Sayt test holatida ishlamoqda!
05 Iyun, 2026   |   18 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:08
Quyosh
04:51
Peshin
12:27
Asr
17:35
Shom
19:57
Xufton
21:32
Bismillah
05 Iyun, 2026, 18 Zulhijja, 1447

Barcha ibodatlar asosi – tahorat

21.11.2017   9334   10 min.
Barcha ibodatlar asosi – tahorat

Alloh taologa beadad hamdu sanolarimiz va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga behisob salavotu durudlarimiz bo‘lsin.

 «Tahorat» arabcha so‘z, uni tilimizga o‘giradigan bo‘lsak «poklik» degan ma’noni anglatadi – ham jismoniy, ham botiniy poklik – ibodat. Bu so‘z barcha ibodatlarning shariat ko‘rsatmalariga muvofiq bo‘lishi uchun shart bo‘lgan buyuk ibodat ma’nosidagi poklikdir.

Ha azizlar, dinimiz poklikka oddiy insoniy tabiatdan kelib chiqib bajariladigan zohiriy tozalik sifatida emas, balki zohiriy, botiniy, ma’naviy, ruhiy, ko‘rinar-ko‘rinmas barcha nopokliklardan mutloq poklanishi lozim bo‘lgan ibodat sifatida qaraydi . Mo‘min kishi poklanar ekan, nafaqat o‘zini toza va ko‘rkam holda sezadi, balki Robbil Olamiynning buyrug‘ini bajargan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatiga ergashgan sadoqatli ummat sifatida buyuk ajr va savoblarga ham haqli bo‘ladi. Qolaversa, tahoratli inson betahorat kishi qila olmaydigan bir qancha ibodat va fazilatlarga ham ega bo‘ladi: namoz o‘qish, Qur’onni ushlash, Ka’batullohni tavof qilish... Shuning uchun ham dinimiz poklikni iymonga tegishli darajaga ko‘targan.

عَنْ أَبِي مَالِكٍ الْأَشْعَرِيِّ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، قَالَ: " الطُّهُورُ شَطْرُ الْإِيمَانِ،  رواه مُسْلِمٌ والنسائي والترمذي

Abu Molik Ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollalloxu alayhi vasallam: «Poklik iymonning yarmidir», dedilar» (Imom Muslim, Imom Nasaiy va Imom Termiziy rivoyat qilgan).

Jumladagi poklikdan maqsad – riyo, kibr, hasad kabi ma’naviy hamda moddiy va jismoniy nopokliklardan pok bo‘lishdir. Tahorat, ya’ni poklik iymonning yarmi deyilishi – usiz ibodat qabul qilinmasligi va savobi behuda ketishidan, iymon bo‘lmasa ibodat umuman qabul qilinmasligi e’tiboridan kelib chiqib aytilmoqda va poklik  iymonning yarmiga tenglashtirilmoqda. Tahoratning fazilati bular bilangina chegaralanib qolmasdan, balki  Alloh taoloning yaxshi ko‘rishiga ham sabab bo‘ladi.

فِيهِ رِجَالٞ يُحِبُّونَ أَن يَتَطَهَّرُواْۚ وَٱللَّهُ يُحِبُّ ٱلۡمُطَّهِّرِينَ ١٠٨

«Unda poklanishni yaxshi ko‘radigan kishilar bor. Alloh poklanuvchilarni yaxshi ko‘radi» (Tavba surasi 108-oyat).

Robbil Olamiynni O‘zi bandalarining ichidan aynan kimlarni qanday sifatga ega bo‘lgan kishilarni yaxshi ko‘rishini e’lon qilib, ularni madh etayapti. Demak, e’tiborga loyiq va munosib bo‘lishni hohlagan kishi, albatta, poklangan holda ibodatlarda bardavom bo‘lishi kerak ekan.

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ هُرَيْرَةَ  رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ،  قَالَ: إنَّ أُمَّتيِ يُدْعَونَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ غُرّاً مُحَجَّلِينَ مِنْ آثَارِ الْوُضُوءِ، فَمَنِ اسْتطَاعَ مِنْكمْ أَنْ يُطِيلَ غُرَّتَهُ فَلْيَفْعَلْ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلاَّ أَبَا دَاوُدَ.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam:

«Albatta, ummatim qiyomat kuni tahoratning asaridan peshonalari oppoq va oyoq-qo‘llaridan nur taralib turgan hollarida chaqirilurlar. Bas, sizdan kim o‘z peshonasidagi qashqasini uzaytirishga qodir bo‘lsa, shuni qilsin», dedilar» (Beshovlaridan faqat Abu Dovud rivoyat qilmagan).

Demak, tahoratga alohida e’tibor bergan kishi nafaqat bu dunyoda barcha a’zolari pok bo‘ladi, balki oxiratda, xossatan, eng dahshatli kun bo‘lmish qiyomat kuni ham o‘zlarining alohida belgilari ya’ni tahorat tufayli peshonasi oppoq, qo‘l-oyoqlaridan va yuzlaridan esa odamlarning havasini  keltiradigan darajada  nur taralib turar ekan. Albatta, bu holat o‘z-o‘zidan emas, balki tahorat kishining yuvadigan a’zolari orqali sodir etgan gunohlariga ham kafforot bo‘lib, yanada nurli bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صلی الله علیـه وسلم قَالَ: إِذَا تَوَضَّأَ الْعَبْدُ الْمُسْلِمُ أَوِ الْمُؤْمِنُ فَغَسَلَ وَجْهَهُ خَرَجَ مِنْ وَجْهِهِ كُلُّ خَطِيئَةٍ نَظَرَ إِلَيْهَا بِعَيْنَيْهِ مَعَ الْمَاءِ أَوْ مَعَ آخِرِ قَطْرِ الْمَاءِ، فَإِذَا غَسَلَ يَدَيْهِ خَرَجَ مِنْ يَدَيْهِ كُلُّ خَطِيئَةٍ كَانَ بَطَشَتْهَا يَدَاهُ مَعَ الْمَاءِ أَوْ مَعَ آخِرِ قَطْرِ الْمَاءِ، فَإِذَا غَسَلَ رِجْلَيْهِ خَرَجَتْ كُلُّ خَطِيئَةٍ مَشَتْهَا رِجْلاَهُ مَعَ الْمَاءِ أَوْ مَعَ آخِرِ قَطْرِ الْمَاءِ حَتَّى يَخْرُجَ نَقِيّاً مِنَ الذُّنُوبِ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَالتِّرْمِذِيُّ.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam:

«Vaqtiki, musulmon yoki mo‘min banda tahorat qilsa, bas, u yuzini yuvganida o‘sha suv yoki o‘sha suvning oxirgi qatrasi ila uning ikki ko‘zining nazari orqali qilgan xatolari yuzidan to‘kiladi. Vaqtiki, ikki qo‘lini yuvsa, o‘sha suv yoki o‘sha suvning oxirgi qatrasi ila uning ikki qo‘li bilan qilgan xatolari to‘kiladi. Vaqtiki, ikki oyog‘ini yuvsa, o‘sha suv yoki o‘sha suvning oxirgi qatrasi ila ikki oyog‘i bilan yurib qilgan xatolari to‘kiladi. Shundoq qilib, u gunohlardan pok bo‘lib chiqadi», dedilar» (Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyat qilgan).

Ha azizlar, inson har taraflama nurli, fayzli, ko‘rkam bo‘lishi uchun uning a’zolaridagi zohiriy chang g‘uborlarni ketkazish kifoya qilmas ekan, balki yaxshi niyat va ibodat maqsadi ila tahorat olsa uning mazkur a’zolari orqali sodir etgan gunohlari ham kechirilib, kishi har taraflama pokiza bo‘lar ekan. Bu esa tahoratning fazli qanchalik baland ekanini ko‘rsatadi. Inson borki uning tabiatida qandaydir bezaklarga bo‘lgan qiziqish va intilish bor. Asl bezak esa haqiqiy mo‘min uchun tahoratdadir.

وَعَنْهُ قَالَ: سَمِعْتُ خَلِيلِي صلی الله علیـه وسلم يَقُولُ: تَبْلُغُ الْحِلْيَةُ مِنَ الْمُؤْمِنِ حَيْثُ يَبْلُغُ الْوَضُوءُ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَالنَّسَائِيُّ.

Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi.

«U kishi roziyallohu anhu men o‘z xalilim sollallohu alayhi vasallamning:

«Mo‘minning bezagi tahorat suvi yetgan joygacha yetadi», deganlarini eshitdim», dedi (Imom Muslim va Imom Nasaiy rivoyat qilgan).

Bu hadisi sharifda zikr qilingan bezak oddiy bezak emas, balki qiyomat kuni Alloh tomonidan mo‘min bandaning bezalishidir. Lekin hammaning ham bezagi bir xil bo‘lmas ekan. Balki tahoratning qanchalik mukammal va benuqson bo‘lishiga qarab belgilanar ekan. Shuning uchun ham tahorat paytida beparvo bo‘lmasdan alohida e’tibor bilan har bir a’zoning to‘liq yuvilishi va boshqa shartlari ham ro‘yobga chiqishiga ahamiyat qilish kerak bo‘lar ekan. Quyidagi hadisi sharifda esa tahoratni yaxshilab bajarish to‘g‘risida ma’lumot kelgan.

وَعَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صلی الله علیـه وسلم قَالَ: أَلاَ أَدُلُّكُمْ عَلَى مَا يَمْحُو اللهُ بِهِ الْخَطَايَا وَيَرْفَعُ بِهِ الدَّرَجَاتِ؟ قَالُوا: بَلَى يَا رَسُولَ اللهِ! قَالَ: إِسْبَاغُ الْوُضُوءِ عَلَى الْمَكَارِهِ وَكَثْرَةُ الْخُطَا إِلَى الْمَسْاجِدِ وَانْتِظَارُ الصَّلاَةِ بَعْدَ الصَّلاَةِ فَذلِكُمُ الرِّبَاطُ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَالتِّرْمِذِيُّ وَالنَّسَائِيُّ.

Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi:

«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam:

«Sizlarni Alloh xatolarni o‘chiradigan, darajalarni ko‘taradigan narsaga dalolat qilaymi?» dedilar. Ular:

«Albatta, ey Allohning Rasuli», deyishdi.

U zot:

«Qiyinchiliklarga qaramay, tahoratni yaxshilab qilish, masjidlarga qadamni ko‘paytirish va namozdan so‘ng namozni intizor bo‘lib kutish. Ana o‘sha siz uchun «murobitlik»dir», dedilar» (Imom Muslim, Imom Termiziy va Imom Nasaiylar rivoyat qilgan).

Isbag‘: Lug‘atda – batamom qilish, mukammal qilish va mubolag‘a qilish

Istilohda Tahoratda yuviladigan a’zolarni mubolag‘a kilib benuqson yuvish va azolarning har bir joyiga suv yetkazish, tahoratning barcha ahkomlariga, vorid bo‘lgan sunnat, mustahab va odoblariga rioya qilgan holda, asarlarda kelgan duolarni o‘qigan holda bo‘lishidir.      

Demak, Alloh taolo xatolarimizni o‘chirib, darajalarimizni ko‘taradigan narsa yuqorida zikri kelgan amallar ekan. Ularning birinchisi esa biz so‘z yuritayotgan tahorat ekan. «qiyinchiliklarga qaramay, tahoratni yaxshilab qilish» deganda esa ko‘p ma’no bor. Avvalo, qiyinchilik har xil bo‘lishi mumkin, ob-havo sovuqligi, musofirchilik, notanish joylarda tahorat qilish,  har xil sharoitda tahorat qilish va boshqalar. Demak,  mazkur qiyinchiliklarga qaramay bahona axtarmasdan, tahorat qilishdan qochmasdan, balki uni yaxshilab ya’ni mukammal qilish talab qilinar ekan. E’tibor beradigan joyimiz ham shunda. Tahorat qilsak bo‘ldi emas yoki arzimas qiyinchilikni sabab qilib tahoratni tark etib qo‘yish, goho ba’zi a’zolarni yuvmasdan chala tahorat qilish bilan emas, aynan qiyinchiliklarga qaramay mukammal tahorat olish bilangina hadisi sharifdagi mukofotlarga loyiq bo‘lar ekanmiz. Lekin “Qiyinchilik ko‘p bo‘lsa, savobi ham ko‘p bo‘ladi” deb qasdan bazi bir qiyinchiliklarni yuzaga keltirib chiqarmasligi kerak. Masalan, issiq suv bo‘la turib, qasdan sovuq suvda tahorot olish, tayammum qilishga ruxsat bo‘la turib, qasdan tahorat olib biror mashaqqatga giriftor bo‘lish. Yoki aksincha  “shariatda yengillik bor” deb tahoratga beparvolarcha qarab shoshma-shosharlik bilan azolarni chala yuvish, paypoqqa  masx tortish, pala-partish tahorat olib suv sachrashi  va libosining bulg‘anishiga etibor bermaslik ,    suvni isitishga sharoit va imkoniyat yo‘q deya o‘zicha tayammum  qilib namoz o‘qish va boshqalar.

Mana azizlar  tahorat va uning fazli  to‘g‘risidagi  ba’zi  malumotlar bilan  qisqacha  tanishib  oldik. Xulosa qilib aytganda, mazkur  fazilatlarga  erishish uchun  avvalo,  tahorat  oluvchi  tahorat ilmini yaxshi o‘rgangan   bo‘lishi,  qolaversa,  tahoratxonadagi  sharoit  har tomonlama  shariat talablariga javob  berishi  kerak. Keyingi  maqolalarimizda  mazkur holatga  tegishli  bo‘lgan  masalalar  va  malumotlarni  yoritishga harakat  qilamiz.  

Is'hoqjon domla BЕGMATOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi xodimi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Qaynona bo‘lish – ona bo‘lishdan ko‘ra qiyinroq

04.06.2026   5126   4 min.
Qaynona bo‘lish – ona bo‘lishdan ko‘ra qiyinroq

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Ona farzandini to‘qqiz oy qornida ko‘tarib yuradi, og‘ir mashaqqatlar bilan dunyoga keltiradi va butun umrini uning kamoli uchun bag‘ishlaydi. Farzandga bo‘lgan bu muhabbat Alloh taoloning buyuk ne’matlaridan biridir.

Ammo ayol kishi o‘g‘lini uylantirgan kuni qaynonaga aylanadi. Shu kundan boshlab u farzandi hayotidagi eng muhim inson sifatidagi o‘rnini boshqa bir inson — kelini bilan baham ko‘rishga to‘g‘ri keladi.

Darhaqiqat, qaynona bo‘lish oson emas. Bu ayol hayotidagi muhim burilish nuqtalaridan biri bo‘lib, ko‘pincha uning ahamiyati yetarlicha e’tirof etilmaydi.

Har bir ayol yaxshi qaynona bo‘lishni istaydi. Biroq buni aytish oson, amal qilish esa ancha mushkul. Chunki ona bilan o‘g‘lining turmush o‘rtog‘i o‘rtasidagi munosabat juda nozik va ehtiyotkorlikni talab qiladi.

Musulmon inson hayotdagi har bir o‘zgarishga tayyor turishga harakat qilishi lozim. Qaynonalik mas’uliyati ham bundan mustasno emas.

 

1. Kelin sizning qizingiz emas

Har bir qaynona avvalo bir haqiqatni qabul qilishi kerak: o‘g‘lingizning ayoli sizning qizingiz emas. U boshqa oilada, boshqa muhitda tarbiya topgan. Shuning uchun undan o‘z qizlaringizdan kutgan narsalarni kutmang.

U bilan qo‘pol yoki haddan tashqari to‘g‘ridan to‘g‘ri muomala qilmang. Chunki u sizning yaxshi niyatingizni qizlaringiz kabi darhol tushunmasligi mumkin.

 

2. Keliningizga qizingizga qanday munosabat qilinishini istasangiz, shunday munosabatda bo‘ling

Keliningiz ham bir oilaning ardoqli farzandi. Qizingizga qanday munosabatda bo‘lishlarini istasangiz, unga ham shunday munosabatda bo‘ling.

Uning har bir xatosini kuzatib yurmang. Har bir kamchiligi uchun hukm qilishga shoshilmang. Agar biror xato qilsa yoki kamchilikka yo‘l qo‘ysa, qizingizni kechirganingiz kabi kechirishga harakat qiling.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: Rahm qilmaganga rahm qilinmaydi (Imom Buxoriy, Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyati).

Shuningdek, Hamdun Qassor rahmatullohi alayhning quyidagi hikmatli so‘zlarini ham yodda tuting: “Agar do‘stingizdan biror xato o‘tsa, unga yetmishta uzr toping. Agar bunga qodir bo‘lmasangiz, aybni o‘zingizdan qidiring.

 

3. Ayollar tug‘ma uy bekasi emasligini unutmang

O‘zingizning yosh kelin bo‘lgan davringizni eslang. O‘sha paytdagi tajribangiz bilan bugungi mahoratingizni taqqoslang.

Yaxshi uy bekasi bo‘lish bir kunda shakllanmaydi. U vaqt, sabr va tajriba orqali qo‘lga kiritiladigan fazilatdir.

 

4. O‘g‘lingizga tegishli har bir narsa sizga tegishli emas

Oila qurgan o‘g‘lingizning va uning turmush o‘rtog‘ining mol-mulki ularning shaxsiy mulki hisoblanadi. Ularning hayotiga va shaxsiy qarorlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish muhimdir.

 

5. O‘g‘lingiz o‘z mas’uliyatlarini anglashi kerak

Ona sifatida farzandlaringiz ustida katta haq-huquqlarga egasiz. Farzandingizni bu haq-huquqlarni to‘g‘ri anglagan holda tarbiyalang. Ayniqsa, o‘g‘lingizga ayolining haqlarini ham o‘rgating. Toki u onasining haqlarini ado qilish bahonasida turmush o‘rtog‘ining huquqlarini poymol qilmasin.

 

6. Dushman emas, ittifoqchi bo‘ling

O‘g‘lingiz va nabiralaringizga g‘amxo‘rlik qilish yo‘lida keliningiz bilan ahil bo‘lishingiz lozim. Sizlar bir-biringizga qarshi emas, balki bir maqsad yo‘lida harakat qilayotgan ittifoqchilarsiz.

Ishonch va samimiyatga asoslangan munosabatlarni shakllantiring. Keliningiz uning manfaatlarini o‘ylayotganingizni his qilsin.

Uning yutuqlaridan o‘zingiznikidek quvoning. Zero, uning baxti va muvaffaqiyati butun oilaning baxtidir.

Eng muhimi, keliningizga mehr va g‘amxo‘rlik ko‘rsating. Unga yaxshi so‘zlar ayting. Chunki shirin so‘z va samimiy munosabat inson qalbida muhabbat uyg‘otadi.

Unutmang: siz ham bir vaqtlar qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘lgan kelin bo‘lgansiz.

Yurtimizdagi har bir oila baxtiyor oila bo‘lsin!

 

Davron NURMUHAMMAD