Bolalar tarbiyasiga doir foydali maslahatlar
Fiqh kitoblarimizda farzandning ota-onadagi haqqi zikr qilingan boblarida, albatta, farzandga chiroyli va ma’noli ismlar qo‘yish xususida aytib o‘tiladi. Chunki keyinchalik farzand o‘z ismidan boshqalar huzurida uyalmasligi kerak. Ism Allohga bandalik, payg‘ambarga ummat ekani va musulmonlar toifasidan ekaniga dalolat qilishi lozim. Bu borada janobi Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan rivoyat bo‘lgan quyidagi hadisi sharif mavjud: «Ism o‘zagida «hamd» va «abd» o‘zlaridan tarkib topgan ismlar yaxshi nomlardir».
Bolaga chiroyli ism qo‘yish ota-onaning farzand oldidagi mas’uliyatlaridan hisoblanadi. Islom tarixida bo‘lib o‘tgan ajoyib hodisalardan xabardor har bir ota-ona qanday sharoitda bo‘lmasin, farzandiga chiroyli, ma’nosi ham go‘zal ism qo‘yishga harakat qiladi. Zero, ism o‘z egasining xulq-atvoriga, hatto taqdiriga ham ta’sir qilishi aytilgan. Qiyomat kuni har bir inson o‘z ismi bilan chaqiriladi.
Abu Dardodan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: «Qiyomat kuni sizlar o‘z ismlaringiz bilan va otalaringiz ismlari bilan chaqirilasiz. Binobarin ismlaringiz chiroyli bo‘lsin!»
Bola tug‘ilganida ko‘pincha ota-onalar unga qanday ism qo‘yishga o‘ylanib qolishadi. Natijada, ko‘p bosh qotirmay, ma’nosi g‘aliz, tumtaroq ismlarni qo‘yib yuborishadi. Shu qo‘yiladigan ism bola bilan nafaqat foniy dunyoda, balki qiyomatda, jannat yo do‘zaxda ham birga bo‘ladi. Bu mavzuga aloqador hadislarda aytiladi: Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Darhaqiqat, Alloh taologa eng yoqadigan ismlaringiz «Abdulloh» va «Abdurrohman»dir», dedilar.
Hadisda ism qanday bo‘lishi kerakligi ochiq bayon qilingan. Kishi o‘zining Alloh taologa suyukli ekanini bildirmoqchi bo‘lsa, «Abdu…» bilan boshlanadigan ismlarni qo‘ysin, chunki bunday ismlar Alloh taoloning quli ekanini hamisha bildirib turadi.
Boshqa bir hadisda bunday kelgan: Abu Vahb aytadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: «Payg‘ambarlarning ismlarini olinglar, Alloh taologa eng yoqadigan ismlar «Abdulloh» va «Abdurrohman»dir, eng sadoqatlisi «Horis» va «Hammam»dir, eng yomoni «Harb» (urush) va «Murra» (achchiq)dir».
O‘g‘il bolalarga payg‘ambarlarning alayhimussalom muborak ismlarini qo‘yish ham maqsadga muvofiq sanaladi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning ismlaridan «Muhammad», «Ahmad» kabilarni qo‘yish fazilatlidir, ammo u kishining kunyalari bilan «Abul Qosim» deb ism qo‘yish joiz emas.
Payg‘ambarimiz Muhammad (alayhissalom) yomon va xunuk ismlarni o‘zgartirishga buyurganlar. Masalan, hazrat Umar roziyallohu anhuning qizlari Osiya (gunohkor) ismini Jamila (chiroyli, go‘zal) deb o‘zgartirganlar. Hadislarda yana u zotning «Harb» (urush), «Murra» (achchiq) kabi xunuk ismlarni yaxshisiga almashtirishni buyurganlari naql qilingan.
Farzandga yaxshi ism qo‘yganidan keyin uni chala-yarim qilmay, to‘liq va go‘zal talaffuz qilish lozim. Afsus, ba’zi oilalarda ismni qisqartirib chaqirish odat tusiga kirgan. Masalan, «Abdulloh»ni (Allohning bandasi) «Abdi», «Abdul» deyishadi, bu ishi egasiga ham, Parvardigorga ham katta hurmatsizlikdir. Chiroyli ism qo‘yish zarurligini shundan ham tushunsa bo‘ladi. Demak, bu ishga alohida e’tibor qaratish zarur.
Rivoyat qilishlaricha, Havvo onamizda bola turmagach, Iblis kelib ismini «Abdulhoris», ya’ni «Dehqonning quli» deb qo‘yishga undaydi. Havvo xuddi shunday qiladilar. Bu oyatda bu ishni go‘yo shirk keltirish deyilmoqda. Bu kabi ism qo‘yish to Muhammad (alayhissalom) davrlarigacha ham davom etib kelgan. Masalan, Abdu Manof, Abdul-Uzzo, Abduddor va hokazo. Lekin ulamolar oyatda keltirilgan qissadan Odam va Havvoni shirk keltirganlari chiqmaydi. Zero, bu ibodatdagi ish emas, dehqonni ular hech qachon rabbimiz deb bilmaganlar. Ona va bolaning salomat qolishlariga sabab bo‘larmikan, degan niyat bilan mazkur ismni qo‘yishgan, deb tafsir qilganlar.
Muslim Atayev,
tarix fanlari nomzodi,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo bo‘limi xodimi
00:00 Xabarlar
01:00 Diniy soha rahbarlari mahallalardagi targ‘ibot va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi
02:17 Muftiy hazratlari Saudiya Arabistonining yangi elchisi bilan muloqot qildilar
03:05 “Discover Pakistan” telekanalida O‘zbekistonning ma’naviy-ma’rifiy merosiga bag‘ishlangan ko‘rsatuv namoyish etildi
04:07 O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi o‘qituvchilari Al-Azharda malaka oshirdi
05:06 O‘zbekistonlik imom-xatiblar Birlashgan Arab Amirliklarida
06:06 O‘zbekistonda vaqf tizimini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi
07:05 Qabul jarayonida qilingani murojaatlar amaliy yechim topmoqda
08:05 Joylarda diniy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari bo‘lib o‘tmoqda
08:32 Bog‘otda "Erali eshon bobo" masjidi yangi binosi ochildi
09:40 To‘rtko‘l tumanida «Mahalla obodligi va mehr-shafqat oyligi» tadbiri o‘tkazildi
#yangiliklar
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati