Qur’on oyatlarini ixlos bilan tilovat qilishlik yoki tinglashlik ham Allohning rahmatiga tezda olib boradi. Chunki Alloh taolo «Qur’on tilovat qilganda, uni tinglanglar va jim turinglar, shoyad, rahmatga erishsangiz», deb aytgan (A’rof, 204). Bunda Allohning «shoyad» degani bo‘lishi «aniq» dir, deb ulamolar tafsir qilishgan.
Qur’on xuddi suhbatdosh kabidir. U bilan qancha uzoq suhbat qursangiz, u sizga o‘z sirlarini ochadi. Shuning uchun ham Allohning kalomida insonlarning e’tibori Qur’on tilovatiga va undagi hikmatlarga amal qilishga jalb etiladi, xususan:
«Darhaqiqat, biz Qur’onni zikr uchun oson qildik. Bas, zikr qiluvchi bormi?!» (Qamar, 17)
«Bu (Qur’on) odamlar uchun qalb ko‘zlari, aniq ishonadigan qavm uchun hidoyat va rahmatdir» (Josiya, 20)
Shu o‘rinda, ulamolar Qur’on tilovatining quyidagi fazilatlarini aytib o‘tishadi:
Birinchisi, Qur’oni Karim shafoati. Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda Rasululloh aytadilar: «Qur’onni doimo o‘qing, chunki u qiyomat kunida tilovat qilganlarni shafoat qiladi».
Ikkinchisi, Qur’oni Karim o‘z o‘quvchisini jannatda oliy maqomga olib chiqadi. Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda payg‘ambarimiz aytadilar: «Qur’on o‘z o‘quvchisiga shunday deydi: «O‘qinglar, o‘rningizdan turinglar va foniy dunyoda o‘qiganingiz kabi chiroyli tilovat qilinglar. Shunda oxirgi oyatni o‘qib tugatgan joyingiz, sizning oliy maqomingiz bo‘ladi».
Amr ibn Os: «Qur’ondagi har bir oyat jannatdagi daraja va uylaringizdagi chiroqdir».
Uchinchisi, Qur’oni Karim tilovatining yuksak fazilati va savobi. Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh aytadilar: «Kimki Allohning kalomidan bir harfni o‘qisa ham, unga o‘nta savobga teng yaxshilik qayd etilibdi. Shu o‘rinda, «Alif lom mim» oyatini bir harf demaymiz, balki «Alif» bir harf, «Lom» bir harf va «Mim» bir harf, deb ta’kidlaymiz».
To‘rtinchisi, Qiyomat kuni Qur’oni Karim o‘z o‘quvchisini chaqiradi. Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Muhammad (SAV) aytadilar: «Qiyomat kunida Baqara va Oli Imron suralari Qur’on ahlini chorlaydi».
Shu o‘rinda diniy ulamolar ta’kidlashadiki, «Qur’on kitobing bilan do‘st bo‘lgin, chunki qayta tirilganingda u o‘qiganlaringni so‘zlab beradi».
Beshinchisi, Qur’on tilovatchisining bu dunyodagi maqomi. Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda payg‘ambarimiz aytadilar: «Mazkur kitob bilan Alloh qavmlarni yuksak qiladi». Ulamolar ta’kidlashadiki, «Qur’on - qalblarning tabibidir, uning zikri – gunohlarni mahv qiluvchidir, uning nuri esa g‘ayblar siridir».
Oltinchisi, Qur’oni Karim ilmini o‘rganish yaxshiligi. Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh aytadilar: «Qur’oni Karimni va uning ilmini o‘rganish Sizlar uchun yaxshilik va xayr-barakot olib keladi».
Yettinchisi, Qur’oni Karimdan biror oyatni yodlamaslikdan qo‘rqish. Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda Muhammad (SAV) aytadilar: «Qur’onning xayri-barakoti bo‘lmagan inson vayron bo‘lgan uyga o‘xshaydi».
Umuman olganda, shuni bilish joizki, Qur’on kitobimiz ustidagi chang-g‘ubor qanchalik quyuqlashsa, qalblarimizda g‘am-tashvish va muammolar ham shunchalik quyuqlashaveradi.
Shuning uchun ham diniy ulamolar aytishadiki, «Ey Qur’on ahli! Yomg‘ir yerning bahori bo‘lgani kabi, Qur’on ham Mo‘minning bahoridir! Shuningdek, qalb xotirjamligiga erishmoqchi bo‘lsangiz, albatta, Qur’on o‘qing. Chunki, qalblar – bu idishlardir, ularni Qur’on bilan to‘ldirish lozim, yana xuddi chanqaganda suv ichilgandek, g‘amga botganda Qur’on o‘qishlik va Rahmonning zikri bilan mashg‘ul bo‘lishlik xotirjamlikka olib keladi.
Shunday ekan, keling birodar, «Albatta, Alloh zikr qilinsa qalblari titraguvchi, oyatlari tilovat etilsa iymonlari ziyoda bo‘lguvchi va robbilariga tavakkul qilguvchi mo‘minlar» (Anfol, 2), qatorida bo‘lishga intilaylik!!!
Baxtiyor ABDULLAYEV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi xodimi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV