Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Avgust, 2026   |   7 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:10
Quyosh
05:37
Peshin
12:26
Asr
17:15
Shom
19:19
Xufton
20:41
Bismillah
20 Avgust, 2026, 7 Rabi`ul avval, 1448

Fotiha surasining tafsiri va fazilatlari

20.11.2017   62381   3 min.
Fotiha surasining tafsiri va fazilatlari

Fotiha surasining fazilatlari bayon qilingan tafsir manbalarida uning Qur’oni karim ma’nolarini o‘zida mujassam qilgan va ulug‘ fazilatlarga ega sura sifatida yoritilgan. Fotiha surasi yetti oyatdan iborat bo‘lsada, unda Islom shariati buyurgan barcha amallarning mazmun-mohiyati mufassal ravishda bayon qilingan. Shu bois, “Ummul Qur’on”, “Ummul Kitob” va “Asos” kabi nomlar bilan atalgan.

Hasan Basriy bu sura haqida: “Alloh taolo avvalgi kitoblardagi barcha ilmlarni Qur’onga jamladi. So‘ngra, Qur’onni ham mufassal holda jamlab, uni Fotiha surasiga kiritdi. Kim Fotiha surasining tafsirini bilsa, Qur’onning nozil qilingan barcha ma’nolarini tushunibdi”, degan.

Mahmud Zamaxshariy “Kashshof” asarida quyidagilarni keltiradi: “Ushbu surada Alloh taologa hamd, Unga ibodat, amri-ma’ruf va nahiy-munkar, va’d va va’idlar zikr qilingan bo‘lib, ular Qur’ondagi barcha oyatlar ma’nosini ifodalaydi”.

Faxriddin Roziy “Mafotih al-g‘ayb” asarining Fotiha surasi tafsirida: “Fotiha surasi ilohiyot, oxirat, nubuvvat, qazo va qadar masalalarini o‘zida jamlagandir. Xususan, suradagi «Hamd olamlarning Rabbi – Allohgakim», (Fotiha surasi, 1-oyat) oyati ilohiyotga dalolat qiladi. «...va jazo (va mukofot) kunining (qiyomat kunining) egasidir», (Fotiha surasi, 3-oyat) yomonlik qilishdan qaytarilgani va barcha ishlar Allohning qazoi va qadari bilan bo‘lishiga, «Bizni shunday to‘g‘ri yo‘lga  yo‘llaginki u Sen in’om etgan zotlarning yo‘li (hidoyat yo‘li) bo‘lsin, g‘azabga uchragan va adashganlarning emas!» (Fotiha surasi, 5-7-oyatlar) oyatlari Allohning qazosi va nubuvvat masalalariga tegishlidir”, deyiladi.

Mahmud Zamaxshariyning “Kashshof” asariga hoshiya bitgan tabrizlik alloma imom Husayn ibn Abdulloh Tiybiy “Sharh al-Kashshof” asarida olim Fotiha surasini quyidagicha sharhlagan: “Fotiha surasi dinning ustuni bo‘lgan to‘rt ilmni o‘z ichiga olgan. Birinchisi, shariatning asosi bo‘lgan va Alloh azza va jallaning sifatlarini o‘rganishga bag‘ishlangan ilm. Ushbu ma’nolar «Hamd olamlarning Rabbi – Allohgakim, (U) Mehribon, Rahmli va jazo (va mukofot) kunining (qiyomat kunining) egasidir» (Fotiha surasi, 1-3-oyatlar)  oyatlarida jamlangan.

Ikkinchisi, ibodat masalalariga taalluqli bo‘lgan ilm. Bu ilmning barchasi «Sengagina ibodat qilamiz…» (Fotiha surasi, 4-oyat) oyatida jam bo‘lgan.

Uchinchisi, kamolotga yetkazuvchi odob-axloq masalalari. Suraning «…Sendangina yordam so‘raymiz. Bizni shunday to‘g‘ri yo‘lga  yo‘llaginki…» (Fotiha surasi, 4-5-oyatlar)  oyatlari barcha axloqiy masalalarning mazmunini qamrab oladi.

To‘rtinchisi, o‘tgan solih zotlar va zolim kimsalar to‘g‘risida xabar qilingan qissalardir. Ularning yetkazilishidan murod – yaxshilarga berilgan ne’matlar va yomonlarga ko‘rsatilgan jazolardan ibratdir. Xususan, suradagi «u Sen in’om etgan zotlarning yo‘li (hidoyat yo‘li) bo‘lsin, g‘azabga uchragan va adashganlarning emas!» (Fotiha surasi, 6-7-oyatlar) oyati Qur’onda zikri kelgan barcha qissalarning mazmunini ifodalaydi.

Imom G‘azzoliyning “Xovoss al-Qur’on al-karim” asarida Fotiha surasi haqida bunday deyilgan: “Surada jamiki itoat qiluvchi solih bandalarning sifati aniq va ravon bayon etilgan. Shuningdek, Haqni inkor etuvchi kimsalarning ahvolidan ogoh qilingan. Alloh taolo yuborgan oyat va mo‘jizalarni inkor qiluvchi kimsalar «…g‘azabga uchragan va adashganlarning emas!» (Fotiha surasi, 7-oyat) so‘zlari bilan ifodalangan. Bu esa Qur’onda zikri kelgan kofir va zolim qavm hamda shaxslarga berilgan mukammal ta’rifdir. Oyatdagi «Sengagina ibodat qilamiz va Sendangina yordam so‘raymiz» (Fotiha surasi, 7-oyat) jumlasi ibodatlar yolg‘iz Allohgagina qilinishi, faqat Undangina yordam so‘rash lozimligini anglatadi.

Sherzod UMARALIYEV,

Toshkent islom universiteti magistranti

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Diniy ta’lim sohasida ilk bor Respublika anjumani bo‘lib o‘tadi

19.08.2026   21245   1 min.
Diniy ta’lim sohasida ilk bor Respublika anjumani bo‘lib o‘tadi

Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.

Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.

Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.

Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari