Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Avgust, 2026   |   6 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:09
Quyosh
05:36
Peshin
12:27
Asr
17:16
Shom
19:21
Xufton
20:43
Bismillah
19 Avgust, 2026, 6 Rabi`ul avval, 1448

Nega juma kuni «Kahf» surasi o‘qiladi?

10.11.2017   64182   2 min.
Nega juma kuni «Kahf» surasi o‘qiladi?

Bir qancha masjidlarda Juma mav’izasi boshlangunga qadar «Kahf» surasi tilovat qilinadi. Ayrimlar, nega, aynan, juma kuni ushbu sura o‘qilishiga qiziqishadi, ba’zan sababi haqida ham bir birlaridan so‘rashayotgani quloqqa chalinadi. Quyida, buning sababini bilib olasiz. Keling, dastlab, ushbu sura haqida qisqacha ma’lumotga berib o‘tsak. “Kahf” surasi Qur’oni Karimdagi «Alhamdu» bilan boshlangan besh suradan biri hisoblanadi. Bu surada, tarixiy qissalarga asosiy urg‘u berilgan. 110 oyatdan iborat suraning 71 oyati qissalardan iborat. Surada kahf(g‘or)ga kirib olgan yigitlar, ikki bog‘, Odam va Iblis, Muso alayhissalom va solih banda hamda Zulqarnayn haqidagi qissalar keltiriladi.

Endi esa, juma kuni nega, aynan, ushbu sura tilovat qilinishining fazilati haqidagi quyidagilarni keltirib o‘tamiz:

  • Hofiz Abu Bakr ibn Murdavayh Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim «Kahf» surasini juma kuni o‘qisa, qiyomat kuni uning qadami ostidan nur chiqib, osmonu falakni yoritadi va uning ikki juma orasidagi xatolari kechiriladi», deganlar.
  • Imom Buxoriy, Imom Muslim va Imom Ahmad rivoyat qilgan hadisda Abu Is'hoq quyidagilarni aytadi: «Al Barrozning quyidagilarni aytayotganini eshitdim. Bir kishi «Kahf» surasini o‘qiy boshladi. Hovlida bir hayvon bor edi. Shunda, hayvon bezovta bo‘la boshladi. Haligi kishi qarasa, uni bulut o‘rab turibdi. Bo‘lgan hodisani Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aytib bergan edik, U zot alayhissalom: «Ey falonchi, o‘qiyver, u Qur’on tilovati uchun tushgan sakiynadir», dedilar».
  • Imom Muslim, Imom Nasaiy va Imom Ahmad Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim «Kahf» surasining oxirgi o‘n oyatini o‘qisa, Dajjol fitnasidan saqlanadi», deganlar.
  • Yana boshqa bir rivoyatda: «Kim «Kahf» surasi avvalidan o‘n oyat yod olsa, Dajjol fitnasidan saqlanadi», deyilgan.

Yuqoridagi hadisi shariflardan ma’lum bo‘ladiki, juma kuni ushbu surani tilovat qilishning fazilati bisyor ekan. Kimki har juma «Kahf» surasini tadabbur bilan o‘qisa, dunyo va oxirat yaxshiligiga musharraf bo‘lar ekan. Demak, «Kahf» surasini o‘qishga shoshilaylik!

Ilhom Ma’rupov

tayyorladi.

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

YUNЕSKO bilan O‘zbekiston mahalla tizimi tajribasini xalqaro darajada targ‘ib qilish masalasi muhokama qilindi

14.08.2026   37353   1 min.
YUNЕSKO bilan O‘zbekiston mahalla tizimi tajribasini xalqaro darajada targ‘ib qilish masalasi muhokama qilindi

O‘zbekiston va YUNЕSKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi kotibiyati vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Mamlakatimizning YUNЕSKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi ko‘magida tashkil etilgan muloqotda mahalla bilan bog‘liq madaniy an’ana va urf-odatlar, ularni xalqaro darajada targ‘ib qilish istiqbollari muhokama qilindi.

YUNЕSKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi kotibi Fumiko Oxinata va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi uchun mas’ul dastur mutaxassisi Nikolas Tan mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi.

O‘zbekiston tomonidan Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda YUNЕSKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi vakillari mahallaning ko‘p asrlik tarixi, uning jamiyat hayotidagi alohida o‘rni va milliy an’analarni saqlashdagi ahamiyati haqida so‘z yuritdi.

Uchrashuvda mahalla O‘zbekiston xalqi turmush tarzining ajralmas qismi ekani ta’kidlandi. U insonlarni yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro yordam, hamjihatlik va katta avlod vakillariga hurmat tamoyillari asosida birlashtiradi.

YUNЕSKO Kotibiyati vakillari taqdim etilgan materiallarga katta qiziqish bildirdi. Ular O‘zbekistonda mahalla bilan bog‘liq shakllangan jamoat hayoti tartibining o‘ziga xos xususiyatlarini e’tirof etdi.

Suhbat davomida O‘zbekistonning nomoddiy madaniy merosni targ‘ib qilishdagi roli alohida qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan, o‘zbek mahalla tizimi tajribasi YUNЕSKO Kotibiyati mutaxassislarida katta qiziqish uyg‘otdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari