Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Sentabr, 2026   |   1 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:40
Quyosh
06:00
Peshin
12:19
Asr
16:47
Shom
18:42
Xufton
19:58
Bismillah
12 Sentabr, 2026, 1 Rabi`us soni, 1448

Nega men?

07.11.2017   9293   2 min.
Nega men?

Brenda toqqa tirmashib chiqishni orzu qiladigan qiz. Bir kuni jasorat etib toqqa chiquvchilar safiga qo‘shildi. Borib qarasa, qarshisidan devor kabi tik qoya va  qiyalik chiqdi. Qattiq qo‘rqayotganiga qaramay, Brenda qat’iyatli edi; xavfsizlik kamarini taqdi, arqonni mahkam tutib qoyaning tik yuziga qarab tirmasha boshladi.  Bir oz tirmashganidan so‘ng bir o‘yiq joy topdi...

U yerda osilib turarkan, yuqorida arqonni tutib turgan kishi toliqqanidan arqonda silkina boshladi. Keskin silkingan arqon Brendaning ko‘zining oldidan shuvillab o‘tib ketdi va uning linzasini uchirib yubordi. Linza juda kichkina edi. Shu bois uning topilishidan umid qilmasa ham bo‘lardi.  Linza qiyalikda bir joyga tushdi, Brenda endi xira ko‘rayotgan edi.

Brenda linzasini o‘zi topishidan umid uzib Allohga astoydil nola qila boshladi.  
“Allohim! Sen bu yerdagi barcha tog‘larning qo‘riqlovchisisan. Bu tog‘lardagi har bir toshni va yaproqni bilganing kabi mening linzam tushgan joyni ham bilasan, uni topishimga madad ber!” 

Suqmoq yo‘ldan yurib quyiga indilar. pastga tushganlarida tirmashish uchun bu yerga kelgan yangi guruh bilan duchlashdilar. Ulardan biri: “Orangizda linzasini yo‘qotgan kishi bormi?” deb qoldi.

Brendaga keyinroq linzani bir chumoli sudrab borayotganini gapirib berishdi. Qoya yuzidan chumoli yurib borayotganda qizlarning e’tiborini qandaydir bir porlagan narsa tortgan. Uyga qaytganidan so‘ng Brenda otasiga linzani qanday yo‘qotib, qanday topib olganini so‘zlab berdi.

Karikaturachi bo‘lgan otasi og‘zida linzani tishlab sudrab borayotgan chumoli rasmini chizadi va uning tepasiga mana bu so‘zlarni yozadi: “Allohim! Buni nega olib ketayotganimni bilmayman. Buni yeya olmayman va sudrashimga ham g‘oyat og‘ir. Ammo uni tashishimni Sen istaganing uchun tashiyapman... bu og‘ir yukni nega tashiyapman?” demayman. 

Turkchadan Damin JUMAQUL tarjimasi

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

"Kim o‘zini tanisa..."

11.09.2026   18273   2 min.

Hayotda ko‘pincha to‘g‘ri yo‘nalish emas, balki tezlashish o‘rgatiladi. Tezroq yurish, tezroq yetib borish, hamma narsani tezroq bajarish... Lekin hech kim to‘xtab: “Bunchalik shoshilishdan maqsad nima?” deb so‘ramaydi. Inson tinimsiz harakatda bo‘lishni erishish, tabiiy hayot tarzi deb o‘ylab, sarflanayotgan umri evaziga aslida nimaga erishayotgani haqida o‘ylamay qo‘yadi.
 

Ba’zan yo‘lni yo‘qotdik, deb o‘ylaymiz. Holbuki, yo‘qoladigan narsa yo‘l emas, balki to‘g‘ri yo‘nalishdir. Bu yo‘nalish xaritadagi chiziqlar yoki telefondagi yo‘l ko‘rsatkich emas, balki Alloh taolo borlig‘imizga jo qilgan ichki yo‘naltirgich, ya’ni fitratimizdir.

Bu ichki yo‘naltirgich ba’zan to‘g‘ri tomonni ko‘rsatmayotgandek tuyuladi. Dunyo tashvishlari, nafs istaklari ko‘payib ketganida, u sarson bo‘ladi yo qotib qoladi. Shunda biz uni buzildi deb o‘ylaymiz. Lekin fitrat buzilmaydi, shunchaki biz unga ahamiyat bermay qo‘ygan bo‘lamiz. Ba’zilar bu yo‘naltirgichni boshqalarning qo‘liga berib qo‘yadi...

Yo‘nalishini yo‘qotgan odam to‘g‘ri yo‘lga qaytishi kerak. Bu qaytish shunchaki bir manzilga qaytib borishmas, balki ichki dunyomizdagi tarqoqlikni jamlash, fitratimizga qaytishdir. Shunda inson dunyoning “hammasiga erishish” vasvasasidan xalos bo‘ladi. O‘tmishdagi xato va sinovlardan ibrat oladi, ammo ularni o‘ziga og‘ir yuk qilib olmaydi. Boshqalardan va hayotdan juda ko‘p narsa kutishni to‘xtatadi...

Haqiqiy xotirjamlik – hamma narsa mukammal bo‘lishi deganimas. Inson o‘z harakat doirasi chegarasiga yetganida Allohning qazo va qadariga rozi bo‘lsa xotirjamlik topadi. Bu loqaydlik emas.
Musulmon kishi ham xursand bo‘ladi, qayg‘uradi, boshqalar kabi yashaydi. Lekin u o‘tkinchi tuyg‘ular, orzu-havaslar aro sarson bo‘lib qolmaydi. Chunki dunyodagi har bir holat vaqtinchalik sinov ekanini yaxshi anglaydi.

Inson o‘zligiga qaytganida boshqalarning yukini yelkasiga olishga urinmaydi. Yordam beradi, lekin har kim o‘z qismati va qilmishi uchun o‘zi mas’ul ekanini tushunadi. Boshqalarning aybiga qaramay, o‘z xatolarini tuzatish bilan band bo‘ladi. Muhimi, har ishida shoshqaloqlik qilmaydi. Chunki oxiratga va ma’naviy kamolotga eltuvchi yo‘lni shoshib bosib o‘tib bo‘lmasligini biladi.

Aytilganidek: “Kim o‘zini tanisa, Rabbini taniydi”. Bu martabaga erishgan qalb esa hech qachon adashmaydi.

Abdulatif ABDULLOH

Maqolalar