Muhtaram birodarlar! Joriy yilning noyabr oyi O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi barcha masjid va madrasalarda “Abul Mu’in an-Nasafiy oyligi” deb nomlandi. Shu munosabat bilan bugungi juma mav’izamizni u zoti bobarakotning hayotlari va ijodlari bilan sizlarni tanishtirib o‘tishga bag‘ishladik. Zero, yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalarni yaqindan tanimog‘imiz, ularning ilmiy meroslari, umuman Islom olamida tutgan o‘rinlari haqida ma’lumotga ega bo‘lmog‘imiz sizu bizlarning u zotlarga nisbatan muhabbatimiz va ehtiromimizning yanada ziyoda bo‘lishiga, ma’naviy meroslarini o‘rganishga nisbatan qiziqishimizni ortishiga sabab bo‘ladi. Payg‘ambarimiz k hadislarining birida shunday marhamat qilganlar:
عَن أَبيِ الدَّردَاء قَالَ، سَمِعْتُ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: "مَنْ سَلَكَ طَرِيقًا يَطْلُبُ فِيهِ عِلْمًا سَلَكَ اللهُ بِهِ طَرِيقًا مِنْ طُرُقِ الْجَنَّةِ وَ إِنَّ الْمَلائِكَةَ لَتَضَعُ أَجْنِحَتَهَا رِضًا لِطَالِبِ الْعِلْمِ وَ إِنَّ الْعَالِمَ لَيَسْتَغْفِرُ لَهُ مَنْ فِي السَّمَوَاتِ وَ مَنْ فِي الأَرْضِ وَ الْحِيتَانَ فِي جَوْفِ الْمَاءِ وَ إِنَّ فَضْلَ الْعَالِمِ عَلَى الْعَابِدِ كَفَضْلِ الْقَمَرِ لَيْلَةَ الْبَدْرِ عَلَى سَائِرِ الْكَوَاكِبِ، إِنَّ الْعُلَمَاءَ وَرَثَةُ الأَنْبِيَاءِ، إِنَّ الأَنْبِيَاءَ لَمْ يُوَرِّثُوا دِينَارًا وَ لَا دِرْهَمًا وَ أَوْرَثُوا الْعِلْمَ، فَمَنْ أَخَذَهُ أَخَذَ بِحَظٍّ وَافِرٍ"
(رَوَاهُ الإِمَامُ اَبُو دَاوَدَ وَ الإِمَامُ التِّرمِذِي).
ya’ni: Abu Dardo aytadilar, men Rasululloh (s.a.v) ni shunday deganlarini eshitdim: “Kim ilm talabida yo‘l yursa, Alloh taolo uning yo‘lini jannat yo‘liga yo‘naltirib qo‘yadi. Farishtalar tolibi ilmning roziligi uchun qanotlarini poyondoz qilib turadilar. Olimning haqiga osmonlaru yerdagi jonzotlar hamda suvdagi baliqlar ham istig‘for aytib turadilar. Olimning obiddan ortiqligi oydin tunda oyning barcha yulduzlardan ortiqligiga o‘xshaydi. Albatta, olimlar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir. Payg‘ambarlar dinor yoki dirham meros qoldirmaganlar, balki ilmni meros qilib qoldirganlar. Bas, uni kim olsa to‘kis nasiba olibdi” (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyati). Boshqa bir asarda esa shunday deyilgan:
عَنِ الْحَسَنِ أَنَّ أَبَا الدَّرْدَاءِ قَالَ: كُنْ عَالِمًا أَوْ مُتَعَلِّمًا أَوْ مُحِبًّا أَوْ مُتَّبِعًا وَلا تَكُنِ الْخَامِسَ فَتَهْلِكَ
(السُّنَنُ الكُبْرَى لِإمام البَيهَقِي).
ya’ni: Hasan Basriydan rivoyat qilinadi, Abu Dardo aytadilar: “Avvalo olim bo‘l! Loaqal, ta’lim oluvchi yoki ularni sevuvchi yoxud ularga ergashuvchi bo‘lgin. Ammo beshinchisi (mazkur to‘rt xislatdan tashqaridagisi) bo‘lmaginki, halok bo‘lursan” (Imom Bayhaqiy “Sunani kubro” kitobida keltirgan).
Demak, olimlarni sevish, ularga ergashish dinimiz ko‘rsatmasi bo‘lib, ayni paytda olimlarga hurmat Payg‘ambarimiz aga ehtirom ko‘rsatish bilan barobar ekan. Ana shunday payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridan bo‘lmish, yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalardan biri Abul Mu’in an-Nasafiy hazratlari bo‘lib, u zoti bobarakotning to‘liq ismlari Maymun ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Mu’tamad ibn Muhammad ibn Makhul ibn al-Fazl an-Nasafiydir.
Azizlar! Abul Mu’in an-Nasafiy Nasafda (hozirgi Qarshi shahri yaqinidagi Qovchin qishlog‘ida) tug‘ilganlar. U zotning tavallud topgan sanalari haqida ikki xil ma’lumot mavjud. Xayruddin az-Zarkaliy e “Al-A’lom”da 418 hij. (1027 mil.) sanada tavallud topib, 508 hij. (1114 mil.) sanada vafot etgan degan bo‘lsa, Umar Rizo Kahhola “Mu’jam al-muallifin”da bu fikrga qo‘shilgan, ammo Ibn Qutlubg‘o “Toju at-tarojim”da Abul Mu’in an-Nasafiy 508 hij. (1114 mil.) yilda Zulhijja oyining yigirma beshinchisida yetmish yoshida vafot etgan, degan. Bundan 438 hij. (1044 mil.) sanada tavallud topgani kelib chiqadi. Ikkala sananing qaysi biri haqiqat ekanligi borasida aniq ma’lumot yo‘q.
Abul Mu’in an-Nasafiy Abu Mansur al-Moturidiy asos solgan moturidiy aqidaviy mazhabi ulamolarining eng mashhuri Imom Moturidiyning fikrlarini birinchi bo‘lib yoqlab chiqqan ulamolardan sanaladilar. Ash’ariya aqidasida Boqilloniy, G‘azzoliy va ar-Roziy qanday o‘rin tutsalar, moturidiya aqidasida Abul Mu’in an-Nasafiy e shunday muhim o‘rin tutadilar. Shuningdek, ash’ariya mazhabida ash-Shahristoniyning kitoblari qanchalik ahamiyatga ega bo‘lsa, an-Nasafiy ening kitoblari ham moturidiy mazhabida shunchalik muhim manba sanaladi.
Abul Mu’in An-Nasafiy haqida Abdul Qodir al-Qurashiy “Al-javohir ul-muziyya fi tabaqot al-hanafiyya” asarida, Abdulhay Laknaviy “Al-favoidul bahiyya fi tarojimi al-hanafiyya” asarida, Ibn Qutlubg‘o “Toju at-tarojim” kitobida, al-Kafaviy “Katoibu a’lomil axyor min fuqahoi mazhabi an-Nu’mon al-muxtor” asarida, Hoji Xalifa “Kashfuz zunun an asomiy al-kutub val funun” asarida zikr qilib o‘tganlar.
Abul Mu’in an-Nasafiy ning birinchi ustozi otasi Muhammad ibn Muhammad bo‘lib, u zot ham zamonasining yetuk ulamolaridan sanalgan. Abul Mu’in otasidan Abu Hanifa ening “Al-olim val mutaallim” kitobini rivoyat qilganlari manbalarda zikr etilgan. Shuningdek, katta bobolari Abul Ma’oliy Mu’tamad ibn Muhammad ham o‘zining otasidan rivoyat qilgani hamda Abu Sahl al-Isfaroyiniydan ilm olgani, undan “Axboru Makka” kitobini rivoyat qilgani manbalarda kelgan. Demak, Abul Mu’in an-Nasafiy ening ilmiy salohiyati uning ota-bobolaridan meros bo‘lib kelgan deyish mumkin.
Muhtaram jamoa! Abul Mu’in an-Nasafiy ning shogirdlari qatorida Abu Bakr Alouddin as-Samarqandiy , Ahmad ibn Muhammad ibn Abu al-Yusr al-Pazdaviy , Abu Bakr Mas’ud al-Koshoniy , Najmuddin Umar an-Nasafiy , Abul Hasan al-Balxiy, Mahmud as-Sog‘archi va boshqalarni zikr qilish mumkin.
Abul Mu’in an-Nasafiy hayotining ko‘p qismini Samarqand va Buxoroda ilmiy ijodiy ishlar bilan o‘tkazgan. Shu davrlar orasida 15ga yaqin ilmiy asarlar ta’lif etgan bo‘lib, jumladan: “Tabsiratul adilla”, “At-tamhid fi ilm at-tavhid” va “Bahrul kalom” asarlari shulardan eng mashhurlari sanaladi.
Imom Nasafiy mol-dunyoga qiziqmadi, parhezkor, faqih, muhaddis, mutakallim bo‘lib, moturidiy mazhabini batafsil sharhlab, uning keng yoyilishiga katta xissa qo‘shdi, moturidiya aqidasiga qarshi bo‘lgan mo‘tazila, jahmiyya, karromiyya, botiniyya kabi oqimlarning fikriga qarshi turib, ularning aqidasi botilligini aniq, ishonchli hujjatlar bilan isbotlab, odamlar orasida ilmu ma’rifat ziyosini sochdi.
Alloma “Tabsiratul adilla” kitobida jumladan shunday deydi: “Mo‘tazilalar kofir bo‘lmagan kimsani do‘zaxda abadiy qolishini isbotlab xato qildilar. Shuningdek, Ash’ariy mo‘min bo‘lmagan kimsani jannatga kiradi, deb xatoga yo‘l qo‘ygan.Haqiqat shuki, savob Allohning va’dasi bilan bilinadi. Alloh taolo esa jannatni faqat mo‘minlarga va’da qilgan. Bas, shunday ekan, qaysi dalil bilan mo‘min bo‘lmagan kishini jannatga kiradi, deb aytadi. Agar u: “Men uni mo‘min, deb atamayman, balki uni kofir va u do‘zaxda abadiy qoladi, deyman”, – desa unga quyidagicha javob beriladi: “Qanday qilib kofir bo‘lsin, axir u yolg‘on (takzib)ni tasdiq bilan almashtirgan-ku, sen o‘zing imon bu tasdiqdir, kufr esa yolg‘on (takzib)ga chiqarishdir, degansan-ku!? U o‘zini omonlikka kirgizmagani uchun uning tasdig‘ini imon demasang, nima uchun haqiqatda sobit bo‘lgan tasdig‘ini yolg‘on (takzib)ga chiqarish, deb baholading? Bu sokinlikni harakat, qorani oq deyishdan boshqa narsa emas. Bularning barchasi amri mahol va bir-biriga zid ishdir. Allohning O‘zi muvaffaq qilguvchidir” (“Muqallidning imoni haqida so‘z” bobi 57-bet).
Hozirda Abul Mu’in an-Nasafiy ning qabri Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidagi Qovchin qishlog‘ida joylashgan. Muhtaram Prezidentimiz shu yilning 24-25 fevral kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashriflari davomida kalom ilmining sultoni, o‘z zamonasining zabardast olimi Abul Mu’in an-Nasafiy hazratlarining ilmiy merosini o‘rganish, u kishi qo‘nim topgan muborak maskanni obod etish, ziyoratgoh qilish, mazkur ziyoratgoh qoshida kutubxona tashkil etish, u zotning bizgacha yetib kelgan asarlarini tarjima qilib, xalqqa, xususan, yoshlarga yetkazish maqsadida “Aqida ilmiy maktabi”ni tashkil etish haqida alohida ko‘rsatma berdilar.
Shu kunlarda ziyoratgohda ulkan obodonlashtirish va qayta qurish ishlari jadal olib borilmoqda. Ziyoratgohning qayta ta’mirlanishi buyuk allomaga bo‘lgan yuksak ehtiromni ifoda etib, u yerda tashkil qilinadigan “Aqida ilmiy maktabi” ajdodlarimiz qoldirgan boy ma’naviy merosni o‘rganish istagida bo‘lgan ilm ahli, shuningdek ziyoratchi yurtdoshlarimiz va xorijiy sayyohlar uchun qulay dargoh bo‘ladi.
ODAM JONIGA TAJOVUZ QILISH ULKAN GUNOH!
بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram azizlar! Joriy yilning 31 oktyabr kuni AQSHning Nyu-York shahrida sodir etilgan teraktdan barchamizning xabarimiz bor. Buning oqibatida sakkiz nafar begunox inson bevaqt dunyodan ko‘z yumdi va bir qancha shaxslar turli tan jaroxatlari oldi. Mazkur teraktni amalga oshirgan shaxs O‘zbekiston fuqarosi ekanligi ham keng omma e’tiboriga OAV orqali yetkazildi. Ming afsuslar bo‘lsinki, qandaydir bir g‘alamis kimsa jahonga o‘zining buyuk allomalari, bag‘rikeng va insonparvar xalqi orqali faqat yaxshi nom bilan tanilgan O‘zbekistonni dunyo hamjamiyati oldida yuzini yerga qaratishga urindi.
Biz bilamizki, aslida terrorchining vatani, dini va millati bo‘lmaydi. Uning kasbi tinch-osoyishta hayotga rahna solish, odamlar qalbida qurquv va vahima uyg‘otishdan boshqa narsa emas.
Mazkur jirkanch ishning butun dunyoga o‘zining bag‘rikengligi, mehmondo‘stligi va rahm-shafqati bilan dong‘i ketgan o‘zbek xalqining bir vakili tomonidan amalga oshirilgani esa alam ustiga alam bo‘ldi. Biroq barchamiz bir narsani uqtirishdan charchamaymiz, u ham bo‘lsa - terror, yovuzlik va noinsoniylik millat va din tanlamaydi, ma’lum bir davlat yoki hudud bilan bog‘lanmaydi. Shunday ekan, aksariyat xorijiy OAV vositalari tomonidan asosiy urg‘u mazkur hujumni sodir etgan Sayfulla Soipovni o‘zbek millatiga va O‘zbekistonga mansubligiga qaratilayotgani o‘ta achinarli holdir. Negadir barcha terrorchilik xurujlarida baralla aytiladigan “Terrorning millati va vatani bo‘lmaydi” g‘oyasi mazkur holatga kelganda aksariyat ommaviy axborot vositalari tomonidan unutilmoqda. Agar masalaning mohiyatiga chuqurroq e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2010 yildan beri AQSHda yashagan Sayfulla aynan o‘sha muhit va jamiyatning mevasi hisoblanadi. Zero, u aynan o‘sha yerda soxta salafiylarning ta’siriga tushdi, radikal shaxs sifatida pishib yetildi, afsuski, oxir oqibatda o‘zining achchiq “meva”sini berdi.
Agar u diniy ekstremizm va turli yot g‘oyalar tarqalishi oldini olish va bu illatlarga qarshi murosasiz va tizimli kurash olib boriladigan o‘z yurti - O‘zbekistonda yashaganida edi, uning mazkur o‘ta tuban jinoyatga qo‘l urishi tasavvur etilmasdi.
Hozirgi vaqtda O‘zbekistonni jahon hamjamiyatida olib borayotgan islohotlari oqibatida ko‘plab davlatlar turli sohalarda o‘zaro hamkorlik faoliyatini qilib kelmoqda. Jumladan, diniy sohadagi islohotlar oqibatida Toshkentda xalqaro diniy konferensiyalar bo‘lib o‘tdi. Butun jahon diniy ulamolari asl islom mohiyatini bizdan kelib o‘rganib ketmoqda. Islom dinini rivojlantirish bo‘yicha davlat tomonidan yuqori e’tibor qaratilmoqda (Islom sivilizatsiyasi markazi, “Imom Buxoriy” va “Imom Termiziy” xalqaro markazlari, “Mir Arab” Oliy madrasasining tashkil etilishi, ziyorat turizmini rivojlantirilishi, diniy muassasalarda qo‘shimcha o‘qish o‘rinlari berilishi). Lekin amalga oshirilayotgan ishlarga qaramasdan ba’zi bir yoshlarimiz xorijiy davlatlarga chiqib diniy bilim olib, ishlab, turli diniy ekstremistik oqimlarning ta’siriga tushib qolish holatlari va ba’zi bir dala qo‘mondonlarining fatvosi asosida terrorchilik aktlarini sodir etish holatlari kuzatilmoqda. Buning oqibatida muqaddas Islom diniga dog‘ tushishi va ushbu harakatlarni o‘zbek millatiga mansub shaxslar tomonidan amalga oshirilayotganligi Vatanimizning xalqaro nufuziga putur yetkazishiga olib kelmoqda.
Islom dinimizning maqsadi ham farzandlarimizni ilmli, ma’rifatli, ahloqli, har tomonlama yetuk shaxslarni tarbiyalashdir. Muhtaram Yurtboshimiz muqaddas dinimizni o‘zbeklar oilasiga qanchalar singib, uning ajralmas qismiga aylanib ketganiga to‘xtalib bunday deydilar: “Tug‘ilganda qulog‘imizga azon aytiladi, oila qurganimizda shar’iy nikoh o‘qiladi, dunyodan ko‘z yumganimizda janoza o‘qiladi. Hatto dindan chuqur xabardor bo‘lmagan odam ham diniy urf-odatlarsiz, islomiy tuyg‘usiz yashay olmaydi”.
Din – ilm, ma’rifat, tarbiya, ahloq omili. Davlatimiz tomonidan diniy erkinlikning fuqarolarimizga huquqiy jihatdan ta’minlab berilgani ham yoshlarimizning tarbiyasini mukammal bo‘lishi uchun xizmat qiladi.
Shunday ekan, har birimiz, har bir musulmon, har bir O‘zbekiston fuqarosi yoshlarimizni, farzandlarimizni qayerda va kimdan ilm olayotganligiga befarq bo‘lmaylik hamda kelajakda to‘g‘ri yo‘ldan adashib turli buzg‘unchi, vayronkor g‘oyalarga berilib ketishidan asraylik!
Muhtaram jamoat! Alloh taolo odam zotini azizu mukarram qilib yaratgan. Uning sha’nini ulug‘lab, Yer yuzidagi barcha narsalarni uning manfaati uchun paydo qilgan. Insonning sha’niga, moliga, joniga nohaq tajovuz qilishni harom qilgan. Qur’oni karimda bunday deyiladi:
وَلَقَدْ كَرَّمْنَا بَنِي آَدَمَ وَحَمَلْنَاهُمْ فِي الْبَرِّ وَالْبَحْرِ وَرَزَقْنَاهُمْ مِنَ الطَّيِّبَاتِ وَفَضَّلْنَاهُمْ عَلَى كَثِيرٍ مِمَّنْ خَلَقْنَا تَفْضِيلًا
ya’ni: “Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik” (Isro surasi, 70-oyat).
Muhammad (s.a.v.) Siz bilan biz ummatlariga doimiy ravishda pandu nasihat va va’zu irshod qilishga buyurilganlar. Shuning uchun Payg‘ambar (s.a.v.) qiyomatgacha o‘z ummatlarini rushdi hidoyatga boshlash, nafsu shayton yo‘llaridan qaytarish maqsadida Payg‘ambarlik yillarining oxirigacha Qur’onu hadis ta’limoti asosida faoliyatlarini olib bordilar.
Hazrati Rasuli akram (s.a.v.) “Hajjatul-vado’”da qilgan muborak xutbalarida musulmonlarga bunday deb aytganlar:
ya’ni: “Ey odamlar, xoh o‘zingizning va xoh bir-biringizning qoningizni to‘kishingizni Alloh taolo sizlarga harom qildi. Shu bilan birga bir-biringizning mol-mulkkingizga tajovuz qilishni ham sizlarga harom qildi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu hadisi sharifda Rasuli akram (s.a.v.) har bir insonning hayot va yashashga bo‘lgan huquqi muqaddas ekanini bayon qildilar. Shu bilan bir inson o‘z joniga qasd qilishi harom va qattiq gunoh ekanini ham ta’kidladilar.
Demak, Alloh aziz qilgan insonning joniga qasd qilib, uning qonini to‘kish eng og‘ir gunoh sanaladi. Qur’oni karimda aytiladiki:
مَنْ قَتَلَ نَفْسًا بِغَيْرِ نَفْسٍ أَوْ فَسَادٍ فِي الْأَرْضِ فَكَأَنَّمَا قَتَلَ النَّاسَ جَمِيعًا وَمَنْ أَحْيَاهَا فَكَأَنَّمَا أَحْيَا النَّاسَ جَمِيعًا
ya’ni: “Biror jonni o‘ldirmagan yoki Yerda (buzg‘unchilik va qaroqchilik kabi) fasod ishlarini qilmagan insonni o‘ldirgan odam xuddi hamma odamlarni o‘ldirgan kabidir. Unga hayot baxsh etgan (o‘limdan qutqarib qolgan) odam esa barcha odamlarni tiriltirgan kabidir” (Moida surasi, 32-oyat).
Boshqa oyati karimada Alloh taolo aytadi:
وَلَا تَقْتُلُوا النَّفْسَ الَّتِي حَرَّمَ اللَّهُ إِلَّا بِالْحَقِّ ذَلِكُمْ وَصَّاكُمْ بِهِ لَعَلَّكُمْ تَعْقِلُونَ
ya’ni: “Alloh taqiqlagan jonni nohaq qatl qilmangiz! Aql yuritishingiz uchun (Allohning) hukm qilgani shu(lar)dir” (An’om surasi, 151-oyat).
Muhtaram jamoat! Jahondagi nufuzli islom muassasalari ulamolari, turli yo‘llar bilan begunoh odamlarning o‘limiga sabab bo‘lishni shar’an harom amal ekanligini e’lon qilgan. Bu ishni Islomga hech bir aloqasi yo‘q. Bu gunoh ishni amalga oshirganlar Alloh taoloning azobiga uchraydi, deb alohida ta’kidlagan.
Bunga quyidagi hadislar dalil bo‘ladi. Abu Dardodan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar:
وعن أبي الدَّرْدَاءِ رضي الله عنه قالَ :سَمِعْتُ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: "كُلُّ ذَنْبٍ عَسَى اللَّهُ أَنْ يَغْفِرَهُ ، إِلَّا مَنْ مَاتَ مُشْرِكًا ، أَوْ مُؤْمِنٌ قَتَلَ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا"
رواه أبو داود و النسائي
ya’ni: “Barcha gunohlarni Alloh taolo kechirishi mumkin, biroq Allohga shirk keltirgan holda o‘lgan kishini va bir mo‘minni qasdan o‘ldirgan mo‘minning gunohini kechirmaydi” (Abu Dovud va Nasoiy rivoyat qilganlar).
Muhtaram jamoat! So‘ngi vaqtlarda ayrim mintaqalarda ba’zi kishilar tomonidan qo‘poruvchilik qilib, Alloh taolo ato etgan hayot nurini bevaqt o‘chirishga, ikki dunyoda abadiy la’natga va do‘zax azobiga duchor bo‘lishdek og‘ir gunoh qilishga o‘tmoqdalar.
Alloh taolo yer yuzida tinchlikni barqaror aylasin. Yurtimizda yashab o‘tgan ulug‘ ajdodlarimiz qatori buyuk alloma Abul Mu’in an-Nasafiy hazratlari va qolgan barcha ulamolarning ruhlarini shod aylab, biz avlodlarga ularning ilmlaridan bahra olib, rohi rostda umrguzaronlik qilmog‘imizni nasibu ro‘zi aylasin! Omin!
Hurmatli Prezident Janobi Oliylari!
Biz, Islom sivilizatsiyasi I xalqaro forumi ishtirokchilari – nufuzli xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlardagi ilmiy-ma’rifiy tuzilmalar rahbarlari, dunyoning ellikdan ortiq mamlakatlaridan tashrif buyurgan vazirlar, muftiylar, taniqli olimlar, universitetlar, ilmiy-tadqiqot institutlari, kutubxonalar, muzeylar hamda madaniy muassasalarning vakillari nomidan Sizga samimiy minnatdorlik va chuqur ehtirom bilan murojaat etmoqdamiz.
Avvalo, Sizning bevosita tashabbusingiz va shaxsan qo‘llab-quvvatlashingiz bilan o‘tkazilgan Islom sivilizatsiyasi I xalqaro forumi, o‘zining tub mohiyati va ahamiyatiga ko‘ra, xalqaro ilmiy tadbirlar darajasidan yuqori turadigan va yuksak e’tirof topgan ulkan voqea bo‘lganini alohida ta’kidlashni istardik.
Hech shubhasiz, Sizning Forum ishtirokchilariga murojaatingizda ilgari surilgan g‘oyat muhim fikr va g‘oyalar to‘rt kun davomida dunyo jamoatchiligi e’tiborida bo‘lgan ushbu anjumanda muhokama qilingan masalalar ko‘lami, maqsadi va ma’no-mazmunini belgilab berdi.
Ishonch bilan ayta olamizki, musulmon olamidagi ilg‘or ilm-ma’rifat namoyandalari ishtirokidagi bu forum islom sivilizatsiyasining boy merosini insoniyatning ma’naviy, madaniy va intellektual sohadagi umumiy boyligining ajralmas bir qismi sifatida o‘rganish, asrab-avaylash, saqlash va keng targ‘ib etishga qaratilgan global hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi.
Anjumanning Toshkent, Samarqand va Termiz singari O‘zbekistonning tarixiy shaharlarida o‘tkazilishi uning ma’rifiy ruhi va ahamiyatini yanada oshirdi. Aynan shu tabarruk diyorlarda asrlar davomida buyuk ilmiy maktablar shakllangan, ilohiyot, falsafa, tibbiyot, matematika, astronomiya va boshqa fanlar taraqqiyotiga shiddatli turtki bergan fundamental asarlar yaratilgan. Butun insoniyat taraqqiyotiga ulkan ta’sir ko‘rsatgan ezgu g‘oyalar va kashfiyotlar ham jahon bo‘ylab aynan shu shaharlardan tarqalgan.
Siz tomoningizdan 2017 yil sentyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish bo‘yicha ilgari surilgan ezgu tashabbus so‘nggi o‘n yillikdagi eng muhim xalqaro gumanitar tashabbuslardan biri sifatida ushbu zamindagi buyuk tarix va madaniyatni yaxlit ma’rifiy hodisa sifatida anglashda tub burilish nuqtasi bo‘lganini biz bugun alohida minnatdorlik bilan e’tirof etamiz. Mazkur tarixiy voqea islom sivilizatsiyasining jahon ilm-fani, madaniyati va ma’naviyati rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini yangicha talqin va targ‘ib etishda xalqaro ilmiy hamjamiyatni birlashtirish uchun keng imkoniyatlar yaratdi hamda Yangi Uyg‘onish davri – Uchinchi renessansning intellektual va ma’naviy asoslarini barpo etish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Ushbu tashabbus zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga uzoqni ko‘zlab, vaqtida berilgan ta’sirchan javob bo‘lganini ham bugun biz chuqur idrok etmoqdamiz. Dunyoning turli hududlarida islom dinining insonparvarlik mohiyatini buzib ko‘rsatish, madaniyat va sivilizatsiyalarni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yish, shuningdek, musulmon olimlarining jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga qo‘shgan buyuk hissasini kamsitishga urinishlar kuzatilayotgan bir paytda Siz ma’rifat, ilmiy tafakkur, tarixiy haqiqatga ehtirom hamda islom sivilizatsiyasining haqqoniy merosini jahon hamjamiyatiga qayta taqdim etishga asoslangan bunyodkorlik yo‘lini taklif qildingiz. Shu tariqa tarixiy adolatni tiklash, ochiq ilmiy muloqot madaniyatini mustahkamlash, o‘zaro hurmat va xalqaro gumanitar hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida muhim olg‘a siljish amalga oshirildi.
Ta’kidlash kerakki, bugungi kunda ana shu ezgu intilishlar alohida global ahamiyat kasb etmoqda. Zero, aynan bilim, tarixiy xotira va xalqlarning intellektual salohiyatini birlashtirish davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlashga, ekstremizm, radikalizm va murosasizlikka qarshi samarali kurashishga, sivilizatsiyalar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni chuqurlashtirishga hamda tinchlik, barqaror taraqqiyot va bunyodkorlikning mustahkam ma’naviy poydevorini yaratishga xizmat qiladi.
Ana shunday dolzarb fikrlarni mujassam etgan Murojaatingiz, hech shubhasiz, bizning birgalikdagi kelgusi faoliyatimiz uchun ulkan tarixiy va dasturiy hujjat bo‘lib qoladi.
O‘zbekiston Prezidentiga xos yuksak iroda va donishmandlik, tarix, bugungi kun va kelajakni yaxlit bir jarayon sifatida ko‘ra olish salohiyati mahsuli bo‘lgan Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat jahon darajasidagi zamonaviy ilmiy-ma’rifiy majmuaga, ayni vaqtda ushbu noyob jarayon tarkibidagi bebaho merosni o‘rganish, asrab-avaylash va keng targ‘ib etishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun turli davlatlar, xalqaro tashkilotlar, yetakchi olimlar, ilmiy muassasalar, universitetlar, kutubxonalar, muzeylar va ma’naviy-ma’rifiy markazlarni birlashtiradigan nufuzli muloqot maydoniga aylanib borayotganini barchamiz ko‘rib turibmiz. Aminmizki, yaqin yillarda bu maskan gumanitar ilm-fan sohasidagi yetakchi xalqaro markazlar qatoridan munosib o‘rin egallaydi hamda yangi g‘oyalar, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va uzoq muddatli xalqaro loyihalar shakllanadigan yirik madaniy-ma’rifiy va ta’lim platformasiga aylanadi.
O‘zbekiston Respublikasida ma’naviy, ilmiy va madaniy merosni asrab-avaylash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bizda katta taassurot qoldirdi. Islom sivilizatsiyasi markazi, yangilangan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti kabi noyob muassasalar tarixiy xotirani saqlash, fundamental ilm-fanni rivojlantirish hamda xalqaro gumanitar hamkorlikni mustahkamlash borasida olib borilayotgan izchil davlat siyosatining amaldagi yorqin ifodasidir.
Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston Respublikasi islom ilm-fani, madaniyati va ma’rifatining eng qadimgi beshiklaridan biri sifatida bugun gumanitar hamkorlik, ilmiy izlanishlar va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot borasidagi azaliy mavqeini yana mustahkamlab bormoqda.
Hurmatli Prezident Janobi Oliylari!
Islom sivilizatsiyasi I xalqaro forumi «Tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat» shiori ostida o‘tkazilgani alohida e’tiborga loyiq. Islom sivilizatsiyasining insonparvarlik mohiyatini o‘zida mujassam etgan, o‘zaro chambarchas bog‘liq bo‘lgan bu bezavol qadriyatlar bugungi zamonaviy dunyo uchun ham beqiyos ahamiyatga egadir. Bu buyuk meros butun insoniyatning madaniy, ma’naviy va intellektual boyligining ajralmas qismi hisoblanadi. Bu esa uni asrab-avaylash, har tomonlama o‘rganish va kelajak avlodlarga yetkazish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar, davlatlar, ilmiy jamoatchilik, tinchlik, o‘zaro anglashuv va hamkorlikni mustahkamlashga intilayotgan barcha insonlar zimmasiga katta mas’uliyat yuklashi tabiiy, albatta.
Biz Forum yakunlari bo‘yicha qabul qilingan Deklaratsiya hamda islom sivilizatsiyasini asrash, o‘rganish va rivojlantirishga qaratilgan “yo‘l xaritasi”ni uzoq muddatli xalqaro hamkorlikning mustahkam poydevori sifatida to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Siz ularda belgilangan tashabbuslarni amalga oshirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, umumiy ma’naviy merosimizni asrab-avaylash hamda islom sivilizatsiyasini tinchlik, ma’rifat va o‘zaro anglashuv yo‘lida rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarga bundan buyon ham yetakchilik qilib, har tomonlama qo‘llab-quvvatlaysiz, deb chin dildan umid bildiramiz.
Forum qarorlarini amaliy hayotga tatbiq etish maqsadida biz, Siz bilan maslahatlashgan holda, Islom sivilizatsiyasini Jahon alyansini ta’sis etish tashabbusini ilgari surish niyatidamiz. Mazkur Alyansning faoliyati qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtirish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, akademik almashinuvlarni rivojlantirish, nashriyot ishiga oid xalqaro loyihalarni amalga oshirish, madaniy meros namunalarini asrash va keng targ‘ib qilish, shuningdek, davlatlar o‘rtasidagi gumanitar hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, deb ishonamiz.
Forum davomida qabul qilingan qarorlar O‘zbekiston zaminida paydo bo‘lgan ushbu ezgu tashabbus xalqaro miqyosda keng qo‘llab-quvvatlanayotgani va jahondagi ilmiy-ma’naviy hamjamiyatning umumiy ishiga aylanayotganini yaqqol tasdiqlaydi.
Biz mazkur qarorlarni amalga oshirish, islom sivilizatsiyasining buyuk merosini saqlash va kelajak avlodlarga yetkazish borasida o‘zimizning intellektual, ilmiy va ma’naviy salohiyatimizni birlashtirishga tayyor ekanimizni yana bir bor bayon qilamiz. Ishonamizki, qadimiy O‘zbekiston diyorida qabul qilingan ushbu qarorlar islom sivilizatsiyasi merosini o‘rganish, asrash va keng targ‘ib etish sohasida xalqaro hamkorlikning yangi bosqichi uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi. Ushbu Murojaatni qabul qilar ekanmiz, mazkur qarorlarni amalga oshirish bo‘yicha zimmamizga ulkan umumiy mas’uliyat olayotganimizni yana bir bor e’tirof etamiz hamda tinchlik, ma’rifat, o‘zaro hurmat va butun insoniyat boyligining uzviy bir qismi hisoblangan buyuk ma’naviy hamda intellektual merosni asrab-avaylash yo‘lida doimo Siz bilan bir safda turib ish olib borishga tayyor ekanimizni bildiramiz.
Muhtaram Prezident Janobi Oliylari!
Biz Sizga va Sizning timsolingizda Forumning barcha tashkilotchilariga, ko‘p millatli butun O‘zbekiston xalqiga Islom sivilizatsiyasi I xalqaro forumi yuksak saviyada tashkil etilgani hamda samimiy mehmondo‘stlik uchun chuqur minnatdorlik izhor etamiz.
Siz, Janobi Oliylariga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt-saodat, O‘zbekiston xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishdek g‘oyat sharafli va mas’uliyatli faoliyatingizda yanada ulkan yutuqlar tilaymiz. Yangi O‘zbekiston strategiyasini amalga oshirish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish hamda bu qutlug‘ zaminning ilm-fan, ma’rifat, islom sivilizatsiyasi, gumanitar hamkorlik va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot bo‘yicha jahonda yetakchi markazlardan biri sifatidagi yuksak o‘rni, shuhrati va nufuzini yanada mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakatlaringizga muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Alloh taolo Sizning ezgu niyat va harakatlaringizga xayru barakotlar bersin!
Islom sivilizatsiyasi I xalqaro forumida qabul qilingan qarorlar dunyo xalqlari o‘rtasida o‘zaro anglashuv, adolat va hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilsin!
Parvardigori olam uch ming yillik buyuk tarix va madaniyat bunyodkori bo‘lgan mehnatkash, mehmondo‘st va olijanob O‘zbekiston xalqiga tinchlik, umummilliy birlik, farovonlik va ravnaq ato etsin, ijodkorlik salohiyatini bundan ham ziyoda qilsin, barcha ezgu niyatlariga yetkazsin!
Chuqur hurmat bilan,
Islom sivilizatsiyasi I xalqaro forumi ishtirokchilari
2026 yil, 9 iyul
O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri