Abu Dardo roziyallohu anhuning uyiga bir sovuq kechada mehmon keldi. Ularga oddiygina taom hozirlandi.
Taomdan so‘ng mehmonlar uxlamoqchi bo‘ldi, biroq yopinchiq yo‘q edi. Ulardan biri mezbondan yopinchiq so‘rash maqsadida xona oldiga bordi. Qarasa, Abu Dardo roziyallohu anhu yonboshlab yotibdi. Ayoli esa unga yaqin joyda o‘tiribdi. Ayolining ham, o‘zining ham ustida yupungina. Na taglariga to‘shaladigan ko‘rpa, na ustilariga yopadigan biror narsa bor edi. Mehmon ularga: “Nega sovqotib yotibsiz, ko‘rpa-to‘shagingiz qani?” dedi.
Abu Dardo roziyallohu anhu: “Bizning yana bir hovlimiz bor. Topganlarimizni o‘sha yoqqa jo‘natamiz. Agar bu hovlida nimadir olib qolganimizda, sizga albatta berardik... Borar yo‘limizda ko‘tarilish qiyin bir dovon bor. Undan o‘tishga faqat yuki yengil insonlar muvofiq bo‘lurlar. Bizning ham umidimiz o‘sha dovondan oson o‘tish” dedi.
Uning so‘zlari mehmonning ko‘zlarini yoshladi: “Alloh sizni yaxshilik bilan mukofotlasin!” deya duo qildi.
Abdulahad SOBIROV,
Chilonzor tumani “Novza” jome masjidi imomi noibi
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutiga yangi qabul qilingan 1-kurs talabalari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari ustoz Zayniddin domla hamrohligida idora faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Tanishuv davomida talabalarga O‘zbekiston musulmonlari idorasining tarixi, tuzilmasi, asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar, ta’lim va ma’rifat yo‘nalishidagi loyihalar xususida so‘z yuritildi.
Talabalar idora faoliyatiga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, kelgusidagi ta’lim va kasbiy faoliyatlari uchun muhim ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati