Bugungi kunda musulmonlar o'rtasida nizoga sabab bo'lib turli ixtiloflar keltirib chiqarayotgan muammolardan biri bu bid'at masalasidir. Bid'at so'zi lug'atda “بدع” o'zagidan olingan bo'lib, “o'xshashi bo'lmagan bir ishni qilmoq, ijod qilmoq” ma'nosida keladi. Bu so'z kelib chiqish ma'nosiga ko'ra, “yangilik, keyin paydo bo'lmoq, o'xshashi yo'q” kabi bir-biriga juda yaqin ma'nolar berish bilan birga, boshqa ma'nolarda ham ishlatiladi.
Umuman olganda, Qur'on va sunnatda kelmagan, payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam) vaqtlarida bo'lmagan keyinchalik paydo bo'lgan amallarni lug'aviy jihatdan “bid'at” deyish mumkin. Lekin bu amallarning barchasini inkor etish va haromga chiqarish to'g'ri emas.
Olimlar o'rtasida bid'atga ta'rif berishda asosan ikki xil yondashuv mavjud:
Birinchi yo'nalish: Bu yo'nalishdagi olimlarning ta'kidlashicha, bid'at, bu Qur'on va sunnatda mavjud bo'lmagan ish va narsalardir. Ular ibodatlarda yoki odatiy ishlarda, yaxshi yoki yomonbo'lishidn qat'i nazar, barchasi “bid'at” nomi bilan atalib, so'ng ulardan mumkin bo'lgani va man qilinganini ajratib beradilar. Bu fikr tarafdorlari orasida Imom Shofe'iy, Izzuddin ibn Abdussalom, Imom Navaviy, Abu Shoma, Imom Qarroniy, Zarqoniy, Ibn Obidin, yana boshqa olimlardan Ibn Javziy hamda ibn Hazmni sanash mumkin.
Bu yo'nalishdagi olimlar quyidagi hujjatlarni o'zlariga dalil sifatida keltiradilar:
1. Jarir ibn Abdulloh (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam): «Kim Islomda go'zal sunnat paydo qilsa va undan keyin o'sha sunnatga amal qilinsa, unga o'shanga amal qilganlar ajriga o'xshash ajr, ularning ajridan biror narsa noqis qilinmagan holda yozilib turadi. Kim Islomda bir yomon sunnat paydo qilsa va undan keyin o'sha sunnatga amal qilinsa, unga o'sha amal qilganlar gunohiga o'xshash gunoh, ularning gunohlaridan biror narsa noqis qilinmagan holda yozilib turadi», dedilar». Muslim rivoyat qilgan.
2. Abdurrahmon ibn al-Qoriy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Umar ibn Hattob (roziyallohu anhu) bilan Ramazon kechalarining birida masjidga chiqdim. Qarasak, odamlar guruh-guruh bilan tarqoq hollarida: kimdir o'zi namoz o'qimoqda, kimdir namoz o'qisa bir necha kishi unga iqtido qilmoqda. Shunda Umar: «Menimcha ana ularni bir qori (orti) ga jamlasam yaxshi bo'ladi», dedi. So'ngra ularni Ubay ibn Ka'bning ortidan jamladi. Keyin, boshqa bir kechada men yana u bilan chiqqanimda odamlar qorilarga iqtido qilib namoz o'qir edilar. «Bu qandoq ham yaxshi bid'at. Bu vaqtda uxlab yotganlaridan ko'ra qoim bo'lganlari afzal», dedi hazrati Umar. Kechaning oxirida, demoqchi. Odamlar kechaning avvalida qoim bo'lishar edi» (Molik rivoyati).
3. Mujohid (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Urva ibn Zubayr bilan birga masjidga kirdik. Qarasak, Abdulloh ibn Umar Oisha (roziyallohu anho)ning hujrasi oldida o'tirgan ekan. Odamlar bo'lsa, jamoat bo'lib zuho namozi o'qimoqdalar. Biz Ibn Umardan ularning namozi haqida so'ragan edik, “Bid'at” dedi» (Muslim va Ahmad rivoyati).
Izuddin ibn Abdussalom bid'atni quyidagicha tasniflaydi:
Vojib bid'at - ijobiy ma'nodagi bid'at bo'lib adashgan firqalarning da'volariga raddiyalar berish, ularni o'rganish, dinni muhofaza qilish va uni buzmoqchi bo'lganlarga qarshi kerakli bo'lgan yangi ilmlarni o'rganishni joriy qilish, Qur'onni tushunish uchun nahv va sarf ilmi, tafsir, fiqh ilmi va shu kabilarning barchasi kiradi.
Harom bid'atlar bunga Qur'on va sunnatga xilof ishlarni shariatga olib kirish kabi bid'atlar kiradi. Jumladan xorijiylik, qadariylik kabi botil mazhablar qarashlari bunga misol bo'ladi. Hulosa qilib aytganda, dinga zarar keltiradigan, uning asoslaridan biror narsani buzadigan yoki bir sunnatni yo'q qiladigan bid'atlar, harom bid'atlardir.
Makruh bid'atlar - o'rinsiz qoidalar va uning dalillarini o'z ichiga olgan bid'atlar hisoblanadi. Masalan, namozdan keyin tasbeh, hamd va takbirni Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam)dan oshirib 33 tadan ko'proq o'girish kabi holatlar bunga misol bo'ladi.
Mandub bid'atlar - Dindagi rag'batlantirish qoidalari va dalillarini qamrab olgan bid'atlardir. Ramazonda taroveh namozini jamoat bilan o'qish, shariatga xilof bo'lmagan va asri saodatda bo'lmagan turli yaxshiliklar - hayotni qulaylashtiruvchi mustahkam, keng binolar, maktablar qurish qabilar bunga kiradi.
Muboh bid'atlar - Harom va makruh amallarga yo'l qo'ymay eb-ichish, kiyinish, yashash joyida qulaylik yaratish, peshin va asr namozlaridan keyin qo'l berib salomlashish kabilar bu doiraga kiradi.
Imomi Birg'iviy bu haqda quyidagi ma'lumotlarni beradi: “…E'tiqodiy bid'atning aksi ahli sunna val jamoaning e'tiqodidir. Ibodatdagi bid'atning ziddi esa, sunnati huda (Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam)ning gohida qilib, gohida tark qilgan ibodatlardir. (Masalan, e'tikof singari) odatlardagi bid'atlarga amal qilmoq zalolat bo'lmaydi. Buning aksi sunnati zoidadir. Sunnati zoidani qilmoq mustahabdir”.
Imom Shofe'iy: “Bid'atning ikki turi mavjud: “Bid'ati mamduha” (maqtalgan bid'at), “bid'ati mazmuma” (yomonlangan bid'at). Sunnatga muvofiq keladigan bid'at - bid'ati mamduha, sunnatga to'g'ri kelmaydigan bid'at bid'ati mazmumadir”.
Ibn Hazm: “Bid'at Qur'oni karimda va sunnatda bo'lmagan hamma narsadir”-, degan ta'rifni beradi.
Ibn Asirga ko'ra esa bid'at ikkiga bo'linadi: “bid'ati huda” (hidoyatga boshlaydigan) va “bid'ati zalal” (zalolatga boshlaydigan bid'at)lardir.
Shayx Abdulhaq Dehlaviy “Mishkot” sharhida shunday deydi: “Bilingizki Rasululloh (alayhis-salom)dan keyin paydo bo'lgan har narsa bid'atdir. Agar sunnatga muvofiq bo'lsa yoki unga qiyos qilinsa, u bid'ati hasana bo'ladi. Yangi paydo bo'lgan narsa sunnat va uning asoslariga xilof bo'lsa, u bid'ati sayyiadir”.
Ayrim olimlar bid'atni bunday guruhlarga ajratishni noto'g'ri sanashadi, ularning fikricha madrasa qurish, arab tili grammatikasini o'rganish va shu kabi kitob va sunnatda bo'lmagan ishlarni “yaxshi bid'at” deyish noto'g'ri, ularni umuman bid'at deyish kerak emas.
Ikkinchi yo'nalishdagi olimlar - imom Molik, Shotibiy, Turtushiy, hanafiylardan imom Shumunniy va Ayniy, shofe'iylardan Bayhaqiy, Ibn Hajar Asqaloniy va Ibn Hajar Haysamiy, hanbaliylardan Ibn Rajab va Ibn Taymiyalarning fikricha, bid'atning barchasi – ibodatdagisi ham, odatdagisi ham zalolatdir.
Bu yo'nalishdagi ta'riflarning eng mashhuri imom Shotibiyga tegishli bo'lib, u kishidan ikki xil ta'rif keltirilgan:
1. Bid'at dinda yangi ixtiro qilingan yo'l bo'lib, u bilan shariatga o'xshatish kiritiladi. Unga yurish orqali Allohga ibodat qilishda mubolag'a qasd qilinadi.
Mazkur ta'rifda din javhariga o'zgartish kiritish, ibodatlarda shariat ko'rsatgan yo'lga o'xshash yo'l paydo qilish haqida so'z borayotgani ochiq-oydin ko'rinib turibdi.
2. Bid'at dinda yangi ixtiro qilingan yo'l bo'lib, u bilan shariatga o'xshatish kiritiladi. Unga yurishdan shariat yo'liga yurish qasd qilinadi.
Imom Shotibiyning ikkinchi ta'rifi birinchisidan keng bo'lib, unda ibodat va odatlardagi yangi ixtiro qilingan narsalar bid'at ekani ta'kidlangan.
Haqli ravishda, nima uchun imom Shotibiy bid'atga ikki xil ta'rif bergan, degan savol paydo bo'ladi. Bu savolga ulamolarimiz, imom Shotibiy: “Bunda boshqalarning bid'at ma'nosini keng yoki tor olganiga e'tibor bergan”, deb javob berganlar.
Imom Shotibiyning birinchi – tor ta'rifida bid'at faqat ibodatlarda bo'ladi, deganlarning fikri, ikkinchi – keng ta'rifida esa, bid'at ibodatlarda ham, odatlarda ham bo'ladi, deganlarning fikri o'z ifodasini topgan.
Imom Shotibiyning o'zi esa, bid'at faqat aqida va ibodatlarga xos bo'lishiga moyil bo'lgan.
Ikkinchi yo'lanishdagi ta'rifda bizga kerak bo'lgan asosiy ma'no «Bid'at dinda yangi ixtiro qilingan yo'l» degan jumladir. Demak, musulmonlar ichida yangi paydo bo'lgan narsa bid'at bo'lishi uchun dinning asosiga oid bo'lishi va unga ham xuddi shariatning asosiy ibodatlari maqomi berilishi ekan.
Quyidagi hadislarda xuddi shu ma'no ko'zda tutilgan.
1. Oisha (roziyallohu anho)dan imom Buxoriy, Muslim va Abu Dovudlar tomonidan rivoyat qilinadi: «Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam): «Kim bizning bu ishimizda undan bo'lmagan narsani yangitdan paydo qilsa, u marduddir», dedilar» (Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan).
Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam) «ishimiz» deganlaridan murod, dinimiz, deganlaridir.
2. Jobir (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam): «Albatta, eng sodiq kalom Allohning Kitobidir, eng yaxshi hidoyat Muhammadning hidoyatidir. Ishlarning eng yomoni yangi paydo bo'lganlaridir. Har bir yangi chiqqan ish bid'atdir. Har bir bid'at zalolatdir. Barcha zalolat do'zaxdadir», dedilar» (Buxoriy, Muslim va Nasoiy rivoyati).
Qayd etish lozim-ki, musulmonlar hayotida yangi paydo bo'lgan va dinning asosiga daxldor bo'lmagan narsalar bid'at bo'lmaydi. Masalan payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam) hayotlik davrlarida Qur'oni karim kitob shakliga keltirilmagan, madrasalar qurilmagan, turli ilmlar shakllanmagan, kitoblar yozilmagan edi.
Ibn Rajab al-Hanbaliy shunday deydi: “Bid'atdan murod, shariatda borligiga hech bir dalil bo'lmagan yangi paydo bo'lgan narsadir. Yangi paydo bo'lgan narsa aslida shariatda bor bo'lsa, u holda bid'atning lug'aviy ma'nosiga to'g'ri kelsada, aslida shar'an bid'at hisoblanmaydi”. Ibn Hajar Asqaloniy ham shu fikrni ma'qullab, bid'at sunnatning ziddi sifatida qo'llanilishini aytadi. Hodimiy ham shu fikrlarni quvvatlaydi: “Faqihlarga ko'ra bid'at aslo odatlarni o'z ichiga olmaydi”, deydi.
Ikkinchi yo'nalishdagi olimlarning fikriga qarasak, ular bid'at so'zining ko'proq salbiy ma'noda ishlatilishiga e'tibor qaratganlar. Shu sababdan, yangi paydo bo'lgan amallar agar shariatga to'g'ri kelsa ularga nisbatan bid'at so'zi qo'llanmasligini ta'kidlaganlar.
Salohiddin Toshonov,
“Yakkasaroy” jome masjidi imom-xatibi
Tasavvuf masalasi ham salafiylar tomonidan qattiq tanqidga olingan va ko‘r-ko‘rona rad etiladigan mavzulardan biridir. Tasavvuf, tariqat, suluk, shayx, murid va shu kabi atamalarni eshitishlari bilan mavzuni inkor qilishga tushib ketadilar. Lekin aslida ham shundaymi?
Ming yillardan beri Islomning ruhi bo‘lib kelgan va Islom ummati og‘ishmay amal qilib kelayotgan bu mavzu rad etilishi kerakmi?!
Tasavvuf – bu Allohni tanish va nafsni poklashni o‘rgatadigan va shu yo‘ldagi harakatlarni ifodalaydigan, ularni anglatadigan va bu holatlarga erishish uchun nima qilish kerakligini tushuntiradigan bir ilmdir. Tasavvuf islomiy ilmlarning eng sharaflisidir. Bu ilmning sharafi, mavzusining sharafi bilandir.
Modomiki, tasavvufning maqsadi, mavzusi ma’rifatulloh – Allohni bilish-tanish ekan, u o‘z-o‘zidan islomiy ilmlarning eng sharaflisi bo‘ladi. Tasavvuf bizga nima qilsak, Alloh bizni sevadi? Nima qilsak, qalbimizda bo‘lishini istaganimiz “Alloh sevgisi” hosil bo‘ladi, kabi savollarga javob beradi va bu maqomga erishish yo‘llarini o‘rgatadi.
Tasavvufga ulamolar tomonidan ko‘plab ta’riflar berilgan. Shayx Ibrohim ibn Muvallid Roqqiy rahmatullohi alayh o‘zining kitoblarida bu ta’riflarni yuzdan oshig‘ini jamlagan.
Shayx Muhammad ibn Ali Qassob rahimahulloh: “Tasavvuf bu – saodat asrida sharafli qavmning eng oliyjanob kishisidan sodir bo‘lgan eng go‘zal xulqlardir”, degan.
Shayx Abu Muhammad Jaririy rahimahulloh: “Tasavvuf – har bir go‘zal xulqni olish va har bir yomon xulqni tark qilishdir”, dedi.
Shayx Muhammad ibn Ali ibn Husayn ibn Ali ibn Abu Tolib rahimahulloh: “Tasavvuf – go‘zal xulq bilan bir ma’noda bo‘lib, kimning xulqi senikidan go‘zal bo‘lsa, tasavvufi ham go‘zaldir”, degan.
Shayx Abu Hafs Naysoburiy rahimahulloh: “Tasavvuf – uning barchasi odobdir. U har bir vaqt, har bir hol va har bir maqomning odobidir”, degan.
Tasavvuf ba’zi kishilar: “Bu narsa hijriy uchinchi asrdan keyin paydo bo‘lgan bid’at, avvalgi davrda bo‘lmagan. Qur’oni karim va hadisi sharifda “Tasavvuf” so‘zi biror marta zikr qilinmagan”, deb da’vo qilayotganidek keyin paydo bo‘lib qolgan bid’at ilm emas, balki u barcha shar’iy ilmlar qatori Islomning avvalidan mavjuddir.
Qur’oni karimda va hadisi shariflarda “Tasavvuf” so‘zini biror marta kelmagani uni islomiy ilm emasligiga dalil bo‘lmaydi. Chunki boshqa islomiy ilmlarning ham nomlari Qur’on va hadisda zikr qilinmagan. Agar Qur’on va hadisda zikr qilinmagan narsalarni inkor qilsak, juda ko‘plab narsalardan voz kechishimizga to‘g‘ri keladi.
Tasavvuf Islomning avvalgi asrlaridan beri mavjud bo‘lib, u ham boshqa islomiy ilmlar qatori Qur’on va sunnatdan olingan. Bunga Qur’on, hadis va tobeinlarning so‘zlarida dalillar bor. Avval aytganimizdek tasavvufning asosiy vazifasi insonning nafsini tarbiyalash, gunohlardan poklash va botiniy amallarini tartibga solishdir.
Alloh taolo An’om surasining 120-oyatida bunday marhamat qilgan:
﴿وَذَرُوا ظَاهِرَ الْإِثْمِ وَبَاطِنَهُ﴾
“Va oshkora hamda maxfiy gunohlarni tark qilinglar!”.
Alloma Alouddin Ali ibn Muhammad Bag‘dodiy rahimahulloh bu oyati karimani tafsir qilib: “Oshkora gunohdan tashqi a’zolar bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan. Maxfiy gunohdan qalb bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan” degan.
Zohiriy a’zolar bilan qilinadigan gunohlarni tark qilishni va unga beriladigan jazolarni fiqh fani o‘rgatsa, qalb kasalliklarini davolashni aynan tasavvuf o‘rgatadi. Boshqa oyati karimada shunday deyiladi:
﴿قَدْ أَفْلَحَ مَنْ زَكَّاهَا﴾
“Batahqiq, kim u(nafs)ni poklasa, yutuqqa erishdi” (Shams surasi, 9-oyat).
Darhaqiqat, inson oxiratda yutuqqa erishishi uchun, jahannam olovidan omonda bo‘lishi uchun bu dunyoda kufrdan, shirkdan, nifoqdan va turli gunoh va qalb kasalliklaridan o‘zini poklashi kerak.
Alloh taolo bu oyati karimalarda bandalarini kufr, shirk va gunohlardan o‘zlarini poklashga buyurmoqda. Mana shu poklashni o‘rgatadigan fanni “Tasavvuf” deb nomlash insonlar orasida urf bo‘lgan.
Shuningdek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida tasavvuf ehson deb nomlangan. “Jabroil hadisi” deb nomlangan mashhur hadisi sharifda “ehson” ayni tasavvuf ekani namoyon bo‘ldi.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Birdan ustimizda oppoq kiyimli, sochlari qop-qora odam paydo bo‘ldi. Unda safarning asari ko‘rinmas edi. Uni birortamiz tanimas ham edik. U kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘g‘rilariga o‘tirdi. Ikki tizzasini u zotning ikki tizzalariga tiradi. Ikki kaftini sonlari ustiga qo‘ydi va: “Ey Muhammad, menga Islom haqida xabar ber”, dedi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Islom “Laa ilaaha illallohu Muhammadur Rasululloh”, deb shahodat keltirmog‘ing, namozni to‘kis ado qilmog‘ing, zakot bermog‘ing, Ramazon ro‘zasini tutmog‘ing, agar yo‘liga qodir bo‘lsang, Baytni haj qilmog‘ing”, dedilar.
“To‘g‘ri aytding”, dedi u. Biz undan ajablandik. O‘zi so‘raydi, o‘zi tasdiqlaydi.
“Menga iymon haqida xabar ber”, dedi.
“Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga va oxirat kuniga iymon keltirmog‘ing, yaxshiyu yomon qadarga iymon keltirmog‘ing”, dedilar.
“To‘g‘ri aytding”, dedi.
“Menga ehson haqida xabar ber”, dedi u.
“Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.
“Menga Soat (qiyomat)dan xabar ber”, dedi.
“So‘raluvchi bu haqda so‘rovchidan bilimliroq emas”, dedilar.
“Uning alomatlaridan xabar ber”, dedi.
“Cho‘ri o‘z xojasini tug‘ishi, yalangoyoq, yalang‘och, kambag‘al cho‘ponlarning bino qurishda bir-birlaridan o‘zishga urinishlarini ko‘rmog‘ing», dedilar. So‘ngra u (qaytib) ketdi. Bas, birmuncha vaqt o‘tkazdim. So‘ngra u zot menga:
“Ey Umar, so‘rovchi kimligini bildingmi?” dedilar.
“Alloh va Uning Rasuli biluvchidir”, dedim.
“Albatta, u Jabroildir. Sizlarga diningizni o‘rgatgani kelibdi”, dedilar».
Ushbu hadisi sharifda dinning asllari iymon, Islom, ehson, zohiriy va botiniy amallarni isloh qilish va oxirat kuni haqida va bularning barchasi din ekanligini xabari berilmoqda.
Hadisi sharifda zikr qilingan “Islom”ni fiqh ilmi o‘rgatadi. “Iymon” qismini aqoid ilmi o‘rgatadi. Bizning mavzumizga bevosita bog‘liq bo‘lgan “ehson” qismini esa tasavvuf ilmi o‘rgatadi va bu hadisi sharifda bunga amaliy namuna ham bor.
Jabroil alayhissalom: “Menga ehson haqida xabar ber”, deganlarida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.
Tasavvufning asosiy maqsadlaridan biri ham banda qilayotgan har bir ibodatida, amalida Alloh uni ko‘rib turganini va bu amaliga qiyomat kuni albatta savol-javob bo‘lishini qalban his qildirishdir.
“Tasavvuf” so‘zi Islomning dastlabki asrida ishlatilmagan bo‘lsa-da, keyingi davrlarda “so‘fiy” so‘zi ishlatilganini kuzatishimiz mumkin.
Ulamolar mutavotir hadisning qanday bo‘lishi va shartlarini bayon qilib aytadilarki “Mutavotir hadis – uning sanadidagi har bir tabaqada juda ko‘p roviy rivoyat qilgan. Ana shu roviylarning barchasi rivoyat qilingan hadisni o‘zgartirishga kelishib olishlari mumkinligini aql inkor etadi”.
Shunday ekan, tasavvuf ilmi ham ikkinchi asrdan (tobeinlar asridan) to shu kungacha minglab shariatimiz peshvolari orqali ham naqlan, ham amalan mutavotir holatda bizgacha yetib kelgan. Shuning o‘zi ham tasavvuf ilmining shar’iy ilm ekaniga yetarli dalil bo‘ladi.
Mashhur muhaddis olim, Shayx Shoh Valiyyulloh Dehlaviy rahimahulloh: “Suhbatlarimiz va ta’lim-tarbiyamiz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga sahih va mashhur sanad bilan yetib borgan tariqat odobidir”, degan.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi