Maryam: «Ey Bani Isroil, albatta, men o‘zimdan oldin kelgan Tavrotni tasdiqlovchi va mendan keyin keluvchi Ahmad ismli Rasulning bashoratini beruvchi, Alloh sizlarga yuborgan Payg‘ambarman», deganini eslang. (Ahmad) ularga haq bilan kelgan vaqtda esa, “bu ochiq-oydin sehrdir” dedilar» [Sof surasi, 6-oyat].
Iso alayhissalomga ham Bani Isroilning boshqa payg‘ambarlari kabi Tavrot hukmlariga amal qilish buyurilgan edi. Payg‘ambarlarga kitob tushmagan bo‘lsa-da, ularni yolg‘onchiga chiqargan qavmlarni Alloh taolo turli azoblarga mubtalo qildi va bu jazolarning bir qismini Qur’oni karimda bayon etib ham o‘tdi.
5. Kitoblar va sahifalar faqatgina ba’zi payg‘ambarlar va nabiylarga nozil qilingani, ularning aksariyatiga esa hech qanday kitob ham, sahifa ham tushmagani ijmo’ qilingan haqiqatdir. Ularga faqat vahiyning o‘zi – kitobsiz, sahifasiz – nozil qilingan. Shu bilan payg‘ambarligi mukammal, nubuvvati sobit bo‘lgach, ular yuborilgan qavmlar uchun hujjat-dalil tayyor holatga kelgan va endi odamlar imon keltirish va ergashishga majbur bo‘lgan.
6. Mana Bu qissa Shuaro, Naml, Qasas, Toha va Noziot suralarida bayon qilingan bo‘lib, voqealar Muso alayhissalomga Tavrot nozil qilinishidan oldin yuz bergan. Alloh taolo ushbu qissada Musoning bir qibtiyni (qibtiylar – qadimgi Mirs xalqi) o‘ldirib qo‘ygani sababli Fir’avn va uning qavmidan qochib, Misrdan chiqib ketganini, Madyan tomon yo‘l olganini va u yerdagi solih kishining qiziga uylanganini zikr qiladi. Keyin u ahli ayoli bilan Misrga qaytayotganda Tur tog‘i tomonida bir olovni ko‘rib qoladi. Alloh taolo aytadi: «Bas, u(olov)ga kelganida, nido qilindi: «Ey Muso! Albatta, Men O‘zim sening Rabbingdirman. Kavushlaringni yech. Chunki sen muqaddas Tuvo vodiysidasan. Men seni ixtiyor qilib oldim. Vahiy qilinadigan narsaga quloq os. Albatta, Men, O‘zim, Allohdirman. Mendan o‘zga iloh yo‘q. Bas, Menga ibodat qil va meni zikr etish uchun namozni to‘kis ado et» [Toha surasi, 11-14-oyatlar].
Alloh azza va jalla unga payg‘ambar ekanini xabar qildi va unga vahiy qilinayotgan narsaga quloq tutishni, ibodat qilish va namozni ado etishni buyurdi. So‘ng Haq taolo ikki mo‘jiza bo‘lishi uchun unga qo‘lidagi asoni tashlashni, keyin esa qo‘lini qo‘yniga qo‘yishni buyurdi. Shundan keyin buyuk Zot unga Fir’avn huzuriga borishni amr etdi: «Biz senga buyuk mo‘jizalarimizni ko‘rsatish uchun (shunday qildik). Fir’avnga bor, albatta u tug‘yonga ketdi», dedi». [Toha surasi, 23-24-oyatlar].
So‘ngra Alloh taolo Muso alayhissalom bilan Fir’avn o‘rtasida nimalar bo‘lganini zikr qiladi.
Demak, Fir’avnga Muso alayhissalomning da’vati yetib borishi va bu da’vatga ulkan mo‘jizalar hamroh bo‘lishi bilan hukmdor uchun hujjat qoyim bo‘lgan edi. Vaholanki, u paytda Muso alayhissalomga hali Tavrot nozil qilinmagandi. Chunki, Tavrot u zot Bani Isroil bilan birga Misrdan chiqib ketgani va Fir’avn g‘arq qilinganidan keyin nozil bo‘lgan. Bu Qasas surasidagi oyatlarda bayon etilgan.
Shunday qilib, hujjat vahiy nozil bo‘lganidan keyin da’vatning yetib borishi va unga mo‘jizalar hamrohlik qilishi bilan qoyim bo‘ladi. Faqat kitob bilangina qoyim bo‘lganida edi, Fir’avn uchun hujjat kuchga kirmagan va Alloh taolo tomonidan unga va qavmiga dalilsiz azob berilgan bo‘lar edi. bu esa, Al-Adl bo‘lgan Allohning sifatiga umuman to‘g‘ri kelmaydi.
Yuqorida zikr qilganlardan kelib chiqib aytish mumkinki, vahiylarning hammasi ham tilovat qilinadigan emas, balki ba’zida kitobsiz va sahifasiz ham bo‘lishi mumkin. Payg‘ambarlikning yuzaga chiqishi va sobit bo‘lishida asosiy mezon – vahiyning nozil bo‘lishi. Kitob esa Alloh taolo elchilari orasidan saralab olgan zotlarga xoslab berilgan vahiydir.
7. Payg‘ambarlik kitob tushishi bilan emas, balki vahiy nozil bo‘lishi bilan amalga oshishiga va vahiylarning hammasi ham tilovat qilinadigan emasligiga dalolat bo‘ladigan jihatlardan yana biri – Alloh taoloning biror kitobi borligi ma’lum bo‘lmagan va Alloh taolo kitob ato etmagan payg‘ambarlari bilan so‘zlashganidir. Biz bu so‘zlashuvlarni Haq taolo so‘nggi Kitobida zikr qilgani tufayli bilganmiz. Quyida Qur’oni Karimda Alloh taoloning kitob nozil qilinmagan payg‘ambarlari bilan so‘zlashgani haqida hikoya qilingan voqealardan namunalar keltiramiz.
1. Odam alayhissalom bilan. Alloh taolo aytadi: “Va: “Ey Odam, sen o‘z jufting ila jannatda maskan top. Unda nimani xohlasalaringiz, yenglar, osh bo‘lsin, faqat mana bu daraxtga yaqin kelmanglar, bas, u holda zolimlardan bo‘lasizlar”, dedik” [Baqara surasi, 35-oyat].
Haq taolo dedi: “Rabbi ularga nido qilib: «Sizlarni ana o‘sha daraxtdan qaytargan emasmidim va, albatta, shayton ikkovingizga ochiq-oydin dushmandir, demaganmidim?!» dedi» [A’rof surasi, 22-oyat].
Bu voqealar ular Yerga tushirilishidan oldin, jannatda bo‘lganida yuz bergan.
Ular Yerga tushirilganidan keyin Alloh taolo bunday degan: “Odam o‘z Rabbidan so‘zlarni qabul qilib oldi, keyin U Zot uning tavbasini qabul qildi. Albatta, U tavbani qabul qiluvchi va rahmli Zotdir” [Baqara surasi, 37-oyat].
Bu ham Odam alayhissalomga biror kitob nozil qilinmasdan oldin bo‘lgan ishlar sirasidandir.
2. Nuh alayhissalom bilan. Haq taolo Nuh alayhissalom bilan uning qavmi o‘rtasida kechgan voqealarni zikr qilganidan keyin bunday deydi: “Va Nuhga: «Qavming orasidan avval imon keltirganlardan boshqa hech kim imon keltirmas va ularning qilmishlaridan qayg‘uga tushmagin. Bizning rioyatimiz va vahiyimiz ila kema yasagin hamda zulm qilganlar to‘g‘risida Menga gap ochmagin, albatta, ular g‘arq bo‘lguvchilardir», deb vahiy qilindi. U kema yasamoqda. O‘z qavmidan bo‘lgan zodagonlar qachon oldidan o‘tsalar, uni masxara qildilar. U: «Agar bizni masxara qilsangiz, biz ham xuddi siz bizni masxara qilganingizdek sizlarni masxara qilamiz. Bas, yaqinda kimga sharmanda qiluvchi azob kelishini va kimning ustiga muqim azob tushishini bilib olursiz», dedi. Toki Bizning amrimiz kelib, tannur favvora otganda: «U (kema)ga har narsadan bir juftdan va ahlingdan avval so‘z ketmaganini va imon keltirganlarni ol», dedik. U bilan birga imon keltirganlar juda oz edi. U: «Kemaga mininglar, uning yurishi ham, turishi ham Allohning ismi ila bo‘lur. Albatta, Rabbim mag‘firatli va rahmlidir», dedi. U (kema) ularni tog‘lardek to‘lqinda olib ketayotganida, Nuh bir chetda turgan o‘g‘liga: «Ey o‘g‘lim, biz bilan birga (kemaga) mingin, kofirlar bilan birga bo‘lmagin», dedi. U (o‘g‘il): «Toqqa joylashib olsam, meni suvdan saqlaydi», dedi. U esa: «Bugun Allohning amridan saqlovchi yo‘qdir. Kimga rahm qilsagina (saqlar)», dedi. Shunda ular orasini to‘lqin to‘sdi va u (o‘g‘il) g‘arq bo‘lganlardan bo‘ldi. «Ey Yer, suvingni yutgin, ey osmon, o‘zingni tutgin», deyildi. Suv quridi. Farmon bajarildi va (kema) Judiy (tog‘i)ga joylashdi. «Zolim qavmlar yo‘qolsin!» deyildi. Nuh Rabbiga nido qilib: «Rabbim, albatta, o‘g‘lim ahlimdandir, albatta, va’dang haqdir va Sen hukm qilguvchilarning eng hikmatlisisan», dedi. U Zot: «Ey Nuh, albatta u (o‘g‘il) ahlingdan emas. Albatta, u yaxshi amal emasdir. O‘zing bilmagan narsani zinhor so‘ramagin. Men senga johillardan bo‘lmasligingni nasihat qilaman», dedi. U: «Rabbim, men o‘zim bilmagan narsani Sendan so‘ramoqdan panoh tilayman. Agar meni mag‘firat qilmasang va menga rahm ko‘rsatmasang, ziyon ko‘rguvchilardan bo‘laman», dedi. «Ey Nuh, Bizdan senga va sen bilan birga bo‘lgan ummatlarga tinchlik va barakotlar ila (kemadan) tushgin. Yana bir ummatlar bo‘lur, ularni biroz huzurlantirurmiz, so‘ngra ularni bizdan bo‘ladigan alamli azob tutar», deyildi” [Hud surasi, 36-48-oyatlar].
So‘ng Alloh taolo Payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga dedi: “Ana shu g‘ayb xabarlarini sizga vahiy qilmoqdamiz. Bundan oldin ularni siz ham bilmas edingiz va qavmingiz ham. Bas, sabr qiling, albatta, oqibat taqvodorlarnikidir” [Hud surasi, 49-oyat].
Xo‘sh, Alloh taoloning Nuh alahissalomga bu vahiysi va unga qaratilgan xitobi biror kitobda kelganmidi?! Yoki bu Alloh taolo unga to‘g‘ridan to‘g‘ri so‘zlagan xitob bo‘lib, u yerda o‘qiladigan hech qanday kitob bo‘lmaganmidi?!
Ushbu oyatlarning uslubi va undagi nidoning yo‘sini Alloh taoloning Nuh alayhissalomga to‘g‘ridan to‘g‘ri xitob qilganini, o‘qiydigan biror kitobni nozil etish orqali amr etmaganini ko‘rsatadi.
3. Yusuf alayhissalom bilan. U quduq tubida yotganda Alloh taolo vahiy qilib, hali akalariga ularning qilmishlari haqida xabar berajagini aytdi: “Bas, uni olib ketishgach va uni quduqning qa’riga tashlashga kelishib olishgach (uni amalga oshirdilar), (Biz) unga: «Bu ishlari to‘g‘risida ularga (kezi kelganda), albatta, xabar berursan, vaholanki, ular (Yusuf ekaningni) sezmaydilar», deb vahiy qildik.” [Yusuf surasi, 15-oyat]. Keyinchalik u Misr azizi (Bosh vaziri) bo‘lganidan keyin ularga bu haqda xabar berdi.
Xo‘sh, u quduqda bo‘lganida kelgan bu vahiy haqiqiy vahiy bo‘la turib, tilovat qilinadigan vahiymidi (muqaddas kitobning bir qismi edimi)? Yo‘q, u g‘ayri matluv vahiy edi.
Alloh taolo payg‘ambarlariga xitobni tilovat qilinadigan vahiy ko‘rinishida (kitob holida) tushirmagani borasidagi oyatlar bular bilan cheklanmaydi. Qur’oni karimda bunday oyatlar juda ko‘p bo‘lib, eslatib o‘tish maqsadida ozginasini keltirish bilan kifoyalandik, xolos.
Demak, payg‘ambarlikning asosi alohida bir kitob nozil bo‘lishiga emas, balki bevosita Alloh taoloning tanlangan bandasiga vahiy yuborishiga bog‘liqdir. Qur’oniy qissalar va tarixiy dalillar ko‘rsatganidek, vahiylar faqatgina kitob shaklidagi (tilovat qilinadigan) matnlardan iborat bo‘lmay, ko‘p hollarda payg‘ambarlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri bildirilgan (tilovat qilinmaydigan) ilohiy xitoblar ko‘rinishida kelgan. Shu sababli insoniyatga haqiqatni yetkazish va ularga qarshi ilohiy hujjatni qoyim qilish uchun faqatgina vahiyning o‘zi yetarli bo‘lgan, kitob esa Alloh taolo O‘zi xohlagan elchilarigagina ato etgan maxsus vahiydir.
Nurmuhammad Matkarimov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot
markazi ilmiy xodimi
Mazkur maqolaga
.Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2026 yil 7 iyuldagi 02/2 -sonli xulosasi olingan