Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim “Haa Miym” (Duxon surasi)ni kechasi qiroat qilsa, tong otguncha unga yetmish ming farishta istig‘for aytib chiqadi”, dedilar.
Qaysi kecha ekanini kelgusi hadisi sharifdan bilib olamiz. Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim “Haa Miym”ni juma kechasi qiroat qilsa, mag‘firat qilinadi”, dedilar.
Demak, “Duxon” surasini juma kechasi qiroat qilsa, u mag‘firat qilinar ekan. O‘sha mag‘firat qilinadigan gunohlar sag‘ira – kichik gunohlar ekanini ulamolarimiz alohida ta’kidlaganalar.
“Kim “Haa Miym ”ni juma kechasi yoki juma kuni qiroat qilsa, Alloh unga jannatda bir uy bino qiladi”, deganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Abdulloh PARPIYEV,
Xalqaro aloqalar bo‘limi xodimi
Mening hozirgi kasbim haydovchilik. Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidan Toshkent shahriga qatnayman. Har yili Ramazon oyi kelishi bilan meni biroz o‘y bosardi. Sababi – poytaxtga kelib, bu yerdagi masjidlarda o‘qiladigan xatmi Qur’onlarda qatnashgan chog‘larim ruhim tiniqar, toliqsam-da, o‘zimni tetik his etardim. Ammo, bir kun shaharda, boshqa kuni qishloqda bo‘lishga to‘g‘ri kelar, qishlog‘imiz masjidida esa tarovihning o‘zi o‘qilardi. Har kuni xatmga qatnasholmaganimdan dilim g‘ash bo‘lardi.
Alhamdulillah, bu yilgi Ramazonda bizning qishloqdagi “Chim” jome masjidida imomimiz Abdulaziz domla Abdullayev boshchiligida ham xatmi Qur’on bo‘layotir. Yosh va g‘ayratli uch nafar qori dovon osha voha ahlini Qur’on fayzidan bahramand etish uchun yuborilibdi. To‘g‘risi, esimni taniganimdan beri qishlog‘imizda tarovihlar o‘qilar, ammo biror marta xatmi Qur’on o‘qilmagan. Bundan juda mamnun bo‘ldim. Endi shaharda bo‘lamanmi, qishloqdami – Qur’on xatmini kelgan joyidan tinglab, jamoat namozi fayzidan bahramand bo‘lyapman.
Kasb taqozosi bilan turli tabiatli odamlarni uchrataman. Ba’zilar bilib-bilmay zamondan nolib qolishadi. Shunday paytlarda tinchlik, sog‘lik, ofiyat kabi katta ne’matlar qatorida qishlog‘imizda boshlangan xatmi Qur’onlar yurtimiz bo‘ylab bir ming yetti yuzdan ortiq masjidlarda birday o‘qilayotgani ulug‘ ne’mat, deb o‘ylayman. Men uchun katta xursandchilik bo‘lgan ushbu xayrli ishning amalga oshirilishida tashabbus ko‘rsatib, hissa qo‘shgan barchaga, xususan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatiga minnatdorlik bildiraman.
Insha Alloh, Qadr kechasida bir vaqtning o‘zida xatmonalar qilinib, duolar qilinar ekan. Yurtimiz masjidlari qatorida biz ham hamqishloqlarimiz bilan qo‘llarimizni ochib, “omin” deyish niyatidamiz.
Alloh o‘sha kunlarga ham sog‘lik-omonlikda yetkazib, xatmonalar, duolar sharofatidan Vatanimizga fayzu barakasini mo‘l-ko‘l yog‘diraversin.
Omonbek Toshniyozov,
Qamashi tumani, Chim qishlog‘i