Bugun Toshkent islom institutida Maxsus sirtqi bo‘limga 2017-18 o‘quv yili boshlanayotgani munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirga O‘zbekiston musulmonlari idorasi, “Movarounnahr” nashriyoti xodimlari, “Ko‘kaldosh” madrasasi mudarrislari, institutda ta’lim olgan, bugungi kunda faol mehnat qilib, ilmu ma’rifat tarqatayotgan olimu ulamolar, musulmonlar idorasiga uzoq yillar mehnati singgan, hozirgi kunda esa keksalik gashtini surayotgan faxriylar, ommaviy axborot vositalari vakillari taklif qilindi.
Mehmonlar yig‘ilib, hamma o‘z joyini egallagach, O‘zbekiston Respublikasining Davlat Madhiyasi yangradi.
Qur’oni karimdan tilovat qilinib duolar qilingach institut rektori Uyg‘un G‘afurov tadbirni ochiq deb e’lon qildi va O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlariga so‘z berdi.
Talabalarga ezgu tilaklar bildirgan muftiy hazratlari yurtimizda olib borilayotgan islohotlar, xususan, diniy sohaga qaratilayotgan e’tibor borasida ham so‘z yuritib, ana shu jarayonlarda har bir kishining, ayniqsa, imom-xatiblarning o‘rni, bajargan ishlari ko‘zga tashlanib turishi zarurligini ta’kidladilar. Buning uchun esa ularning ilmi zo‘r, dunyoqarashi boy, nutqi ravon bo‘lmog‘i zarurligiga urg‘u berib, endilikda o‘qish – dars jarayonlari har doimgidan-da kuchli, talab qattiq bo‘lishini aytarkan, jumladan bunday dedilar: “Biz o‘z oldimizga Imom, Imom Moturidiy... kabi olimlarni yetishtirishni vazifa qilib olib, shu ishga bel bog‘ladik va Allohdan astoydil so‘rab harakat etmoqdamiz”. Buning uchun sizga hamma sharoit muhayyo qilingan. Sizdan talab qilinadigani esa faqat o‘qishu uqish va ijodkorlik faoliyatidir”.
Shundan keyin Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari O‘tkirbek Hasanboyev, O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Munavvarovlar tabrik so‘zlari aytib, talabalarga ilm olishdek sharafli va mashaqqatli ishlarida muvaffaqiyatlar tilashdi.
So‘ngra muftiy hazratlari Maxsus sirtqi bo‘lim talabalariga ramziy talabalik guvohnomasini topshirdilar.
Kirish imtihonida eng yuqori ballarni qo‘lgan kiritgan talabalar – Navoiy viloyati bosh imom-xatibi Tohirjon Ro‘ziyev va Zangiota tumani imom-xatibi Nurali Mavlonovlar so‘zga chiqib, ustozlarga o‘zbek va arab tillarida minnatdorchilik bildirganlaridan keyin muftiy hazrat duoi xayr qilayotib yosh talabalarga ibrat uchun bunday dedilar: “Tohirjon Ro‘ziyev ham dehqon, ham imom-xatib, ham talaba. Bu – shariatu tariqatga mahkam amal qilib kelgan bobolarimizning a’moli: ham halol mehnat qilib tirikchiligini o‘tkazadi, ham xalqqa ilm o‘rgatadi, ham o‘zi ilm o‘rganadi”. Arabchada nihoyatda fasohat bilan gapirib muazzam shoirimiz, marhum Erkin Vohidovning hayot mohiyati haqidagi dilbar she’rini ifodali tarzda o‘qib bergan Nurali Mavlonov haqida ham chiroyli gaplarni gapirib keyin duoga qo‘l ochdilar.
O‘ZBЕKISTON MUSULMONLARI IDORASI RAISI, MUFTIY USMONXON ALIMOV HAZRATLARINING USHBU BAYRAM TADBIRIDA SO‘ZLAGAN NUTQI
Bismillahir rahmonir rahim
Mo‘min-musulmon bandalariga ilm olishni farz qilgan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin, “Ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir” degan Habibimiz, ikki dunyo sarvari Muhammad sallallohu alayhi va sallamga va u zotning oilalari hamda sahobalariga durudu salavotlarimiz bo‘lsin.
Assalomu alaykum, aziz mehmonlar, ustozlar, tolibi ilmlar va imom domlalarimiz!
Barchamizga ma’lumki, bugungi kunda yurtimizda barcha sohalarda keng ko‘lamda islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, diniy sohadagi ulkan islohotlar va yutuqlarni sanab sanog‘iga yeta olmaymiz. Albatta, bu islohotlar diniy soha vakillari zimmasiga katta mas’uliyatni yuklaydi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi boshchiligida diniy ta’lim muassasalari mudarrislari, imom domlalarimiz va shu soha vavillari ham davlatimiz tomonidan diniy sohaga berilayotgan katta e’tiborga javoban, yurtimiz ravnaqi va xalqimiz ma’rifati rivoji yo‘lidagi islohotlarga o‘z hissalarini qo‘shmoqdalar.
Hozirda idora tasarrufida 11 ta diniy ta’lim muassasasi mavjud bo‘lib, ular zamonaviy talablarga javob beradi. Bugun yoshlarimizning diniy ta’lim olishlari uchun ham barcha sharoitlar yaratib berildi. O‘zbekistonda diniy ta’lim tizimi jadal rivojlanib, mutlaq yangi bosqichga ko‘tarildi. Ushbu tizim nafaqat qo‘shni mamlakatlar, balki, ko‘pgina xorijiy davlatlar uchun ham o‘ziga xos tajriba namunasiga aylandi.
Misol tariqasida keyingi bir yil ichida diniy ta’lim sohasida erishilgan yutuqlarni zikr etsak:
Shuningdek, Samarqand viloyatida "Hadis ilmi maktabi" va "Kalom ilmi" maktabi,
Farg‘ona viloyatida "Islom huquqi" maktabi;
Buxoro viloyatida "Tasavvuf" maktabi;
Qashqadaryo viloyatida "Aqida ilmi" maktabi tashkil etildi.
Alloh taolodan bu kabi yangiliklarni bardavom qilishini so‘rab, bugungi kunda o‘qishni boshlayotgan imom domlalarimizga o‘qishlarida muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.
E’tiboringiz uchun rahmat.
Vassalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuh.
{gallery}/01-11-2017/02-11-17{/gallery}
2 sentyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovni xotirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, Birinchi Prezidentimiz haykali poyiga gulchambar qo‘ydi.
Islom Karimov mamlakatimiz tarixining g‘oyat murakkab va mas’uliyatli davrida O‘zbekistonga rahbarlik qildi. Uning nomi mustaqillikning qo‘lga kiritilishi, milliy davlatchiligimizning tiklanishi va yurtimizning mustaqil taraqqiyot yo‘liga chiqishi bilan uzviy bog‘liq.
Mustaqillik, eng avvalo, bizga shonu sharafimiz, muqaddas dinimiz, ona tilimiz, unutilayotgan milliy qadriyatlarimizni qaytarib berdi.
Istiqlol tufayli biz o‘zligimizni angladik, nomi hamisha e’zozda bo‘lgan ota-bobolarimizning munosib vorislari ekanimizni butun dunyoga namoyon etdik.
Shu ma’noda, mustaqilligimizning poydevorini yaratishga, mamlakatimiz tinchligi va barqarorligini ta’minlashga, xalqimiz farovonligi yo‘lida xizmat qilishga katta hissa qo‘shgan insonlar xotirasini e’zozlash muhim ma’naviy qadriyatdir.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning e’tibori bilan Birinchi Prezidentimizning xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Toshkentda Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi tashkil etildi.
Samarqandga tashriflar chog‘ida uning maqbarasini ziyorat qilish ezgu an’anaga aylandi.
Marosimda Qur’on tilovat qilinib, duo o‘qildi. Islom Karimovning mamlakatimiz mustaqilligi, tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, xalq farovonligini yuksaltirish yo‘lidagi xizmatlari yodga olindi.
Oliy Majlis palatalari, Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar vakillari, ziyolilar va Toshkent shahri jamoatchiligi ham Birinchi Prezidentimiz haykali poyiga gullar qo‘ydi.
Xotira tadbirlari Samarqand va Qarshi shaharlarida ham bo‘lib o‘tdi.