Islom dinida har bir ish Qur’oni karim va sunnati nabaviya ta’limoti asosida amalga oshiriladi. Shunga binoan, Islom dinining jamiyatdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamning huquqlari masalasiga munosabati ham shu ikki manbada o‘z ifodasini topgan. Ijtimoiy himoya deganda avvalo, aholi orasida iqtisodiy jihatdan qiynalgan, o‘zining ehtiyojini qoplash imkoniyatiga ega bo‘lmagan fuqarolarga moddiy va ma’naviy ko‘mak berish tushuniladi. Shu ma’noda, Qur’oni karim va hadisi sharifda ijtimoiy himoyaga naqadar katta e’tibor qaratilganini ko‘rishimiz mumkin.
Qur’oni karimda “faqirlik” va “faqirlar” lafzi moddiy ma’noda 13 marta takrorlangan. Bularning ba’zisi barchaning Alloh taologa faqir (muhtoj) ekanini bayon qilsa, ba’zilari shaytonning odamlarga faqirlikni va’da qilishini bayon qiladi, boshqalari esa faqirlarga molning ma’lum bo‘lagidan sadaqa berishga buyuradi. “Boylik” va “boylar” lafzi 26 marta kelgan. Bundan 21tasi Allohning behojat zot ekanini ta’kidlasa, 5 tasi insonlarning sifati ma’nosida vorid bo‘lgan. “Miskin” lafzi ko‘plik va birlik siyg‘alarida 33 marta takrorlangan. “Soil” (tilamchi) lafzi 4 marta kelgan va uning barchasida ularga sadaqa berishga buyurilgan. Iqtisodiy jihatdan “zaiflar” lafzi 4 marta zikr qilingan va unda zaiflardan muayyan majburiyatlarni soqit qilish va ulardagi zaiflik sabablarini bartaraf etish haqida gapirilgan. Iqtisodiy jihatdan “mahrum” lafzi 2 marta kelgan va ikkisida ham boylarning molida ularning ham haqqi borligi ta’kidlangan.
Barcha turdagi muhtojlarning nasibasi bor bo‘lgan “zakot” lafzi 32 marta takrorlangan. Gohida zakot lafzining ma’nodoshi, gohida esa nafl sadaqaning ma’nodoshi sifatida keladigan “sadaqa” lafzi 16 marta kelgan, uning hammasi ham sadaqa berishlikka undagan va buyurgan. Muhtojlarga moliyaviy yordam ko‘rsatish o‘rinlarida kelgan “ehson” lafzi 63 marta zikr qilingan. “Alloh yo‘lida infoq qilish” jumlasi 70 marta vorid bo‘lgan.
Yuqoridagi raqamlarni jamlab chiqsak, Qur’oni karimda ijtimoiy himoya mavzusida 263ta o‘rinda so‘z yuritilgani ma’lum bo‘ladi.
Hadisi sharifda ijtimoiy himoya masalasiga oid hadislarni tahliliy hisob-kitob qilib chiqish mushkul ish. Chunki bir tomondan hadis kitoblarining xilma-xilligi bo‘lsa, ikkinchi tomondan rivoyatlarning takrorlanishi natijasida aynan o‘xshash hadislar ham takrorlanib kelgan. Lekin shunga qaramay, kompyuter xotirasiga kiritilgan o‘n beshta hadis kitoblarini ko‘zdan kechirib chiqish natijasida ushbu mavzuga oid so‘zlar 157 marta vorid bo‘lganini ko‘rish mumkin va ularning aksarida faqirlarga xayrixohlik qilish to‘g‘risida so‘z yuritiladi.
Musulmonlar, avvalambor, har bir narsani Alloh taolo yaratgan va tasarruf qilish uchun bandalarni tayinlangan, degan tushunchaga suyanadi. Shuning uchun bandalar qo‘llariga to‘plangan mollarning haqiqiy egasi bo‘lgan Zotning buyruqlari va ko‘rsatmalariga bo‘ysunishi lozim bo‘ladi. Alloh taolo Qur’oni karimda bunday bayon qiladi: «Alloh senga ato etgan narsa bilan oxiratni istagin va dunyodan bo‘lgan nasibangni ham unutmagin. Alloh senga ehson qilgani kabi sen ham (odamlarga) ehson qil! Yerda buzg‘unchilik qilishni istama! Chunki Alloh buzg‘unchilarni suymas» (Qasas surasi, 77-oyat).
Ushbu oyatdan har bir narsaning haqiqiy egasi Alloh taolo ekani va U bizlarni O‘zi belgilab bergan me’yorga muvofiq ish yuritishimizga buyurgani ma’lum bo‘ladi. Bu me’yor oxiratda Allohning roziligini topish umidida bu dunyoda unga itoat qilishdir. Ibodatlarni to‘la ado etish, xayr sadaqa va zakot berish shu itoatlar jumlasidan. Alloh taolo boylarga yaxshilik tariqasida bergan moldan muhtojlarga ehson qilishga buyurishi esa o‘sha mol Allohniki ekanini eslatishdir. Alloh taolo Qur’oni karimda shu haqni faqir va muhtoj bandalariga berishga buyuradi. Faqir va miskinlar boylardan sadaqalarni olishni or deb bilmasligi uchun muhtojlarning moldagi nasibalarini ularning haqlari deb ta’kidlaydi. Negaki, ular Qur’on oyatiga binoan o‘z haqlarini xuddi sherikchilik orqali topilgan daromaddagi o‘z ulushlarini olgandek qabul qilishi lozim bo‘ladi.
Islomda faqirlik muammosini hal qilishda avvalo, o‘sha faqirlarni mehnat qilishga, biror bir kasb-hunar bilan shug‘ullanishga targ‘ib qilish, dangasalikdan qochishga chaqirish bilan erishiladi. Chunki mehnat qilish bu asosiy vazifa hisoblanadi. Biroq, jamiyatda mehnatga yaramaydigan yoki munosib ish topa olmayotgan yoxud ishi bor-u, biroq undan oladigan daromadi ehtiyojini qoplashga yetmaydigan ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarga nisbatan ham Islom dini o‘ziga xos tarzda rahnamolik qilishga yo‘llaydi. Masalan, zakot, yaqin qarindoshlarga berilishi vojib bo‘lgan nafaqa, nafl sadaqa, xayriya, vaqf ishlari, nazrlar, kafforatlar, qo‘shnilar haqqi, mehmondorchilik haqqi, muhojirlar haqqi, yetimlarga g‘amxo‘rlik qilish, tilamchilar (soil) haqqi, davlat tomonidan ijtimoiy ta’minot uchun ajratadigan haqlari shular jumlasidandir.
Dinimiz uchta asosiy qism – e’tiqod, shariat va axloqdan tashkil topgan bo‘lsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarga rahnamolik qilish ana shu qismlarning har biri bilan chambarchas bog‘liqdir. E’tiqod va imon bilan bog‘liqlik jihati Alloh taolo hamma narsaning egasi degan aqidaga tayanadi. Albatta, Alloh bandasiga qo‘lidagi molidan bir qismini muhtojlarga berishni amr qilgan. Mo‘min kishi esa o‘z aqidasiga sodiq qolgan holda ushbu buyruqni amalga oshiradi.
Onamiz Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Yon qo‘shnisi och o‘tirganini bila turib qorni to‘q yotgan kishi mo‘min emas”, dedilar (Imom Hokim rivoyati).
Ijtimoiy himoyaning shariat bilan bog‘likligi Islomning arkonlaridan biri bo‘lmish zakotda yaqqol namoyon bo‘ladi. Alloh taolo zakot olishga haqli bo‘lgan kishilarni Qur’oni karimda birma-bir bayon qilgan: «Albatta, sadaqalarni faqat faqirlar, miskinlar, unda (sadaqa ishida) ishlovchilar, dillari oshna qilinuvchi (kofir)lar, (pul to‘lab ozod etiluvchi) qullar, qarzdorlarga va Alloh yo‘lida hamda yo‘lovchiga (musofirga berish) Alloh (tomoni)dan farz (etildi). Alloh ilmli va hikmatli zotdir» (Tavba surasi, 60-oyat).
Ijtimoiy himoyaning Islomning axloqiy jihati bilan bog‘likligini boshqa sadaqalar borasida ko‘rish mumkin. «Ular (hozirda o‘z zimmalariga olgan) nazrlarini ado qilurlar va yomonligi (dahshatlari) keng yoyiluvchi kundan qo‘rqurlar. Taomni esa suyub tursalar-da, (o‘zlari yemasdan) miskin, yetim va asirlarni yedirurlar. (Ular ayturlar): “Bizlar sizlarni faqat Alloh “yuzi” uchun taomlantirurmiz. Sizlardan (bu ish uchun) biror mukofot va minnatdorchilik kutmasmiz» (Inson surasi, 7-9-oyatlar).
Shuni ham aytib o‘tish joizki, Islomdagi ijtimoiy himoya faqat moddiyat bilan cheklanib qolmaydi, balki ijtimoiy va ruhiy qo‘llab-quvvatlash bilan ham o‘ziga xosdir.
Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Birodaringning yuziga tabassum bilan boqishing ham sadaqa, yaxshilikka buyurishing ham sadaqa, yomonlikdan qaytarishing ham sadaqa, yo‘ldan adashgan kishini to‘g‘ri yo‘lga solib yuborishing ham sadaqa, ko‘zi ojiz kishiga yordam berishing ham sadaqa, yo‘lni yuzida yotgan toshni, tikanni, suyakni chetga olib qo‘yishing ham sadaqa, chelagingdagi suvdan birodaringni chelagiga quyib berishing ham sadaqadir” (Imom Termiziy rivoyati).
Shuningdek, Islom dinida betob kishilarni ziyorat qilish, tanigan va tanimaganga salom berish, hatto insonni so‘nggi yo‘lga kuzatish, ya’ni janozasida ishtirok etish, uning yaqinlariga ta’ziya bildirish borasida ham yetarli ko‘rsatmalar berilgan va bu amallar uchun ulug‘ savoblar va’da qilingan. Bularning barchasi insonlarning ko‘ngliga xursandlik kiritadigan, ijtimoiy aloqani yana ham mustahkamlaydigan islomiy fazilat sanaladi.
Ayni paytda Islom dinida muhtojga yordam qo‘lini cho‘zishdan qochish, bundan bo‘yin tovlash qattiq qoralanadi. Quyidagi hadisdan shu ma’noni anglash mumkin: Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilib aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Qiyomat kuni Alloh azza va jalla aytadi: “Ey Odam bolasi! Men betob bo‘ldim, sen esa meni ko‘rgani kelmading!” Banda aytadi: “Ey Rabbim! Sen olamlarning rabbisi bo‘lsang, men seni qanday ko‘rgani boraman?” U aytadi: “Falon bandam bemor bo‘lganini bilib turib, uni ko‘rgani bormading. Agar uni ko‘rgani borganingda, o‘sha yerda meni topgan bo‘lar eding”. Keyin yana aytadi: “Ey Odam bolasi! Sendan taom so‘radim, sen esa bermading”. U aytadi: “Ey Rabbim! Sen olamlarning rabbisi bo‘lsang, men seni qanday taomlantiray?” U deydi: “Falon bandam sendan taom so‘raganda sen bermading. Agar berganingda o‘sha savobni hozir shu yerda topgan bo‘lar eding”. Yana deydiki, “Ey Odam bolasi! Men sendan suv so‘radim, sen bermading”. U aytadi: “Ey Rabbim! Sen olamlarning rabbisi bo‘lsang, senga qanday qilib suv beray?” U deydi: “Falon bandam sendan suv so‘radi, sen bermading. Agar berganingda o‘sha savobni meni huzurimdan topishingni bilmasmiding?” (Imom Muslim rivoyati).
Islomda ijtimoiy himoya nafaqat mo‘min-musulmonlar o‘rtasida bo‘lishi, balki bu imtiyozdan g‘ayridinlar ham foydalanishi, musulmon jamiyatida yashayotgan boshqa din kishilariga ham g‘amxo‘rlik qilinishi lozimligi ta’kidlangan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarining birida marhamat qilganlar: “Kim zimmiyga aziyat yetkazsa men u bilan xusumatlashaman. Men kim bilan xusumatlashsam qiyomat kunida undan haqqimni olaman”.
Zikr qilinishicha, Umar ibn Abdulaziz Basra shahridagi voliysi Adiy ibn Arto’tga maktub yo‘llab, bunday yozgan ekan: “...So‘ngra, qaramog‘ingdagi ahli zimmalardan qaysilarining yoshi keksayib, quvvati zaiflashib, kasb qilishga qurbi yetmay qolgan bo‘lsa ularga baytul moldan yetarli miqdorda nafaqa ajratilishini joriy qilgin.
Shuning uchunki, men eshitgan edim, mo‘minlarning amiri Umar ibn Xattob roziyallohu anhu uyma-uy yurib, odamlardan tilanchilik qilib yurgan ahli zimmalardan bo‘lmish bir qariyani ko‘rib: “Yoshlik vaqtingda sendan jizya olsak-u, keksaygan vaqtingda qarovsiz qoldirsak senga nisbatan insofsizlik qilgan bo‘lamiz”, deganlar va unga yetarli miqdorda baytul moldan nafaqa berishni joriy qilganlar”. Demak, Islom tarixida birinchi marta davlat xazinasi hisobidan keksalarga ijtimoiy ta’minot uchun nafaqa tayinlanishi Umar ibn Xattob davridan boshlangan ekan.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Islom dini ijtimoiy himoya borasida har bir haq egasining haqqini ado etishga keng targ‘ib qilgan dindir.
Homidjon ISHMATBЕKOV,
“Muhammad Nosir hoji” jome masjidi imom-xatibi
Tasavvuf masalasi ham salafiylar tomonidan qattiq tanqidga olingan va ko‘r-ko‘rona rad etiladigan mavzulardan biridir. Tasavvuf, tariqat, suluk, shayx, murid va shu kabi atamalarni eshitishlari bilan mavzuni inkor qilishga tushib ketadilar. Lekin aslida ham shundaymi?
Ming yillardan beri Islomning ruhi bo‘lib kelgan va Islom ummati og‘ishmay amal qilib kelayotgan bu mavzu rad etilishi kerakmi?!
Tasavvuf – bu Allohni tanish va nafsni poklashni o‘rgatadigan va shu yo‘ldagi harakatlarni ifodalaydigan, ularni anglatadigan va bu holatlarga erishish uchun nima qilish kerakligini tushuntiradigan bir ilmdir. Tasavvuf islomiy ilmlarning eng sharaflisidir. Bu ilmning sharafi, mavzusining sharafi bilandir.
Modomiki, tasavvufning maqsadi, mavzusi ma’rifatulloh – Allohni bilish-tanish ekan, u o‘z-o‘zidan islomiy ilmlarning eng sharaflisi bo‘ladi. Tasavvuf bizga nima qilsak, Alloh bizni sevadi? Nima qilsak, qalbimizda bo‘lishini istaganimiz “Alloh sevgisi” hosil bo‘ladi, kabi savollarga javob beradi va bu maqomga erishish yo‘llarini o‘rgatadi.
Tasavvufga ulamolar tomonidan ko‘plab ta’riflar berilgan. Shayx Ibrohim ibn Muvallid Roqqiy rahmatullohi alayh o‘zining kitoblarida bu ta’riflarni yuzdan oshig‘ini jamlagan.
Shayx Muhammad ibn Ali Qassob rahimahulloh: “Tasavvuf bu – saodat asrida sharafli qavmning eng oliyjanob kishisidan sodir bo‘lgan eng go‘zal xulqlardir”, degan.
Shayx Abu Muhammad Jaririy rahimahulloh: “Tasavvuf – har bir go‘zal xulqni olish va har bir yomon xulqni tark qilishdir”, dedi.
Shayx Muhammad ibn Ali ibn Husayn ibn Ali ibn Abu Tolib rahimahulloh: “Tasavvuf – go‘zal xulq bilan bir ma’noda bo‘lib, kimning xulqi senikidan go‘zal bo‘lsa, tasavvufi ham go‘zaldir”, degan.
Shayx Abu Hafs Naysoburiy rahimahulloh: “Tasavvuf – uning barchasi odobdir. U har bir vaqt, har bir hol va har bir maqomning odobidir”, degan.
Tasavvuf ba’zi kishilar: “Bu narsa hijriy uchinchi asrdan keyin paydo bo‘lgan bid’at, avvalgi davrda bo‘lmagan. Qur’oni karim va hadisi sharifda “Tasavvuf” so‘zi biror marta zikr qilinmagan”, deb da’vo qilayotganidek keyin paydo bo‘lib qolgan bid’at ilm emas, balki u barcha shar’iy ilmlar qatori Islomning avvalidan mavjuddir.
Qur’oni karimda va hadisi shariflarda “Tasavvuf” so‘zini biror marta kelmagani uni islomiy ilm emasligiga dalil bo‘lmaydi. Chunki boshqa islomiy ilmlarning ham nomlari Qur’on va hadisda zikr qilinmagan. Agar Qur’on va hadisda zikr qilinmagan narsalarni inkor qilsak, juda ko‘plab narsalardan voz kechishimizga to‘g‘ri keladi.
Tasavvuf Islomning avvalgi asrlaridan beri mavjud bo‘lib, u ham boshqa islomiy ilmlar qatori Qur’on va sunnatdan olingan. Bunga Qur’on, hadis va tobeinlarning so‘zlarida dalillar bor. Avval aytganimizdek tasavvufning asosiy vazifasi insonning nafsini tarbiyalash, gunohlardan poklash va botiniy amallarini tartibga solishdir.
Alloh taolo An’om surasining 120-oyatida bunday marhamat qilgan:
﴿وَذَرُوا ظَاهِرَ الْإِثْمِ وَبَاطِنَهُ﴾
“Va oshkora hamda maxfiy gunohlarni tark qilinglar!”.
Alloma Alouddin Ali ibn Muhammad Bag‘dodiy rahimahulloh bu oyati karimani tafsir qilib: “Oshkora gunohdan tashqi a’zolar bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan. Maxfiy gunohdan qalb bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan” degan.
Zohiriy a’zolar bilan qilinadigan gunohlarni tark qilishni va unga beriladigan jazolarni fiqh fani o‘rgatsa, qalb kasalliklarini davolashni aynan tasavvuf o‘rgatadi. Boshqa oyati karimada shunday deyiladi:
﴿قَدْ أَفْلَحَ مَنْ زَكَّاهَا﴾
“Batahqiq, kim u(nafs)ni poklasa, yutuqqa erishdi” (Shams surasi, 9-oyat).
Darhaqiqat, inson oxiratda yutuqqa erishishi uchun, jahannam olovidan omonda bo‘lishi uchun bu dunyoda kufrdan, shirkdan, nifoqdan va turli gunoh va qalb kasalliklaridan o‘zini poklashi kerak.
Alloh taolo bu oyati karimalarda bandalarini kufr, shirk va gunohlardan o‘zlarini poklashga buyurmoqda. Mana shu poklashni o‘rgatadigan fanni “Tasavvuf” deb nomlash insonlar orasida urf bo‘lgan.
Shuningdek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida tasavvuf ehson deb nomlangan. “Jabroil hadisi” deb nomlangan mashhur hadisi sharifda “ehson” ayni tasavvuf ekani namoyon bo‘ldi.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Birdan ustimizda oppoq kiyimli, sochlari qop-qora odam paydo bo‘ldi. Unda safarning asari ko‘rinmas edi. Uni birortamiz tanimas ham edik. U kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘g‘rilariga o‘tirdi. Ikki tizzasini u zotning ikki tizzalariga tiradi. Ikki kaftini sonlari ustiga qo‘ydi va: “Ey Muhammad, menga Islom haqida xabar ber”, dedi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Islom “Laa ilaaha illallohu Muhammadur Rasululloh”, deb shahodat keltirmog‘ing, namozni to‘kis ado qilmog‘ing, zakot bermog‘ing, Ramazon ro‘zasini tutmog‘ing, agar yo‘liga qodir bo‘lsang, Baytni haj qilmog‘ing”, dedilar.
“To‘g‘ri aytding”, dedi u. Biz undan ajablandik. O‘zi so‘raydi, o‘zi tasdiqlaydi.
“Menga iymon haqida xabar ber”, dedi.
“Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga va oxirat kuniga iymon keltirmog‘ing, yaxshiyu yomon qadarga iymon keltirmog‘ing”, dedilar.
“To‘g‘ri aytding”, dedi.
“Menga ehson haqida xabar ber”, dedi u.
“Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.
“Menga Soat (qiyomat)dan xabar ber”, dedi.
“So‘raluvchi bu haqda so‘rovchidan bilimliroq emas”, dedilar.
“Uning alomatlaridan xabar ber”, dedi.
“Cho‘ri o‘z xojasini tug‘ishi, yalangoyoq, yalang‘och, kambag‘al cho‘ponlarning bino qurishda bir-birlaridan o‘zishga urinishlarini ko‘rmog‘ing», dedilar. So‘ngra u (qaytib) ketdi. Bas, birmuncha vaqt o‘tkazdim. So‘ngra u zot menga:
“Ey Umar, so‘rovchi kimligini bildingmi?” dedilar.
“Alloh va Uning Rasuli biluvchidir”, dedim.
“Albatta, u Jabroildir. Sizlarga diningizni o‘rgatgani kelibdi”, dedilar».
Ushbu hadisi sharifda dinning asllari iymon, Islom, ehson, zohiriy va botiniy amallarni isloh qilish va oxirat kuni haqida va bularning barchasi din ekanligini xabari berilmoqda.
Hadisi sharifda zikr qilingan “Islom”ni fiqh ilmi o‘rgatadi. “Iymon” qismini aqoid ilmi o‘rgatadi. Bizning mavzumizga bevosita bog‘liq bo‘lgan “ehson” qismini esa tasavvuf ilmi o‘rgatadi va bu hadisi sharifda bunga amaliy namuna ham bor.
Jabroil alayhissalom: “Menga ehson haqida xabar ber”, deganlarida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.
Tasavvufning asosiy maqsadlaridan biri ham banda qilayotgan har bir ibodatida, amalida Alloh uni ko‘rib turganini va bu amaliga qiyomat kuni albatta savol-javob bo‘lishini qalban his qildirishdir.
“Tasavvuf” so‘zi Islomning dastlabki asrida ishlatilmagan bo‘lsa-da, keyingi davrlarda “so‘fiy” so‘zi ishlatilganini kuzatishimiz mumkin.
Ulamolar mutavotir hadisning qanday bo‘lishi va shartlarini bayon qilib aytadilarki “Mutavotir hadis – uning sanadidagi har bir tabaqada juda ko‘p roviy rivoyat qilgan. Ana shu roviylarning barchasi rivoyat qilingan hadisni o‘zgartirishga kelishib olishlari mumkinligini aql inkor etadi”.
Shunday ekan, tasavvuf ilmi ham ikkinchi asrdan (tobeinlar asridan) to shu kungacha minglab shariatimiz peshvolari orqali ham naqlan, ham amalan mutavotir holatda bizgacha yetib kelgan. Shuning o‘zi ham tasavvuf ilmining shar’iy ilm ekaniga yetarli dalil bo‘ladi.
Mashhur muhaddis olim, Shayx Shoh Valiyyulloh Dehlaviy rahimahulloh: “Suhbatlarimiz va ta’lim-tarbiyamiz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga sahih va mashhur sanad bilan yetib borgan tariqat odobidir”, degan.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi